Jahon futboli yulduzi Krishtianu Ronalduga tegishli Marokash mehmonxonasi zilzila qurbonlarini tekin qabul qildi, deb xabar berdi ispaniyalik sayyoh “Canal 24 Horas” telekanaliga bergan ma'lumotida.
Jabrlanganlar boshpanasiga aylangan 38 yoshli futbolchining 4 yulduzli “Pestana CR7 Marrakech” mehmonxonasi Marokash aeroportidan besh kilometr uzoqlikda joylashgan.
“Biz Marokashning yangi hududiga borishimiz kerak edi, u erda ko'proq, aytganda, hashamatli mehmonxonalar mavjud. Endi biz chekkada joylashgan Krishtianu Ronaldu mehmonxonasini xona bilan ta'minlashga ko'ndira oldik”, - dedi Iren Seixas.
Bungacha sayyohlar mamlakatni tark etish yo'lini topish muammosiga duch kelgan. Ular samolyot chiptalarining aksariyati sotilib ketganini, qolganlari esa ming evro atrofida ekanligini payqadi.
Ma'lumot uchun, Ronaldo Pestana tarmog'i bilan birga beshta mehmonxonaga egalik qiladi. Marokash mehmonxonasida 174 ta xona bor. Shuningdek, unda fitness markazi, restoran va ochiq basseyn mavjud.
Eslatib o'tamiz, 9 sentyabr' kuni ertalab Marokashda 7,2 magnitudali zilzila sodir bo'lgan edi. Bu so'nggi 120 yildagi eng halokatlisi bo'ldi.
Ushbu ofat natijasida 2 012 kishi halok bo'ldi, yana 2059 kishi turli darajadagi og'irlikdagi jarohatlar oldi. Qutqaruv guruhlari ishi davom etmoqda. Marokash qirolligida uch kunlik milliy motam e'lon qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati