Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, yurtimiz tuprog‘i serunum, go‘zal bog‘lari serhosil. Darhaqiqat, bozorlar va dasturxonlarimizdagi to‘kin-sochinlik dalalardagi hosilning mo‘lligidandir. Barcha hosillar Parvardigorimizning izni va marhamati ila serob bo‘lmoqda. O‘simlik olami Alloh taoloning insonga ato qilgan ulug‘ ne’matlaridan biri bo‘lib, usiz yer yuzida hayot ham bo‘lmas edi. Shuning uchun ham Alloh taolo bu olamni insonga vosita bo‘lsin, unga va uning chorvasiga rizq bo‘lsin deb yaratganini ko‘p marta eslatadi.
Dehqonchilik va ziroat ulug‘ va fazilatli amaldir. Chunki ko‘plab oyati karimalarda bog‘lar va dalalarning hosili Alloh taoloning izni va irodasi va osmondan tushiradigan suv ne’mati bilan yetilishi bayon etilgan. Bu esa dehqon va bog‘bonlarning mehnati Allohning nazari ostida ekaniga va Alloh taolo ularga madadkorigiga dalolat qiladi. Bunga misol quyidagi oyatlardir: “Biz osmondan barakotli suv (yomg‘ir) yog‘dirib, u bilan bog‘larni va o‘rib olinadigan donlarni undirdik. Shuningdek, zich mevali, shoxlari baland xurmolarni ham. Bandalarga rizq bo‘lsin uchun (shunday qildik). Yana u (suv) bilan “o‘lik” shaharni (yerni) “tiriltirdik”. (Qabrlardan tirilib) chiqish ham mana shunday bo‘lur” (Qof surasi, 9-11 – oyatlar).
Ona diyorimizning bepoyon hududlarida, ayniqsa, qishloq mintaqalarida yashovchi har bir insonga moddiy farovonlikning asoslaridan biri dehqonchilik va ziroat ekani yaxshi ma’lum. Ular o‘zlarining fidokorona mehnatlari bilan vatanimiz boyligiga boylik qo‘shish va xalqimiz hayoti uchun zarur bo‘lgan barcha qishloq xo‘jaligi, chorvachilik mahsulotlarini yetkazish hamda ularni qishki mavsumga zaxira etishda kuch-g‘ayrat sarflamoqdalar.
Janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dehqonchilik va ko‘chat o‘tqazishga juda ko‘p targ‘ib etib: “Agar qiyomat qoyim bo‘lib qolsa-yu, qaysi biringizning qo‘lingizda ekaman deb turgan ko‘chat niholi bo‘lsa, uni ekib qo‘ysin”, dedilar.
Boshqa bir hadislarida esa: “Qaysi bir kishi biron bir daraxtni eksa, Alloh taolo ekuvchi tomonidan ekilgan daraxt bergan hosil evaziga uning nomai a’moliga ajru savoblar yozadi”, deganlar.
Yana bunday deydilar: “Musulmon kishi bir daraxt o‘tqazsa yoki bir narsa eksa, bas undan qush yoki inson tanovul etib, manfaatlansa, shu sababdan u kishi ehson qilganlik savobiga erishur”.
Shunday ekan, o‘zimiz yashab turgan xonadonimiz hovlisi, tomorqasiga kundalik extiyojimizga kerak bo‘ladigan turli xil mahsulotlarini ekib yetishtirsak, bundan nafaqat o‘zimiz, balki hayvonlar va qushlar ham manfaat topadi.
Azizlar! Bu kunlarda karantin sabab ko‘pchiligimiz xonadonimizda, o‘z oilamiz bilan birgamiz. Ota-onalarimiz xizmati, farzandlar tarbiyasi bilan bir qatorda hovlimizda mavjud ekin maydonlaridan unumli foydalangan holda ro‘zg‘orimiz uchun zaruriy ekinlarni eksak bir kun o‘z mevasini beradi. Qoleversa, xalqimizda “Yerni boqsang, yer seni boqadi” degan naql ham bejiz aytilmagan.
G‘anijon ISLOMOV,
Quva tumani bosh imom-xatibi.
Kishining ma’rifati yuksalgani sari undagi farosat nuri ham kuchayib boraveradi. Farosat – kishida tez va to‘g‘ri fahmlay olish qobiliyati, zakovat, diddir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqinglar. Chunki u Allohning nuri ila qaraydi”, deya marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Ulamolarimiz ushbu hadisni sharhlab: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqing” ya’ni ma’siyatlarning oshkorasidan ham, maxfiysidan ham saqlaninglar. Ehtimol, mo‘min kishi qilayotgan gunohlaringizni basirat ko‘zi ila ko‘rib turar, natijada uning oldida izza bo‘lasizlar. Chunki komil mo‘min sizlar yashirayotgan narsaga Alloh taolo ato etgan qalb ko‘zi bilan nazar soladi va haqiqatni his etadi”, deyishgan.
“Tuhfatul oliy” kitobida farosat uch xil – iymoniy, riyoziy va xalqiy bo‘lishi ta’kidlangan.
Iymoniy farosat – banda qalbiga Alloh taolo solgan nuridir. Ushbu farosat iymon quvvatiga ko‘ra turlicha bo‘lib, iymon qanchalik kuchli bo‘lsa, farosat ham shuncha o‘tkir bo‘ladi. Ulamolar bunga misol qilib, Usmon roziyallohu anhuning hayotida sodir bo‘lgan voqeani keltiradilar.
Bir kishi hazrat Usmon roziyallohu anhuning huzuriga kelayotib, yo‘lda bir nomahram ayolga qarab qo‘ydi. Hazrat Usmon:
– Biringiz ko‘zlaridagi gunoh asorati bilan kirib kelmoqda, – dedi. Haligi kishi hayrat-la:
– Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan keyin ham vahiy bormi?! – deya g‘alati ahvolga tushib qoldi. Usmon roziyallohu anhu:
– Yo‘q, lekin sodiq farosat bor, – dedilar.
Riyoziy farosat – to‘yib taom yemaslik, bedorlik va aqliy mashg‘ulotlar bilan ko‘p shug‘ullanish orqali hosil bo‘lib, narsalarning haqiqatini anglash to‘g‘risidagi ma’lum bir tushuncha yuzaga keladi. Ushbu farosat faqat mo‘min kishiga xos emas, balki mazkur riyozatlarni chekkan boshqa insonlarda ham bo‘lishi mumkin. Chunki bu farosat iymonga ham, valiylikka ham dalolat qilmaydi. Shuningdek, faqat xaqiqatni ham, to‘g‘ri yo‘lni ham ko‘rsatib bermaydi.
Xalqiy farosat – Alloh taoloning hikmati taqozo qilgan narsalardan xulosa chiqarish iste’dodi.
Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari shogirdlariga dars berib turganida majlisga bir yigit kirib keladi-da, iltifotsizlik bilan: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqing. Chunki u Allohning nuri bilan qaraydi”, degan hadisning mazmunini so‘raydi. Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari unga: “Bu hadisning ma’nosi shuki, bo‘yningdagi xochni yechgaysan”, deydi. U xochi borligini inkor qildi. Shunda ustozning ishorasi bilan shogirdlar uning to‘nini yechishganda, xochi ko‘rinib qoladi va siri fosh bo‘ladi. U mazkur hadisning isbotini ko‘rgani bois iymonga kelib, Islomni qabul qiladi.
Imom Shofe’iy va Imom Muhammad ibn Hasan rahimahumalloh Masjidi Haramda o‘tirishsa, bir notanish kishi masjidga kirib keldi. Shunda Imom Muhammad uning yurishi va o‘zini tutishiga qarab: “Bu odam duradgor bo‘lsa kerak”, dedi. Imom Shofe’iy esa: “Menimcha, bu odam temirchi-yov”, dedi. Shunda o‘sha odamni o‘zidan so‘ralgan edi: “Men avval temirchi edim, ayni paytda duradgorlik qilmoqdaman”, deb javob beradi (“Risolatul Qushayriya”). Ya’ni, har ikki olim ham farosatlarining o‘tkirligidan notanish kishining kasbini aniq topa olishgan.
Shuningdek, ulug‘larning maqomi va ehtiromini o‘z o‘rniga qo‘ya olish ham kishining farosatidan sanaladi. Masalan, bir kishi Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhudan: “Siz kattamisiz yoki Rasulullohmi?” deb so‘radi. Shunda u zot: “U zot mendan kattalar, lekin men u zotdan avvalroq tug‘ilganman”, – deb javob bergan.
Kishi suhbatdoshiga malol kelmaydigan tarzda ta’lim berishi ham farosatdir. Masalan, bir kishi Abdulloh ibn Muborak rahimahullohning oldida aksa urdi va sunnatga muvofiq hamd aytmadi. Shunda Abdulloh ibn Muborak odob bilan o‘sha odamdan savol so‘rovchi talabadek: “Taqsir, kishi aksa urganda sunnatga ko‘ra nima deydi?” deb so‘radi. Haligi odam: “Alhamdulillah”, dedi. Shunda u zot: “Yarhamukalloh” deya javob qaytardi.
Farosatni ziyoda qilish uchun har ishda dinimizga amal qilish zarur. Ibn Shujo’ Kirmoniy rahimahulloh bunday deydi: “Kim zohirini sunnatga ergashish bilan, botinini Allohning muroqabasi (nazoratini yodda saqlashi) bilan obod qilsa, ko‘zini haromdan to‘ssa, nafsini ortiqcha istaklaridan tiysa, halol luqmaga odatlansa, farosati o‘tkirlashadi” (“Hilyatul avliyo”).
Bugungi kunda farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga, ularning yuksak farosat sohiblari bo‘lib kamol topishlariga har qachongidan ko‘ra ko‘proq e’tibor qaratishimiz darkor. Buning uchun, avvalo, o‘zimiz ham, farzandlarimiz ham kitob mutolaasiga odatlanishimiz, ilm-ma’rifat egallash harakatida bo‘lishimiz lozim. Zero, Imom Abu Homid G‘azzoliy: “Ilmning ko‘payishi, ma’rifatning kengayishi – tafakkur mevasidir”, degan.
G‘ulomiddin XOLBOYEV,
O‘zMI Fatvo markazi direktor o‘rinbosari