Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Yanvar, 2025   |   22 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:43
Peshin
12:40
Asr
15:46
Shom
17:30
Xufton
18:47
Bismillah
22 Yanvar, 2025, 22 Rajab, 1446

Ramazonga tayyormisiz: Qalbingizni tozalab oling!

13.04.2020   2446   7 min.
Ramazonga tayyormisiz: Qalbingizni tozalab oling!

Qalblarimizni quvonchga to‘ldiruvchi Ramazonga ham sanoqli kunlar qoldi. Biz esa o‘zimizni isloh qilib tayyorgarlik ko‘rishni davom ettiramiz!

Dinimizda qalb insoniylikning asosi va iymonning maskani hisoblanadi. Banda niyati va qilayotgan amallari orqali qalbiga nur kirishi yoki zulmatga cho‘mishiga sabab bo‘ladi.

Ulamolar aytadiki, gunohni ko‘paytirib, ma’siyatda bardavom bo‘lish, farz amallarni Alloh aytgandek bajarmaslik,  harom amallarni xotirjam bajarish orqali qalb qorayadi va qotib boshlaydi.

“Agar mo‘minning qalbi pok va toza bo‘lmasa uning qilgan ibodatu amallaridan dunyo va oxirati uchun naf yo‘q” deyishgan ulamolar.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam qalbning qorayish sabablarini zikr qilib, quyidagi hadislarini marhamat qilganlar:

“Agar mo‘min kishi bir gunoh qilsa, uning qalbida bir qora dog‘ paydo bo‘ladi. Agar u tavba qilib, gunohdan qaytib, istig‘for aytsa, u yo‘qoladi. Ammo gunohni ziyoda qilsa, u qora dog‘ ham ko‘payadi va natijada butun qalbini o‘rab oladi” (Imom Termiziy rivoyati).

Ushbu hadisi sharifdan ma’lum bo‘ladiki, musulmon kishi gunoh qilishi bilan qalbning qorayishini va uning kasalligini ziyoda qiladi. Qalbning kasallanishi bu – bir bandaning Alloh taologa bo‘lgan itoatidagi sustkashlik va bandadan talab qilinadigan solih amallarga bo‘lgan beparvolikni keltirib chiqarishi demakdir. Zero, bandalarning amallari yaxshi yoki yomon bo‘lishi uning qalbidagi sakina, qanoat, sabr va iffatiga qaraladi. Ammo yomon amallar bajarishida esa uning besabrligi, gunohlarga yengil qarashi, dunyoga haddan oshiq muhabbat qo‘yishi, orzu-havaslarining ko‘pligidan kelib chiqib baholanadi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam butun vujudga o‘z ta’sirini o‘tkazuvchi qalbga e’tibor qaratganlar.

“Ogoh bo‘linglarki, tanada bir parcha go‘sht bor. Agar u tuzalsa, butun tana tuzaladi. Agar u buzilsa, butun tana buziladi. Ogoh bo‘linglarki, u qalbdir”, deganlarini eshitganman” (Imom Buxoriy rivoyati).

Shu o‘rinda bugun qalblarimizni o‘rtab halovatmizni yo‘qolishiga sabab bo‘layotgan yana bir omil borki bu – musulmonning musulmonga nisbatan ko‘nglida g‘azab, hasad, xusumat qilishi, qahr va zulm niyatida yurishidir. Aynan mana shu salbiy tuyg‘ular bandani Allohning nuri va roziligidan mosuvo etadi.

Zero, Alloh taolo O‘z kalomi Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

“Mo‘minlar hech shak-shubhasiz og‘a-inilardir. Bas, sizlar ikki og‘a-iningizning o‘rtasini o‘nglab qo‘yinglar! Allohdan qo‘rqinglar, shoyad U zot tomonidan bo‘ladigan rahmatga erishsangizlar” (Hujurot surasi 10 oyat).

Mazkur oyatda Alloh taolo mo‘minlarni shak-shubhasiz bir-birlariga og‘a-ini ekanligini ta’kidlamoqda. Shunday ekan nega bugun musulmonlar orasida xusumat va hasad, urush-janjallar avj olib ketdi? Demak, muborak oy oldidan qalbimizdagi birodarlarimizga nisbatan bo‘lgan xusumatlarning barchasini yuvib tozalab, ko‘nglimizdan uloqtirib tashlashimiz lozim.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida:

“Bir­–biringizdan nafratlanmangiz, bir-biringizga hasad qilmangiz, bir-biringizga orqangizni o‘girmangiz, bir-biringiz bilan aloqalarni uzmangiz! Ey, Allohning bandalari, birodar bo‘lingiz!” (Imom Buxoriy, Adabul Mufrad).

Yana bir hadisda: “Mo‘min mo‘minga nisbatan bir-birini tutib turgan binoga o‘xshaydi” – dedilar va barmoqlarini bir-birigi kirishtirdilar. (Imom Buxoriy, Adabul Mufrad)

Bu borada Sahobalar barcha ummatga namunadir:

  • Ular qalblarining tozaligi va yuraklarining pokligida ummatning peshqadami bo‘lganlar.
  • Ular bu borada yetuk nasiba sohibi edilar.
  • Ular bir-birlariga rahmdil, mehribon, bir-birlarini Alloh taolo aytganidek sevgan va bir safda bo‘lgan edilar.

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga o‘tirgan edik. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Hozir huzuringizga jannat ahlidan bo‘lgan bir odam kirib keladi”– dedilar. Nogahon, soqollaridan tahorat suvlari tomchilab turgan va chap qo‘lida kovushlarini ko‘targan ansorlardan biri kirib keldi. Ertasi kuni ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam birinchi gaplarini qaytardilar. Yana o‘sha odam kirib keldi. Uchinchi kuni ham o‘sha holat takrorlandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam turib ketganlarida, Abdulloh ibn Amr ibn Os raziyallohu anhu o‘sha odamga ergashdi va (unga): Men otam bilan tortishib qoldim va uning oldiga uch kun kirmaslikka qasam ichdim. Agar ruxsat bersangiz siznikida uch kecha tunab qolsam? – dedi. U odam: Mayli, dedi”.

Hadisning roviysi Anas raziyallohu anhu aytdi: Bizga Abdulloh (ibn Amr ibn Os) shunday dedi: “Men uning uyida uch kechani o‘tkazdim. U tahajjudga uyg‘onmas, faqatgina, bir tarafdan ikkinchi tarafga burilsa Allohni zikr qilar va shu bilan bomdod namoziga turar edi. Men undan hech yomon gap aytganini ham eshitmadim. Uch kecha o‘tgach uning ishlarini kamsitishimga oz qoldi va unga shunday dedim: Hoy, Allohning bandasi! Aslida, men bilan otam o‘rtasida biron mojaro bo‘lmagan edi. Faqat Rasululloh sollallohu alayhi va sallam siz uchun uch marta: “Xozir xuzuringizga jannat ahlidan bo‘lgan bir odam kirib keladi”– dedilar. Uchchala safarda ham siz kirib keldingiz. Men esa sizning qanday amalingiz borligini bilish va undan o‘rnak olish uchun siznikida qoldim. Ko‘rdimki, siz ko‘p amal qilmas ekansiz. (Aytingchi), sizni bu maqomga nima yetkazdi?,– dedim. U odam: Men sen ko‘rgan amallardan boshqa ish qilmayman, deb javob berdi. Men orqamga burilib keta boshlaganimda chaqirib: Men sen ko‘rgan amallardan boshqa ishlarni qilmayman. Biroq, yuragimda biron kishiga xiyonat qilishni tugmayman va birovga Alloh taolo unga bergan yaxshiliklar uchun hasad ham qilmayman»,– dedi. Men: “Mana shu narsa sizni (u maqomga) yetkazibdi! Bizning esa unga kuchimiz yetmaydi!”– dedim”.   (Imom Ahmad).

Qalb tozaligining fazilati, uning jannatga kirishiga sabab bo‘lar ekan.

Qalblarimizni tozalash uchun esa ulamolar quyidagicha tavsiyalarni aytib o‘tishgan:

  1. Ko‘p zikr qilish
  2. istig‘for aytishda bardavom bo‘lish
  3. ibodatlarni bajarishda jiddu jahd qilish
  4. gunoh-ma’siyatlardan tiyilish
  5. yolg‘iz qolganda tafakkurni ko‘paytirish (ayniqsa hozigi karantin vaqtida)
  6. yaxshiliklarni ko‘paytirish
  7. ota-onani xizmatlarini qilib, duolarini olish
  8. oiladagi aka-uka, opa-singil, eru xotin o‘zaro yaxshilik bilan yashash
  9. jamiyatdagi muhtojlarga yordam berish
  10. yetimlarning boshini silash
  11. qiyomatni ko‘p eslash
  12. o‘limni esdan chiqarmaslik.

“Axir, ko‘ksini Alloh Islom uchun (keng) ochib qo‘ygan, o‘zi esa, Parvardigori (tomoni)dan nur (hidoyat) uzra turgan kishi (boshqalar bilan barobar bo‘lurmi)?! Bas, dillari Allohni eslashdan qotib qolgan kimsalar holiga voy! Ular aniq zalolatdadirlar” (Zumar surasi, 22-oyat).

 

Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺga itoat - vojib

21.01.2025   2702   13 min.
Rasululloh ﷺga itoat - vojib

Sahoba raziyallohu anhumlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan Qur’oni karimning shari’at hukmlarini istefoda qilar edilar. Ko‘pincha, Qur’oni karim oyatlari batafsil aytilmasdan yoki qaydlanmasdan nozil bo‘lardi. Masalan, namozning necha rakat ekani, qaysi ko‘rinishda bo‘lishi va vaqtlari bayon qilinmasdan umumiy bir farz tarzida kelgan. Zakotning ham qancha miqdor mol-davlatdan vojibligi qaydlanmagan. Miqdori va shartlari bayon qilinmagan.

Shuningdek, shartlari, asoslari va biron hukmni buzib yuborishi kabi izohlari aniq-tiniq bayon etilmagan. Shuning uchun ham bu hukmlarni batafsil bilish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga murojaat qilishga ehtiyoj tug‘dirardi.

Sahobalar Qur’oni karimda dalil bo‘lib kelmagan ko‘p hodisalarga duch kelishganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yo‘lini tutib, hukmni hadisga ko‘ra bayon qilishni lozim deb bilishar edi. Chunki u zot sollallohu alayhi vasallam Robbilari tarafidan yetkazuvchi va Alloh taoloning shariati, uning chegarasi va maqsadlarini yaxshi bilar edilar.

Darhaqiqat, Alloh taolo Qur’oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Kalomi sharifni bayon qilguvchi ekanlari haqida:

وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الذِّكْرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ مَا نُزِّلَ إِلَيْهِمْ وَلَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ

 “…Va senga odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishing uchun Zikrni nozil qildik. Shoyadki, tafakkur qilsalar”. (Nahl, 44-oyat).

Har bir xilof ishda u zotning hukmlariga bo‘ysunishga chaqiradi:

فَلَا وَرَبِّكَ لَا يُؤْمِنُونَ حَتَّى يُحَكِّمُوكَ فِيمَا شَجَرَ بَيْنَهُمْ ثُمَّ لَا يَجِدُوا فِي أَنْفُسِهِمْ حَرَجًا مِمَّا قَضَيْتَ وَيُسَلِّمُوا تَسْلِيمًا

“Yo‘q Robbinga qasamki, ular toki o‘z oralaridan chiqqan narsaga hakam qilmagunlaricha, so‘ngra sen chiqargan hukmlardan nafslarida tanglik topadigan bo‘lmagunlaricha va unga to‘laligicha taslim bo‘lmaguncha zinhor mo‘min bo‘la olmaslar” (Niso, 65-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim va hikmat insonlarga ta’lim berishlari uchun ato qilinganini aytadi:

لَقَدْ مَنَّ اللَّهُ عَلَى الْمُؤْمِنِينَ إِذْ بَعَثَ فِيهِمْ رَسُولًا مِنْ أَنْفُسِهِمْ يَتْلُو عَلَيْهِمْ آَيَاتِهِ وَيُزَكِّيهِمْ وَيُعَلِّمُهُمُ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَإِنْ كَانُوا مِنْ قَبْلُ لَفِي ضَلَالٍ مُبِينٍ

“Batahqiq, Alloh mo‘minlarga o‘zlaridan Payg‘ambarimiz yuborib nemat berdi. U ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradir, ularni poklaydir, Kitob va hikmatni o‘rgatur. Garchi oldin ochiq-oydin adashuvda bo‘lsalar ham” (Oli Imron, 164-oyat).

Jumhur olimlar va muhaqqiqlar “hikmat” Qur’oni karimdan boshqa narsa deganlar. “Hikmat” Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni xabardor qilgan din asrorlari va shariat hukmlari. Ulamolar undan sunnat deb ta’bir beradilar.

Hofiz Ibn Kasir ham “hikmat”ni sunnat deganlar.

Imom Shofe’iy: “Alloh “Kitob”ni zikr qildi, u Qur’oni karim. Ulamolar “hikmat”ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari, deganlarini eshitdim. Chunki Qu’on zikr qilindi, orqasidan “hikmat” keldi, Demak, bu – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari”, deganlar.

Imom Shofi’iy rohmatullohu alayhning gaplaridan ko‘rinib turibdiki, “hikmat”ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari deb qat’iyan aytsa bo‘ladi. Chunki Alloh taolo uni “Kitob”ga atf bilan keltirdi. Demak, ma’tuf va ma’tuf alayh bir-biridan boshqa narsa ekanini lozim tutadi. Bu esa sunnatdan boshqa narsa bo‘lishi ham mumkin emas.

Hikmat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan shariat ko‘rsatmalariga nisbatan  aytgan gaplari va hukmlaridan iborat sodir bo‘lgan ishlar hisoblanadi. Shunday ekan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim va ergashish vojib bo‘lgan yana bir narsa, ya’ni, sunnat berildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sifatlarida bu narsa ochiq ravshanbayon etilgan. Alloh taolo aytadi:

 يَأْمُرُهُمْ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَاهُمْ عَنِ الْمُنْكَرِ وَيُحِلُّ لَهُمُ الطَّيِّبَاتِ وَيُحَرِّمُ عَلَيْهِمُ الْخَبَائِثَ وَيَضَعُ عَنْهُمْ إِصْرَهُمْ وَالْأَغْلَالَ

“U (Payg‘ambarimiz) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi, hamda ularning yuklarini va ustilaridagi kishan (qiyinchilik)larni olib tashlaydi” (A’rof, 157-oyat).

Abu Dovud rahmatullohi alayhi Miqdom ibn Ma’diykariba roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Menga Qur’oni karim bilan uning o‘xshashi ham berildi”, deganlar.

Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurgan va qaytargan ishlarda u zotga ergashishni vojib qilgani ham bunga dalolat qiladi. Alloh taolo aytadi:

“…Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz…” (Hashr, 7-oyat).

Ko‘pgina oyatlarda Alloh taolo O‘ziga itoat qilishni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish bilan birga keltirib aytadi:

“Allohga va Rasuliga itoat eting. Shoyadki, rahim qilinsangiz” (Oli Imron, 132-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chaqirgan ishlarga javob qilishga targ‘ib qilib oyatda aytiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اسْتَجِيبُوا لِلَّهِ وَلِلرَّسُولِ إِذَا دَعَاكُمْ لِمَا يُحْيِيكُم

“Ey iymon keltirganlar. Sizlarni tiriltiruvchi narsa (ilm olish) ga chorlaganda Alloh va Rasuliga (labbay) deb javob qilingiz” (Anfol, 24- oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat Allohga itoat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish Allohni sevish ekanini bayon qilib aytadi:

مَنْ يُطِعِ الرَّسُولَ فَقَدْ أَطَاعَ اللَّهَ

“Kim Payg‘ambarimizga itoat qilsa, Allohga itoat qilgan bo‘lur” (Niso, 80-oyat);

قُلْ إِنْ كُنْتُمْ تُحِبُّونَ اللَّهَ فَاتَّبِعُونِي يُحْبِبْكُمُ اللَّهُ

“Ayting ey, Muhammad! Agar Allohni sevsangiz menga ergashing” (Oli Imron, 31-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyruqlariga qarshi bo‘lishdan qaytargan:

فَلْيَحْذَرِ الَّذِينَ يُخَالِفُونَ عَنْ أَمْرِهِ أَنْ تُصِيبَهُمْ فِتْنَةٌ أَوْ يُصِيبَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ

“U(Payg‘ambar)ning amriga xilof ish tutadigan kimsalar o‘zlariga biror kulfat yetib qolishidan yoki alamli azob yetib qolishidan saqlansinlar”.

Balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyruqlariga qarshi bo‘lish kufr ekaniga ishora qilindi:

قُلْ أَطِيعُوا اللَّهَ وَالرَّسُولَ فَإِنْ تَوَلَّوْا فَإِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ الْكَافِرِين

“Ayting: «Alloh va Payg‘ambarga itoat etingiz!» Agar yuz o‘girsalar, Alloh, shubhasiz, kofirlarni sevmas” (Oli Imron, 32-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hukmlariga va buyruqlariga qarshi bo‘lish mo‘minlarga muboh emas ekani haqida aytildi:

  وَمَا كَانَ لِمُؤْمِنٍ وَلَا مُؤْمِنَةٍ إِذَا قَضَى اللَّهُ وَرَسُولُهُ أَمْرًا أَنْ يَكُونَ لَهُمُ الْخِيَرَةُ مِنْ أَمْرِهِمْ وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَقَدْ ضَلَّ ضَلَالًا مُبِين

“Hech bir mo‘min erkak va hech bir mo‘mina ayol uchun Alloh va Uning Rasuli bir ishga hukm qilganida, o‘z ishlarini o‘zlaricha ixtiyor qilmoq yo‘q. Kim Allohga va uning Rasuliga osiy bo‘lsa, bas, batahqiq, ochiq adashishda adashibdi” (Ahzob, 36-oyat).

Balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘lganlarida u zotdan izn so‘rab ketish iymonning komil ekaniga dalil bo‘lishining xabarini berdi.

إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ الَّذِينَ آَمَنُوا بِاللَّهِ وَرَسُولِهِ وَإِذَا كَانُوا مَعَهُ عَلَى أَمْرٍ جَامِعٍ لَمْ يَذْهَبُوا حَتَّى يَسْتَأْذِنُوهُ إِنَّ الَّذِينَ يَسْتَأْذِنُونَكَ أُولَئِكَ الَّذِينَ يُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ وَرَسُولِهِ فَإِذَا اسْتَأْذَنُوكَ لِبَعْضِ شَأْنِهِمْ فَأْذَنْ لِمَنْ شِئْتَ مِنْهُمْ وَاسْتَغْفِرْ لَهُمُ اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ غَفُورٌ رَحِيمٌ

 “Albatta, mo‘minlar Allohga va uning Rasuliga iymon keltirgan kishilardur. Ular U (Payg‘ambarimiz) bilan birga jamlovchi (muhim) ishda bo‘lsalar, undan izn so‘ramasdan turib ketib qolmaslar. Albatta, sendan izn so‘raydiganlar, ana o‘shalar, Allohga va Uning Rasuliga iymon keltiradiganlardir. Ular ba’zi ishlari uchun sendan izn so‘rasalar ulardan kimga hohlasang izn ber va ular uchun Allohga istig‘for ayt. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatli o‘ta Rahmli zot” (Nur, 62-oyat).

Ibn Qayyum aytadi: “Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlarida bo‘lgan inson u zotning ruxsatlari bilangina yonlaridan ketishlarini iymon shartlaridan qildi. Demak har bir gapda-yu, ilmiy yo‘lda ham u zotning iznlari bilan yurishimiz lozim”.

Bu kabi ishlarning hammasida sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga murojaat qilishar edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam esa ularga Qur’oni karim hukmlarini tafsir qilar, qiyin joylarini bayon qilar, nizolarda ularning o‘rtasida hukm qilar va o‘rtalaridagi kelishmovchiliklarni hal qilar edilar.

Sahoba roziyallohu anhumlar u zotning amr va nahiylarining chegarasini mahkam ushlashar, amallarida, ibodatlarida va muomalalarida doimo itoatda edilar. Hadisda kelgan:

“Namozni men namoz o‘qiyotganimda ko‘rganlaringdek o‘qinglar”, degan buyruqlariga qarab Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan namozning farzlari, sunnatlari va mustahablari o‘rganar edilar.

“Mendan haj arkonlaringni o‘rganinglar”, degan buyruqlariga bo‘ysunib hajga tegishli bo‘lgan hukmlarni o‘rganar edilar.

Ayrim vaqtlarda ba’zi sahobalar u zotning ko‘rsatmalariga asoslanmasdan o‘z fikrlari bilan ish tutganda g‘azablanar edilar. Imom Molik “al-Muatto”da Ato ibn Yasordan quyidagi voqeani rivoyat qiladi: “Sahobalardan bir kishi xotinini “ro‘zador odam ayolini o‘psa hukmi nima bo‘ladi?”, deb so‘rash uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldilariga yubordi. Ummu Salama onamiz roziyaallohu anho: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘zadorlik vaqtlarida o‘par edilar”, deb xabar berdilar. Ayol esa uni eriga yetkazganda: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o‘xshagan emasman. Alloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xohlagan narsasini halol qiladi”, dedilar. Bu gap Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetganda g‘azablanib: “Men sizlardan ko‘ra Allohga taqvoliroq va chegaralarni bilguvchiroqman”, dedilar.

Bunday voqea Hudaybiyya sulhida sahobalarni soch oldirishga va ehromdan chiqishga buyurganlarida, ular qilmaganlarida ham sodir bo‘ldi. Chunki Huduaybiyya sulhida musulmonlar o‘sha yili Ka’bani tavof qilmasdan qaytib ketishlari va kelasi yil kelishlariga kelishuv bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan Ka’bani ziyorat qilish niyatida chiqqan edilar. Sahobalar Hudaybiyya sulhida umra haqidagi kelishuv bekor qilinishini kutishgan. Shu sababli ehromdan chiqishni kechiktirishadi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari bu ishni boshlab berib, ehromdan chiqqanlarida ular ham ergashishdi.

Sahoba roziyallohu anhum Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashishlari juda ham yuqori darajada edi. Hatto, sababini bilmasdan, hikmatini so‘ramasdan u zot qilgan ishlarni qilar, tark qilgan ishlarni tark qilar edilar. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tilladan uzuk taqqanlarida sahobalar ham uzuk taqdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uzukni tashlab: “Endi hech qachon taqmayman”, deganlarida, sahobalar ham uzuklarni tashlashdi”.

Qozi Iyoz “Shifo” nomli qitoblarida Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari bilan namoz o‘qiyotganlarida kavishlarni yechib chap tarafga qo‘ydilar. Qavm buni ko‘rib oyoq kiyimlarini uloqtirib yuborishdi. Namoz tugagandan so‘ng: “Nimaga oyoq kiyimlaringizni uloqtirdinglar”, deb so‘radilar. “Siz kovushingizni yechganingizni ko‘rdik”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jabroil alayhissalom oldimga kelib kovushlarimda najosat borligining xabarini berdi”, dedilar.

Ibn Sa’d “at-Tobaqatul Kubro”da: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlar bilan masjidda ikki rak’at namoz o‘qidilar, so‘ng Masjidul Haromga yuzlanishga buyurildilar. Masjidul Haromga burulganlarida musulmonlar ham burildilar”, degan rivoyat keltirilgan.

Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyruqlariga odatiy va kundalik hayot kechirishda ham so‘zsiz bo‘ysunar edilar. Ibn Abdulbarr “Jome’ bayonil ilm va fazlihi”da va Abu Dovud rahmatullohi alayhimo Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilishgan. Ibn Mas’ud roziyallohu anhu juma namoziga kelganlarida Nabiy sollallohu alayhi vasallam xutba o‘qiyotgan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni “O‘tiringlar”, deganlarini eshitib masjid eshigiga o‘tirdilar. Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu so‘zni aytganlarida qayerda bo‘lgan bo‘lsalar shu joyga o‘tirdilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam u zotni ko‘rib “Ey, Abdulloh ibn Mas’ud kel”, dedilar.

Mana buni o‘z rahbariga ergashish va uning so‘ziga itoat deyiladi. Sahobalarning hayotlari bu kabi ergashishni ko‘rsatuvchi misollarga to‘lib toshgan. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlarida mana shunday hayot kechirishar edi. So‘zlari, qilgan ishlari va biron narsani tasdiq qilishlaridan shar’iy hukmlar olishar edi. U hukmlarda hech qaysi birlari ixtilof qilmas edilar.

Oybek Hoshimov,
“Hadis va Islom tarixi fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi.