Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Iyun, 2025   |   22 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
18 Iyun, 2025, 22 Zulhijja, 1446

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining Ramazon oyini o‘tkazish haqidagi BAYONOTI

13.04.2020   5030   4 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining Ramazon oyini o‘tkazish haqidagi BAYONOTI

Ma’lumki, yaqin kunlarda musulmonlar intiqib kutadigan, muborak Ramazoni sharif oyi kirib kelmoqda. Har yili yurtdoshlarimiz Ramazon oyini alohida tayyorgarlik va xursandchilik bilan kutib oladilar va ko‘tarinki ruhda, o‘zgacha shukuh bilan o‘tkazadilar. Chunki, Ramazon oyida mo‘min-musulmonlarning rizqiga baraka, amallariga ulkan ajru savoblar ato etiladi. Zero, Alloh taolo Ramazon oyida mo‘minlarga kunduz kunlari ro‘za tutmoqlikni farz, tunlari tarovih namozini o‘qimoqlikni nafl qilib bergan. Ramazon oyida Qur’oni karimni xech bo‘lmasa bir marta boshidan oxirigacha o‘qib xatm qilish Payg‘ambarimiz alayhissalomning sunnatlaridandir. Ro‘zadorlarga iftorlik qilib berish, muhtojlarga xayru sadaqalar ulashish ushbu oyga xos bo‘lgan amallardan sanaladi.

Lekin, ming afsuski, bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab, jumladan, yurtimizda ham Koronavirus pandimeyasi tarqaldi. Bu kasallik keng tarqalishini oldini olish maqsadida yurtimizda karantin e’lon qilindi.

Ma’lumki, ushbu holat vujudga kelgani munosabati bilan  O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining “Koronavirus (COVID-19) infeksiyasining tarqalishini oldini olish bo‘yicha FATVOSI” e’lon qilindi. Fatvoda yurtimizda epidemiologik vaziyat barqarorlashgungacha jamoaviy namozlar vaqtincha to‘xtatilib, musulmonlarimizga namozlarni uylarida ado etishlari lozim ekanligi yetkazildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Ramazon oyini o‘tkazish bo‘yicha qo‘shni va xorijiy mamlakatlardagi holat o‘rganildi. Jumladan, Misr Arab Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi musulmonlari diniy idoralari tomonidan Ramazon oyida masjidlarda tarovih namozlari ado etilmasligi va ommaviy iftorliklar uyushtirilmasligi haqida bayonotlar e’lo qilindi.

Shuningdek, qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘iziston musulmonlari diniy idoralari bilan mazkur masala muhokama qilindi va yagona to‘xtamga kelish haqida qaror qilindi.

Yuqoridagilardan kelib chiqan holda, shuningdek, fuqarolarimiz orasida Ramazon oyida ko‘zda tutilgan diniy marosimlar sababli karantin talablari buzilishini oldini olish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi barcha musulmonlarni quyidagi ko‘rsatmalarga qat’iy rioya qilishga chaqiradi:

  1. Ramazon oyida mo‘min-musulmonlarimiz tarovih namozlarini, xatmi Qur’onlarni o‘z oila a’zolari bilan xonadonlarida o‘tkazsinlar.
  2. Muborak Ramazon oyida mo‘min musulmonlarimizning ruhini ko‘tarish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritayotgan qorilarning xatmi Qur’onlari onlayn tarzda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilsin.
  3. Iftorlik savobidan umidvor bo‘lgan sahovatpesha musulmonlarimiz iftorlik marosimlari uchun mo‘ljallagan mablag‘larini “Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari” orqali moddiy ko‘makka muhtoj oilalarga yetkazsinlar.
  4. Barcha musulmonlarimiz qo‘ni-qo‘shni va yaqin qarindoshlarni to‘plagan holda iftorlik uyushtirishlari karantin talablariga zid kelishi barobarida Alloh taoloning ishboshilarga itoat qilish haqidagi Niso surasi : “Ey, imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!...” 59-oyatiga hilof ekanini anglashlari lozim.
  5. Zakot mablag‘larini hamda fitr va fidya sadaqalarini “Vaqf” hayriya jamoat Fondi va uning hududiy bo‘linmalari hisob raqamlariga yoki “Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari”ga topshirishlari tavsiya etiladi.
  6. Ramazon oyi davomida barcha telekanallar orqali efirga uzatilishi rejalashtirilgan ko‘rsatuvlar Media-rejasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari hamda xalqimiz orasida obro‘li diniy ulamolarimizning ushbu Bayonotda belgilangan vazifalarni xalqimizga yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalarida chiqishlar tashkil qilinsin va keng yoritilsin.
  7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali, “Ramazon – rahmat va sabr oyi” mavzusidagi ma’ruzalarni muntazam on-layn tarzda berib borishni yo‘lga qo‘ysinlar.
  8. Musulmonlarimiz xonadonlarida Alloh taolodan koronavirus balosini tez kunlarda bartaraf etishini so‘rab, ixlos bilan duo qilsinlar.

Alloh taolo tez kunlarda bemorlarimizga shifoi komil berib, dunyo xalqlari, jumladan yurtimizdan bu kasallikni ko‘tarsin! Hamda fazilatli jamoatlar bilan ibodatlarni komil suratda ado qilishni barchamizga nasib qilsin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Ulamolar kengashi

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Masjidul haromda uxlasa, tahorati sinmaydimi?

16.06.2025   4497   1 min.
Masjidul haromda uxlasa, tahorati sinmaydimi?

Savol: Masjidul haromda namozlarni jamoat bilan o‘qib, keyingi namoz vaqtini kutib o‘tirganimizda, ayrim hojilarimiz yotgan holda uxlab qolib, keyingi namozga azon aytilganda, tahorat qilmay namoz o‘qishayotganiga guvoh bo‘ldim.

Buning xukmi dinimizda qanday? Chunki uxlash tahoratni buzadi deb o‘qiganmiz va shunga amal qilamiz. Yoki masjidul haromda ayrim hukmlar o‘zgaradimi?


Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, biror narsaga suyanib, yoki yonboshlagan holda uxlash tahoratni sindiradi. Bu hukm masjidul haromga ham tegishli. Siz aytgan hojilar yerga yonboshlagan holda uxlagan bo‘lsalar, tahoratlari sinadi. Lekin ko‘zini yumib, uxlamasdan, zikr qilib yotadiganlar ham bo‘ladi. Agar shunday qilgan bo‘lsalar, tabiiyki tahoratlari sinmaydi.

Masjidul haromda dunyoning turli nuqtasidan kelgan ziyoratchilar ibodat qiladi. Ularning ichida ilmli insonlar bilan bir qatorda ibodatga endi kirgan, shar’iy hukmlarni yaxshi o‘zlashtirmaganlar ham bo‘ladi. Ularning qilayotgan ishini ko‘rib, anavilar qilyapti-ku, demak, noto‘g‘ri emas ekanda, deb qilib ketavermaslik kerak.

Qolaversa, u yerda turli mazhab odamlari ibodat qiladi. Ayrim mazhablarda uxlash, badandan qon chiqish kabi ishlar tahoratni sindirmaydi. Ammo bizning mazhabimizda har ikkisi ham tahoratni buzadi va bunga ulamolarimiz bir qancha hadislarni dalil o‘laroq keltirganlar.

Shu bois, ulug‘ makonlarga ibodatga otlanayotgan odamlar: xoh erkak, xoh ayol kishi bo‘lsin, shar’iy hukmlarni bilib olishi yoki biladigan odam hamrohligida borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda ibodat qilaman deb, gunohga botishi hech gap emas. Vallohu a’lam.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.