Barchamiz orziqib kutuvchi muqaddas Ramazon oyi ezgulik, mehr-muruvvat, xayr-saxovat, diyonat ayyomi sanaladi. Bugungi kunda kuzatilayotgan sinovli vaziyat Ramazon oyida ham o‘ziga xos yondashuvni talab etmoqda.
O‘zA muxbiri O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon ISHMATBЕKOV bilan shu haqda suhbatlashdi.
– Dastlab, Ramazon oyi qachon boshlanishi haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
– Bismillahir rohmanir rohim. Ramazoni sharif oyi hadisi sharifga binoan hilolning ko‘rinishi bilan boshlanadi. Shu kunlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ramazon oyi hilolining ko‘rinishi qaysi kunga to‘g‘ri kelishini aniqlash borasida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, bu borada Abu Rayhon Beruniy nomidagi Astronomiya instituti mutaxassislari bilan hamkorlik qilinmoqda. Qolaversa, xorijiy va qo‘shni davlatlar diniy idoralarining ushbu masala yuzasidan fikrlari o‘rganilmoqda. Xususan, qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalari diniy idoralari mas’ullari bilan aynan shu masalada videomuloqot tashkil qildik. Inshaalloh, yaqin kunlarda 2020 yilgi Ramazon oyining qaysi kuni boshlanishi e’lon qilinadi.
– Ma’lumki, yoshu qari ro‘za tutishni niyat qiladi. Karantin paytida esa immunitetni tushirib yubormaslik, tez-tez qo‘lni yuvib, ba’zan og‘iz chayib turish kerakligi haqida aytilmoqda. Bunday vaziyatlarda tavsiyalar, aynan karantin bilan bog‘liq sharoitda ro‘za tuta olmagan kishilar nima qiladi?
– Alloh taolo bandaga uning toqati yetmaydigan narsalarni yuklamaydi. Ro‘za ibodatida ham xuddi shunday yengilliklar mavjuddir. Alloh taolo ro‘za tutishga quvvati yetmaydigan toifadagi insonlarga ro‘za tutmaslikka ruxsat bergan. Ular – ro‘za tutishga yaramaydigan qariyalar, surunkali kasallar, sog‘ayishi umid qilinmaydigan kasallar. Bu toifadagilar har bir kun uchun fidya to‘laydilar. Mazkur toifadan tashqari, homilador va emizikli ayollar agar ro‘za tutish o‘zi va bolasiga zarar bo‘lsa, shuningdek, musofirlar shu kunlarda tutmasligi mumkin. Bu toifadagilar keyinchalik kuniga kun ro‘zaning qazosini tutib beradilar.
Hozirgi kunda butun dunyoni qamrab olgan koronavirus pandemiyasi sababli ro‘za tutishda quyidagi ma’lumotlarni taqdim etamiz. Buni Misr fatvo hay’ati ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qildi.
Koronavirus kasaliga chalinmagan, ro‘za tutish shartlari to‘liq topilgan sog‘lom kishilar ro‘za tutishlari farzdir. Chunki ro‘za ayrimlar o‘ylaganidek immunitetni kamaytirmaydi, aksincha, immunitetni kuchaytiradi.
Virusni yuqtirgan bemorlarga kelsak, agar (diyonatli, adolatli, bu borada chuqur bilimga ega) shifokorlar ro‘za bu bemorlarga zarar qiladi, desalar, bu holatda bemor o‘zining hayotini saqlab qolish uchun shifokor buyrug‘iga bo‘ysunishi lozim bo‘ladi. Chunki bunday holatda inson hayotini saqlab qolish ro‘zadan muqaddam turadi.
Virusga chalinmaslik uchun tavsiya qilinayotgan “tez-tez qo‘lni sovunlab yuvish, antiseptik vositalar bilan qo‘llarni tozalash kerakligi” ro‘zaga ta’siri yo‘q, ya’ni bu ishlar bilan ro‘za ochilmaydi. Og‘izni chayib turish esa agar suv og‘iz ichiga o‘tib ketmasa, u ham ro‘zani ochmaydi.
– Xalqimiz saxovatli, ayniqsa, ro‘za kunlarida ehson qilgisi keladi. Bu yilgi zakot, fitr va fidya sadaqalari miqdori aniqmi?
– O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati 1 gramm tilloning bugungi kundagi o‘rtacha narxi 250 ming so‘m ekanini e’tiborga olib, milodiy 2020 yil (hijriy 1441 yil) uchun ZAKOT nisobini (85 gramm tillo) 21 million 250 ming so‘m deb belgiladi. Mazkur qiymatning qirqdan biri (1/40), ya’ni 531 ming 250 so‘mga teng bo‘ladi.
Shunga ko‘ra, zaruriy ehtiyojidan tashqari bir yil davomida 21 million 250 ming so‘mdan ortiq mablag‘ga ega bo‘lgan kishi, jami mablag‘ining qirqdan birini zakot sifatida kambag‘al va faqirlarga beradi.
Fitr miqdoriga kelsak, ma’lumki, fitr sadaqasi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadislariga binoan to‘rt narsadan chiqariladi. Ular bug‘doydan yarim so’ yoki arpadan bir so’, yoxud mayizdan yarim so’, xurmodan bir so’dir. Bir so’ taqriban (≈) 4 kilogrammdir. Ayni paytda, mazkur narsalarning narxlari o‘rganilmoqda. Tez kunda so‘mdagi miqdori bayon qilinadi.
Fidya miqdori haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, uning miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib, uning so‘mdagi qiymati fitr miqdori aniq bo‘lishi bilan ma’lum bo‘ladi.
– Ramazon ehsonini xayriya markazlariga berish haqida aytilmoqda. Buning tartibi qanday bo‘ladi. Taqsimoti qanaqa bo‘ladi? Kimlarga beriladi, alohida yig‘iladimi?
– Zakot – Islomning beshta asosiy ustunlaridan uchinchisidir. Mol-mulki shariat belgilab qo‘ygan ma’lum miqdorga, ya’ni nisobga yetgan musulmon kishi hijriy-qamariy bir yil o‘tishi bilan asliy hojatlaridan ortiqcha mablag‘ining qirqdan bir qismini, ya’ni 2,5 foizini shar’an belgilangan joylarga berishi farzi ayndir.
Zakotning sharti ikkitadir. Birinchisi – zakot oluvchiga zakotni mulk qilib berish, ya’ni o‘sha berilayotgan mol-mulk oluvchining moli bo‘lmaguncha zakot ado bo‘lmaydi. Shuning uchun ham zakotni ko‘prik, yo‘l, suv ombori kabi ko‘pchilik foydalanadigan narsalarga sarflanmaydi. Ikkinchisi esa – zakot miqdorini molidan ajratish paytida yoki faqirga berishda zakot, deb niyat qilishdir.
Zakot kimga berilishi haqida Qur’oni karimda ochiq bayon qilingan bo‘lib, jumladan, shunday deyiladi: “Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir” (Tavba surasi, 60-oyat).
Demak, zakot beriladigan sakkiz toifa insonlar bor. Bular faqir – moli nisobga yetmagan shaxs, miskin – hech narsasi yo‘q kishi, zakot yig‘ish ishida band bo‘lganlar, dillari Islomga oshno qilinuvchi g‘ayri dinlar, mukotab qullar. Shuningdek, agar zimmasidagi qarzini bersa, puli nisobdan kamayib qoladigan qarzdor kishi, Alloh yo‘lida yurganlar (bunda asosan muhtoj bo‘lib qolgan hojilar tushuniladi), yo‘lda qolganlar (moli boru o‘zi bilan birga emas) ham shu toifaga kiradi.
Yuqorida sanab o‘tilganlardan ikki toifasi: “dillari Islomga oshno qilinuvchilar” va “mukotab qullar” bugungi kunda mavjud bo‘lmaganligi uchun zakot beriladiganlar qatoridan chiqarilgan.
Zakotni vakil orqali ham muhtojlarga berish mumkin. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida va undan keyingi paytlarda zakot yig‘ish ishida band bo‘lgan muxsus kishilar tayinlanar, mulkdor mo‘min-musulmonlar o‘sha zakot mollari yig‘ilib, muhtoj oilalarga tarqatilar edi. Hozirgi kunda ham ko‘plab xayriya markazlari tashkil etilgan bo‘lib, jamiyatdagi muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlab kelishmoqda. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasining qoshida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilgan. Ushbu xayriya jamoat fondi zakot va fitr sadaqalarni yig‘ish va o‘z egalariga topshirishni ayni shariatimiz ko‘rsatmalariga muvofiq amalga oshirmoqdalar. Shuningdek, hozirda mo‘min-musulmonlarimiz boshqa xayriya markazlarini vakil qilish orqali ham zakotlarni ado etishlari mumkin. Bunda, o‘sha xayriya markazlari zakot sifatida jamg‘arilgan mablag‘larga alohida hisobga olishlari va yuqorida sanab o‘tilgan zakot berish mumkin bo‘lgan qatlamgagina taqdim etishlari lozim bo‘ladi.
– Karantin davrida Ramazon hayiti namozi qanday o‘qiladi?
– Karantin paytida Ramazon hayitini o‘qish musulmonlar zimmasidan soqit bo‘ladi. Uni uyda jamoat bo‘lib ham, yolg‘iz holda ham ado qilinmaydi. Chunki Ramazon hayitining ado qilinish va durust bo‘lish shartlari juma namozining shartlari kabidir. Karantin paytida juma namozini ado qilish shartlari topilmaydi.
Ma’lumki, virusli kasalliklar epidemiyasi sababli karantin e’lon qilinsa, mo‘min-musulmonlarning jonini salomat saqlash uchun dinimizdagi jamoaviy ibodatlarning hukmi o‘zgaradi. Ya’ni, jamoat bo‘lib ibodat qilish kasallik tarqalishiga sharoit yaratgani uchun, har bir musulmon o‘z uyida oila a’zolari bilan ibodatlarni ado qiladi. Yaqinlashib kelayotgan Ramazon oyidagi Taroveh namozi sunnat namozlaridan bo‘lgani sababli, uni ham uyda ado qilinadi.
Jamoaviy ibodatlar ichida juma namozi ado qilishning o‘ziga xos hukmlari bo‘lib, uni uyda o‘qishning iloji yo‘q. Shuning uchun juma namozi o‘rniga odatdagidek peshin namozi o‘qiladi. Ikki iyd namozning ado qilinish va durust bo‘lish shartlari ham xuddi juma namoziniki kabidir.
Karantin holatida iyd namozi o‘qilmasada, hayit kunlari qilinadigan boshqa savobli amallar bor. Iydi Ramazon kechasi ham muborak kechalardan hisoblanadi. Bu kechani ibodat, zikru tasbeh bilan o‘tkazish maqsadga muvofiq. Iyd kuni poklanish, xushbo‘ylanish, yangi toza kiyimlarni kiyish, eng asosiysi xursandchiligini izhor qilish sunnatdir. Hayit kuni quyosh chiqqandan keyin Zuho, Choshtgoh kabi nafl namozlarni ado qilib, Alloh taolodan ofiyat va hojatlarini so‘rash chiroyli amallardan.
Hozirgi sharoitda barchamiz ittifoq bo‘lib, shariatimiz ko‘rsatmalariga amal qilishimiz, Alloh taoloning sinov-imtihonlaridan go‘zal suratda o‘tishga harakat qilishimiz lozimdir. Nafl ibodatlar, tilovati Qur’on, duo-tasbehlar, qiyin sharoitda qolganlarga xayru ehson qilish kabi Alloh taologa xush keladigan amallarni ko‘paytirish, ayni muddao. Boshimizga kelgan sinovni ham savob ishlash uchun g‘animat fursatga aylantiraylik. Shoyadki, Alloh taolo tez kunlarda fazilatli, katta jamoatlarda namozlarni ado qilishni nasib aylasa, xalqimizga xotirjamlikni qaytarsa. Alloh taolo dunyo xalqlari, jumladan, xalqimizdan ushbu balo-ofatlarni uzoq qilsin! Omin!
– Mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat!
O‘zA muxbiri
Nazokat USMONOVA
suhbatlashdi.
manba: O‘zA
Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” bo‘ylab joylashtiriladigan miniatyuralarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishish uchun olimlar, mutaxassislar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillariga press tur tashkil etildi.
Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” uzunligi qariyb 52 metr, bo‘yi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil etadi.
Devor bo‘ylab jami 10 dan ortiq miniatyura o‘rin oladi. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda miniatyuralarni 50 ga yaqin rassomlar ikki oydan buyon tinim bilmay mehnat qilmoqda.
San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, rassom Behzod Hojimetovning ma’lum qilishicha, devor uchun Hirot Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan.
“50 ga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz, Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo o‘zimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi. Bundan tashqari ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi. Sababi devoriy suratlar konsepsiyasi birinchi o‘rinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar mavzularini o‘z ichiga oladi. Miniatyuralar ham shu mavzulardan chetlab o‘tilmagan holda saralangan. 10 dan ortiq miniatyura chizish ishlarining 80 foizini bajarib bo‘ldik. Muzey devorining balandligi 8 metrni tashkil qilib, uning 3 metrdan yuqori qismiga aynan ushbu miniatyuralar devori joylashtirishi ko‘zda tutilgan. Miniatyuralar hajmini inobatga oladigan bo‘lsak, uni Ginness rekordlar kitobiga ham kiritishimiz mumkin. Kompozitsiyalarimiz yuqori sifatli matoga, sifatli bo‘yoqlar bilan chizildi hamda Italiyadan keltirilgan tilla suvi bilan ishlov berildi. Endilikda ustaxonada ishlangan barcha ishlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi yakuniga yetgan binosiga olib borib, maxsus yelimlar bilan devorga joylashtirish ishlari qolgan. Miniatyuralarni tanlashda ekspozitsiyada joylashtirilgan faksimellar, eksponatlar va qo‘lyozmalarni takrorlamaslikka e’tibor qaratildi. Shuningdek, bosh g‘oya sifatida kashfiyotlar va sivilizatsiyalar mavzusiga e’tibor berildi.
Miniatyuralarning ayrimlari bizgacha to‘liq yetib kelmagan, ularni devor hajmiga moslashtirib, o‘z uslubidan chiqmagan holda kompozitsiyani to‘liq tikladik. Shuningdek, har bir miniatyuralar orasiga o‘sha davrda ishlatilgan naqshlar bilan hoshiyalar chizildi. Ushbu naqshlarni ikki xil – Buxoro hamda Hirot maktabi uslubida chizdik. Naqshlardan aynan bittasi ilmiy kengash a’zolari tomonidan tanlanib, barcha miniatyuralar orasiga joylashtiriladi” – dedi rassom Behzod Hojimetov.
Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinishi va uning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan. Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks etgan “Balx qurultoyi” miniatyurasi joylashtirgan. Asosiy e’tibor Amir Temurning ma’rifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini ko‘rsatib berishga qaratiladi. Jumladan, ushbu yirik tasviriy san’at asarida Amir Temur davrida qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga Samarqandda Behzod tomonidan aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida ko‘rsatiladi. Mirzo Ulug‘bek va uning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ulug‘bekning hayotligida chizilgan ikkita miniatyura – ulardan biri Nizomiy “Xamsa”sidan olingan miniatyura, ikkinchisi As-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” kitobidagi Sefey yulduz turkumi suratidir. Mirzo Ulug‘bekning asl qiyofasini tiklashda bu suratlar katta o‘rin tutadi. Shu bois rangtasvir asarida ushbu miniatyuralarni ham aks ettirish nazarda tutiladi.
Xurosondagi Temuriylar davri Renessansida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning hissasi alohida ko‘rsatiladi. Bunda qadimiy miniatyuralar orqali Hirot manzaralari, Navoiy, Husayn Boyqaro, ularning davrasida turgan Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir singari Hirot madaniy muhiti namoyandalari ko‘rsatib beriladi. Shuningdek, Husayn Boyqaroning ilm va madaniyat homiysi sifatidagi rolini ham ko‘rsatib berish maqsad qilingan. Bunda ham turli qo‘lyozmalarda aks etgan ana shunday miniatyuralardan foydalaniladi.
Mazkur ekspozitsiyada Bobur va Boburiylar merosiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Boburga bag‘ishlangan qismda uning tarixiy qo‘lyozmalardagi miniatyuralaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, Amir Temurning Bobur va va uning avlodlari qurshovida yaratilgan miniatyurasi alohida o‘rin tutadi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoda Temuriylardan so‘ng davlatni uzoq vaqt idora qilgan Shayboniylar va Ashtarxoniylar davridagi ilm-fan, ta’lim va madaniy hayot o‘sha davrda chizilgan tarixiy suratlarda o‘z aksini topadi.
O‘tkazilgan taqdimotda bir qator tarixchi va san’atshunos olimlar, ishchi guruh a’zolari hamda rassomlar ishtirok etib, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi. Ayrim ko‘zga tashlangan kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha takliflar berildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov ham miniatyuralar devorini shakllantirishda rassomlar bilan birgalikda fikr almashib, o‘zining tavsiyalarini bergan.
“Markazning muzey ekspozitsiyasi ichki kontentini boyitish, markaz devorlarini o‘z davriga xos miniatyura hamda suratlar bilan bezatish yuzasidan qizg‘in jarayon davom etmoqda. Markazning kengaytirilgan yig‘ilishlari muhokamasida olimlar va mutaxassislar tomonidan aynan “Ikkinchi Renessans davri” bo‘limini miniatyuralardan iborat kompozitsiya bilan boyitish taklifi berilgan edi. Ikkinchi Renessans davri Amir Temur taxtga o‘tirgan paytdan boshlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu devorda aynan shu mavzuga mos miniatyura ham joylashtiriladi. 1450 yilga oid Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asaridagi miniatyura bugungi kunda Britaniya kutubxonasida saqlanadi. Endilikda biz ushbu miniatyurani O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. 35 yoshli navqiron Amir Temur beklar, sarkardalar, saroy amaldorlari hamda ustozlari qurshovida tasvirlangan surat qo‘sh sahifada chizilgan. Uni rassomlarimiz devor hajmiga moslashtirgan holda yaxlit kompozitsiya sifatida tiklagan. Ushbu miniatyuralarning har birining asosi mavjud. O‘ylashimcha, Markazga tashrif buyuradigan tomoshabin "Ikkinchi Renessans davri" zalida aynan o‘sha paytdagi muhitni his qiladi. Sababi ayni shu davrda miniatyura san’ati taraqqiy etgan. O‘sha davrning eng buyuk rassomlaridan Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari musavvirlar ijod qilishgan. Devor uchun tanlangan miniatyuralar ham aynan shu musavvirlar hamda ularning shogirdlari tomonidan ishlangan. Bu miniatyuralarda o‘sha paytdagi davlatchilik, xalq hayoti, ijtimoiy himoya, ayollar, yoshlar kabi masalalar aks ettirilgan”, – deydi Rustam Jabborov.
O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” tashrif buyuruvchilar ko‘z o‘ngida tarixni jonlantirsa, ajabmas.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati