Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2025   |   27 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2025, 27 Muharram, 1447

Yo, Alloh. Gunohlarimizni kechir (Qur’onda kelgan duolar to‘plami)

16.04.2020   9149   4 min.
Yo, Alloh. Gunohlarimizni kechir (Qur’onda kelgan duolar to‘plami)

 

  1. “...Ey, Rabbimiz, mag‘firatingni (so‘raymiz). Qaytishlik faqat Sening huzuringgadir” (Baqara surasi, 285-oyat).

 

  1. “Ey, Rabbimiz, agar unutsak yoki xato qilsak, bizni koyima! Ey, Rabbimiz, bizdan ilgari o‘tganlarning zimmasiga ortgan mashaqqatni bizning zimmamizga ortma! Ey, Rabbimiz, toqatimiz yetmaydigan narsani bizga yuklab tashlama! Bizlarni afv et va kechir hamda bizlarga rahm qil! Sen bizning Xojamizsan. Bas, bizlarga kofirlar qavmi ustidan g‘oliblik ato et!” (Baqara surasi, 286-oyat).

 

  1. Ey, Rabbimiz, bizlar Senga imon keltirganmiz. Bas, bizning gunohlarimizni kechir va bizni do‘zax azobidan asra!(Oli Imron surasi, 16-oyat).

 

  1. “Ey, Rabbimiz! Bizning gunohlarimizni va ishimizdagi isrofgarchiligimizni (bandachilikdagi xatolarimizni) kechir...” (Oli Imron surasi, 147-oyat).

 

  1. “Ey, Rabbimiz! Bizning gunohlarimizni kechir, xatolarimizni o‘chir va bizlarni solih kishilar qatorida vafot ettir!” (Oli Imron surasi, 193-oyat).

 

  1. “Ey, Rabbimiz! Biz o‘zimizga (o‘zimiz) zulm qildik. Agar bizni kechirmasang va bizga rahm qilmasang, biz, albatta, ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lib qolurmiz” (A’rof surasi, 23-oyat).

 

  1. “Qasamki, agar Rabbimiz bizga rahm qilmasa va (gunohimizni) kechirmasa, albatta, ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lishimiz aniqdir” (A’rof surasi, 149-oyat).

 

  1. “Ey, Rabbim! Meni va birodarimni mag‘firat qilib, bizni rahmatingga kiritgaysan. Sen rahmlilarning rahmlirog‘idirsan!” (A’rof surasi, 151-oyat).

 

  1. “... bizlarni mag‘firat et (kechir) va bizlarga rahm qil. Sen kechiruvchilarning (eng) yaxshisidirsan (A’rof surasi, 155-oyat).

 

  1. “Rabbim! Men Sendan o‘zim (yaxshi) bilmagan narsani so‘rashimdan panoh tilayman. Agar meni kechirmasang va menga rahm qilmasang, albatta, ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lib qolurman” (Hud surasi, 47-oyat).

 

  1. “Ey, Rabbimiz! Hisob-kitob qilinadigan (qiyomat) kuni meni, ota-onamni va (barcha) mo‘minlarni mag‘firat qilgin!” (Ibrohim surasi, 41-oyat).

 

  1. Ey, Rabbimiz! (o‘zingga) imon keltirdik. Bas, bizlarni mag‘firat qilgin va bizlarga rahm ayla! Sen o‘zing rahm qiluvchilarning yaxshisidirsan(Mu’minun surasi, 109-oyat).

 

  1. “Ey, Rabbim! (Gunohlarimizni) mag‘firat et va (holimizga) rahm ayla! Sen (o‘zing) rahm qiluvchilarning yaxshisidirsan” (Mu’minun surasi, 118-oyat).

 

  1. “Ey, Rabbim! Darhaqiqat, men o‘zimga zulm qilib qo‘ydim. Bas, meni mag‘firat et(Qasas surasi, 16-oyat).
  2. “Ey, Rabbim! O‘zing meni mag‘firat qilgin va menga o‘zimdan keyin biror kishiga muyassar bo‘lmaydigan bir mulk (hukmronlik) ato etgin! Sening O‘zinggina Vahhob (barcha yaxshiliklarni ato etuvchi)dirsan” (Sod surasi, 35-oyat).

 

  1. “Ey, Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!” (Hashr surasi, 10-oyat).

 

  1. “Ey, Rabbimiz! Bizni kofir bo‘lgan kimsalarga aldanuvchi qilib qo‘ymagin, bizni mag‘firat etgin! Ey, Rabbimiz! Albatta, Sen o‘zing Qudratli va Hikmatli (zot)dirsan” (Mumtahana surasi, 5-oyat).

 

  1. “Ey, Rabbimiz! O‘zing bizlarga nurimizni komil qilib bergin va bizlarni mag‘firat etgin. Albatta, Sen har narsaga qodirdirsan”, (Tahrim surasi, 8-oyat).

 

  1. “Ey, Rabbim! Meni, ota-onamni, uyimga mo‘min holda kirgan kishilarni va barcha mo‘minu mo‘minalarni mag‘firat etgin!” (Nuh surasi, 28-oyat).

 

Davron NURMUHAMMAD

to‘pladi

Boshqa maqolalar

Yarimta olma haqqi

21.07.2025   2798   2 min.
Yarimta olma haqqi

Sobit ibn Ibrohim tahorat ola turib ariqda oqib kelayotgan bir olmaga ko‘zi tushadi va olmani olib yeydi. Olmaning yarmini yeb bo‘lganida, uning haqqi haqida o‘ylab qoladi. Shu xayolda Sobit ibn Ibrohim ariq chetidan yurib olma oqib chiqqan bog‘ga kiradi va bog‘ egasiga:

– Yeb qo‘ygan yarimta olmam uchun haqqingizni halol eting. Qolgan yarmi mana, oling, – deydi.

– Mayli, haqqimni halol etaman, faqat bir shartim bor, – deydi bog‘ egasi yigitning halol, taqvoli ekanini anglab.

– Shartingizni ayting, – deydi Sobit ibn Ibrohim.

Shunda bog‘ egasi:

– Bir qizim bor, uni nikohingga olasan. Lekin rozi bo‘lishingdan avval uning holatidan seni ogoh etishim lozim. Qizimning ko‘zi ojiz, hech narsani ko‘rmaydi, soqov – gapirmaydi va yana qulog‘i eshitmaydi – kar, qimirlamaydi – shol, – deydi.

Bog‘ egasining gaplarini eshitgan Sobit ibn Ibrohim lol bo‘lib qoladi. Yeb qo‘ygan yarimta olmaning haqqidan qo‘rqib, qizga uylanishga rozi bo‘ladi va:

– Mayli, taklifingizni qabul qildim, zora shu bilan Allohning roziligiga erishsam, – deydi.

Ota qiziga oq fotiha beradi. To‘y-tomoshalar o‘tgach, Sobit ibn Ibrohim salom berganicha qizning yoniga kiradi. Qiz salomga alik qaytargancha qo‘li ko‘ksida qulluq qiladi.

Yigit bo‘layotgan ishlardan hayratlanadi: Bu juda g‘alati-ku, soqov emas ekan-da, salomimga javob berdi. Tik turibdi, demak shol ham emas. Qo‘li ko‘ksida, bundan chiqdi ko‘zlari ham ko‘radi”.

Yigit shoshgancha tashqariga chiqadi va qizning otasiga: “Bu menga va’da qilingan qiz emas-ku, ko‘r, soqov, kar va shol deganingizning boisi ne?!” – deydi.

“Nega endi?” – izoh beradi qizning otasi: “Bu o‘sha qiz. Ko‘zi ojiz deganim – uning ko‘zlari Alloh harom qilgan narsaga boqmagan, qulog‘ining karligi – Alloh harom qilgan narsalarga quloq tutmagan, soqovligi ham rost, chunki tili Allohning zikrigagina aylangan, sholligi – yomon ishga yurmagan”.

Sobit ibn Ibrohim birovning haqqidan qo‘rqqanligi evaziga oliy mukofotga erishadi. Vaqt o‘tishi bilan uning ayoli yer yuzini ilm va fiqhga to‘ldirajak bir zotga, buyuk Imom Abu Hanifaga homilador bo‘ladi.