Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Yanvar, 2025   |   23 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:42
Peshin
12:40
Asr
15:47
Shom
17:31
Xufton
18:48
Bismillah
23 Yanvar, 2025, 23 Rajab, 1446

Ramazonga tayyormisiz: beruvchi qo‘l bo‘laylik

14.04.2020   2313   5 min.
Ramazonga tayyormisiz: beruvchi qo‘l bo‘laylik

Ramazonga 10 kun qoldi. Har bir daqiqasi g‘animatli bo‘lgan bu oyda Alloh taolo biz bandalarga savoblarimizni ko‘paytirib olishimiz uchun, boshqa oylarda berilmaydigan imkoniyatlarni nasib etadi. Chunki ramazon oyida qilingan bitta savob amal boshqa oylarda qilinganidan bir necha borabar ko‘proq bo‘lishi haqida ulamolar ta’kidlab o‘tishgan.

Savobli amallar orasida esa sadaqa alohida ahamiyatga ega. Chunki sadaqa gunohlarning kechirilishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Alloh taolo O‘z kalomi Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

“Sadaqani oshkora qilsangiz qandoq ham yaxshi. Agar maxfiy qilsangiz va faqirlarga bersangiz, bu siz uchun yaxshidir. Sizdan gunohlaringizni yuvadi. Va Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir” (Baqara surasi 271 oyat).

Sadaqani esa saxiy, qo‘li ochiq va qalbi pok insonlargina bera oladi.

Barchamizga ma’lumki saxiylik borasida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam insoniyatga o‘rnak bo‘lganlar. Shunday bo‘lsalar-da, Ramazon kirishi bilan saxovatlari, yaxshiliklari yanada ortib ketar edi. 

Hadisi shariflardan birida Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu shunday deydi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam odamlarning eng saxovatlisi edilar. U zotning saxovatlari Ramazon oyida – har kecha Jabroil alayhissalom Qur’onni ta’lim berish uchun huzurlariga tushadigan paytlarda – ayniqsa, ziyoda bo‘lardi. Darhaqiqat, Rasululloh  sollallohu alayhi va sallam odamlarga muruvvat ko‘rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da tez edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi va sallam: “Saxiy Allohga yaqindir, jannatga yaqindir, odamlarga yaqindir va do‘zaxdan uzoqdir. Baxil Allohdan uzoqdir, jannatdan uzoqdir, odamlardan uzoqdir va do‘zaxga yaqindir. Albatta, saxiy johil, baxil obiddan ko‘ra, Alloh azza va jallaga mahbubdir”, dedilar”. 

Saxovatning katta-kichigi bo‘lmaydi. Har kim imkoni boricha, qo‘lidan kelganicha saxovat ko‘rsataversa, Alloh taoloning keng dargohidan ko‘p savobga yetishaveradi.

Rizqning asosiy manbai Allohning O‘zidir va U Zot odamlarga O‘zi xohlaganicha rizq berib qo‘ygan va uni nafaqa, xayr-ehson qilib turishga buyurgan. Albatta, bu ish o‘lim kelishidan avval bo‘lishi shart.

Salomatlikda, amallarga qodirlik paytda xayr-ehson qilsa, o‘rniga tushadi. Boshiga musibat kelganda yoki dard, o‘lim kelganda hamma ham yolvorib, Allohdan yana ozgina umr berishini so‘raydi, sadaqa qilib, yaxshi kishilar qatorida bo‘lishni istab qoladi. Lekin unda kech qolgan bo‘lishi mumkin. Baxillik qilib, nafaqa qilmay yurganlar hasratda qoladilar.

Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimning Munofiqun surasi 10- oyatida shunday marhamat qilgan:

“Va biringizga o‘lim kelib: “Ey Robbim, agar mening o‘limimni yaqin muddatga orqaga sursang, bas, sadaqa qilib solihlardan bo‘lsam”, demasdan avval Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan nafaqa qiling.

Baqara surasining 254-oyatida esa Alloh taolo:

“Ey iymon keltirganlar! Sizga rizq qilib bergan narsalarimizdan, na oldi-sotdi, na oshna-og‘aynichilik va na shafoatchilik yo‘q kun kelmasdan oldin nafaqa qiling. Va kofirlar o‘shalar zolimlardir”, deya bizlarni sadaqa qilishga targ‘ib etgan.

Islom dini ta’limoti bo‘yicha insonning qo‘lidagi mol unga Alloh O‘z fazlidan bergan omonatdir. Shuning uchun u mazkur molni uning haqiqiy egasi Allohning roziligi yo‘lida sarflashi kerak. Ammo baxillik qilib, molni sarflamay to‘plasa, o‘zining ko‘ziga yaxshi bo‘lib ko‘ringani bilan, aslida yaxshilik bo‘lmaydi. Kim baxillik bilan to‘plagan molini yaxshilik deb hisoblasa, noto‘g‘ri o‘ylagan bo‘ladi.

Sirtdan qaraganda, baxillik go‘yo molni muhofaza qiladi. Tarqalib, yo‘q bo‘lib ketishidan asraydi. Lekin bu mol besh kunlik dunyoda to‘planadi, O‘lib ketsa, qoladi. Qolganda ham, baxillik ila to‘plaganga balo-ofat bo‘lib qoladi.

Ibn Jarir rahmatullohi alayh rivoyat qilgan boshqa bir hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: “Bir kishi o‘z qarindoshiga kelib, Alloh unga bergan fazldan berishni so‘rasa, u baxillik qilib bermasa, albatta, jahannamdan katta ilon chiqib tili bilan yalab-yalab bo‘yniga o‘ralur”, deganlar.

Alqissa,  kim xayr-ehson qilsa, saxovatli bo‘lsa, Allohning yo‘lida sarf-xarajat kilsa, o‘ziga zaxira to‘plagan bo‘ladi.

Ayniqsa bugungi karantin holatida, ayrim vatandoshlarimiz uylarida muxtojlikda kun kechirayotgan bir paytda ularga ko‘maklashish, sadaqa va ehson qilish imkoniyati bor bo‘lgan musulmonlar uchun Allohning roziligini topish imkoniyatidir. Agar bugundan sadaqa qilishni, nochorlarga ehson qilishni boshlasak insha Alloh Ramazon oyida sahovat va xayriya kunlik amallarimiz orasidan joy oladi. Bu esa bizni Alloh taolo huzuridagi mukofotlarga sazovar etadi. Bu dunyoda esa duolarimiz mustajob bo‘lib, ezgu niyatlarimizga juda ham tez fursatda erishishimizga sabab o‘ladi.

Alloh taolo barchalarimizni O‘z panohida asrab beruvchi, sahovatli qo‘llardan qilsin!

        

Saidabror Umarov tayyorladi

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ilmning ustoz bilan olinishiga 33 dalil

21.01.2025   2470   12 min.
Ilmning ustoz bilan olinishiga 33 dalil

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bilim har bir inson uchun birdek zarurdir. Biroq u to‘g‘ri va tartibli olinmasa, ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi. Keyingi vaqtda har kim o‘ziga kerakli ma’lumotlarni internet va ijtimoiy tarmoqlardan olgan holda o‘zi bilganicha ilm o‘rganish, tasdiqlanmagan xulosalarga rioya qilish holatlari ko‘payib ketdi. Bu illatlar esa o‘z navbatida haqiqiy bilimlar qadr-qiymatiga putur yetkazib qo‘ymoqda. Quyida ilmni ustozdan olish haqiqatiga oid ba’zi dalillarni keltirib o‘tdik.

Qur’oniy dalillar

1. Alloh taolo Qur’oni Karimda bilmaydiganlarga biladiganlardan so‘rashni buyurdi: «Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahllaridan so‘ranglar» (Anbiyo surasi, 7-oyat).

2. Qur’oni Karim Alloh taolo tomonidan ummatning hidoyati va ilmi uchun nozil qilingan. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tushuntirishlarisiz Qur’on ma’nolarini to‘liq va bexato anglab bo‘lmas edi. Alloh taolo Qur’oni Karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bunday marhamat qiladi: «(Biz payg‘ambarlarni) hujjatlar va kitoblar bilan (yuborganmiz). Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» (Nahl surasi, 44-oyat).

Hadisiy dalillar

3. Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi. Albatta, men taqsimlovchiman, xolos, Alloh beradi. Albatta, bu ummat Allohning ishi (qiyomat) kelguncha Allohning amrida qoim bo‘ladi. Ularga xilof qilganlar zarar yetkaza olmaydi», dedilar (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyati).

«Sahihu Buxoriy»ga sharh yozgan mashhur muhaddis Hofiz ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh mazkur hadisni bunday izohlaydi: «Demak, ishonchli ilm faqat payg‘ambarlar (anbiyo) va ularning vorislaridan (ulamolardan) olingan ilmdir». Alloma Ayniy rahimahulloh ham ushbu hadisni shunday sharhlagan.

4. Alloma Shotibiy rahimahulloh bu fikrga urg‘u berib yozadi: «Buning dalili yana bir hadisdir: «Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumo aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Albatta, Alloh taolo bandalaridan ilmni birdaniga sug‘urib olmaydi. Balki ilmni ulamolarning jonini olish bilan tortib oladi. Nihoyat, birorta olim qolmagach, odamlar johillarni boshliq qilib olishadi. Keyin ular so‘ralganlarida, johillarga xos ravishda fatvo berishadi. Natijada ular adashadilar va adashtiradilar», deganlarini eshitdim» (Buxoriy rivoyati).

Yana bunday yozadi: «Shunday ekan, ilm kaliti – uning ko‘tarib yuruvchilari ekaniga shubha yo‘q» («Adab al-ixtilaf», 174-bet).

5. Hofiz Ibn Hajar rahimahulloh ushbu hadisning sharhida Imom Ahmadning «Musnadi»dan bir parcha keltiradi, unda bunday deyiladi: «Albatta, ilm ahlining tark etishi – aynan ilmning ketishidir» («Fathul-boriy»).

Payg‘ambarlar alayhimussalomdan misolar

6. Aytilishicha, Dovud alayhissalom payg‘ambar bo‘lgunlariga qadar Luqmon Hakimdan ko‘p ilmlar o‘rganganlar («Tafsir al-Qurtubiy»).

7. Luqmon Hakim o‘g‘liga bunday nasihat bergan: «O‘g‘lim, olimlarga yaqin va doimo ular bilan birga bo‘l. Albatta, Alloh taolo yerni yomg‘ir bilan tiriltirganidek, qalblarni hikmat bilan tiriltiradi» («Jomi’u bayonil ilm»; «Ma’olim irshodiya», 164-bet).

8. Muso alayhissalomning Hizr alayhissalomdan ilm olganlari ma’lum.

9. Yusha’ ibn Nun alayhissalom payg‘ambarlik kelishidan oldin uzoq vaqt Muso alayhissalomning yordamchisi vazifasini bajarganlar, ularning xizmatida bo‘lganlar.

Salafi solihlarning so‘zlari

10. Shuningdek, tobeinlar davrida kim biror ilmi borligini da’vo qilsa, undan bu ilmni kimdan olgani so‘ralgan (Muslimning «Sahih» asari kirish qismi).

11. Mashhur muhaddis Xatib Bag‘dodiy rahimahulloh «Taqyidul ilm» asarida bunday yozadi: «Ko‘plab olimlar vafot etishlaridan oldin o‘zlarining ayrim kitoblarini yo‘q qilishdi va boshqalarga ham shunday qilishni buyurishdi. Ular bu kitoblar hukmlarni tushunmaydigan va kitobdan faqat tashqi ma’nolarni oladigan johillar qo‘liga tushib qolishidan qo‘rqib shunday qildilar».

