Bismillahir Rohmanir Rohim
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining
2020 yilgi zakot miqdori bo‘yicha
QARORI
Ma’lumki, zakot Islom arkonlaridan biri bo‘lib, moli nisobga yetgan kishi bir yilda bir marta uni ado qilishi farz hisoblanadi. Odatda, har yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati tomonidan nisob miqdori Ramazon oyida e’lon qilinar edi. Lekin, bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab, jumladan, yurtimizda ham koronavirus pandimeyasi tarqalishining oldini olish maqsadida, yurtimizda karantin e’lon qilinishi sababli, zaruratsiz uydan tashqariga chiqish mumkin bo‘lmay qoldi.
Tabiiyki, bunday paytda aholining moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan qismini qo‘llab-quvvatlashning zarurati tug‘ildi va ayni paytda bu ajr-savobi ko‘p bo‘lgan amaldir. Mana shunday vaziyatda moli nisobga yetgan boy-badavlat kishilar mollarining zakotini ham haqdorlarga berishlari ayni savobli amallar sirasiga kiradi.
Mazkurlarni inobatga olgan holda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati zakot nisobini Sha’bon oyida chiqarishga qaror qildi. Zero, Sha’bon oyi ham fazilatli oylardan biridir. Qolaversa, hozirgi sinovli davrda zakot berish muhtojlarga yanada manfaatli bo‘lib, zakotning savobini bir necha barobar ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati 1 gramm tilloning bugungi kundagi o‘rtacha narxi 250 000 (ikki yuz ellik ming) so‘m ekanini e’tiborga olib, milodiy 2020 yil (hijriy 1441 yil) uchun ZAKOT nisobini (85 g. tillodan) 21 250 000 (yigirma bir million ikki yuz ellik ming) so‘m deb belgiladi. Mazkur qiymatning qirqdan biri (1/40), ya’ni zakot uchun chiqariladigan qismi 531 250 (besh yuz o‘ttiz bir ming ikki yuz ellik) so‘mga teng bo‘ladi.
Shunga ko‘ra, zaruriy ehtiyojidan tashqari bir yil davomida 21 250 000 (yigirma bir million ikki yuz ellik ming) so‘mdan ortiq mablag‘ga ega bo‘lgan musulmon kishi, jami mablag‘ining qirqdan biri (1/40)ni zakot sifatida kambag‘al va faqirlarga berishi farzdir.
Alloh taolo boylarning himmatiga baraka, faqirlarga qanoat ato aylab, O‘zining rahmati ila boshimizdagi bu illatni tez orada daf qilsin. Omin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati
13 aprel 2020 milodiy sana 19 Sha’bon 1441 hijriy sana
Inson gunohdan xoli bo‘lmaydi. Ba’zan bilib-bilmay gunoh ishga qo‘l urib qo‘yishi mumkin.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xato qiluvchidir. Xatokorlarning eng yaxshisi tavba qiluvchilardir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo ko‘plab oyatlarda insonlarni tavba qilishga buyurgan. Jumladan, Tahrim surasida bunday marhamat qilinadi: “Ey iymon keltirganlar! Allohga chin tavba qilingiz, shoyadki, Robbingiz sizlarning gunohlaringizni o‘chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritsa” (8-oyat).
Boshqa oyati karimada «...Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey mo‘minlar! Shoyad, (shunda) najot topsangiz» (Nur surasi, 31-oyat), deyilgan.
Inson tavbani o‘ziga lozim tutishi kerak. Ammo uning tavbasi qabul bo‘lishi uchun e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar bor. Xususan, tavba qilishda chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, Alloh taolodan yolvorib so‘rashi kerak. So‘ngra istig‘for uchun ma’lum bir duolar, ijobat bo‘ladigan onlar fazilatidan foydalanish zarur.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim quyosh mag‘ribdan chiqishidan oldin tavba qilsa, Alloh (uning) tavbasini qabul qiladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Inson tavbaga shoshilishi lozim. Luqmoni Hakim o‘g‘illariga: “Ey o‘g‘lim, tavbani kechiktirma! Chunki o‘lim to‘satdan keladi. Kim tavbani kechiktirib, najotga shoshilmas ekan, ikkita katta xatar ichida qoladi: 1) gunohlar zulmati to‘planib, qalbni qoplaydi, so‘ngra uni muhrlab tashlaydi. Gunoh muhrlangan qalbdan o‘chmaydi; 2) kasallik yoki o‘lim tavbadan ilgari kelib, xatolarni o‘nglash uchun vaqt qolmaydi”, degan.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning tavba qabul qilishi faqat yomonlik (gunoh)ni bilmasdan qilib qo‘yib, so‘ngra tezlik bilan tavba qilganlar uchun (muqarrar)dir. Alloh aynan o‘shalarning tavbasini qabul qilur. Alloh ilm va hikmat Egasidir” (Niso surasi, 17-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo bilmay qo‘l uringan gunohga zudlik bilan qilingan tavbani qabul etishini bayon qilyapti.
Inson Alloh va uning Rasuliga itoat qilmagani, shaytonning hiylasiga ergashib, shu gunohni sodir qilgani uchun qattiq nadomat chekishi lozim. Chunki gunoh ishga pushaymon bo‘lish xolis tavbaning shartlaridan biridir. Shu bilan birga, nadomatning o‘zi ham tavbaga dalolat qilishi mumkin.
Bu haqda hadisi sharifda bunday deyilgan: «Abdulloh ibn Ma’qildan rivoyat qilinadi. U: “Men otam bilan birga Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning huzuriga kirdim. Otam unga: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Nadomat chekish tavbadir”, deganlarini eshitganmisiz?” deb aytdi. Abdulloh ibn Mas’ud: “Ha, u zotning: “Nadomat chekish tavbadir”, deganlarini eshitganman”, dedi» (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Demak, inson qilgan gunohiga qattiq pushaymon bo‘lib, afsuslansa, tavbasi xolis bo‘lishi uchun bir necha shartlar bor:
– gunoh qilishdan darhol to‘xtash;
– qilgan gunohiga qattiq pushaymon bo‘lish;
– bu gunohga aslo qaytmaslikni niyat qilish;
– tavbasini Alloh taolo qabul qilishiga ishonish;
– istig‘for aytish;
– gunohga qaytmaslikni barcha a’zolari bilan amalga oshirish;
– gunoh odamlarning haqqi bo‘ladigan bo‘lsa, ulardan uzr so‘rab, rozi qilish.
Shokirjon MADAMINOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi.