Hadis ilmi maktabi koronavirus pandemiyasi sharoitida diniy-ma’rifiy ta’lim muassasasi talabalarining ta’til kunlari davomida onlayn masofaviy darslardan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda fanlar bo‘yicha mavjud bilimlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida Arab tili fani bo‘yicha tanlov e’lon qiladi.
Tanlov diniy-ma’rifiy ta’lim muassasasi talabalari o‘rtasida joriy yilning 13-29 aprel kunlari 3 bosqichda o‘tkaziladi.
1 bosqich. Maqolalar tanlovi.
Muddati: 13-18 aprel kunlari.
Maqolalar tanlovining mavzusi:
- Arab tili grammatikasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan allomalar va ularning asarlarining o‘ziga xos xususiyatlari (bir alloma misolida).
2 bosich. Video va audioroliklar tanlovi.
Muddati: 20-25 aprel kunlari.
Video va audioroliklar tanlovi mavzulari:
- Ushbu sinovli kunlar davomida insonlarni hayot tarzi bo‘yicha islom dini tavsiyalari.
- Ramazon oyi fazilatlari, ro‘zaning inson jismi va ruhiy tarbiyasidagi foydalari, hayotiy hikmatlari.
3 bosqich. Onlayn test sinovi
Muddati: 27-29 aprel kunlari
Arab tili fani bo‘yicha telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali 3 kun davomida soat 14:00 dan 15:00 ga qadar onlayn test sinov shaklida o‘tkaziladi
Tanlov shartlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotni telegramdagi HIM_tanlov kanaldan yoki @HIM_tanlovbot bot tarmog‘i orqali olishingiz mumkin.
# Uyda qoling, kitob o‘qing, bilimingizni sinovdan o‘tkazing!
Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.
Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Shunga ko‘ra imom domla “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.