Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Yanvar, 2025   |   20 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:44
Peshin
12:39
Asr
15:43
Shom
17:28
Xufton
18:45
Bismillah
20 Yanvar, 2025, 20 Rajab, 1446

Ramazonga tayyormisiz: beruvchi qo‘l bo‘laylik

14.04.2020   2212   5 min.
Ramazonga tayyormisiz: beruvchi qo‘l bo‘laylik

Ramazonga 10 kun qoldi. Har bir daqiqasi g‘animatli bo‘lgan bu oyda Alloh taolo biz bandalarga savoblarimizni ko‘paytirib olishimiz uchun, boshqa oylarda berilmaydigan imkoniyatlarni nasib etadi. Chunki ramazon oyida qilingan bitta savob amal boshqa oylarda qilinganidan bir necha borabar ko‘proq bo‘lishi haqida ulamolar ta’kidlab o‘tishgan.

Savobli amallar orasida esa sadaqa alohida ahamiyatga ega. Chunki sadaqa gunohlarning kechirilishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Alloh taolo O‘z kalomi Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

“Sadaqani oshkora qilsangiz qandoq ham yaxshi. Agar maxfiy qilsangiz va faqirlarga bersangiz, bu siz uchun yaxshidir. Sizdan gunohlaringizni yuvadi. Va Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir” (Baqara surasi 271 oyat).

Sadaqani esa saxiy, qo‘li ochiq va qalbi pok insonlargina bera oladi.

Barchamizga ma’lumki saxiylik borasida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam insoniyatga o‘rnak bo‘lganlar. Shunday bo‘lsalar-da, Ramazon kirishi bilan saxovatlari, yaxshiliklari yanada ortib ketar edi. 

Hadisi shariflardan birida Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu shunday deydi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam odamlarning eng saxovatlisi edilar. U zotning saxovatlari Ramazon oyida – har kecha Jabroil alayhissalom Qur’onni ta’lim berish uchun huzurlariga tushadigan paytlarda – ayniqsa, ziyoda bo‘lardi. Darhaqiqat, Rasululloh  sollallohu alayhi va sallam odamlarga muruvvat ko‘rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da tez edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi va sallam: “Saxiy Allohga yaqindir, jannatga yaqindir, odamlarga yaqindir va do‘zaxdan uzoqdir. Baxil Allohdan uzoqdir, jannatdan uzoqdir, odamlardan uzoqdir va do‘zaxga yaqindir. Albatta, saxiy johil, baxil obiddan ko‘ra, Alloh azza va jallaga mahbubdir”, dedilar”. 

Saxovatning katta-kichigi bo‘lmaydi. Har kim imkoni boricha, qo‘lidan kelganicha saxovat ko‘rsataversa, Alloh taoloning keng dargohidan ko‘p savobga yetishaveradi.

Rizqning asosiy manbai Allohning O‘zidir va U Zot odamlarga O‘zi xohlaganicha rizq berib qo‘ygan va uni nafaqa, xayr-ehson qilib turishga buyurgan. Albatta, bu ish o‘lim kelishidan avval bo‘lishi shart.

Salomatlikda, amallarga qodirlik paytda xayr-ehson qilsa, o‘rniga tushadi. Boshiga musibat kelganda yoki dard, o‘lim kelganda hamma ham yolvorib, Allohdan yana ozgina umr berishini so‘raydi, sadaqa qilib, yaxshi kishilar qatorida bo‘lishni istab qoladi. Lekin unda kech qolgan bo‘lishi mumkin. Baxillik qilib, nafaqa qilmay yurganlar hasratda qoladilar.

Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimning Munofiqun surasi 10- oyatida shunday marhamat qilgan:

“Va biringizga o‘lim kelib: “Ey Robbim, agar mening o‘limimni yaqin muddatga orqaga sursang, bas, sadaqa qilib solihlardan bo‘lsam”, demasdan avval Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan nafaqa qiling.

Baqara surasining 254-oyatida esa Alloh taolo:

“Ey iymon keltirganlar! Sizga rizq qilib bergan narsalarimizdan, na oldi-sotdi, na oshna-og‘aynichilik va na shafoatchilik yo‘q kun kelmasdan oldin nafaqa qiling. Va kofirlar o‘shalar zolimlardir”, deya bizlarni sadaqa qilishga targ‘ib etgan.

Islom dini ta’limoti bo‘yicha insonning qo‘lidagi mol unga Alloh O‘z fazlidan bergan omonatdir. Shuning uchun u mazkur molni uning haqiqiy egasi Allohning roziligi yo‘lida sarflashi kerak. Ammo baxillik qilib, molni sarflamay to‘plasa, o‘zining ko‘ziga yaxshi bo‘lib ko‘ringani bilan, aslida yaxshilik bo‘lmaydi. Kim baxillik bilan to‘plagan molini yaxshilik deb hisoblasa, noto‘g‘ri o‘ylagan bo‘ladi.

Sirtdan qaraganda, baxillik go‘yo molni muhofaza qiladi. Tarqalib, yo‘q bo‘lib ketishidan asraydi. Lekin bu mol besh kunlik dunyoda to‘planadi, O‘lib ketsa, qoladi. Qolganda ham, baxillik ila to‘plaganga balo-ofat bo‘lib qoladi.

Ibn Jarir rahmatullohi alayh rivoyat qilgan boshqa bir hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: “Bir kishi o‘z qarindoshiga kelib, Alloh unga bergan fazldan berishni so‘rasa, u baxillik qilib bermasa, albatta, jahannamdan katta ilon chiqib tili bilan yalab-yalab bo‘yniga o‘ralur”, deganlar.

Alqissa,  kim xayr-ehson qilsa, saxovatli bo‘lsa, Allohning yo‘lida sarf-xarajat kilsa, o‘ziga zaxira to‘plagan bo‘ladi.

Ayniqsa bugungi karantin holatida, ayrim vatandoshlarimiz uylarida muxtojlikda kun kechirayotgan bir paytda ularga ko‘maklashish, sadaqa va ehson qilish imkoniyati bor bo‘lgan musulmonlar uchun Allohning roziligini topish imkoniyatidir. Agar bugundan sadaqa qilishni, nochorlarga ehson qilishni boshlasak insha Alloh Ramazon oyida sahovat va xayriya kunlik amallarimiz orasidan joy oladi. Bu esa bizni Alloh taolo huzuridagi mukofotlarga sazovar etadi. Bu dunyoda esa duolarimiz mustajob bo‘lib, ezgu niyatlarimizga juda ham tez fursatda erishishimizga sabab o‘ladi.

Alloh taolo barchalarimizni O‘z panohida asrab beruvchi, sahovatli qo‘llardan qilsin!

        

Saidabror Umarov tayyorladi

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Videolar

Solih bandalar

19.01.2025   11820   31 min.
Solih bandalar

 

To‘liq video

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov