Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Dekabr, 2024   |   21 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
22 Dekabr, 2024, 21 Jumadul soni, 1446

Tasavvuf haqida tasavvur: TASAVVUFNING MA’NOSI, TA’RIFI VA MANBAI

12.04.2020   8508   12 min.
Tasavvuf haqida tasavvur: TASAVVUFNING MA’NOSI, TA’RIFI VA MANBAI

TASAVVUFNING MA’NOSI

Tasavvufning o‘zi kishilar orasida turli tortishuvlarga sabab bo‘lgani kabi, bu so‘zning lug‘aviy ma’nosi ham ahli tasavvufning va boshqalarning orasida anchagina munozaralarga sabab bo‘lgan. «Tasavvuf» so‘zi qaysi o‘zakdan olingani va undan ko‘zlangan ma’no haqida bir qancha fikr-mulohazalar aytilgan. Binobarin, «sufiy» («so‘fiy») so‘zi haqida ham xuddi mana shu holni ko‘ramiz. Zotan, bu ikki so‘z va ma’no bir-biridan ajralmas narsalardir. Keling, ana shu mulohazalarning ba’zilari bilan tanishib chiqaylik.

  1. Ayrimlar: «So‘fiy» so‘zi ahli suffaga nisbatdir», deyishadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vaqtlarida u zot alayhissalomning masjidlarida suffa bo‘lgan. O‘sha suffada uy-joyi yo‘q o‘ta kambag‘al sahobalardan bir guruhi yashaganlar. Ular asosan talabi ilm bilan mashg‘ul bo‘lganlar va taqvodorlik bilan umr kechirganlar. So‘fiychilik o‘shalardan kelib chiqqan.

Ammo bu fikrga qarshi tarafdagilar: «Agar «sufiy» so‘zining asli suffa bo‘lganida, arab tili qoidasiga binoan uni «suffiy» deyish kerak edi», deyishadi. Shuning uchun «sufiy» so‘zi «suffa» so‘zidan olingan, deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

  1. «So‘fiy» so‘zi «saf» so‘zidan olingan, deydiganlar ham bor. Ularning fikricha, so‘fiylar ibodatning oldingi safida bo‘lganlar, shuning uchun ushbu nomni olganlar.

Ammo lug‘at ulamolari bu fikrni ham rad etadilar. Chunki safga nisbat berilsa, «saffiy» deyilishi kerak edi.

  1. «So‘fiy» so‘zi Sufa ibn Udd ibn Tlobixaga nisbatdir, deydi yana bir toifa. Qadimda o‘ta ko‘p ibodat qiladiganlar aynan o‘sha odamga nisbat berilgan.

Ammo bu talqin ham qabul qilinmagan. Chunki Islomda boshqa dindagilarni o‘ziga o‘rnak qilib olish mumkin emas. Sufa ibn Udd johiliyat davrida faoliyat ko‘rsatgan.

  1. Ba’zi kishilar: «So‘fiy» «safo»dan olingan. Qalbi sof bo‘lgan kishilar so‘fiy bo‘lishiga ishoradir», deyishgan.

Ammo ko‘pchilik bu fikrni ham rad etadi. Ulamolarning fikricha, «Safo» so‘zining «sufiy» (so‘fiy) bo‘lib qolishi lug‘at ilmi jihatidan ham, mantiq jihatidan ham to‘g‘ri kelmaydi.

  1. «Sufiy» so‘zi arabcha «suvf» – «jun» so‘zidan olingan, deyishadi ko‘pchilik bohislar. Avvalo, lug‘at jihatidan bu ism juda to‘g‘ri keladi. Qolaversa, ko‘p ibodat qilishga berilgan kishilar kiyimni ham juda sodda kiyishgan. Odatda ularning kiyimlari faqat jundan iborat bo‘lgan, deyishadi ular.

Jun mayin bo‘lmagani uchun ham barcha asrlarda obidlarning xos kiyimi hisoblangan. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning obidliklari haqida so‘z borganda ham «Ul zot jun kiyim kiyar edilar» degan rivoyat keltiriladi.

Hasan Basriy roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda: «Badr urushi qatnashchilaridan yetmishtasini ko‘rganman, barchasining kiyimi faqat jundan edi», deyilgan.

Abu Sulaymon Doroniy bu haqda quyidagilarni aytadi: «Jun zuhdning alomatlaridan biridir. Kimning qalbida besh dirhamlik jun kiyish rag‘bati bo‘lsa, uch dirhamlik jun kiyishi lozim emas».

Ko‘pchilik mutaxassislar ushbu oxirgi qavlni qabul qilganlar.

 

TASAVVUFNING TA’RIFI

«So‘fiy» va «tasavvuf» so‘zlarining lug‘aviy ma’nolari haqidagi tortishuv ularning istilohiy ma’nosi borasida ham davom etadi.

Muhammad Yusuf Muso tahqiq qilgan «Al-aqiyda vash-shariy’a fil Islom» kitobida zikr qilinishicha, Nikolson hijriy beshinchi asrgacha bitilgan asarlardan tasavvufning yetmish beshta ta’rifini topgan.

Abdul Qohir Bag‘dodiy ishonchli tasavvuf qutblarining ta’lifotlaridan mingga yaqin ta’rifni topgan.

«Qavoidut-tasavvuf» kitobida zikr qilinishicha, mashhur tasavvuf shayxi Ahmad Zarruq rahmatullohi alayhi ikki mingga yaqin ta’rifni keltirgan. Ularning hammasi Alloh taologa sodiq tavajjuh qilish ma’nosidadir.

Ahli tasavvufning o‘zlari uning ta’rifidagi bunday xilma-xillikni yaxshilik alomati deb biladilar. Zamondosh tariqat shayxlaridan Misrdagi «Ashiyrai Muhammadiya» tariqatining boshlig‘i, fazilatli shayx Muhammad Zakiy Ibrohim hazratlari bu haqda quyidagilarni aytadilar:

«Tasavvufning ta’rifidagi ixtilofga kelsak, u kishilarning suluk darajalaridagi martabalariga oiddir. Ularning har biri o‘z ehsosini o‘z maqomida tarjima qilgandir. Bu bilan o‘zidan boshqaning maqomiga qarshi chiqqan hisoblanmaydi, chunki haqiqat bittadir. U katta boqqa o‘xshaydi. Har bir solik bir daraxtning ostida turib, o‘sha daraxtni vasf qilgandir. Bu zinhor, bog‘da bundan boshqa daraxt yo‘q, degani emas. Ta’riflar qanchalik ixtilofli bo‘lmasin, ularning barchasi poklanish va taqvo martabasiga yetib boradi».

Tasavvuf haqidagi ta’riflardan namunalar:

  1. Shar’iy odoblar ila zohirda turib, uning hukmini botinda ko‘rish. Shuningdek, shar’iy odoblar ila botinda turib, uning hukmini zohirda ko‘rishdir. Shunda odoblanuvchi uchun ikki hukm ila kamol hosil bo‘lur.
  2. U bir mazhab bo‘lib, maqsadi qalbni Allohdan boshqadan xoli qilish, Xoliqqa ixlos ila ibodat qilish hamda Undan boshqasidan ajralish ila ruhni qudsiyat olamiga olib chiqishdir.
  3. Tasavvuf nafsni axloqiy jihatdan taraqqiy ettiradigan hayotiy falsafa bo‘lib, u muayyan amaliy riyozat vositasida haqiqatga aylanadi va ba’zi vaqtlarda oliy haqiqatga singish hissiga olib boradi. Shuningdek, undan zavq va aql ila ma’rifat hosil qilishga olib boradi.
  4. Tasavvuf bir ilm bo‘lib, u ila nafsning ahvoli – yaxshi va yomoni, uning yomonini poklash yo‘li, yaxshisini ziynatlash yo‘li, Alloh taologa tomon yurish kayfiyati va Unga tomon qochish uslubi o‘rganiladi. Ya’ni O‘zidan boshqadan panoh so‘ramaslik.
  5. Tasavvuf – har bir yomondan xoli bo‘lish, har bir yaxshidan ibrat olish ila qurbatga va visolga erishishdir. U insonni qayta bino qilish va uni har bir fikr, so‘z, ish, niyatda Robbi ila bog‘lashdir.

Yuqorida zikr etilgan ta’riflar bilan bir qatorda «tasavvuf» so‘zi va unga bog‘liq lafzlar qadimgi lug‘at ilmi ustalari tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganilganini ham eslab o‘tmog‘imiz lozim.

Jumladan, «Al-mo‘jam al-vasiyt» nomli lug‘at kitobida bu haqda quyidagilar keltirilgan:

«Savvafa fulonan» – «falonchini so‘fiylardan sanadi», degani. «Tasavvafa fulonun» – «falonchi so‘fiy bo‘ldi», degani.

Tasavvuf suluk tarzi bo‘lib, uning asosi nafs pok va ruh oliy bo‘lishi uchun sodda hayot va fazilatlar ila ziynatlanib yashamoqdir.

Tasavvuf ilmi – so‘fiylar e’tiqod qiladigan narsalar va o‘z jamoalarida hamda yolg‘iz qolganlarida ushlaydigan odoblaridir. So‘fiy – tasavvuf yo‘liga ergashgan odamdir».

Endi so‘fiyning vasfida kelgan ta’riflardan eng mashhurlaridan birini keltiraylik.

Shayx Shihobuddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad as-Suhravardiy rahmatullohi alayhi so‘fiyni quyidagicha ta’riflaydilar:

«So‘fiy har bir narsani o‘z joyiga qo‘yadigan, vaqtlar va ishlarni ilm ila tadbir qiladigan, xalqni o‘z maqomiga qo‘yadigan, Haqning amrini o‘z joyiga qo‘yadigan, berkitilishi lozim bo‘lgan narsani berkitadigan, ochilishi lozim bo‘lgan narsani ochadigan va ishlarni huzuri qalb ila, sihhati tavhid ila, kamoli ma’rifat ila, rioyati sidqu ixlos ila o‘z o‘rnida ado etadigan shaxsdir».

 

TASAVVUFNING MANBAI

Kishilar o‘rtasida «Tasavvuf qayerdan kelib chiqqan?» degan savolga javob berishda ham juda ko‘p qarashlar mavjud. Bu borada tasavvufning tarixini o‘rgangan toifalar turli farazlarni aytganlar.

Ba’zi sharqshunoslar: «Tasavvuf aslida yunoncha «sufis» so‘zidan olingan, musulmonlar yunon madaniyatidan ko‘p narsalarni, jumladan, tasavvufni ham olganlar», deydilar.

Ammo bu gapni nafaqat musulmonlar, balki boshqa sharqshunoslar ham rad etadilar. Chunki yunoncha «sufis» «sin» harfi bilan boshlanadi, so‘fiy esa «sod» harfi bilan.

  1. Boshqa bir toifalar: «Musulmonlar tasavvufni masihiylikdan olganlar», deyishadi.

Ammo bu gapning ham ishonchli dalili yo‘q. Bu gapni aytganlar ba’zi bir zohiriy narsalardan o‘zlaricha xulosa chiqarib aytganlar, xolos.

  1. Uchinchi bir guruh: «Musulmonlarga tasavvuf majusiylar va buddachilardan kirib kelgan», deyishadi. Ular o‘zlarining bu fikrlariga avvalgiga o‘xshab, quruq taxminlarni va ba’zi bir ko‘zga ko‘ringan tasavvuf namoyandalarining asli forsdan bo‘lib, bobolari majusiy bo‘lganini dalil qiladilar.

Ularga: «Bir kishining asliga qarab katta bir ilm yoki mazhabga baho berilmaydi, voqelikka qarash kerak», deyiladi. Chunki barcha islomiy ilmlar va mazhablarning ko‘zga ko‘ringan namoyandalari arab bo‘lmagan turli xalqlarning vakillaridir.

  1. Tasavvufga qarshi bo‘lganlar: «Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin chiqqan bid’at, avvalgi davrda mutlaqo bo‘lmagan, Qur’oni Karimda ham, hadisi sharifda ham «tasavvuf» so‘zi biror marta zikr qilinmagan», deyishadi.

Bunday e’tirozlarga tasavvuf tarafdorlari batafsil javob beradilar. Qur’oni Karimda ham, hadisi sharifda ham «tasavvuf» so‘zi biror marta zikr qilinmagani uning islomiy ilm emasligiga dalil bo‘la olmaydi. Chunki Qur’oni Karim bilan hadisi sharif lug‘at qomusi ham, ilmlarning ta’rifini keltiradigan ta’rifnoma ham emas. Qolaversa, boshqa islomiy ilmlarning nomi ham bu ikki masdarda kelmagan. Qur’on va sunnatda nomi kelmagan narsani inkor qilaversak, juda ko‘p narsadan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.

Birinchi davrda aynan «tasavvuf» so‘zi ishlatilmagan bo‘lsa ham, uning ma’nosi bo‘lgan. «Tasavvuf hijriy uchinchi asrdan keyin chiqqan» degan gap mutlaqo noto‘g‘ri. Balki bu so‘zni katta tobe’inlarning o‘zlari ishlatganlar.

Misol uchun, tobe’inlarning eng kattalaridan bo‘lgan, ko‘plab sahobiylarni ko‘rgan imom Hasan Basriydan qilingan rivoyatda: «Tavofda bir so‘fiyni uchratib qoldim. Unga bir narsa bergan edim, qabul qilmadi va: «Menda to‘rt chaqa bor, ana shu kifoya qiladi», dedi», deyilgan.

Shuningdek, katta tobe’inlardan bo‘lgan Sufyoni Savriy rahmatullohi alayhidan «Agar Abu Hoshim Sufiy bo‘lmaganda, riyoning daqiq ma’nosini bilmagan bo‘lardim», deganlari rivoyat qilingan. Bundan «tasavvuf» so‘zi va ma’nosi hijriy birinchi asrdayoq ma’lum va mashhur bo‘lgani bilinadi.

  1. Ahli tasavvuf va ularning tarafdorlari: «Tasavvuf boshqa barcha islomiy ilmlar qatori Qur’on va Sunnatdan olingandir», deydilar va bunga ko‘plab oyat hamda hadislarni dalil qilib keltiradilar.

Qarshi taraf esa tasavvuf ahlining Qur’on va Sunnatga xilof fikrlari, ishlari va tasarruflarini misol keltirib, bu gapni rad etadilar.

Shunda tasavvuf tarafdorlari turli omillarga ko‘ra bu narsada ham ba’zi shaxslar tomonidan xatolar bo‘lgani hamda Qur’on va Sunnatga xilof ish qilganlari, garchi o‘zlarini tasavvufga mansub desalar ham, aslida tasavvufdan yiroq ekanliklarini aytadilar. Ular Islom aqiydasi va shariatiga xilof bo‘lgan har bir narsa tasavvufga mutlaqo begona ekanini ta’kidlashdan charchamaydilar.

Bu haqda zamondoshimiz, ahli tasavvuf namoyandalaridan, Misrdagi «Ashiyrai Muhammadiya» tariqati shayxi Muhammad Zakiy Ibrohim janoblari quyidagilarni aytadi:

«Ushbu aqiyda va shariatga begona bo‘lgan falsafalarning ahli qibla tasavvufiga hech aloqalari yo‘q. Ularni bizga qarshi hujjat qilib keltirish haqni botil ila aralashtirishdir. Birovning gunohi tufayli boshqani ayblash pastkashlikdir. Mazkur falsafiy qarash ila mashhur bo‘lganlar va tasavvufga nisbat berilganlar o‘ntadan oshmaydi. Ular o‘tdilar va unutildilar. Ularning falsafasiga e’tiqod qiluvchilar qolmadi».

Shu yerga kelganda muhaqqiq ulamolar ham, ahli tasavvufning o‘zi ham tasavvufni ikkiga – Sunniy tasavvuf va falsafiy tasavvufga taqsimlashlarini yaxshilab bilib olmog‘imiz lozim.

Falsafiy tasavvufni barcha – tasavvufga qarshilar ham, ahli tasavvufning o‘zlari ham qoralaydilar va inkor qiladilar. Ammo Qur’on va Sunnatga asoslangan sunniy tasavvufni hamma qo‘llaydi.

Falsafiy tasavvuf keyinchalik paydo bo‘lib, turli falsafalar ta’siri ostida Islomga begona bo‘lgan fikr va e’tiqodlarni olg‘a surgan. Bunday tasavvufning ko‘zga ko‘ringan namoyandalari Muhyiddin ibn Arabiy, Mansur Xalloj va boshqalar bo‘lib, ular vahdatul vujud, hulul va ittihod kabi falsafalarni o‘rtaga tashlab, katta ixtiloflarga sabab bo‘lganlar.

Bu yo‘nalishni hamma tanqid qilgan va hozirda u o‘z izdoshlariga ega emas. Shu bilan birga, bu masala bizning ushbu kitobimizning maqsadiga kirmaydi. Shuning uchun falsafiy tasavvuf haqida gapirib o‘tirmay, asl maqsadga o‘tamiz.

 

KЕYINGI MAVZU:

Sunniy tasavvuf

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Videolar

“JUMADAN JUMAGACHA” (20.12.2024)

22.12.2024   4848   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati