Qalblarimizni quvonchga to‘ldiruvchi Ramazonga ham sanoqli kunlar qoldi. Biz esa o‘zimizni isloh qilib tayyorgarlik ko‘rishni davom ettiramiz!
Dinimizda qalb insoniylikning asosi va iymonning maskani hisoblanadi. Banda niyati va qilayotgan amallari orqali qalbiga nur kirishi yoki zulmatga cho‘mishiga sabab bo‘ladi.
Ulamolar aytadiki, gunohni ko‘paytirib, ma’siyatda bardavom bo‘lish, farz amallarni Alloh aytgandek bajarmaslik, harom amallarni xotirjam bajarish orqali qalb qorayadi va qotib boshlaydi.
“Agar mo‘minning qalbi pok va toza bo‘lmasa uning qilgan ibodatu amallaridan dunyo va oxirati uchun naf yo‘q” deyishgan ulamolar.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam qalbning qorayish sabablarini zikr qilib, quyidagi hadislarini marhamat qilganlar:
“Agar mo‘min kishi bir gunoh qilsa, uning qalbida bir qora dog‘ paydo bo‘ladi. Agar u tavba qilib, gunohdan qaytib, istig‘for aytsa, u yo‘qoladi. Ammo gunohni ziyoda qilsa, u qora dog‘ ham ko‘payadi va natijada butun qalbini o‘rab oladi” (Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu hadisi sharifdan ma’lum bo‘ladiki, musulmon kishi gunoh qilishi bilan qalbning qorayishini va uning kasalligini ziyoda qiladi. Qalbning kasallanishi bu – bir bandaning Alloh taologa bo‘lgan itoatidagi sustkashlik va bandadan talab qilinadigan solih amallarga bo‘lgan beparvolikni keltirib chiqarishi demakdir. Zero, bandalarning amallari yaxshi yoki yomon bo‘lishi uning qalbidagi sakina, qanoat, sabr va iffatiga qaraladi. Ammo yomon amallar bajarishida esa uning besabrligi, gunohlarga yengil qarashi, dunyoga haddan oshiq muhabbat qo‘yishi, orzu-havaslarining ko‘pligidan kelib chiqib baholanadi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam butun vujudga o‘z ta’sirini o‘tkazuvchi qalbga e’tibor qaratganlar.
“Ogoh bo‘linglarki, tanada bir parcha go‘sht bor. Agar u tuzalsa, butun tana tuzaladi. Agar u buzilsa, butun tana buziladi. Ogoh bo‘linglarki, u qalbdir”, deganlarini eshitganman” (Imom Buxoriy rivoyati).
Shu o‘rinda bugun qalblarimizni o‘rtab halovatmizni yo‘qolishiga sabab bo‘layotgan yana bir omil borki bu – musulmonning musulmonga nisbatan ko‘nglida g‘azab, hasad, xusumat qilishi, qahr va zulm niyatida yurishidir. Aynan mana shu salbiy tuyg‘ular bandani Allohning nuri va roziligidan mosuvo etadi.
Zero, Alloh taolo O‘z kalomi Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Mo‘minlar hech shak-shubhasiz og‘a-inilardir. Bas, sizlar ikki og‘a-iningizning o‘rtasini o‘nglab qo‘yinglar! Allohdan qo‘rqinglar, shoyad U zot tomonidan bo‘ladigan rahmatga erishsangizlar” (Hujurot surasi 10 oyat).
Mazkur oyatda Alloh taolo mo‘minlarni shak-shubhasiz bir-birlariga og‘a-ini ekanligini ta’kidlamoqda. Shunday ekan nega bugun musulmonlar orasida xusumat va hasad, urush-janjallar avj olib ketdi? Demak, muborak oy oldidan qalbimizdagi birodarlarimizga nisbatan bo‘lgan xusumatlarning barchasini yuvib tozalab, ko‘nglimizdan uloqtirib tashlashimiz lozim.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida:
“Bir–biringizdan nafratlanmangiz, bir-biringizga hasad qilmangiz, bir-biringizga orqangizni o‘girmangiz, bir-biringiz bilan aloqalarni uzmangiz! Ey, Allohning bandalari, birodar bo‘lingiz!” (Imom Buxoriy, Adabul Mufrad).
Yana bir hadisda: “Mo‘min mo‘minga nisbatan bir-birini tutib turgan binoga o‘xshaydi” – dedilar va barmoqlarini bir-birigi kirishtirdilar. (Imom Buxoriy, Adabul Mufrad)
Bu borada Sahobalar barcha ummatga namunadir:
Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga o‘tirgan edik. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Hozir huzuringizga jannat ahlidan bo‘lgan bir odam kirib keladi”– dedilar. Nogahon, soqollaridan tahorat suvlari tomchilab turgan va chap qo‘lida kovushlarini ko‘targan ansorlardan biri kirib keldi. Ertasi kuni ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam birinchi gaplarini qaytardilar. Yana o‘sha odam kirib keldi. Uchinchi kuni ham o‘sha holat takrorlandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam turib ketganlarida, Abdulloh ibn Amr ibn Os raziyallohu anhu o‘sha odamga ergashdi va (unga): Men otam bilan tortishib qoldim va uning oldiga uch kun kirmaslikka qasam ichdim. Agar ruxsat bersangiz siznikida uch kecha tunab qolsam? – dedi. U odam: Mayli, dedi”.
Hadisning roviysi Anas raziyallohu anhu aytdi: Bizga Abdulloh (ibn Amr ibn Os) shunday dedi: “Men uning uyida uch kechani o‘tkazdim. U tahajjudga uyg‘onmas, faqatgina, bir tarafdan ikkinchi tarafga burilsa Allohni zikr qilar va shu bilan bomdod namoziga turar edi. Men undan hech yomon gap aytganini ham eshitmadim. Uch kecha o‘tgach uning ishlarini kamsitishimga oz qoldi va unga shunday dedim: Hoy, Allohning bandasi! Aslida, men bilan otam o‘rtasida biron mojaro bo‘lmagan edi. Faqat Rasululloh sollallohu alayhi va sallam siz uchun uch marta: “Xozir xuzuringizga jannat ahlidan bo‘lgan bir odam kirib keladi”– dedilar. Uchchala safarda ham siz kirib keldingiz. Men esa sizning qanday amalingiz borligini bilish va undan o‘rnak olish uchun siznikida qoldim. Ko‘rdimki, siz ko‘p amal qilmas ekansiz. (Aytingchi), sizni bu maqomga nima yetkazdi?,– dedim. U odam: Men sen ko‘rgan amallardan boshqa ish qilmayman, deb javob berdi. Men orqamga burilib keta boshlaganimda chaqirib: Men sen ko‘rgan amallardan boshqa ishlarni qilmayman. Biroq, yuragimda biron kishiga xiyonat qilishni tugmayman va birovga Alloh taolo unga bergan yaxshiliklar uchun hasad ham qilmayman»,– dedi. Men: “Mana shu narsa sizni (u maqomga) yetkazibdi! Bizning esa unga kuchimiz yetmaydi!”– dedim”. (Imom Ahmad).
Qalb tozaligining fazilati, uning jannatga kirishiga sabab bo‘lar ekan.
Qalblarimizni tozalash uchun esa ulamolar quyidagicha tavsiyalarni aytib o‘tishgan:
“Axir, ko‘ksini Alloh Islom uchun (keng) ochib qo‘ygan, o‘zi esa, Parvardigori (tomoni)dan nur (hidoyat) uzra turgan kishi (boshqalar bilan barobar bo‘lurmi)?! Bas, dillari Allohni eslashdan qotib qolgan kimsalar holiga voy! Ular aniq zalolatdadirlar” (Zumar surasi, 22-oyat).
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.