Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyun, 2025   |   27 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
23 Iyun, 2025, 27 Zulhijja, 1446

Bugun istig‘for aytdingizmi?

11.04.2020   6283   3 min.
Bugun istig‘for aytdingizmi?

Istig‘for aytish ham Alloh taoloni zikr qilish bo‘lib, u bilan banda  Alloh taolodan gunohini kechirishini so‘raydi. Uning eng qisqa ko‘rinish shakli ,“Astag‘firulloh” bo‘lib, ma’nosi: “Allohdan (gunohlarimni) kechirishini so‘rayman!” deganidir. Lekin istig‘forni faqat inson gunoh qilganida yoki gunohkorgina aytmaydi, balki istig‘forni hamma doimo aytib yurishni o‘ziga odat qilishi kerak. Payg‘ambarimiz alayhissalom ham doimo istig‘forni aytib yurgan ekanlar. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohga qasamki, men bir kunda Allohga yetmish martadan ko‘p istig‘for aytib, Unga tavba qilaman”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Istig‘for, inson gunohini kechirishini Alloh taolodan so‘rashidan tashqari, uning boshiga kelishi mumkin bo‘lgan balodan ham saqlanishi, g‘am va tashvish va turli sinovlardan qutilishi, rizqi mo‘l bo‘lishi, duolari ijobat bo‘lishi kabi ko‘plab manfaatlarga ham sabab bo‘ladi.

Bir kuni Hasan Basriy rahmatullohi alayhining yonlariga bir kishi qurg‘oqchilikdan shikoyat qilib keldi. Hasan Basriy rahimahulloh: Istig‘for aytinglar, deb maslahat berdilar. Birozdan so‘ng boshqa bir kishi kambag‘allikdan, yana biri farzandsizlikdan, boshqalar g‘am - tashvishlaridan shikoyat qilishdi. Hasan Basriy rahmatullohi alayhi ularning hammasiga istig‘for aytinglar deya bir xil maslahat berdilar. Shunda suhbatdoshlaridan Rabi’ ibn Subayh Hasan Basriyga: “Ey imom, har xil toifadagi kishilar sizga turli narsalardan shikoyat qilishdi. Siz bo‘lsangiz hammalariga bir xil javob berdingiz, buning boisi nima?” dedi. Hasan Basriy rahmatullohi alayhi bu savolga javoban, “Men o‘zimcha biror narsa demadim. Alloh taolo o‘zining kalomida: «Bas, Robbingizga istig‘for ayting, – albatta, U ko‘p mag‘firat qiluvchidir – osmondan ustingizga ketma-ket baraka yomg‘irini yuboradir. Va sizga molu mulk hamda bola - chaqa ila madad beradir va sizlarga bog‘-rog‘lar hamda anhorlar beradi» (Nuh surasi, 11,12 -oyatlar) deb marhamat qilgan”, dedilar.

Payg‘ambarimiz alayhissalom istig‘forni ko‘p aytishning foydalari haqida bunday deganlar: “Kimda-kim ko‘p istig‘for aytsa, Alloh o‘sha (banda) uchun har qanday g‘am-tashvishdan qutulish, tanglikdan chiqish yo‘lini (paydo) qiladi, uni o‘zi o‘ylamagan tomondan rizqlantiradi” (Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan Imom Abu Dovud, Imom Ahmad, Imom Tabaroniy, Imom Hokim rivoyat qilgan).

Inson hayoti davomida turli sinov va imtihonlarga duch kelishi mumkin. Bugun dunyo xalqini  ojiz qoldirayotgan koronavirus sinovi ham inson boshidagi jiddiy imtihondir. Har birimiz bu sinovlar qarshisida o‘zimizdan o‘tgan kamchilik va xatolarimiz, ayb- nuqsonlarimizga tavba qilib, istig‘forlar aytishimiz kerak. Inson boshiga sinovlar bejizga kelmaydi. Ayni kunlarda bu sinovlar sababli uyda qolayotgan yurtdoshlarimiz tomonidan chin ixlos va muhabbat bilan duolar qilinib, minglab istig‘forlar aytilmoqda. Chin ixlos bilan xalqimiz tomonidan qilinayotgan bu ishlar o‘z samarasini bermay qolmaydi. Demak, istig‘for Alloh taoloning insonlarga bergan katta marhamatdir.

Kim gunohi kechirilishini istasa istig‘for aytsin . Kim balolar daf bo‘lishi , ishlariga rivoj topishi , Allohning rahmati va barakotlari nozil bo‘lishini istasa istig‘for aytsin. Kim hayoti go‘zal bo‘lishi , maqsadlari hosil bo‘lishini istasa istig‘for aytsin.

Astag‘firulloh va atubu ilayh...

Sizchi? Siz bugun istig‘for  aytdingizmi?

Ziyouddin MIRSODIQOV,
Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi
“Bo‘ta buva” jome masjidi imom xatibi
.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Imomning qiroati kifoya

20.06.2025   4810   1 min.
Imomning qiroati kifoya

Hanafiy mazhabida imomga iqtido qiluvchi imom orqasida xoh jahriy namozda, xohi maxfiy namozda qiroat qilmaydi.

Bunga dalil Payg‘ambarimiz alayhissalomning so‘zlaridir: «Kimning imomi bo‘lsa, bas, imomning qiroati uning ham qiroatidir», deb aytganlar.

Mana shunga sahobai kiromlar ham ijmo’ qilishgan. Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom dedilar: «Qachon qiroat qilinsa, bas, jim turing!»  Imom Muslim rivoyati.

Abu Hanifa va Abu Yusuf roziyalohu anhumlar nazdida: Imomga iqtido qilgan kishining qiroat qilishi makruh bo‘ladi, bundan murod makruhi tahrimiydir.

Chunonchi, Hazrati Ali karramallohu vajhahu bunday deganlar: «Kimki imom orqasida qiroat qilsa, batahqiq, sunnatni xato bajaribdi!»

Shunday ekan imomga ergashuvchi har bir namozxon imomga iqtido qilib ergashdimi, imomni qiroatini eshitishi va sukut saqlab jim turishi kerak bo‘ladi. Shunda ado etiladigan ibodatlar mukammal, bexato bo‘ladi.

Hanafiy mazhabining masalasiga binoan, fiqhiy matn kitoblari ko‘rsatmasiga amal qilgan holda barcha namozlarda imom orqasida muqtadiy jim turishi talab etiladi. Aks holda, makruhi tahrimiy ishni qilib qo‘yish mumkin.

Abdug‘affor Nishonov,

Pop tumani "Soy" jome masjidi imom-xatibi

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA