Istig‘for aytish ham Alloh taoloni zikr qilish bo‘lib, u bilan banda Alloh taolodan gunohini kechirishini so‘raydi. Uning eng qisqa ko‘rinish shakli ,“Astag‘firulloh” bo‘lib, ma’nosi: “Allohdan (gunohlarimni) kechirishini so‘rayman!” deganidir. Lekin istig‘forni faqat inson gunoh qilganida yoki gunohkorgina aytmaydi, balki istig‘forni hamma doimo aytib yurishni o‘ziga odat qilishi kerak. Payg‘ambarimiz alayhissalom ham doimo istig‘forni aytib yurgan ekanlar. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohga qasamki, men bir kunda Allohga yetmish martadan ko‘p istig‘for aytib, Unga tavba qilaman”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Istig‘for, inson gunohini kechirishini Alloh taolodan so‘rashidan tashqari, uning boshiga kelishi mumkin bo‘lgan balodan ham saqlanishi, g‘am va tashvish va turli sinovlardan qutilishi, rizqi mo‘l bo‘lishi, duolari ijobat bo‘lishi kabi ko‘plab manfaatlarga ham sabab bo‘ladi.
Bir kuni Hasan Basriy rahmatullohi alayhining yonlariga bir kishi qurg‘oqchilikdan shikoyat qilib keldi. Hasan Basriy rahimahulloh: “Istig‘for aytinglar”, deb maslahat berdilar. Birozdan so‘ng boshqa bir kishi kambag‘allikdan, yana biri farzandsizlikdan, boshqalar g‘am - tashvishlaridan shikoyat qilishdi. Hasan Basriy rahmatullohi alayhi ularning hammasiga “istig‘for aytinglar” deya bir xil maslahat berdilar. Shunda suhbatdoshlaridan Rabi’ ibn Subayh Hasan Basriyga: “Ey imom, har xil toifadagi kishilar sizga turli narsalardan shikoyat qilishdi. Siz bo‘lsangiz hammalariga bir xil javob berdingiz, buning boisi nima?” dedi. Hasan Basriy rahmatullohi alayhi bu savolga javoban, “Men o‘zimcha biror narsa demadim. Alloh taolo o‘zining kalomida: «Bas, Robbingizga istig‘for ayting, – albatta, U ko‘p mag‘firat qiluvchidir – osmondan ustingizga ketma-ket baraka yomg‘irini yuboradir. Va sizga molu mulk hamda bola - chaqa ila madad beradir va sizlarga bog‘-rog‘lar hamda anhorlar beradi» (Nuh surasi, 11,12 -oyatlar) deb marhamat qilgan”, dedilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalom istig‘forni ko‘p aytishning foydalari haqida bunday deganlar: “Kimda-kim ko‘p istig‘for aytsa, Alloh o‘sha (banda) uchun har qanday g‘am-tashvishdan qutulish, tanglikdan chiqish yo‘lini (paydo) qiladi, uni o‘zi o‘ylamagan tomondan rizqlantiradi” (Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan Imom Abu Dovud, Imom Ahmad, Imom Tabaroniy, Imom Hokim rivoyat qilgan).
Inson hayoti davomida turli sinov va imtihonlarga duch kelishi mumkin. Bugun dunyo xalqini ojiz qoldirayotgan koronavirus sinovi ham inson boshidagi jiddiy imtihondir. Har birimiz bu sinovlar qarshisida o‘zimizdan o‘tgan kamchilik va xatolarimiz, ayb- nuqsonlarimizga tavba qilib, istig‘forlar aytishimiz kerak. Inson boshiga sinovlar bejizga kelmaydi. Ayni kunlarda bu sinovlar sababli uyda qolayotgan yurtdoshlarimiz tomonidan chin ixlos va muhabbat bilan duolar qilinib, minglab istig‘forlar aytilmoqda. Chin ixlos bilan xalqimiz tomonidan qilinayotgan bu ishlar o‘z samarasini bermay qolmaydi. Demak, istig‘for Alloh taoloning insonlarga bergan katta marhamatdir.
Kim gunohi kechirilishini istasa istig‘for aytsin . Kim balolar daf bo‘lishi , ishlariga rivoj topishi , Allohning rahmati va barakotlari nozil bo‘lishini istasa istig‘for aytsin. Kim hayoti go‘zal bo‘lishi , maqsadlari hosil bo‘lishini istasa istig‘for aytsin.
Astag‘firulloh va atubu ilayh...
Sizchi? Siz bugun istig‘for aytdingizmi?
Ziyouddin MIRSODIQOV,
Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi
“Bo‘ta buva” jome masjidi imom xatibi.
Abu Bakr roziyallohu anhuning muhabbati
Buyuk sahobiy Abu Bakr roziyallohu anhu bunday deydilar: “Biz hijratda edik. Men juda chanqab turgan edim. Ozgina sut olib kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uzatdim va: “Yo Allohning Rasuli, ichib oling”, dedim. Rasululloh ichdilar-u, mening chanqog‘im qondi”.
Bu gaplar aynan haqiqat. Abu Bakr roziyallohu anhu chin dildan shunday dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichdilar va Abu Bakr roziyallohu anhuning chanqoqlari qondi. Bu muhabbatning go‘zalligini his qila olyapsizmi? Bu o‘zgacha, xos bir muhabbatdir...
Savbon roziyallohu anhuning muhabbati
Payg‘ambar alayhissalom dastyorlari Savbon roziyallohu anhuning oldida kun davomida bo‘lmadilar. Nabiy alayhissalom qaytib kelganlarida Savbon roziyallohu anhu u zotga qarab: “Ey Allohning Rasuli, meni yolg‘iz tashlab ketdingiz”, dedi-da, yig‘lab yubordi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Shunga yig‘layapsanmi?” – dedilar. Savbon roziyallohu anhu: “Yo‘q, Rasululloh! Lekin jannatda sizning va o‘zimning martabamni yodga olib qo‘rqib ketdim. Alloh taoloning mana bu oyati esimga tushdi: «Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, ana o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni, payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular esa eng yaxshi hamrohlardir»[1]. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xursand bo‘laver! Sen ham o‘zing muhabbat qo‘yganlar bilan birgasan”, dedilar.
Savod ibn G‘oziyyaning muhabbati
Savod ibn G‘oziyya Uhud g‘azoti kunida qo‘shinning markazida turardi. Nabiy alayhissalom qo‘shinga qarata: “Saflarni rostlanglar, to‘g‘ri turinglar!” – dedilar. Qarab borar ekanlar Nabiy alayhissalom Savod roziyallohu anhuning to‘g‘ri turmaganini ko‘rib: “Rostlangin, ey Savod!” – dedilar. Sahobiy: “Xo‘p”, dedi-yu, biroq to‘g‘irlanmasdan turaverdi. Payg‘ambar alayhissalom u tomonga yaqinlashib, qo‘llaridagi misvoklari bilan sahobiyning biqiniga niqtab: “Savod, to‘g‘ri turgin!” – dedilar. Savod: “Og‘rittingiz, Rasululloh! Alloh taolo sizni haq ila yuborgan bo‘lsa, endi men sizdan o‘ch olishim uchun imkon bering”, dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom qorinlarini ochib: “Qasosingni olvol, Savod”, dedilar. Savod roziyallohu anhu egilib qorinlarini o‘pa boshladi va: “Yo Allohning Rasuli, bugun shahidlik kunidir, shuning uchun ham oxirgi onlarimda tanam sizning muborak tanangizga tegib qolishini xohladim”, dedi.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Minbar yasalmasidan avval Nabiy sollallohu alayhi vasallam xurmoning tanasiga suyanib xutba qilar edilar. Bir muddat o‘tib, minbar joylashtirilganidan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarildilar. Shunda o‘sha xurmo tanasidan (yosh boladay) o‘ksik ovoz chiqdi. Uni, hatto biz ham eshitdik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam keldilar-da, unga qo‘llarini tekkizdilar. Zum o‘tmay u tinchib qoldi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Niso surasi, 69-oyat.