Mashhur hodisa. Amavos (Quddus yaqin tomondagi Shom shaharlaridan biri) vabosi. Buyuk sahobiy Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu Amavos yerida lashkarboshi o‘laroq o‘z lashkari bilan istiqomat qilayotgan edilar. Amavos yerlarida vabo tarqaldi. Vabo shu qadar keng yoyildiki, lashkardagi o‘ttiz olti ming kishidan o‘ttiz mingtasi vafot etib, olti mingtasi tirik qoldi.
Bir kuni mo‘minlar amiri hazrat Umar roziyallohu anhu xalifa o‘laroq Shom yerlarini ziyorat qilish istagida yo‘lga chiqdilar. Buni xabarini eshitgan Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu Umar roziyallohu anhuni vabo haqida ogohlantirish istagida o‘zlari peshvoz chiqadilar. Vabo xabarini eshitgan hazrat Umar roziyallohu anhu: “Ortga qaytamiz”, degan buyruqni berdilar. Shunda Abu Ubayda ibn Jarroh: “Ey amirul muminin, Allohning taqdiridan qochasizmi?”, dedilar. Umar roziyallohu anhu esa: “Ha, Allohning taqdiridan Allohning taqdiriga qochaman”, dedilar...
Darhaqiqat, karantin Allohning taqdiridan qochish emas, balki Allohning taqdiriga itoat etishning aynan o‘zidir. Karantin davrida ko‘chaga chiqmasdan uyda o‘tirish – aynan Alloh taoloning taqdiriga itoat etish va rozi bo‘lishdir, taqdirdan qochish yoxud qo‘rqoqlik emas.
Kimdir: “Men hozir karantinda kasallik yuqib qolishidan qo‘rqib uyda o‘tirsam, Allohning taqdiriga iymon keltirmagan bo‘laman, chunki kasalni ham Allohning O‘zi yuqtiradi. Alloh xohlamasa, ko‘chada yursam ham yuqmaydi”, deb o‘ylashi mumkin. Ammo, bu fikrlar to‘g‘ri emas, xatodir. Balki, aksini olib, aynan karantinda uyda o‘tirish, ko‘chaga chiqmaslik, maxsus niqob taqish, antiseptik vositalardan foydalanish – Alloh taoloning taqdiriga itoat etish va e’tiqod qilishdir. Nega deysizmi? Alloh taolo “Hashr” surasining 7-oyatida:
وَمَا آتَاكُمْ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانْتَهُوا
“Payg‘ambar sizga nimani bersa, shuni olinglar va nimadan qaytarsa, o‘shandan qaytinglar” deb marhamat qilgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam esa:
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَامِرٍ، أَنَّ عُمَرَ خَرَجَ إِلَى الشَّأْمِ، فَلَمَّا كَانَ بِسَرْغَ، بَلَغَهُ أَنَّ الْوَبَاءَ قَدْ وَقَعَ بِالشَّأْمِ، فَأَخْبَرَهُ عَبْدُ الرَّحْمَنِ بْنُ عَوْفٍ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "إِذَا سَمِعْتُمْ بِهِ بِأَرْضٍ فَلَا تَقْدَمُوا عَلَيْهِ، وَإِذَا وَقَعَ بِأَرْضٍ وَأَنْتُمْ بِهَا فَلَا تَخْرُجُوا فِرَارًا مِنْهُ".
Abdulloh ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Umar roziyallohu anhu Shom tomonga qarab yo‘lga chiqdilar. Sarg‘ nomli joyga yetganlarida u zotga Shom yeriga vabo tarqagani xabari keldi. U zotga Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deb aytganlarini xabarini berdilar: “Agar bir yerda vabo chiqqanini eshitsangiz, u yerga bormanglar. Sizlar turgan yerda vabo chiqsa, undan qochib chiqmanglar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Shunday ekan, karantin qoidalariga to‘liq itoat etgan holda uydan chiqmaslik, maxsus niqoblarni taqish, aniseptik vositalaridan foydalanish – ham qonunan, ham shar’an vojib amal.
Qolaversa, ilohiy hikmatga ko‘ra bu olam – sababiyat olami. Bu olamda barcha narsalar sabablarga bo‘ysunadi. Barcha ishlarning ortida sabablar yotadi. Bu Robbimiz Alloh taoloning iroda va xohishidir. Albatta, Alloh taolo istagan narsasini sababiyatsiz ham qoim qilaveradi. Ammo, bu dunyoni sababiyat olami qilib yaratdi va bizni sabablarga bo‘ysundirib qo‘ydi hamda sabablarni ushlashga buyurdi. Namoz o‘qishimiz jannatga kirishimizga, ibodatlarni mukammal bajarishimiz Allohning rahmatiga sazovor bo‘lishimizga sabab bo‘ladi. Duo qilsak, ijobatini olamiz. Duo qilmasak, ijobatni qayerdan olamiz? Boshqacha qilib aytganda sababiyatni qoim qilmasak, natija bo‘lgan duo ijobati qanday hosil bo‘ladi?
Shunday ekan, karantin hamda himoya vositalaridan foydalanish – koronavirusdan saqlanishning sababidir. Biz ana shu sababni qoim qilishga buyurilganmiz. Ayni damda esa, zimmamizdagi vojib amaldir.
Alloh taolo barchamizni karantin qoidalariga to‘liq amal qilgan holda, shariatimizning ahkomlariga ham itoat etishga muvaffaq qilsin!
Baxtiyor NAJMIDDINOV
Sayyid Muhyiddin maxdum o‘rta maxsus Islom bilim yurti “Hadis” fani mudarrisi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.