Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Yanvar, 2025   |   8 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:30
Shom
17:14
Xufton
18:33
Bismillah
08 Yanvar, 2025, 8 Rajab, 1446

Imom Abu Iso Termiziyning ilmiy-ma’naviy merosi

15.04.2020   2438   26 min.
Imom Abu Iso Termiziyning ilmiy-ma’naviy merosi

Imom Abu Iso Termiziyning ilmiy-ma’naviy merosi

Imom Abu Iso Termiziy jahon tamadduniga o‘zining ma’naviy-ilmiy merosi bilan katta hissa qo‘shgan buyuk olimlardan hisoblanadi. Alloma taniqli hofiz imomlardan biri bo‘lib, uning ma’naviy merosi musulmonlarga manfaatli bo‘lib kelmoqda[1]. Manba va adabiyotlarda muhaddis qalamiga mansub asarlar soni aniq qaydlanmagan bo‘lsa-da, yigirmaga yaqini zikr qilib o‘tilgan. Shunga qaramasdan, ko‘pchilik olimlarning fikricha uning hali noma’lum kitoblari ham mavjud. Shubhasiz, “Sunani Termiziy” hadis to‘plami Imom Abu Iso Termiziyning shoh asari hisoblanadi. Bu kitob olimning bir umrlik ilmiy safar mashaqqatlarining samarasi bo‘lib, uni “Adha” kuni 270/883-884 yili yozib tugatgan[2]. Muallifning o‘zi kitobi haqida bunday deygan: “Ushbu kitobni tasnif qilganimdan keyin, uni Hijoz, Iroq va Xuroson ulamolariga taqdim etdim. Ular rozilik bildirib, qabul qildilar. Kimning uyida ushbu kitobdan bo‘lsa, o‘sha xonadonda xuddi Nabiy sallallohu alayhi va sallam gapirayotgandek bo‘ladi”[3].

Muhaddis va uning “Sunani Termiziy” kitobi haqidagi nafaqat zamonasining, balki bugungi kunning olimlari ham ijobiy fikrlar bildirmoqda. Jumladan, Hofiz Muhammad ibn Hibbon ibn Ahmad at-Tamimiy al-Bustiy (vaf. 354/965 y.) o‘zining “Kitob as-Siqot” nomli asarida Abu Iso Termiziy haqida bunday degan: “Abu Iso Termiziy hadislarni jamlagan, yozgan, yod olgan va zikr qilganlardan biridir”[4]. Abu Said al-Idrisiy bunday degan: “Hifzda unga teng keladigani bo‘lmagan”[5].

Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur at-Tamimiy as-Sam’oniy (vaf. 562/1166 y.) o‘zining “Kitob al-Ansob” asarida Abu Iso Termiziyni bunday vasf etgan: “Munoqashasiz, u o‘z asrining peshqadami bo‘lib, turli asarlar sohibidir. Hadis ilmida ergashiladigan imomlardan biridir”[6].

Bu haqida mashhur hanafiy olimlaridan Ahmad ibn Mustafo Toshko‘prizoda (901-968/1495-1561) o‘zining “Miftoh as-saoda” nomli kitobida bunday degan: “Buyuk hofiz ulamolardan biri edi. Fiqhda qimmatli asarlari bor. Hadisni bir guruh muhaddis olimlardan o‘rgangan bo‘lib, “birinchi tabaqa” shayxlari bilan ko‘rishgan. Hadis ilmida ko‘pgina kitoblar yozgan. Uning ushbu “Al-jomi’-as-sahih” kitobi bu asarlar orasidagi eng foydalisi, eng ixcham tartiblisi va eng takrori ozidir. Unda boshqa hadis kitoblarida uchramaydigan xususiyatlar ham mavjud. Jumladan, mazhablar va istidlol (dalil keltirish) jihatlari e’tiborga olingan, sahih, hasan va g‘arib deb hadis darajalari aniq belgilangan. Bu kitobda jarh va ta’dilga o‘rin ajratilgan; kitob oxirida illatlarga doir maxsus bir bob ilova qilingan. Xullas, bu kitobda ulkan foydalar jamlangandir. Kitobni mutolaa qilgan kishilar bunga tan beradilar”[7].

Mashhur muarrix olimlardan Shihabuddin Abulfallah Abdulhay ibn Ahmad ad-Damashqiy (1032-1089/1623-1678) ham o‘zining “Shazarot az-zahab” kitobida “Tengdoshlarining taniqlisi va xotira hamdayetuklikda bir mo‘jiza edi”, deya ta’kidlagan[8].

