Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Yanvar, 2025   |   24 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:19
Quyosh
07:41
Peshin
12:40
Asr
15:48
Shom
17:32
Xufton
18:49
Bismillah
24 Yanvar, 2025, 24 Rajab, 1446

Ramazonga tayyormisiz: Qalbingizni tozalab oling!

13.04.2020   2488   7 min.
Ramazonga tayyormisiz: Qalbingizni tozalab oling!

Qalblarimizni quvonchga to‘ldiruvchi Ramazonga ham sanoqli kunlar qoldi. Biz esa o‘zimizni isloh qilib tayyorgarlik ko‘rishni davom ettiramiz!

Dinimizda qalb insoniylikning asosi va iymonning maskani hisoblanadi. Banda niyati va qilayotgan amallari orqali qalbiga nur kirishi yoki zulmatga cho‘mishiga sabab bo‘ladi.

Ulamolar aytadiki, gunohni ko‘paytirib, ma’siyatda bardavom bo‘lish, farz amallarni Alloh aytgandek bajarmaslik,  harom amallarni xotirjam bajarish orqali qalb qorayadi va qotib boshlaydi.

“Agar mo‘minning qalbi pok va toza bo‘lmasa uning qilgan ibodatu amallaridan dunyo va oxirati uchun naf yo‘q” deyishgan ulamolar.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam qalbning qorayish sabablarini zikr qilib, quyidagi hadislarini marhamat qilganlar:

“Agar mo‘min kishi bir gunoh qilsa, uning qalbida bir qora dog‘ paydo bo‘ladi. Agar u tavba qilib, gunohdan qaytib, istig‘for aytsa, u yo‘qoladi. Ammo gunohni ziyoda qilsa, u qora dog‘ ham ko‘payadi va natijada butun qalbini o‘rab oladi” (Imom Termiziy rivoyati).

Ushbu hadisi sharifdan ma’lum bo‘ladiki, musulmon kishi gunoh qilishi bilan qalbning qorayishini va uning kasalligini ziyoda qiladi. Qalbning kasallanishi bu – bir bandaning Alloh taologa bo‘lgan itoatidagi sustkashlik va bandadan talab qilinadigan solih amallarga bo‘lgan beparvolikni keltirib chiqarishi demakdir. Zero, bandalarning amallari yaxshi yoki yomon bo‘lishi uning qalbidagi sakina, qanoat, sabr va iffatiga qaraladi. Ammo yomon amallar bajarishida esa uning besabrligi, gunohlarga yengil qarashi, dunyoga haddan oshiq muhabbat qo‘yishi, orzu-havaslarining ko‘pligidan kelib chiqib baholanadi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam butun vujudga o‘z ta’sirini o‘tkazuvchi qalbga e’tibor qaratganlar.

“Ogoh bo‘linglarki, tanada bir parcha go‘sht bor. Agar u tuzalsa, butun tana tuzaladi. Agar u buzilsa, butun tana buziladi. Ogoh bo‘linglarki, u qalbdir”, deganlarini eshitganman” (Imom Buxoriy rivoyati).

Shu o‘rinda bugun qalblarimizni o‘rtab halovatmizni yo‘qolishiga sabab bo‘layotgan yana bir omil borki bu – musulmonning musulmonga nisbatan ko‘nglida g‘azab, hasad, xusumat qilishi, qahr va zulm niyatida yurishidir. Aynan mana shu salbiy tuyg‘ular bandani Allohning nuri va roziligidan mosuvo etadi.

Zero, Alloh taolo O‘z kalomi Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

“Mo‘minlar hech shak-shubhasiz og‘a-inilardir. Bas, sizlar ikki og‘a-iningizning o‘rtasini o‘nglab qo‘yinglar! Allohdan qo‘rqinglar, shoyad U zot tomonidan bo‘ladigan rahmatga erishsangizlar” (Hujurot surasi 10 oyat).

Mazkur oyatda Alloh taolo mo‘minlarni shak-shubhasiz bir-birlariga og‘a-ini ekanligini ta’kidlamoqda. Shunday ekan nega bugun musulmonlar orasida xusumat va hasad, urush-janjallar avj olib ketdi? Demak, muborak oy oldidan qalbimizdagi birodarlarimizga nisbatan bo‘lgan xusumatlarning barchasini yuvib tozalab, ko‘nglimizdan uloqtirib tashlashimiz lozim.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida:

“Bir­–biringizdan nafratlanmangiz, bir-biringizga hasad qilmangiz, bir-biringizga orqangizni o‘girmangiz, bir-biringiz bilan aloqalarni uzmangiz! Ey, Allohning bandalari, birodar bo‘lingiz!” (Imom Buxoriy, Adabul Mufrad).

Yana bir hadisda: “Mo‘min mo‘minga nisbatan bir-birini tutib turgan binoga o‘xshaydi” – dedilar va barmoqlarini bir-birigi kirishtirdilar. (Imom Buxoriy, Adabul Mufrad)

Bu borada Sahobalar barcha ummatga namunadir:

  • Ular qalblarining tozaligi va yuraklarining pokligida ummatning peshqadami bo‘lganlar.
  • Ular bu borada yetuk nasiba sohibi edilar.
  • Ular bir-birlariga rahmdil, mehribon, bir-birlarini Alloh taolo aytganidek sevgan va bir safda bo‘lgan edilar.

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga o‘tirgan edik. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Hozir huzuringizga jannat ahlidan bo‘lgan bir odam kirib keladi”– dedilar. Nogahon, soqollaridan tahorat suvlari tomchilab turgan va chap qo‘lida kovushlarini ko‘targan ansorlardan biri kirib keldi. Ertasi kuni ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam birinchi gaplarini qaytardilar. Yana o‘sha odam kirib keldi. Uchinchi kuni ham o‘sha holat takrorlandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam turib ketganlarida, Abdulloh ibn Amr ibn Os raziyallohu anhu o‘sha odamga ergashdi va (unga): Men otam bilan tortishib qoldim va uning oldiga uch kun kirmaslikka qasam ichdim. Agar ruxsat bersangiz siznikida uch kecha tunab qolsam? – dedi. U odam: Mayli, dedi”.

Hadisning roviysi Anas raziyallohu anhu aytdi: Bizga Abdulloh (ibn Amr ibn Os) shunday dedi: “Men uning uyida uch kechani o‘tkazdim. U tahajjudga uyg‘onmas, faqatgina, bir tarafdan ikkinchi tarafga burilsa Allohni zikr qilar va shu bilan bomdod namoziga turar edi. Men undan hech yomon gap aytganini ham eshitmadim. Uch kecha o‘tgach uning ishlarini kamsitishimga oz qoldi va unga shunday dedim: Hoy, Allohning bandasi! Aslida, men bilan otam o‘rtasida biron mojaro bo‘lmagan edi. Faqat Rasululloh sollallohu alayhi va sallam siz uchun uch marta: “Xozir xuzuringizga jannat ahlidan bo‘lgan bir odam kirib keladi”– dedilar. Uchchala safarda ham siz kirib keldingiz. Men esa sizning qanday amalingiz borligini bilish va undan o‘rnak olish uchun siznikida qoldim. Ko‘rdimki, siz ko‘p amal qilmas ekansiz. (Aytingchi), sizni bu maqomga nima yetkazdi?,– dedim. U odam: Men sen ko‘rgan amallardan boshqa ish qilmayman, deb javob berdi. Men orqamga burilib keta boshlaganimda chaqirib: Men sen ko‘rgan amallardan boshqa ishlarni qilmayman. Biroq, yuragimda biron kishiga xiyonat qilishni tugmayman va birovga Alloh taolo unga bergan yaxshiliklar uchun hasad ham qilmayman»,– dedi. Men: “Mana shu narsa sizni (u maqomga) yetkazibdi! Bizning esa unga kuchimiz yetmaydi!”– dedim”.   (Imom Ahmad).

Qalb tozaligining fazilati, uning jannatga kirishiga sabab bo‘lar ekan.

Qalblarimizni tozalash uchun esa ulamolar quyidagicha tavsiyalarni aytib o‘tishgan:

  1. Ko‘p zikr qilish
  2. istig‘for aytishda bardavom bo‘lish
  3. ibodatlarni bajarishda jiddu jahd qilish
  4. gunoh-ma’siyatlardan tiyilish
  5. yolg‘iz qolganda tafakkurni ko‘paytirish (ayniqsa hozigi karantin vaqtida)
  6. yaxshiliklarni ko‘paytirish
  7. ota-onani xizmatlarini qilib, duolarini olish
  8. oiladagi aka-uka, opa-singil, eru xotin o‘zaro yaxshilik bilan yashash
  9. jamiyatdagi muhtojlarga yordam berish
  10. yetimlarning boshini silash
  11. qiyomatni ko‘p eslash
  12. o‘limni esdan chiqarmaslik.

“Axir, ko‘ksini Alloh Islom uchun (keng) ochib qo‘ygan, o‘zi esa, Parvardigori (tomoni)dan nur (hidoyat) uzra turgan kishi (boshqalar bilan barobar bo‘lurmi)?! Bas, dillari Allohni eslashdan qotib qolgan kimsalar holiga voy! Ular aniq zalolatdadirlar” (Zumar surasi, 22-oyat).

 

Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anho

21.01.2025   2768   2 min.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anho

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anho Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga juda ham oz vaqt yashaganlari va erta vafot etib ketganlari tufayli u kishi haqidagi ma’lumotlar oz va bori ham har xilligini barcha tarixchilarimiz ta’kidlaydilar. Biz ham mazkur ma’lumotlardan xulosa chiqarib olishga harakat qilamiz.

Zaynab binti Xuzayma onamiz Makkai Mukarramada Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambar bo‘lishlaridan taxminan o‘n uch yil avval tavallud topganlar.

U kishining otalari Xuzayma ibn Horim ibn Abdulloh al-Hiloliy degan odam bo‘lgan, onalari Hind binti Avf ibn Horis ibn Hamota al-Humayriya bo‘lgan.

Zaynab binti Xuzayma onamiz voyaga yetgach, Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhuga turmushga chiqqanlar.

Hijratga amr bo‘lganda Zaynab binti Xuzayma onamiz ham hijrat etib kelib, o‘z oilasi bilan Madinai Munavvarada istiqomat qila boshlaganlar.

Badr urushida Zaynab binti Xuzayma onamiz ham yaradorlarga qarashib, fidokorlik ko‘rsatganlar.

Hijriy uchinchi sanadagi Uhud urushida u kishining erlari vafot etdi. Shundan keyin Zaynab binti Xuzayma yolg‘iz qoldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ayolga rahmlari kelib, u kishining iddasi chiqqach, o‘zlariga xotin qilib oldilar. U zot Zaynab onamizning mahrlariga to‘rt yuz dirham berib, Oisha onamizning hujralari yoniga u kishi uchun hujra qurdilar. Shunday qilib, Zaynab onamiz mo‘minlarning onasi degan sharafga noil bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynab onamizning sabrlari, jasoratlari, Allohning dini yo‘lidagi fidokorliklarini ana shunday taqdirladilar.

Zaynab onamizning laqablari Ummul Masokin (Miskinlarning onasi) edi. U kishi miskinlarga ko‘p yaxshilik qilganlari sababli mana shu laqabni olgan edilar.

Zaynab binti Xuzayma onamiz nubuvvat xonadonida bir necha oy yashaganlaridan keyin dorulbaqoga rihlat qildilar. Bu alamli hodisa hijriy to‘rtinchi sananing oxirgi choragida bo‘ldi. O‘shanda u kishining yoshlari o‘ttizda edi.

Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhoning janozalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari o‘qidilar va Baqiy’ qabristoniga dafn qildilar.

Alloh taolo Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhodan rozi bo‘lsin!

«Hadis va hayot» kitobidan

Maqolalar