ألحمد لله على كل حال
Bu kalimaning ma’no-mazmunini endi tushunib yetyapman. Bu kalima haqida tafakkur qiladigan bo‘lsak, biz bilmagan, tasavvur ham qila olmaydigan darajada ko‘plab ma’nolari bor ekan. Har qanday holatda Alloh taologa hamd aytish kerakligi, Alloh taolo biz aqlimizga sig‘dira olmaydigan darajada bizlarga buyuk ne’matlarni ato etgani, biz esa ularning birortasini anglab yetmaganimizni tushunyapman.
Har kuni uyimizdan xotirjam chiqishimiz, tashqariga chiqqan vaqtimizda toza havodan erkin nafas olishimiz, jamoat joylarida bemalol xavfsiramasdan yura olishimiz bizlarga berilgan katta ne’matlardan ekan. Masjidlarda besh vaqt namoz o‘qilishi, juma xutbalari qilinishi, ilm toliblarining ilm olishlari uchun har kuni ilm dargohlariga borishlari –barcha-barchasi bizlarga berilgan katta ne’matlardan ekan. Lekin shuncha ne’matlar ichra yashagan bo‘lsakda, shukronasini ado eta olmabmiz. Hayotimizda uchraydigan kichkina kamchiliklar va noqisliklar uchun hayotimizdan nolibmiz. Ularni o‘zimizga yetgan musibat deb bildik. Endi anglayapmiz musibat aslida qanaqa bo‘lishini, biz shuncha ne’matlar ichida ko‘milib yashaganimizni, bizga berilgan ne’matlar uchun Allohga shukrona aytmaganimizni, o‘z vaqtida bo‘lmasada anglab yetdik.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
“Agar Allohning ne’matlarini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmassizlar. Albatta, inson o‘ta zolim va noshukrdir”
(“Ibrohim” surasi, 34-oyat).
Besh vaqt namozning masjidlarda o‘qilishi eng buyuk ne’matlardan ekanini, masjidlar jamoatsiz bo‘shab qolgandagina anglab yetdik.
Tashqariga chiqqanimizda, erkin nafas ololmayotganimizda, xotirjam nafas olish ne’mat ekanligini anglab yetdik.
Ne’matlarni sanasak adog‘iga yetolmaymiz.
Koronavirusni ham biz uchun berilgan bir sinov deb bilishimiz kerak. Bu sinovga chiroyli sabr qilishimiz kerak.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
“Bas, sabr qil. Albatta, Allohning va’dasi haqdir. Gunohing uchun irstig‘for ayt. Ertayu kech Robbingga hamd ila tasbeh ayt”
(“G‘ofir” surasi, 55-oyat).
Bu vabo bizlarga ko‘p narsalarni eslatdi. Avvalambor, nematlarga shukr qilish kerakligini, har qanday holatda Alloh azza va jallaga hamd aytish kerakligini eslatdi.
Biz - barcha musulmonlarni bir nuqtada jamladi. Musulmonlarning safi ko‘payishiga sababchi bo‘ldi. Oramizda namozni haligacha boshlamaganlarning namozxon bo‘lishiga, Qur’oniy duolarni o‘rganishimizga va ularni doimiy aytib yurishimizga sababchi bo‘ldi. Nabaviy sunnat bilan hayot kechirishimiz kerak ekanini bizlarga bildirdi. Juda ko‘plab Qur’on xatmlari qilishimizga, istig‘forlar va salavotlar aytishimizga sababchi bo‘ldi. Barcha musulmonlarni gunohlardan to‘sib, Allohga yuzlantirdi, inshaAlloh. Alloh taolo bizlarga in’om qilgan ne’matlarni eslatdi. Alloh taologa qanday banda bo‘lish kerakligi, U Zotga qanday ibodat qilinishi kerakligini bildirdi. Biz barcha holatlarda Alloh taologa muhtoj ekanimizni, bir lahza ham uning zikridan to‘silmasligimiz kerakligini bildirdi. Ilm-fan qancha rivojlanmasin, Alloh taoloning Qudrati oldida barcha narsa ojiz ekanini butun olamga ko‘rsatdi. Mana shu kichkina virus orqali Alloh taolo bizlarga ko‘p narsalarni bildirdi.
Eslab ko‘ringaa!!! Shu vaqtgacha musulmonlarning barchasi jamlanib, Qur’on xatmlari qilib, istig‘forlaru salavotlar aytishganmidi? Gunohlari ustida bosh qotirib, gunohlaridan to‘silishganmidi? Qanchadan-qancha sunnatlarini tark etganlarini va to‘g‘ri yo‘ldan adashganlarini bilisharmidi?
Yo‘q! Ishonch bilan ayta olamanki, bu narsalar haqida bosh qotirgan taqdirlarida ham hayotlariga to‘laligicha tatbiq qilishmasdi.
Oldinda ta’kidlab o‘tganimiz kabi koronavirus ham biz uchun bir sinov. Allohga qaytishimiz uchun bir eslatma. Hozirgi holatimizda ham Allohga hamd aytishimiz kerak. Alloh taolo bizlarni bu balo bilan balolantirmagani va bizlarni bu balodan saqlaganligi uchun U Zotga cheksiz hamdu sanolar aytishimiz kerak. Shuning uchun ham duolarda bardavom bo‘lib, Alloh taolodan ofiyat so‘raymiz. Alloh taolo butun olamga bu balodan ofiyat bersin. Alloh azza va jalla barchalarimizni O‘zining muqarrab bandalaridan qilsin. Amin...
Barcha holatlarda Allohga hamd bo‘lsin!!!
M.Sa’dullayeva
Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Molik Sa’id ibn Musayyibdan rivoyat qiladi:
«Bir musulmon va bir yahudiy xusumatlashib, Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelishdi. Yahudiy haq bo‘lib chiqdi. Umar uning foydasiga hukm chiqardi. Shunda yahudiy unga:
«Allohga qasamki, haq ila hukm chiqarding», dedi.
«Sen qayerdan bilding?» dedi Umar, uni darra ila urib.
«Biz Tavrotda: «Qaysi qozi haq ila hukm chiqarsa, albatta, o‘ng tomonida bitta, chap tomonida bitta farishta uni quvvatlab turadi. Modomiki, u haqda ekan, ishini to‘g‘rilab ham turadilar. Qachon haqni tark qilsa, ular ham uni tark qilib, ko‘tariladilar», deyilganligini topamiz», dedi».
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ilohiy adolat ummonidan suv ichgan adolatlarini ko‘rgandan keyin, undan bahramand bo‘lgandan keyin yahudiy ham erib ketib, musulmonlar xalifasini alqashga o‘tgan. U yahudiylarning boshqalardan berkitib yuradigan kitoblari, ya’ni Tavrotdagi haqiqatni Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning hukmida ko‘rganligini e’tirof etgan.
Ha, hazrati Umar roziyallohu anhuning Islom jamiyati rahbari sifatida olib borgan ishlariga butun dunyo qoyil qolgan va haligacha qoyil qolib kelmoqda.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bunga o‘xshash adolatli ishlarni tashviqot uchun qilmas edilar. Balki buni vazifa, Alloh taolo oldidagi burch, deb his etganlaridan qilar edilar. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, har bir odam u kishi uchun Alloh taolo nozil qilgan shariat hukmi oldida barobar edi. Musulmonmi, zimmiymi yoki boshqami, hazrati Umar uchun baribir edi. Haq kim tarafda bo‘lsa, hukm o‘shaning foydasiga chiqarilar edi.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi