Imomlarni jamiyat peshvosi, deymiz. Bu gap ayni sinovli kunlarda yanada yoqqol o‘z ifodasini topmoqda. Hozir ko‘pchilik insonlar toat-ibodatga, oilaviy ahllikka, farzandlar tarbiyasiga ko‘proq e’tibor bermoqda, xayrli ishlarga ko‘p bel bog‘lamoqda, ehtiyojmand kishilar haqida har qachongidan ko‘p qayg‘urmoqda. Aslida, bu kabi xayrli ishlar imomlarning kundalik faoliyati sanaladi. Shu kunlarda imom-xatiblarning bu boradagi ishlarining salmog‘i yanada sezilarli darajada ortgan.
Hech narsa behikmat bo‘lmaydi... Bugungi sinovli kunlar ham. Mo‘min-musulmon kishi har qanday holatda tafakkur ila Allohga tavakkal qiladi, xayrli ishlarga intilaveradi. Shu bois bugun ommaviy tarzda tarqalayotgan koronavirusdan o‘zimiz va o‘zgalarning sog‘ligini saqlash uchun eng maqbul yo‘l karantinni lozim tutishimiz darkor. Umr qisqa, deymiz. Karantin davri esa undan ming chandon qisqa. Ana shu vaqtni oilamiz baxtu osoyishtaligi, farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasiga sarflashimiz ayni muddao.
Har qanday vaboning keng tarqalishining oldini olishda butun dunyodagi eng samarali uslub karantin hisoblanadi. Buning yaqqol isbotini Xitoy kabi davlatlar misolida ko‘rish mumkin. Xitoy qat’iy tartib asosida karantin joriy qilib tezlik bilan yoyilib, hatto ba’zilarning o‘limi bilan yakunlanayotgan vabo ustidan nazorat o‘rnata oldi.
Karantin [ital. quarantena – qirq kun], karantinlash – o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishini cheklashga qaratilgan epidemiyaga qarshi ma’muriy va sanitariya tadbirlari majmui.
Dunyo ahlining halovatini o‘g‘irlagan vabo tufayli hozir juda ko‘p davlatlarda karantin e’lon qilinib, yig‘in va tadbirlar, xalqaro qatnovlar bekor qilindi. To‘y-ma’rakalar, ta’lim muassasalari, diniy marosimlar, hattoki masjidlarning vaqtincha to‘xtatilishi bu vaboning naqadar jiddiy ekanini ko‘rsatadi. Afsuski, bu vabodan yurtimiz ham istisno bo‘lgani yo‘q. O‘zbekistonda «COVID-19»ga chalingan be’morlar aniqlanishi bilan darhol karantin joriy qilindi.
Karantin holati yaqin tariximizda hali kuzatilmagani bois ba’zi yurtdoshlarimiz vahima, qo‘rquvga tushib qoldi. Bunga bir jihatdan axborot vositalari va internet tarmog‘ining rivoji ham o‘z «hissa»sini qo‘shdi. Agarda vaboga qarshi faqat shifokorlar va faqat mas’ul mutasaddilar emas, barchamiz birdek kurashadigan bo‘lsak, u tezda daf bo‘ladi. Uning uchun xalqimizdan tartib-intizom, birdamlik va fidokorlik talab etiladi. Shuningdek, atrofdagilar ham karantin holatida barcha tartib qoidalarga rioya qilib, sabablarni hozirlasalar, vaboni hech qanday ortiqcha xavotirsiz yengish mumkin.
Shu bilan birga, karantin davri – har bir kasb egasi, jumladan, imom-xatiblarimiz uchun o‘z ustida ishlashga juda qulay fursat. Hadisi shariflarimizda: "Bo‘sh vaqtingizni g‘animat biling, band bo‘lib qolishingizdan oldin" deb aytilgani hammamizga ma’lum.
Hozirgi karantin vaqtidan unumli, sermazmun, sermahsul va serma’no foydalanib, imom-domlalar o‘zlarining qiroatlariga e’tibor berishlari, mo‘tabar manbalarni takrorlashlari, aqida, qiroat, tafsir, fiqh, hadis kitoblarini o‘qib, fanlardan puxtaroq izlanishlari, bilganlarini mukammallashtirib olishlari tavsiya etiladi. Qolaversa, o‘zlari ham ijod qilib, kitob, maqola yozishlari, ilmiy ish qilishlari uchun Xudoi taolodan yaxshi imkoniyat. Dono xalqimiz ham: "Bekor o‘tirgandan, bekor ishla", "Bekorchidan Xudo bezor" deb bejiz aytmagan.
Abu Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, “Nabiy sallallohu alayhi vasallam:
“Qavmga ularning ichidan Allohning Kitobiga qoriroqlari imom bo‘ladi. Agar qiroatda barobar bo‘lsalar, sunnatni yaxshi biladiganlari bo‘ladi...” – dedilar” (Muhaddis imomlardan beshtalari rivoyat qilganlar).
Abu Marsad G‘anaviydan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Agar namozingizning qabul qilinishi sizlarni masrur qiladigan bo‘lsa, ulamolaringiz imomlik qilsin,” – deganlar” (Imom Hokim rivoyatlari).
Demak, Islom dini imom-xatib zimmasiga katta vazifalar yuklaydi. Imom-xatib Alloh taoloning marhamati bilan diniy va dunyoviy ilmlardan bahramand bo‘lib, ulug‘ ustoz, mudarris va muallimlardan yetarli va zarur bilimlarni oladi. Shuningdek, xalqimiz ibodatlarni to‘g‘ri ado etishida, marosimlarni risoladagidek o‘tkazishida va dinimizning ezgu ta’limotlarini mo‘min-musulmonlarga to‘g‘ri yetkazishda imom-xatibning xizmati juda ham kattadir.
Hozirgi karantin davri imomlarimiz diniy va dunyoviy bilimlarini mustahkamlash uchun muhim palladir. Zamon talabi ham shuni taqozo etmoqda. Shuning uchun ham har bir imom-domla bugungi karantin davrida o‘z ustilarda muntazam ishlashlari, kasb mahoratlari, bilim saviyalarini oshirib olishlari zarur. Ayniqsa, aqida, qiroat, tafsir, hadis, fiqh, siyrat fanlari bo‘yicha ilmlarini yanada sayqallab, mo‘tabar kitoblarni yana bir karra mutolaa qilishlari talab etiladi. Shundagina imom haqiqiy peshvo maqomini yanada mustahkamlaydi va xalq hurmatini qozonadi.
Shunday ekan, bugungi kun imom-xatiblari zimmalaridagi yuksak mas’uliyatni chuqur his qilgan holda asl va ezgu diniy ma’rifatni, Moturidiya ta’limoti, Hanafiy mazhabi hukmlarini yana bir bor mutolaa qilib, kelgusida ommaga chiroyli ravishda yetkazishlari zarur.
Imom A’zam raxmatullohi alayhi: "Bilmagan narsalarimni oyog‘im ostiga qo‘yganimda, boshim ko‘kka yetar edi," – degan ekanlar. Barcha sohalarda yangilik va kashfiyotlar paydo bo‘lmoqda. Ilmu fan, texnika va axborot almashuvlari jiddiy sur’atlar bilan kuchayib bormoqda. Mana shunday sharoitda imom-xatiblarimiz, diniy ulamolarimiz o‘z ustilarida ishlab, ilmiy saviyalarini oshirishlarini zamonning o‘zi taqozo qilmoqda.
Binobarin, imom-xatiblarimiz har kuni diniy bilimlarini ziyoda qilish harakatida bo‘lish bilan birga yurtimizda, dunyoda ro‘y berayotgan voqea va hodisalardan xabardor bo‘lishlari hamda karantin mezonlariga amal qilishlarini Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng xalq ommasiga yetkazishlari darkor.
Xudo xoxlasa, karantindan so‘ng vaziyat barqarorlashganda masjidlar ochiladi. Imomlarimiz yana mehrobga chiqib mo‘min-musulmonlarga namoz o‘qib beradilar, minbarga chiqib xutba va ma’ruzalar qiladilar. O‘sha paytda qiroatlarini yanada go‘zal qilgan, bilimlarini yanada mustahkamlagan imom-domlalarimiz xalqimiz mehr-muhabbatini yanada kuchliroq qozonadi va yanada ko‘proq ma’rifat ulashadi, insho Alloh.
Imomlarimiz ko‘plab va’z nasihatlar qiladilar. Ta’lim va tarbiyaning eng samarali ko‘rinishi bu – ma’rifat ulashayotganning o‘zi avvalo shaxsiy namuna kursatishidir. Shu bois imomlarimiz bugun har bir holatda o‘z ilmlarini oshirib, toat-ibodatda mustahkam bo‘lib, xalqimiz va dunyo ahlidan balo va ofatlarni tezda ko‘tarilishini so‘rashlari hozirgi kunning eng asosiy ishidir.
Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari
Bugun 2025 yil 8 yanvar kuni Toshkent shahar, Uchtepa tumani "Vatan" tantanalar majmuasida "Jaholatga qarshi ma’rifat" nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, aholi vakillari, yoshlar va xotin-qizlar ishtirok etib, islom dini ezgulik, tinchlik va insoniylik dini ekani, fazilatlar, azaliy qadriyatlar ifodasi ekanligini targ‘ib qilish, yosh avlodga milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizni to‘g‘ri tushuntirish, yurtimiz tinchligini asrash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida fikrlar bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati