Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Fevral, 2025   |   10 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:06
Quyosh
07:26
Peshin
12:42
Asr
16:07
Shom
17:52
Xufton
19:07
Bismillah
09 Fevral, 2025, 10 Sha`bon, 1446

Yerni boqsang, yer seni boqadi

15.04.2020   2932   3 min.
Yerni boqsang, yer seni boqadi

Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, yurtimiz tuprog‘i serunum, go‘zal bog‘lari serhosil. Darhaqiqat, bozorlar va dasturxonlarimizdagi to‘kin-sochinlik dalalardagi hosilning mo‘lligidandir. Barcha hosillar Parvardigorimizning izni va marhamati ila serob bo‘lmoqda. O‘simlik olami Alloh taoloning insonga ato qilgan ulug‘ ne’matlaridan biri bo‘lib, usiz yer yuzida hayot ham bo‘lmas edi. Shuning uchun ham Alloh taolo bu olamni insonga vosita bo‘lsin, unga va uning chorvasiga rizq bo‘lsin deb yaratganini ko‘p marta eslatadi.

Dehqonchilik va ziroat ulug‘ va fazilatli amaldir. Chunki ko‘plab oyati karimalarda bog‘lar va dalalarning hosili Alloh taoloning izni va irodasi va osmondan tushiradigan suv ne’mati bilan yetilishi bayon etilgan. Bu esa dehqon va bog‘bonlarning mehnati Allohning nazari ostida ekaniga va Alloh taolo ularga madadkorigiga dalolat qiladi. Bunga misol quyidagi oyatlardir: Biz osmondan barakotli suv (yomg‘ir) yog‘dirib, u bilan bog‘larni va o‘rib olinadigan donlarni undirdik. Shuningdek, zich mevali, shoxlari baland xurmolarni ham. Bandalarga rizq bo‘lsin uchun (shunday qildik). Yana u (suv) bilan “o‘lik” shaharni (yerni)tiriltirdik”. (Qabrlardan tirilib) chiqish ham mana shunday bo‘lur” (Qof surasi, 9-11 – oyatlar).

Ona diyorimizning bepoyon hududlarida, ayniqsa, qishloq mintaqalarida yashovchi har bir insonga moddiy farovonlikning asoslaridan biri dehqonchilik va ziroat ekani yaxshi ma’lum. Ular o‘zlarining fidokorona mehnatlari bilan vatanimiz boyligiga boylik qo‘shish va xalqimiz hayoti uchun zarur bo‘lgan barcha qishloq xo‘jaligi, chorvachilik mahsulotlarini yetkazish hamda ularni qishki mavsumga zaxira etishda kuch-g‘ayrat sarflamoqdalar.

Janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dehqonchilik va ko‘chat o‘tqazishga juda ko‘p targ‘ib etib: “Agar qiyomat qoyim bo‘lib qolsa-yu, qaysi biringizning qo‘lingizda ekaman deb turgan ko‘chat niholi bo‘lsa, uni ekib qo‘ysin”, dedilar.

Boshqa bir hadislarida esa: “Qaysi bir kishi biron bir daraxtni eksa, Alloh taolo ekuvchi tomonidan ekilgan daraxt bergan hosil evaziga uning nomai a’moliga ajru savoblar yozadi”, deganlar.

Yana bunday deydilar: “Musulmon kishi bir daraxt o‘tqazsa yoki bir narsa eksa, bas undan qush yoki inson tanovul etib, manfaatlansa, shu sababdan u kishi ehson qilganlik savobiga erishur”.

Shunday ekan, o‘zimiz yashab turgan xonadonimiz hovlisi, tomorqasiga kundalik extiyojimizga kerak bo‘ladigan turli xil mahsulotlarini ekib yetishtirsak, bundan nafaqat o‘zimiz, balki hayvonlar va qushlar ham manfaat topadi.

Azizlar! Bu kunlarda karantin sabab ko‘pchiligimiz xonadonimizda, o‘z oilamiz bilan birgamiz. Ota-onalarimiz xizmati, farzandlar tarbiyasi bilan bir qatorda hovlimizda mavjud ekin maydonlaridan unumli foydalangan holda ro‘zg‘orimiz uchun zaruriy ekinlarni eksak bir kun o‘z mevasini beradi. Qoleversa, xalqimizda “Yerni boqsang, yer seni boqadi” degan naql ham bejiz aytilmagan.

G‘anijon ISLOMOV,

Quva tumani bosh imom-xatibi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Tavbangizda 6 shart bormi?

7.02.2025   2941   3 min.
Tavbangizda 6 shart bormi?

Inson gunohdan xoli bo‘lmaydi. Ba’­zan bilib-bilmay gunoh ishga qo‘l urib qo‘yishi mumkin.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilin­gan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xato qi­luv­chidir. Xatokorlarning eng yaxshisi tavba qiluvchilardir”, deganlar (Imom Termi­ziy rivoyati).

Alloh taolo ko‘plab oyatlarda insonlarni tavba qilishga buyurgan. Jumla­dan, Tahrim surasida bunday marhamat qilinadi: “Ey iymon keltirganlar! Allohga chin tavba qilingiz, shoyadki, Robbingiz sizlarning gunohlaringizni o‘chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritsa” (8-oyat).

Boshqa oyati karimada «...Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey mo‘minlar! Shoyad, (shunda) najot topsangiz» (Nur surasi, 31-oyat), deyilgan.

Inson tavbani o‘ziga lozim tutishi kerak. Ammo uning tavbasi qabul bo‘lishi uchun e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar bor. Xususan, tavba qilishda chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, Alloh taolodan yolvorib so‘rashi kerak. So‘ngra istig‘for uchun ma’lum bir duolar, ijobat bo‘ladigan onlar fazilatidan foyda­lanish zarur.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim quyosh mag‘ribdan chiqishidan oldin tavba qilsa, Alloh (uning) tavbasini qabul qiladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Inson tavbaga shoshilishi lozim. Luq­mo­ni Hakim o‘g‘illariga: “Ey o‘g‘lim, tavbani kechiktirma! Chunki o‘lim to‘satdan keladi. Kim tavbani kechiktirib, najotga shoshilmas ekan, ikkita katta xatar ichida qoladi: 1) gunohlar zulmati to‘planib, qalb­ni qoplaydi, so‘ngra uni muhrlab tashlaydi. Gunoh muhrlangan qalbdan o‘chmaydi; 2) kasallik yoki o‘lim tavbadan ilgari kelib, xatolarni o‘ng­lash uchun vaqt qolmaydi”, degan.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning tavba qabul qi­lishi faqat yomonlik (gunoh)ni bilmasdan qilib qo‘yib, so‘ngra tezlik bilan tavba qilganlar uchun (muqarrar)dir. Alloh aynan o‘shalarning tavbasini qabul qilur. Alloh ilm va hikmat Egasidir” (Niso surasi, 17-oyat).

Ushbu oyatda Alloh taolo bilmay qo‘l uringan gunohga zudlik bilan qilingan tavbani qabul etishini bayon qilyapti.

Inson Alloh va uning Rasuliga itoat qil­magani, shaytonning hiylasiga ergashib, shu gunohni sodir qilgani uchun qattiq nadomat chekishi lozim. Chunki gunoh ishga pushaymon bo‘lish xolis tavbaning shartlaridan biridir. Shu bilan birga, nadomatning o‘zi ham tavbaga dalolat qilishi mumkin.

Bu haqda hadisi sharifda bunday de­yil­­gan: «Abdulloh ibn Ma’qildan ri­voyat qilinadi. U: “Men otam bilan bir­ga Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu­ning huzuriga kirdim. Otam unga: “Na­biy sollallohu alay­hi vasallamning: “Nadomat chekish tavbadir”, deganlarini eshitganmisiz?” deb aytdi. Abdulloh ibn Mas’ud: “Ha, u zotning: “Nadomat chekish tavbadir”, deganlarini eshitganman”, dedi» (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Demak, inson qilgan gunohiga qattiq pushaymon bo‘lib, afsuslansa, tavbasi xolis bo‘lishi uchun bir necha shartlar bor:

– gunoh qilishdan darhol to‘xtash;
– qilgan gunohiga qattiq pushaymon bo‘lish;
– bu gunohga aslo qaytmaslikni niyat qi­lish;
– tavbasini Alloh taolo qabul qilishiga ishonish;
– istig‘for aytish;
– gunohga qaytmaslikni barcha a’zolari bilan amalga oshirish;
– gunoh odamlarning haqqi bo‘ladigan bo‘l­sa, ulardan uzr so‘rab, rozi qilish.

Shokirjon MADAMINOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi.