Uyda qoling!
Mamlakatimizda har yili yangilanish fasli – bahor kelishi bilan jismu jonimiz yashnash, yasharish ishqi bilan yonadi. Ezgu an’analar bardavomligini yana bir bor his etamiz. Yoshi ulug‘ bo‘lsa-da, qo‘liga ketmon, belkurak, qaychi olib yoshlarga ekin-tikin qadashni, xomtok qilishni o‘rgatayogan otaxonlarga ko‘zimiz tushadi...
Bu an’ana asrlar bo‘yi davom etib kelayapti. Biroq bu yil...
Bu yil ham bodomlar, o‘riklar gulladi, qiru adirlarda ko‘klam elchisi boychechaklar bosh ko‘tardi. Tog‘ yon-bag‘irlari alvon gilam kabi lolaqizg‘aldoqlarga burkandi. Chuchmo‘malarni shudring taradi. Ariqlardan suvlar jildiradi, iliq nurlar har yoqqa tushgan bo‘lsa-da, biroq biz, ya’ni bani bashar bu yil bahorning fusunkorligini, jozibadorligini unchalik sezmadik. Sababi, butun dunyoni qamrab olgan koronavirus infeksiyasi (COVID-19) bizni ana shunday bebaho ne’matdan mosuvo etdi. Bu hadik oqibatida bog‘u dalalarimizda, tomorqalarimizda ishlarimiz o‘lda-jo‘lda bo‘lib qoldi.
Toki muhtaram Prezidentimiz raisligida joriy yil 8 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu yilgi vaziyatni hisobga olib, barcha tomorqalarda 2-3 marta ekin ekish va qo‘shimcha hosil olish birinchi darajali vazifa bo‘lishini alohida ta’kidlanganiga qadar.
Darhaqiqat, yaratuvchanlik xalqimizga xos azaliy qadriyatlardan. Ayniqsa, daraxt ekish, bog‘, gulzorlar barpo etish ezgu amal sifatida avloddan avlodga meros bo‘lib kelmoqda. Xonadonda yangi tug‘ilgan chaqaloq sharafiga albatta bir tup nihol o‘tqazish ham bizga xos an’ana.
Muqaddas dinimiz ham har yerni obod qilishga buyuradi. Alloh taolo Yer yuzini insoniyatning hayot kechirishi uchun munosib manzil-ma’vo qilib yaratgan. Zero, atrofdagi barcha narsalar inson manfaati uchun yaratilgan bo‘lib, Qur’oni karimda bu haqda: «U shunday Zotki, siz uchun Yerdagi barcha narsalarni yaratdi» – deyilgan (Baqara surasi 29-oyat).
Demak, Yer yuzidagi barcha narsalar insoniyat uchun yaratilgan ekan, o‘z navbatida, har bir inson ham ularga nisbatan oqilona munosabatda bo‘lib, ularni asrab-avaylashi lozim.
Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ham atrof-muhitni muhofaza qilishga ko‘p ahamiyat berganlar. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Xaybar safaridan Madinaga qaytib kelayotganlarida shaharni ko‘rsatib, bunday deganlar: “Yo Rabbim, Ibrohim alayhissalom Makkani Haram deb e’lon qilgani kabi, men ham Madinani shu kundan boshlab Haram shahar deb e’lon qildim. Ikki qoyaning orasi – Haram hududidir. Haramning daraxtlari kesilmaydi, hayvonlari ovlanmaydi, o‘t-o‘lanlari yulinmaydi va daraxtlarining barglari uzilmaydi”.
Alloh taolo biz yashab turgan zaminni ozoda saqlagan holda obod qilishga, Uning bergan ne’matlarini asrab-avaylashga buyurib, atrof-muhitga zarar yetkazishdan, yerdan unumli foydalanmaslikdan qaytargan: «Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo‘yganidan keyin (unda) buzg‘unchilik qilmangiz!” – degan (Baqara surasi 205-oyat).
Bahor – tuproqning yuzi ochilib, urug‘ qadaladigan, kuzgi mo‘l-ko‘lchilikka asos solinadigan fasldir. Shu ma’noda qadimdan asosiy tirikligi dehqonchilik va chorvachilikdan iborat bo‘lgan xalqimiz bahor faslini intizorlik bilan kutib, uni bayramona ishtiyoq bilan qarshi olishga odatlangan. Milliy bayramimiz sanalmish Navro‘zning nishonlanishi asosida ham aynan shu ma’nolar yotadi.
Bahor – ko‘kalamzorlashtirish, ekin ekish, yerga nihol qadash fasli. Xalqimiz bejiz: “Hamal keldi – amal keldi” demaydi. Shu kunlarda bo‘sh yerlarga mevali va manzarali daraxtlar hamda turli gul ko‘chatlari ekish maqsadga muvofiqdir. Albatta, bu ishlar ko‘pchilikka manfaatli bo‘lgani bois savobi ham mislsizdir.
Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan quyidagi hadisi sharifda shunday deyilgan: “Qaysi bir musulmon biror ko‘chat yoki ekin eksa, keyin undan qush yoki inson, yohud biror jonivor yesa, ekkan odamga sadaqa savobi yoziladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ummatlarini ko‘chat ekishga, ekin-tikin qilishga shu darajada targ‘ib etdilarki, hatto Qiyomat qoim bo‘lish arafasida ham, imkon qilolsa, ko‘chat ekishga buyurdilar: “Agar Qiyomat qoim bo‘lishni boshlasayu, biringizning qo‘lida nihol bo‘lsa, Qiyomat qoim bo‘lishdan oldin uni ekishga qurbi yetsa, bas, shundoq qilsin”.
Ajdodlarimiz ham navbahor fasldan unumli foydalanib qolishga intilishgan. Sohibqiron bobomiz “Temur tuzuklari”da: “Bir daraxt kessam, o‘rniga o‘n ikki daraxt ekdim...” – degan. Qolaversa, buyuk sarkarda barpo etgan Bog‘i baland, Bog‘i behisht, Bog‘i davlatobod, Bog‘i dilkusho, Bog‘i jahonnoma, Bog‘i maydon, Bog‘i nav, Bog‘i chinor, Bog‘i shamol bog‘lari hali-hanuz dunyoga mashhur.
Bahor allaqachon boshlangan, hamal kirib kelganiga ham bir oycha bo‘lib qolgan esa-da, biroq haliyam ayrim yurtdoshlarimizning tomorqalari bo‘sh turgani kishi dilini xufton qiladi. Qildan qiyiq axtarishni odat qilgan, bir ish aytsangiz, garchi bu ish uning o‘ziga naf keltirsa-da, har turli bahonalar to‘qiydigan odamlar, nahotki hasharotlardan ibrat olishmasa?!
Axir, barchamiz erta bahorda asalarilarning g‘uj-g‘uj bo‘lib asal yig‘ishini, chumolilarning to‘p-to‘p bo‘lib tinimsiz harakat qilayotganini ko‘ramiz-u, lekin ulardan ibrat olmaymiz. Vaholangki, Alloh taolo Qur’oni karimda bejiz bir surani “Nahl”, ya’ni “asalarilar”, yana bir surani “Naml”, yani “chumolilar” deb nomlamagan.
Xalq orasida yuramiz, ko‘pchilik bilan suhbatlashamiz. Ayrimlar hayot qiyinchiliklaridan nolishadi. To‘rt muchasi sog‘ bo‘lsa-da, mehnat qilgisi kelmaydi. Bir kuni ataylab ana o‘shanday kishilarning birini surishtirdim. Viloyatlarimizning birida yashar, 16 sotix tomorqasi bor ekan. Lekin hayhotday yer bo‘sh yotibdi. Xayolimga hazrat Alisher Navoiyning quyidagi baytlari keldi:
Tuxm yerga kirib, chechak bo‘ldi,
Qurt jondin kechib, ipak bo‘ldi.
Lola tuxmicha g‘ayrating yo‘qmu?!
Pilla qurticha himmating yo‘qmi?!
Bugun “isrof” deganda ko‘p mablag‘ sarflash, ortiqcha odam chaqirib to‘y berish, mablag‘ni ko‘kka sovurish, vaqtni zoye ketkazish va hokazo kabi holatlar ko‘z o‘ngimizga keladi. To‘g‘ri, bular – isrof, lekin bo‘sh turgan joydan foydalanmaslik, imkoniyat bo‘la turib mehnat qilmaslik ham – KATTA ISROFDIR!
Dinimizda isrof qattiq qoralanadi. Hatto isrof qiluvchilar shaytonning birodarlari ekani ta’kidlanadi. Misol uchun: «...isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar – shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukur edi» (Isro surasi 26–27-oyatlar).
Imom Buxoriy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisi sharifda Nabiy sallallohu alayhi va sallam: “Yenglar, ichinglar, kiyininglar, sadaqa qilinglar. Lekin hargiz isrofga yo‘l qo‘ymanglar!” – deganlar.
Sahoba Xuzayma ibn Sobitning bo‘sh yerlari bor edi. Umar ibn Xattob raziyallohu anhu u kishining yonlariga kelib: “Ey Xuzayma! Mana bu yeringizga ko‘chat ekib qo‘ying,” – dedilar. Shunda u kishi: “Men keksayib qoldim, umrim ham oz qoldi,” – dedilar. Shunda hazrati Umar ibn Xattob raziyallohu anhu: “Yo‘q, unday qilmang, bo‘sh turgan bu yeringizga albatta ko‘chat eking,” – deb, o‘zlari birga o‘sha yerga ko‘chat ekdilar.
Odam alayhissalom jannatdan Yer yuziga tushirilganida, Jabroil alayhissalom bug‘doy olib kelib, yerga ekishga buyuradi. Odam alayhissalom bug‘doyni yerga ekkan, sug‘organ va hosilni yig‘ishtirib olganlar. Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: “Sizlarning kasblaringizning eng yaxshisi – yer haydash (dehqonchilik) va qo‘y boqishdir. U – payg‘ambarlarning amalidandir. Yer haydovchi dehqon o‘zining amali tufayli yetgan har bir narsa uchun ajr oladi,” – dedilar.
Muxtasar aytganda, har birimiz bahorgi imkoniyatlardan unumli foydalanib, hamalning har bir kunini g‘animat bilib, ekin-tikin ishlarini karantin qoidalariga qat’iy (!) rioya qilgan holda tezroq yakuniga yetkazaylik. Tomorqamizni aslo qarovsiz qoldirmaylik! Ertaga g‘alvirni suvdan ko‘taradigan vaqt kelganda, attang qilib qolmaylik, azizlar. Vaqt – g‘animat! Bir kun kechiktirib ekilgan nihol o‘y-o‘n besh kun keyin hosil berishi mirishkorlar tajribasida isbotlangan.
Bizning dono xalqimiz haqiqatan ham dono xalq! Shuning uchun ham: "Bekor o‘tirgandan, bekor ishla" chunki "Bekorchidan Xudo bezor" deb bejiz aytmagan.
Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.
Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.
Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.
Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.
Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.
Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.
Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا
“Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:
تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه
“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati), deganlar.
Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ
“Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).
Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.
Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.
Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.
Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi. Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.
Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.