Keyin bu ishni Imom Obid Salmoniy, Imom Sho‘ba ibn Hajjoj, Imom Abu Qiloba va Imom Iso ibn Yunus rahimahulloh kabilar qilganini aytib o‘tdi (61–62 betlar).

12. Imom Abu Hanifa rahimahullohga masjidda ilm majlisida o‘tirib, fiqhiy masalalar haqida bahslashayotgan bir guruh odamlar haqida xabar berilganida, u kishi: «Ularning ustozi bormi?» degan savollariga «yo‘q» degan javob bo‘lganda: «Bu odamlar hech qachon fiqhni egallamaydilar» deganlar (Shayx Muhammad Avvoma. «Adab al-ixtilaf», 164-bet va «Ma’olim irshodiya», 163-bet; «Al-Faqih val Mutafaqqih», 2-jild, 83-bet).

13. Bir kuni Imom Molik rahimahullohdan «Kishi ilm olishda olimlar bilan suhbatlashmasdan, faqat kitob o‘qib qanoatlansa ilm oladi-mi?» deb so‘rashdi. Imom Molik rad javob berdi va bunday dedi: «Ilm faqat uni yod olgan, olimlarga hamroh bo‘lgan, o‘z ilmiga amal qilgan va to‘g‘riso‘z halol kishidangina olinadi» («Adab al-ixtilaf», 165-bet; «Ma’olim Irshodiya», 163-bet).

14. Ibn Rushd rahimahulloh yozadi: «Qadim zamonlarda bilim odamlarning qalbida bo‘lgan. Keyin u kitoblarga o‘tkazildi, ammo kalitlar hali hamon odamlarning qalbida qolmoqda. Shu sababli, talaba, albatta, unga munozaralar va tushunish yo‘llarini ochadigan murabbiyga muhtoj» («Adab al-ixtilof», 174-bet; «Ma’olim irshodiya», 174-bet).

15. Xatib Bag‘dodiy rahimahulloh yozadi: «Har bir talabaning qiyin savollarga javob olish uchun murojaat qilishi mumkin bo‘lgan ustozi bo‘lishi kerak» («Al-Faqih val-mutafakkih», 2-jild, 83-bet; «An-Nasiha yoki Ahlil-Hadis», 259-bet).

16. Imom Shotibiy rahimahulloh aytadilar: «Agar o‘quvchiga ilm sirlarini ochib (tushuntirib) beradigan olim bo‘lmasa, kitoblarning o‘zi hech qanday foyda keltirmaydi. Bu hammaga ma’lum haqiqat» («Adab al-ixtilaf», 178-bet).

Salafi solihlarning tutgan yo‘li

17. Imom Molik rahimahulloh aytadilar: «Ba’zi shogirdlar o‘ttiz yil davomida o‘qituvchilarining darslarida qatnashgan» («Adab al-ixtilaf», 171-bet).

18. Shunchaki bir necha darslarga qatnashish (bugungi kunda odatiy holga aylangan) «mulozama» – qat’iyatlilik hisoblanmaydi («Maolim irshodiya»dagi izohlar, 177-bet).

19. Hanafiy faqihi Ibn Nujaym rahimahulloh bayon qiladi: «Ilmga muntazam murojaat qilmasdan, doimiy izlanish va ustozsiz erishib bo‘lmaydi» («Adab al-ixtilaf», 172-bet).

20. Imom Shotibiy rahimahulloh aytadilar: «O‘z davrida mashhur bo‘lgan va omma tomonidan qabul qilingan har bir taniqli olimning o‘z davrida murojaat qiladigan ustozlari bo‘lgan» («Adab al-ixtilaf», 176-bet).

21. Ilm yo‘lidagi safarlar.

Bu yerda muhokama qilinadigan asosiy jihat, salaflarning ilm yo‘lida sarson-sargardonlikda o‘tkazgan uzoq muddatlaridir:

1). Imom Boqiy ibn Mahlad rahimahulloh ilm izlab ikki marta safarga chiqdilar. Ularning birinchisi 14 yil, ikkinchisi esa 20 yil davom etdi («Safohat min sabril ulama», 60-bet).

2). Imom Ibn Manda rahimahulloh 45 yilni uylaridan uzoqda o‘tkazdilar («Safohat min sabril ulama», 65-bet).

3). Imom Ya’qub ibn Sufyon Fasavi rahimahulloh: «Men 35 yildan beri safardaman», deganlar («Safohat», 61-bet).

22. Dunyo kezib ilm izlagan olimlar

Tolibi ilmlar safarlari chog‘ida birorta olim bo‘lgan hech bir shahar, qishloq yoki shaharchani e’tibordan chetda qoldirishmagan.

1). Ibn Javziy rahimahulloh Imom Ahmad rahimahulloh haqida bunday yozadilar: «Musnad»ini tuzishdan oldin butun (Islom) dunyosini uch marta kezgan («Said al-Kasir»; «Safahat min sabril ulama», 54-bet) .

2). Ibn Muqriy rahimahulloh aytdilar: «Sharqdan g‘arbga to‘rt marta safar qildim va o‘n marta Baytul Maqdisni ziyorat qildim» («Safohat min sabril ulama», 64-bet).

23. Faqat bitta ustoz emas!

Salaflar hech qachon bir-ikki ustoz bilan cheklanishmagan. Ularning muallimlari ba’zan minglab adadni tashkil qilgan.

1). Imom Buxoriy rahimahulloh: «Men 1080 ustozdan hadis yozdim», deganlar («Hadyu as-sariy», 670-bet).

2). Imom Ibn Hibbon rahimahulloh dedilar: «Taxminan 2 mingdan ortiq ustozdan hadis yozib oldim» («Tazkiratul-xuffoz», 3-jild, 921-bet).

3). Ibn Manda rahimahullohning 1700 nafar ustozi bor edi («Tazkiratul-xuffoz», 3-jild, 1032-bet).

4). Abdulloh ibn Muborak rahimahulloh 4 ming ustozdan ilm olgan («Tazkiratul-huffoz», 1-jild, 276-bet).

5). Imom Abu Hanifa rahimahullohning birgina tobe’inlardan 4 ming nafar ustozi borligi xabarlarda kelgan (Ibn Hajar Haysamiy «Al-Xayratul-hison»; «Asorul-hadis», 176-bet).

6). Hofiz Iroqiy rahimahulloh Imom Qosim ibn Dovud Bag‘dodiy rahimahulloh haqida yozadi: «U zot: «6 ming shayxdan hadis yozdim», dedilar («Safohat»ga izoh, 64-bet).

24. Zamonamizning beqiyos muhaddisi Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh «Adabul ixtilof» kitobida alohida ta’kidlab bunday yozadi: «Ular (ulamolar) ustozi bo‘lmagan kishiga hech qachon e’tibor bermaganlar va bunday kishini hatto u bilan gaplashishga ham loyiq ko‘rmaganlar, chunki u xato qilishga moyil edi».

25. Abu Ja’far Dovudiy o‘z davrining nufuzli ulamolarining fikriga e’tiroz bildirganda, ular bunday javob berdilar: «Ovozingizni o‘chiring! Sizing ustozing yo‘q!» («Adab al-ixtilaf», 164-bet).

26. Shayx Avvoma rahimahulloh aytadilar: «Har bir insonning nasl-nasabi bor. Talaba o‘z bilimi uchun o‘qituvchilaridan olinadigan nasl-nasabga ham muhtoj. O‘qituvchisi bo‘lmagan kishi, kimligi betayin va nasl-nasabi noma’lum odam kabidir. Uning hech qanday qadri ham, vazni ham yo‘q» («Oltin qo‘llanma», Angliya, 8-bet; «Ma’olim irshodiya», 160-bet va «Adab al-ixtilaf», 164-bet).

Xatolarning kelib chiqish sababi

27. Muhammad ibn Sirin, Hakam ibn Atiyya va Voqiy ibn al-Jarroh rahimahulloh singari imomlar Bani Isroilning adashib ketishlariga asosiy sabab ota-bobolaridan qolgan kitoblardir, deganlar («Taqyid al-ilm», 61-bet).

28. Darhaqiqat, ilmlarning jamlanishi ham odamlarning ulamolar darslariga kam qatnasha boshlagani sabab bo‘lgani uchun Imom Avzoiy rahimahulloh aytdilar: «Ilm ilmli kishilarning og‘zidan chiqqanida ulug‘ edi. Lekin u kitoblarga ko‘chganida nuri (ilohiy nuri) yo‘qoldi» («Taqyid ul-ilm», 64-bet).

Boshqa rivoyatda bunday deyiladi: «...kitoblarga kirganida, unga huquqi bo‘lmaganlar unga yo‘l olishdi!» («Sunani Dorimiy», 467-hadis).

Eslatma! Yuqorida kelitirilgan ikki iqtibosdan maqsad kitoblarni o‘zboshimcha o‘rganish noto‘g‘ri ekanini isbotlash va kitoblarni bilimdon ustoz hamrohligida o‘rganish kerakligini tushuntirishdir.

29. Shayx Muhammad Avvoma aytadi: «Olimlardan ilm olmagan, ularning huzurida uzoq vaqt bo‘lmagan, odatlarini o‘zlashtira olmaydigan odamdan qanday hurmat kutish mumkin? Bunday odam olimlarning qadrini qanday tan oladi? Shuning uchun, bunday odamlarning olimlarni tanqid qilishi ajablanarli holat emas! Kimki ulamolar majlislariga qatnashsa, haqiqatdan ham ularni hurmat qila boshlashi kafolatlanadi» («Adab al-ixtilof», 172-bet; «Ma’olim irshodiya», 172-bet).

30. Alloma Ibn Hajar al-Haytamiy rahimahulloh aytadilar: «Kimki ilmni faqat kitobdan olgan bo‘lsa, o‘zgalarni yo‘ldan ozdiruvchilardan bo‘libdi» («Fatvo Hadisiya»; «Adab al-ixtilaf», 165-bet).

31. Imom ash-Shotibiy rahimahulloh yozadi: «Sunnatga qarshi bo‘lgan aksariyat buzuq toifa va guruhlarning hech qachon tayinli ustozi bo‘lmagan («Adab al-ixtilaf», 176-bet).

32. Imom Shofe’iy rahimahulloh aytadilar: «Ey birodarim! Ushbu oltita asossiz hargiz bilimga ega bo‘lmaysiz: Sabab, istak, qashshoqlik, sargardonlik, muallim va uzoq muddat ustoz nazorati ostida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar» («Adab al-ixtilof», 162-bet; «Ma’olim Irshodiya», 174-bet).

Xulosa

33. Bugungi kunda ayrim odamlarning diniy ilmlarni mustaqil ravishda o‘rganishi urf bo‘lmoqda. Eng yomoni, ba’zilar hech qanday ustoz yoki sohadagi malakali mutaxassisning nazoratisiz «fatvo» yoki «maqola»larini o‘qib olib, o‘zicha ilm tarqatmoqda.

Alloh taolo muhtaram ustozlarimizning umrini ziyoda qilsin, ularning ilmidan foydalanishimizga tavfiq ato etsin.

 

Davron Nurmuhammad
«Hilol» jurnali 5 (62) son

Maqolalar