Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

"Bekor o‘tirgandan, bekor ishla", chunki "Bekorchidan Xudo bezor!"

15.04.2020   2898   9 min.

Uyda qoling!

Mamlakatimizda har yili yangilanish fasli – bahor kelishi bilan jismu jonimiz yashnash, yasharish ishqi bilan yonadi. Ezgu an’analar bardavomligini yana bir bor his etamiz. Yoshi ulug‘ bo‘lsa-da, qo‘liga ketmon, belkurak, qaychi olib yoshlarga ekin-tikin qadashni, xomtok qilishni o‘rgatayogan otaxonlarga ko‘zimiz tushadi...

Bu an’ana asrlar bo‘yi davom etib kelayapti. Biroq bu yil...

Bu yil ham bodomlar, o‘riklar gulladi, qiru adirlarda ko‘klam elchisi boychechaklar bosh ko‘tardi. Tog‘ yon-bag‘irlari alvon gilam kabi lolaqizg‘aldoqlarga burkandi. Chuchmo‘malarni shudring taradi. Ariqlardan suvlar jildiradi, iliq nurlar har yoqqa tushgan bo‘lsa-da, biroq biz, ya’ni bani bashar bu yil bahorning fusunkorligini, jozibadorligini unchalik sezmadik. Sababi, butun dunyoni qamrab olgan koronavirus infeksiyasi (COVID-19) bizni ana shunday bebaho ne’matdan mosuvo etdi. Bu hadik oqibatida bog‘u dalalarimizda, tomorqalarimizda ishlarimiz o‘lda-jo‘lda bo‘lib qoldi.

Toki muhtaram Prezidentimiz raisligida joriy yil 8 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu yilgi vaziyatni hisobga olib, barcha tomorqalarda 2-3 marta ekin ekish va qo‘shimcha hosil olish birinchi darajali vazifa bo‘lishini alohida ta’kidlanganiga qadar.

Darhaqiqat, yaratuvchanlik xalqimizga xos azaliy qadriyatlardan. Ayniqsa, daraxt ekish, bog‘, gulzorlar barpo etish ezgu amal sifatida avloddan avlodga meros bo‘lib kelmoqda. Xonadonda yangi tug‘ilgan chaqaloq sharafiga albatta bir tup nihol o‘tqazish ham bizga xos an’ana.

Muqaddas dinimiz ham har yerni obod qilishga buyuradi. Alloh taolo Yer yuzini insoniyatning hayot kechirishi uchun munosib manzil-ma’vo qilib yaratgan. Zero, atrofdagi barcha narsalar inson manfaati uchun yaratilgan bo‘lib, Qur’oni karimda bu haqda: «U shunday Zotki, siz uchun Yerdagi barcha narsalarni yaratdi» – deyilgan (Baqara surasi 29-oyat).

Demak, Yer yuzidagi barcha narsalar insoniyat uchun yaratilgan ekan, o‘z navbatida, har bir inson ham ularga nisbatan oqilona munosabatda bo‘lib, ularni asrab-avaylashi lozim.

Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ham atrof-muhitni muhofaza qilishga ko‘p ahamiyat berganlar. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Xaybar safaridan Madinaga qaytib kelayotganlarida shaharni ko‘rsatib, bunday deganlar: “Yo Rabbim, Ibrohim alayhissalom Makkani Haram deb e’lon qilgani kabi, men ham Madinani shu kundan boshlab Haram shahar deb e’lon qildim. Ikki qoyaning orasi Haram hududidir. Haramning daraxtlari kesilmaydi, hayvonlari ovlanmaydi, o‘t-o‘lanlari yulinmaydi va daraxtlarining barglari uzilmaydi”.

Alloh taolo biz yashab turgan zaminni ozoda saqlagan holda obod qilishga, Uning bergan ne’matlarini asrab-avaylashga buyurib, atrof-muhitga zarar yetkazishdan, yerdan unumli foydalanmaslikdan  qaytargan: «Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo‘yganidan keyin (unda) buzg‘unchilik qilmangiz!” – degan (Baqara surasi 205-oyat).

Bahor – tuproqning yuzi ochilib, urug‘ qadaladigan, kuzgi mo‘l-ko‘lchilikka asos solinadigan fasldir. Shu ma’noda qadimdan asosiy tirikligi dehqonchilik va chorvachilikdan iborat bo‘lgan xalqimiz bahor faslini intizorlik bilan kutib, uni bayramona ishtiyoq bilan qarshi olishga odatlangan. Milliy bayramimiz sanalmish Navro‘zning nishonlanishi asosida ham aynan shu ma’nolar yotadi.

Bahor – ko‘kalamzorlashtirish, ekin ekish, yerga nihol qadash fasli. Xalqimiz bejiz: “Hamal keldi – amal keldi” demaydi. Shu kunlarda bo‘sh yerlarga mevali va manzarali daraxtlar hamda turli gul ko‘chatlari ekish maqsadga muvofiqdir. Albatta, bu ishlar ko‘pchilikka manfaatli bo‘lgani bois savobi ham mislsizdir.

Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan quyidagi hadisi sharifda shunday deyilgan: Qaysi bir musulmon biror ko‘chat yoki ekin eksa, keyin undan qush yoki inson, yohud biror jonivor yesa, ekkan odamga sadaqa savobi yoziladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ummatlarini ko‘chat ekishga, ekin-tikin qilishga shu darajada targ‘ib etdilarki, hatto Qiyomat qoim bo‘lish arafasida ham, imkon qilolsa, ko‘chat ekishga buyurdilar: “Agar Qiyomat qoim bo‘lishni boshlasayu, biringizning qo‘lida nihol bo‘lsa, Qiyomat qoim bo‘lishdan oldin uni ekishga qurbi yetsa, bas, shundoq qilsin”.

Ajdodlarimiz ham navbahor fasldan unumli foydalanib qolishga intilishgan. Sohibqiron bobomiz “Temur tuzuklari”da: “Bir daraxt kessam, o‘rniga o‘n ikki daraxt ekdim...” – degan. Qolaversa, buyuk sarkarda barpo etgan Bog‘i baland, Bog‘i behisht, Bog‘i davlatobod, Bog‘i dilkusho, Bog‘i jahonnoma, Bog‘i maydon, Bog‘i nav, Bog‘i chinor, Bog‘i shamol bog‘lari hali-hanuz dunyoga mashhur.

Bahor allaqachon boshlangan, hamal kirib kelganiga ham bir oycha bo‘lib qolgan esa-da, biroq haliyam ayrim yurtdoshlarimizning tomorqalari bo‘sh turgani kishi dilini xufton qiladi. Qildan qiyiq axtarishni odat qilgan, bir ish aytsangiz, garchi bu ish uning o‘ziga naf keltirsa-da, har turli bahonalar to‘qiydigan odamlar, nahotki hasharotlardan ibrat olishmasa?!

Axir, barchamiz erta bahorda asalarilarning g‘uj-g‘uj bo‘lib asal yig‘ishini, chumolilarning to‘p-to‘p bo‘lib tinimsiz harakat qilayotganini ko‘ramiz-u, lekin ulardan ibrat olmaymiz. Vaholangki, Alloh taolo Qur’oni karimda bejiz bir surani “Nahl”, ya’ni “asalarilar”, yana bir surani “Naml”, yani “chumolilar” deb nomlamagan.

Xalq orasida yuramiz, ko‘pchilik bilan suhbatlashamiz. Ayrimlar hayot qiyinchiliklaridan nolishadi. To‘rt muchasi sog‘ bo‘lsa-da, mehnat qilgisi kelmaydi. Bir kuni ataylab ana o‘shanday kishilarning birini surishtirdim. Viloyatlarimizning birida yashar, 16 sotix tomorqasi bor ekan. Lekin hayhotday yer bo‘sh yotibdi. Xayolimga hazrat Alisher Navoiyning quyidagi baytlari keldi:

Tuxm yerga kirib, chechak bo‘ldi,

Qurt jondin kechib, ipak bo‘ldi.

Lola tuxmicha g‘ayrating yo‘qmu?!

Pilla qurticha himmating yo‘qmi?!

 Bugun “isrof” deganda ko‘p mablag‘ sarflash, ortiqcha odam chaqirib to‘y berish, mablag‘ni ko‘kka sovurish, vaqtni zoye ketkazish va hokazo kabi holatlar ko‘z o‘ngimizga keladi. To‘g‘ri, bular – isrof, lekin bo‘sh turgan joydan foydalanmaslik, imkoniyat bo‘la turib mehnat qilmaslik ham – KATTA ISROFDIR!

Dinimizda isrof qattiq qoralanadi. Hatto isrof qiluvchilar shaytonning birodarlari ekani ta’kidlanadi. Misol uchun: «...isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukur edi»  (Isro surasi 26–27-oyatlar).

Imom Buxoriy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisi sharifda Nabiy sallallohu alayhi va sallam: “Yenglar, ichinglar, kiyininglar, sadaqa qilinglar.  Lekin hargiz isrofga yo‘l qo‘ymanglar!” – deganlar.

Sahoba Xuzayma ibn Sobitning bo‘sh yerlari bor edi. Umar ibn Xattob raziyallohu anhu u kishining yonlariga kelib: “Ey Xuzayma! Mana bu yeringizga ko‘chat ekib qo‘ying,” – dedilar. Shunda u kishi: “Men keksayib qoldim, umrim ham oz qoldi,” – dedilar. Shunda hazrati Umar ibn Xattob raziyallohu anhu: “Yo‘q, unday qilmang, bo‘sh turgan bu yeringizga albatta ko‘chat eking,” – deb, o‘zlari birga o‘sha yerga ko‘chat ekdilar.

Odam alayhissalom jannatdan Yer yuziga tushirilganida, Jabroil alayhissalom bug‘doy olib kelib, yerga ekishga buyuradi. Odam alayhissalom bug‘doyni yerga ekkan, sug‘organ va hosilni yig‘ishtirib olganlar. Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: “Sizlarning kasblaringizning eng yaxshisi yer haydash (dehqonchilik) va qo‘y boqishdir. U payg‘ambarlarning amalidandir. Yer haydovchi dehqon o‘zining amali tufayli yetgan har bir narsa uchun ajr oladi,” – dedilar.

Muxtasar aytganda, har birimiz bahorgi imkoniyatlardan unumli foydalanib, hamalning har bir kunini g‘animat bilib, ekin-tikin ishlarini karantin qoidalariga qat’iy (!) rioya qilgan holda tezroq yakuniga yetkazaylik. Tomorqamizni aslo qarovsiz qoldirmaylik! Ertaga g‘alvirni suvdan ko‘taradigan vaqt kelganda, attang qilib qolmaylik, azizlar. Vaqt – g‘animat! Bir kun kechiktirib ekilgan nihol o‘y-o‘n besh kun keyin hosil berishi mirishkorlar tajribasida isbotlangan.

Bizning dono xalqimiz haqiqatan ham dono xalq! Shuning uchun ham: "Bekor o‘tirgandan, bekor ishla" chunki "Bekorchidan Xudo bezor" deb bejiz aytmagan.

 

Ibrohimjon INOMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   5101   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.