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon az-Zahabiy (vaf. 748/1347 y.) o‘zining “Mizon al-i’tidol fi naqd ar-rijol” asarida olimni “Bilittifoq, Abu Iso Termiziy ishonchga sozovor inson”, deb ta’kidlagan[9].

Al-Idrisiy ham u zotni “Hadis ilmida ergashiladigan imomlardan biri bo‘lgan”, deb tavsiflaydi[10].

Shuningdek, ushbu kitob haqida Hofiz Abul-Fazl Al-Maqdisiy quyidagicha bayon etgan: “Hirotda imom Abu Ismoil Al-Ansoriydan eshitdim. U o‘z majlisida, Termiziy va uning kitobi borasida so‘z ketganida bunday dedi: “Mening uchun uning (Termiziyning) kitobi Buxoriy va Muslim kitoblaridan ko‘ra foydaliroq. Chunki,Sahihi Buxoriy va Sahihi Muslimdan faqat mutaxassis olimlargina foydalana oladi. “Sunani Termiziy”dan esa har kim foydalanishi mumkin”[11].

Shayx Abdulaziz Mansur ushbu asari va uning tarkibiy tuzilishi haqida shunday degan: Ulug‘ vatandoshimiz – Abu Iso Muhammad At-Termiziyning qo‘lingizdagi “Sunani Termiziy” kitobi “Al-jomi’ as-sahih” (“Ishonarli to‘plam”), “Al-jomi’ al-kabir” (“Katta to‘plam”) yoki (“Sahihi Termiziy”) nomlari bilan ham mashhur. Ammo hazrati Imom At-Termiziy hadis ilmida “Sunani Termiziy” yo‘nalishiga asos solgan muhaddislardan bo‘lgani uchun bu kitob, asosan, “Sunani Termiziy” nomi bilan shuhrat qozongan. Ma’lumdirki, Yer yuzi musulmonlarining asosiy ko‘pchiligi hazrati Imomi A’zam mazhablariga rioya qiladilar. “Sunani Termiziy” kitobida esa xuddi ana shu mazhab jihatlari e’tiborga olingan. Hanafiy mazhabining fikr-qarashlarini Imom At-Termiziy “Kufa ahli”ning fikr-qarashlari tarzida bayon qilganlar[12].

“Sunani Termiziy” hadis to‘plami manbalarda turli nomlar bilan keltirilgan. Jumladan, ulardan quyidagilarni keltirish mumkin:

  1. Al-Jomi’. Bu nomni Shihobuddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Hajar al-Asqaloniy o‘zining “Tahzib at-tahzib” nomli asarida va Ahmad ibn Abdulloh al-Jazariy o‘zining “Xulosot Tahzib tahzib al-kamol” nomli kitobida zikr qilganlar[13].
  2. Al-Musnad as-sahih. Mansur al-Xolidiy bu haqida shunday degan: “Abu Iso dedi: Men bu kitob, ya’ni, “Al-Musnad as-sahih”ni tasnif qilib, uni Hijoz, Iroq va Xuroson ulamolariga taqdim etdim. Ular uni ijobiy qabul qildilar”[14].
  3. As-Sunan. Kitobning bu nom bilan atalishiga sabab shuki, undagi hadislarning fiqhiy mavzular tartibida tasniflanganligidir. Asarning ushbu nomi boshqalariga nisbatan keng tanilgani va asar tarkibiga mosi hisoblanadi.
  4. Al-Jomi’ as-sahih.“Sunani Termiziy” asariga nisbatan bu nomni Hoji Xalifa (1017-1067/1609-1657) o‘zining “Kashf az-zunun”nomli asarida va Ismoil Posho Bag‘dodiy (vaf. 1339/1920 y.) “Hadiyat al-orifin” kitobida keltirilganlar[15].
  5. Kitab as-sahih.
  6. Al-Musnad al-Jomi’. Bu nomni Hofiz Abulqosim al-Is’ardiy (vaf. 692/1293 y.) o‘zining “Fazoil al-Kitab al-jomi’ li Abu Iso at-Termiziy” nomli asarida ishlatgan.
  7. Al-Jomi’ al-Kabir. Abulhasan Ali ibn Muhammad ibn Muhammad ibn ibn Abdulkarim al-Jazariy ash-Shayboniy (555-630/1160-1233) o‘zining “al-Komil fi at-tarix” nomli asarida bunday deydi: “Abu Iso Termiziy imom va hofiz bo‘lgan. Ajoyibasarlar muallifi bo‘lib, kitoblarining eng yaxshisi “al-Jomi’ al-kabir”[16]. Shuningdek, ushbu nom “Sunani Termiziy”ning zamonaviy nashrlarida ham qo‘llanilgan[17].
  8. Al-Jomi’ al-muxtasar min sunan Rasululloh. Bu nom ham ba’zi manbalarda keltirilgan.
  9. Kitob al-Jomi’.

Bu boradagi xulosani mashhur tarixchi olimlardan Hoji Xalifa o‘zining “Kashf az-Zunun” nomli kitobida quyidagicha bayon etgan: “Bu hadis bobida tasnif etilgan “al-Kutub as-sitta” (olti sahih hadis kitob) ning uchinchi kitobi bo‘lib, u “Jomi’ at-Termiziy” nomi balan ataladi. Shuningdek, u “as-Sunan” deb ham yuritiladi. Ammo, birinchi nomi ko‘proq qo‘llaniladi”[18].

Imom Abu Iso Termiziyning “Sunani Termiziy” hadis to‘plami ishonchlilik darajasidan “al-Kutub as-sitta” tarkibiga kiradi. Lekin, uning tartib bo‘yicha nechanchi o‘rinda turishi borasida olimlar turli fikrlarni bildirganlar. Yuqorida atilgani singari, Hoji Xalifa “al-Kutub as-sitta”ning uchinchi kitobi degan. Shuningdek, bu haqida mashhur hanafiy olimlaridan Ahmad ibn Mustofa Toshko‘prizoda o‘zining “Miftoh as-sa’oda” nomli kitobida bunday degan:

  1. Sahihi Buxoriy;
  2. Sahihi Muslim;
  3. Al-Muvatto;
  4. Sunani Abu Dovud;
  5. Sunani Termiziy;
  6. Sunani Nasoiy;
  7. Sunani Ibn Moja;
  8. Sunani Doraqutniy;
  9. Musnadi Ahmad;
  10. Musnadi Ibn Abu Shayba;
  11. Musnad Bozzor[19].

Asar tarkibiga to‘xtanilsa, unda jami 3956 hadis jamlangan bo‘lib[20], ular bir yuz ellik bir kitobga tasniflangan[21].Lekin, mazkur hadislar miqdorida ba’zi bir hadislar borasida keltirilgan ikki sanad rivoyati inobatga olinmagan.

Ash-Shamoil an-nabaviya va-l-fadil al-mustavaviya[22]. Bu asar “Shamoili Muhammadiya”, “Shamoil Termiziy” kabi nomlar bilan mashhur. Asar tarkibiy jihatdan muayyan mantiqiy ketma-ketlikdagi mavzulardan tuzilgan bo‘lib, o‘zida 397ta hadisnijamlagan[23].

Ushbu kitob Payg‘ambar (s.a.v.) hayoti haqida ma’lumot beruvchi muhim ishonchli manbalardan biri hisoblanadi. Shu sabab ham asar doim olimlar diqqat e’tiborida bo‘lib,unga ko‘plab sharhlar bitganlar.

Kitab al-Ilal as-sag‘ir[24].Imom Abu Iso Termiziyning ushbu asari muhaddislar tomonidan rivoyat qilingan ba’zi hadislarda uchrashi mumkin bo‘lgan kamchiliklar va roviylarning holatlari haqidagi muhim manbalardan biri hisoblanadi.Olim bu kitobini “Sunani Termiziy” asarining oxirida keltirgan bo‘lib, hadis ilmi sohasidagi birinchi asari hisoblanadi.

Kitab al-Ilal al-kabir[25].Ushbu asar “Kitob al-ilal al-mufrad” nomi bilan ham mashhur. Imom Abu Iso Termiziyning ushbu asari rivoyat qilingan ba’zi hadislarda uchrashi mumkin bo‘lgan kamchiliklar va roviylarning holatlari haqidagi mustaqil ikkinchi va asosiy kitobidir. Olim uni Samarqandda “Iyd al-adha” kuni 270/884 yili yozib tugatgan.

Bu asardan Imom Abu Iso Termiziydan keyin ushbu ilm sohasida faoliyat yutirgan ko‘plab yirik olimlar unumli foydalanganlar. Jumladan, Imom Ahmad ibn al-Husayn ibn Ali ibn Muso al-Xurosoniy al-Bayhaqiy (384-458/994-1066)[26]o‘zining “as-Sunan al-kabir” nomli asarida va Imom Jamoluddin Abu Muhammad Abdulloh ibn Yusuf ibn Muhammad az-Zayla’iy al-Hanafiy (vaf. 762/1361 y.) o‘zining “Nasb ar-royat li-ahodis al-Hidoya” kitobida[27] “Kitab al-Ilal al-kabir” asaridan foydalanganlar.

Bu o‘rinda shunini alohida ta’kidlash kerakki Imom Abu Iso Termiziy ushbu asarida “سألت محمدا” (Muhammaddan so‘radim) yoki “قال محمد” (Muhammad dedi) kabi qisqartma lafzlarni ishlatganida Imom Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy nazarda tutiladi.

Abu Tolib Mahmud ibn Ali ibn Abu Tolib at-Tamimiy al-Asbahoniy ash-Shofiiy al-Qoziy (vaf. 585/1189 y.)[28]“Kitab al-Ilal al-kabir” asarida keltirilgan hadislarni “Sunani Termiziy”ga muvofiq tartibga asosan mavzularga ajratib chiqqan. Ushbu asarda jami yetti yuz o‘n yettita hadis keltirilgan bo‘lib, shulardan o‘n to‘rttasi “Sunani Termiziy”da keltirilmagan. Abu Tolib al-Qoziy ularni quyidagi mavzuviy katta boblar va takror bo‘lmagan o‘n to‘rtta hadisni bitta alohida bobga jamlagan:

  • Tahorat haqidagi bob;
  • Namoz haqidagi bob;
  • Zakot haqidagi bob;
  • Ro‘za haqidagi bob;
  • Haj haqidagi bob;
  • Janoza haqidagi bob;
  • Nikoh haqidagi bob;
  • Taloq va lion haqidagi bob;
  • Savdo-sotiq haqidagi bob;
  • Hukmlar haqidagi bob;
  • Xun haqidagi bob;
  • Jazolar haqidagi bob;
  • Ov qilish va so‘yish haqidagi bob;
  • Qurbonlik haqidagi bob;
  • Gunoh va qasam haqidagi bob;
  • Siyar haqidagi bob;
  • Jihod haqidagi bob;
  • Libos haqidagi bob;
  • Oziq-ovqat haqidagi bob;
  • Ichimlik haqidagi bob;
  • Yaxshilik va qarindoshlik aloqasi haqidagi bob;
  • Tibbiyot haqidagi bob;
  • Vakillik va sovg‘a haqidagi bob;
  • Qadar haqidagi bob;
  • Fitnalar haqidagi bob;
  • Zuhd haqidagi bob;
  • Jannatning sifati haqidagi bob;
  • Imon haqidagi bob;
  • Ilm haqidagi bob;
  • Ruxsat so‘rash va odob haqidagi bob;
  • Qiroat haqidagi bob;
  • Duo qilish haqidagi bob;
  • Manoqib haqidagi bob.

Shuningdek, roviylarga tegishli so‘z va fikrlarni ham alohida ajratib bergan. Ushbu asar bir necha bor nashr qilingan[29].Muhaddisning bu asariga ham ko‘plab olimlar tomonidan sharhlar yozilgan. Shulardan biri Abdurrahmon ibn Ahmad ibn Rajab al-Hanbaliy (726-795/1326-1393) qalamiga mansub[30].

Kitob al-Asmo’ va-l-kuno. Muhaddisning ushbu asari ham hadis ilmiga oid bo‘lib, uniShihobuddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Hajar al-Asqaloniyo‘zining “Tahzib at-tahzib” nomli asarida aytib o‘tgan[31].Lekin, bu asar bugungi kungacha yetib kelmagan.

Kitob at-Tafsir. Olimning ushbu asari haqida Ahmad ibn Abdulloh al-Jazariy o‘zining “Xulosot Tahzib tahzib al-kamol” nomli asaridaaytib o‘tgan[32]. Muhaddisning ushbu kitobi ham bugungi kungacha topilmaganligi tufayli, uning qaysi ilm sohasiga oidligi haqida aniq ma’lumot keltirish mushkul. Lekin nomiga asoslanib uni Qur’on ilmlariga taalluqli deb taxmin qilish mumkin.

Kitob at-Tarix. Muhaddisning ushbu asari ham hadis ilmining bir sohasi “Ilm ar-rijol”ga oid bo‘lib, u ham olimning bugungi kungacha topilmagan asarlari sirasiga kiradi. U haqida olim Xayruddin az-Zirikliy o‘zining “Al-A’lom” nomli va Ismoil Posho al-Bag‘dodiy “Hadiyat al-orifin” nomli asarida aytib o‘tganlar[33].

Kitob az-Zuhd. Imom Abu Iso Termiziyning ushbu asari bir jilddan iborat bo‘lgan va bugungi kungacha yetib kelmagan. Bu asar haqida Shihobuddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Hajar al-Asqaloniy o‘zining “Tahzib at-tahzib” nomli kitobidaqisqacha ma’lumot berib o‘tgan[34].

Kitob Tasmiyat as'hob Rasulillahi sallollohu alayhi vasallam. Ushbu asar “Kitob asmoi as-Sahoba” nomi bilan ham mashhur[35]. Kitob Rasululloh (s.a.v.)ning sahobalari haqida bo‘lib, unda keltirilgan shaxslar arab alifbosi tartibiga mos ravishda ularning ismlari bo‘yicha yigirma sakkizta bobga ajratilgan. Ushbu boblarda jami yetti yuz yigirma sakkizta sahoba nomlari bayon etilgan. Shuningdek, faqat “kunya”lari ma’lum, lekin ismlari noma’lum bo‘lgan bir guruh sahobalarni oxirida alohida bobga jamlangan. Muhaddis sahobaning ismini, otasining ismini, kunyachini va nisbasini ham keltirib o‘tgan. Shuningdek, alohida sahobalarning hayotida sodir bo‘lgan muhim voqealarni ham alohida ta’kidlab o‘tgan. Olimning ushbu asari ham nashr qilingan[36].

Kitob as-Sulosiyot. Bu asar nashr etilmagan. Uning bir qo‘lyozma nusxasi Oyo Sofiyo kutubxonasida №7882 raqam ostida saqlanadi. Kitob “Sulosiyot hadis”ga bag‘ishlangan bo‘lib, ishonchlilik ahamiyati jihatidan u juda muhim manba hisoblanadi.

Ar-Rubo’iyot fi al-hadis[37].Muhaddisning ushbu asari ham nashr etilmagan. Uning yigirma uch varaqdan iborat bir qo‘lyozma nusxasi Turkiyadagi “Jor Alloh” kutubxonasida №282 raqam ostida saqlanadi. Kitob “Rubo’iyot hadis” ga bag‘ishlangan bo‘lib, ishonchlilik ahamiyati jihatidan u “Sulosiyot”dan keyingi o‘rinda turadi.

Al-U’shariyot[38]. Muhaddisning ushbu asari ham bugungi kungacha yetib kelmagan.

Kitob al-Mavquf. Olimushbu asari borligiga“Sunani Termiziy” asarida ishora qilib o‘tgan. Agar hadis ilmi istilohiga asosan qaralganda ushbu asar “mavquf” hadislar haqida bo‘lib, unda shu turkumga tegishli hadislar jamlangan[39].

Kitob fi al-jarh va-t-ta’dil[40]. Olimning bu asari hadis ilmlarining “Jarh va ta’dil” sohasiga bag‘ishlangan bo‘lib, ushbu asar ham bugungi kungacha saqlanib qolmagan.

Risola fi-l-xilof va-l-jadal.Muhaddisning ushbu asari haqida mashhur tarixchi olimlardan Hoji Xalifa o‘zining “Kashf az-Zunun” nomli kitobida asar nomi va boshlanishini keltirib o‘tgan: “الحمد لله مسبب الاسباب ”. Asar o‘n ikki fasldan tarkib topgan[41]. Lekin ushbu kitob nusxasi bugungi kungacha aniqlanmagan.

Xulasa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mazkur tadqiqot davomida Abu Iso Termiziy qalamiga mansub mazkur 15 asaraniqlandi. Shulardan, “Risola fi-l-xilof va-l-jadal”,“Kitob fi al-jarh va-t-ta’dil”, “Kitob al-Mavquf”,“Al-U’shariyot”, “Kitob al-Asmo’ va-l-kuno”, “Kitob az-Zuhd”, “Kitob at-Tarix”va “Kitob at-Tafsir” kabi asarlari hanuzgacha topilmagan. Shuningdek, “Ar-Rubo’iyot fi al-hadis” va “Kitob as-Sulosiyot”singari asarlarining qo‘lyozma nusxalari bo‘lsada, haligacha ayni shu kitoblar xususida alohida ilmiy tadqiqotlar olib borilmagan va nashr ham qilinmagan. Xullsa, olim asarlarining ilmiy-ma’naviy jihatdan hamiyati juda katta.

 

[1] Jamoluddin Abulhajjoj Yusuf al-Mizziy. Tahzib al-Kamol. – Bayrut: Muassasat ar-risala, 1996. – J. XXVI. – B. 250.

[2] Abu Bakr Muhammad ibn Abdulg‘aniy. Kitab at-taqyid. – Haydarobod: Matbaa majlis ad-doirat al-usmoniya, 1983. – J. I. – B. 92.

[3] Abu Abdulloh Shamsuddin Muhammad az-Zahabiy. Kitob Tazkirat al-huffoz. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1998. – B. 634.

[4] Al-Hofiz Muhammad ibn Hibbon ibn Ahmad at-Tamimiy al-Bustiy. Kitob as-Siqot. – Haydarobod: Doirot al-ma’rifa li Umaniya, 1973. – J. IX. – B. 153.

[5] Shihobuddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon az-Zahabiy. Siyar a’lom an-nubalo. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1996. – J. XIII. – B. 273.; Shihobuddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Hajar al-Asqaloniy. Tahzib at-tahzib. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1996. – J. III. – B. 668.

[6] Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur at-Tamimiy as-Sam’aniy. Al-Ansob. – Haydarobod: Doirot al-ma’rifa li Umaniya, 1980. – J. II. – B. 335; – J. III. – B. 45.

[7] Abulxayr Isomuddin Ahmad ibn Mustofa ibn Jalil Toshko‘prizoda. Miftah as-Saoda. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1975. – J. II. – B. 122.

[8] Shihabuddin Abulfallah Abdulhay ibn Ahmad ibn Muhammad ad-Damashqiy. Shazarot az-Zahab fi axbor man zahab. – Bayrut: Dor ibn Kasir, 1986. – J. III. – B. 327.

[9] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon az-Zahabiy. Mizon al-i’tidol fi naqd ar-rijol. – Bayrut: Dor al-ma’rifa, 1975. – J. III. – B. 678.

[10] Shihobuddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Hajar al-Asqaloniy. Tahzib at-tahzib. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1996. – J. III. – B. 668.

[11] Shihobuddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon az-Zahabiy. Siyar a’lom an-nubalo. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1996. – J. XIII. – B. 277.

[12]Abu Iso Muhammad at-Termiziy. Sunani Termiziy./ Tarjimon, sharh va izohlar muallifi: Mirzo Kenjabek. – T.: Sharq, 2010. – B. 12.

[13] Shihobuddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Hajar al-Asqaloniy. Tahzib at-tahzib. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1996. – J. III. – B. 668.; Ahmad ibn Abdulloh al-Jazariy. Xulosot Tahzib tahzib al-kamol. – Misr: al-Matbaa al-kubro, 1884. – B. 355.

[14] Shihobuddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Hajar al-Asqaloniy. Tahzib at-tahzib. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1996. – J. III. – B. 669.

[15] Mustafo ibn Abdulloh. Kashf az-zunun. – Bayrut: Dor ihya at-turos al-arabiy, 2004. – J. I. – B. 320.

[16] Abulhasan Ali ibn Muhammad ibn Muhammad ibn ibn Abdulkarim al-Jazariy ash-Shayboniy. Al-Komil fi at-tarix. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1994. – J. VI. – B. 373.

[17] Qarang. Abu Iso Termiziy. Sunan. – Bayrut: Dor al-g‘arb al-islomiy, 1996. 6 jild.

[18] Mustafo ibn Abdulloh. Kashf az-zunun. – Bayrut: Dor ihya at-turos al-arabiy, 2004. – J. I. – B. 320.

[19] Abulxayr Isomuddin Ahmad ibn Mustofa ibn Jalil Toshko‘prizoda. Miftah as-Saoda. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1975. – J. II. – B. 113-114.

[20] Qarang. Abu Iso Termiziy. Sunan. – Bayrut: Dor al-g‘arb al-islomiy, 1996. VI j.

[21] Shihabuddin Abu Hafs Umar ibn Kasir ibn Dav’in ibn Kasir al-Qurashiy. Al-Bidaya va-n-nihaya. – Bayrut: Dor al-maorif, 1990. – J. XI. – B. 67.

[22] Xayruddin az-Zirikliy. Al-A’lom. – Bayrut: Dor al-ilm li-l-muloyin, 2002. – J. VI. – B. 322.

[23] Qarang. Abu Iso Termiziy. Ash-Shamoil al-Muhammadiya. – Bayrut: Dor al-hadis, 1988. – 216 b.

[24] Xayruddin az-Zirikliy. Al-A’lom. – Bayrut: Dor al-ilm li-l-muloyin, 2002. – J. VI. – B. 322.

[25] Xayruddin az-Zirikliy. Al-A’lom. – Bayrut: Dor al-ilm li-l-muloyin, 2002. – J. VI. – B. 322.; Shihobuddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Hajar al-Asqaloniy. Tahzib at-tahzib. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1996. – J. III. – B. 668.

[26] Shihobuddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon az-Zahabiy. Siyar a’lom an-nubalo. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1996. – J. XVIII. – B. 163-171.

[27] Qarang. Jamoluddin Abu Muhammad Abdulloh ibn Yusuf ibn Muhammad az-Zayla’iy al-Hanafiy. Nasb ar-ra’ya li-ahodis al-Hidoya. – Bayrut: Muassasat ar-rayyon, 1997.(5 jildli)

[28] Shihobuddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon az-Zahabiy. Siyar a’lom an-nubalo. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1996. – J. XXI. – B. 227.

[29] Qarang. Abu Iso Termiziy. Kitab al-ilal al-kubro. – Bayrut: Olam al-kutub, 1989. – 478 b.

[30] Qarang. Abdurrahmon ibn Ahmad ibn Rajab al-Hanbaliy. Sharh Ilal at-Termiziy/muhaqqiq Nuruddin I’tr. – Bayrut: Dor as-malah, 1978. – 986 b.

[31] Shihobuddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Hajar al-Asqaloniy. Tahzib at-tahzib. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1996. – J. III. – B. 668.

[32] Ahmad ibn Abdulloh al-Jazariy. Xulosot Tahzib tahzib al-kamol. – Misr: al-Matbaa al-kubro, 1884. – B. 355.

[33] Xayruddin az-Zirikliy. Al-A’lom. – Bayrut: Dor al-ilm li-l-muloyin, 2002. – J. VI. – B. 322; Ismoil Posho al-Bag‘dodiy. Hadiyat al-orifin. – Istambul: Milliy eg‘itim basimevi, 1951. – J. II. – B. 19.

[34] Shihobuddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Hajar al-Asqaloniy. Tahzib at-tahzib. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1996. – J. III. – B. 669.

[35] Shihabuddin Abu Hafs Umar ibn Kasir ibn Dav’in ibn Kasir al-Qurashiy. Al-Bidaya va-n-nihaya. – Bayrut: Dor al-maorif, 1990. – J. XI. – B. 66.

[36] Qarang. Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra at-Termiziy. Kitob Tasmiyat as'hob Rasulillah sallallohu alayhi va sallam. – Bayrut: Dar al-Jinon, 1986. 120 b.

[37] Ismoil Posho al-Bag‘dodiy. Hadiyat al-orifin. – Istambul: Milliy eg‘itim basimevi, 1951. – J. II. – B. 19.

[38]As-Sayyid ash-Sharif Muhammad ibn Ja’far al-Kattoniy. Ar-Risola al-mustatrofa. – Bayrut: Dor al-Basoir al-islomiya, 1993. – B. 101.

[39] Abu Iso Termiziy. Al-Jomi’ al-kabir. – Bayrut: Dor al-g‘arb al-islomiy, 1996. – J. VI. – B. 229.

[40] Shihabuddin Abu Hafs Umar ibn Kasir ibn Dav’in ibn Kasir al-Qurashiy. Al-Bidaya va-n-nihaya. – Bayrut: Dor al-maorif, 1990. – J. XI. – B. 67.

[41] Mustafo ibn Abdulloh. Kashf az-zunun. – Bayrut: Dor ihya at-turos al-arabiy, 2004. – J. I. – B. 863.

 

Toshkent islom instituti

 "Hadis va islom tarixi fanlari"

kafedrasi o‘qituvchisi F.Xomidov

Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   614   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.