Salafiylar yoxud Islom niqobi ostidagi dinbuzarlar
yoxud Islom niqobi ostidagi dinbuzarlar
So‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida, internet saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarda “salafiylik”, “salafiylar” kabi iboralar tez-tez takrorlanib turibdi. Xo‘sh, aslida salafiylar kimlar?
“Salafiylik” iborasi arab tilidagi “سلف ” so‘zidan olingan bo‘lib , “ ajdodlar,” “avval yashab o‘tganlar ”ma’nolarini anglatadi. Qur’oni karimning Zuxruf surasida “salaf” so‘zi “avval yashab o‘tganlar”, “o‘tmish (kishilari” ) ma’nolarida ishlatilgan.
Diniy istilohda “salaf” so‘zi muayyan bir davr bilan bog‘liq ma’noni beradi. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bunday dedilar: “Eng yaxshi davr mening davrim, so‘ng ularga yaqin bo‘lgan, so‘ng ularga yaqin bo‘lgan davrlardir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ulamolar mazkur hadisga asoslanib, saodat asrida va undan keyingi ikki davrda yashagan musulmonlarni “salafi solih”, ya’ni “solih ajdodlar” deb tavsiflaydilar. Keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan bu atama qo‘llanilmaydi. Ta’kidlash lozimki, mazkur uch davrda yashagan barcha insonlar ham “salafi solih”lar deyilmaydi. Rasululloh alayhissalom vafotlaridan so‘ng turli fitnachi, buzg‘unchi toifalar chiqdi. Ularga nisbatan “salafi solih” iborasi qo‘llanilmaydi.
Ahli sunna val jamoa an’anasiga ko‘ra, salafi solihlar davridan keyin yashagan musulmonlar “xalaflar”, ya’ni “keyingilar” deb ataladi.
So‘nggi yillarda “salafi solihlarga ergashish” shiorini niqob qilib olgan, mutaassib ko‘rinishdagi “soxta salafiylar” paydo bo‘ldi. Ular diniy, ma’naviy, ijtimoiy va siyosiy yo‘nalishlarda saodat asriga qaytib, musulmonlarning e’tiqodi va dunyoqarashini hozirgacha turli sohalarda erishilgan natijalardan “poklash”ni o‘z oldilariga “maqsad” qilib qo‘yganlar.
Soxta salafiylar har qanday yangilikni bid’at deb hisoblab, fiqhiy mazhablarni inkor qiladilar, tasavvufni tan olmaydilar, arzimas bahonalar bilan musulmonlarni kofirga chiqaradilar.
Soxta salafiylar quyidagi g‘oyalarni ilgari suradilar: .
– Qur’oni karim va sunnatdagi qoidalarni so‘zma-so‘z tushunib, ko‘r-ko‘rona amal qilish orqali boshqa manbalarni botilga chiqaradilar; .
– “takfir” (kufrda ayblash) va “hijrat” (vatanni tark etish) masalasini ilgari suradilar;
– fiqhiy mazhablarni inkor qilib, mazhabsizlikni targ‘ib qiladilar;
– tasavvuf, urf-odat va milliy qadriyatlarni inkor etadilar;
– g‘ayridinlarga o‘ta toqatsiz munosabatda bo‘lib, diniy bag‘rikenglikni yoqlamaydilar; .
– har qanday yangilikni “bid’at” deb hisoblab, uni rad etadilar.
Hadislarda shunday matnlar borki, yuzaki qaraganda, bu matnlar Qur’on va sunnatda bo‘lmagan har qanday narsani paydo qilishdan qaytarilgandek ko‘rinadi. Jumladan, Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda: «Kim bizning ishimizda unda bo‘lmagan yangilikni paydo qilsa, u rad etiladi», deyilgan.
Imom Muslim rivoyat qilgan boshqa bir hadisda esa: «Darhaqiqat, eng yaxshi so‘z Allohning Kitobi, eng yaxshi yo‘l Muhammad alayhissalomning yo‘lidir. Ishlarning eng yomoni esa ularning yangi paydo bo‘lganlaridir va har bir yangilik zalolatdir». Yuqorida keltirilgan hadislarni yuzaki tushunish Islomni taraqqiyot bilan hamnafas emasligi va u o‘zi nozil bo‘lgan zamongagina yaroqli bo‘lgan eski din sifatida qoralanishiga olib keladi.
Hazrat Bilol roziyallohu anhu bomdod namoziga azon aytayotganida “As-solatu xoyrum minan-navm” jumlasini qo‘shib aytdilar. Payg‘ambar alayhissalom buni qo‘llab-quvvatlab, hatto doimo aytishni joriy qilganlari “bid’at” tushunchasi haqida kengroq fikrlash lozimligini anglatadi.
Islom ulamolari bu borada kengroq mushohada yuritishadi. Imom Shofi’iy bunday deganlar: «Yangi paydo qilingan ishlar ikki xil bo‘ladi. Birinchisi, Qur’on, sunnat, asar (sahobiy va salafi solihlar so‘zi) yoki ijmoga xilof bo‘lgan yangiliklar bo‘lib, bu “bid’ati sayyia”, ya’ni yomon bid’at hisoblanadi. Ikkinchisi, yaxshi narsalar uchun paydo qilingan ishlar bo‘lib, “bid’ati hasana”, ya’ni yaxshi bid’at hisoblanadi».
Bid’ati hasanaga tarixdan ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Masalan, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu musulmonlarni Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning orqasidan jamoat bo‘lib tarovih namozini ado etayotganlarini ko‘rib: “Bu qanday ham yaxshi bid’at”, deganlar.
Shuningdek, Abu Bakr roziyallohu anhuning Qur’oni karimni kitob holiga keltirib, jamlaganlarini ko‘rish mumkin.
Zamonamiz ulamolaridan Imom Noblusiy bunday yozadi: «Bugungi kunda dunyo kattadan-katta o‘zgarishlar, taraqqiyotni boshidan kechirmoqda. Inson aqlini shoshirib qo‘yadigan yangi ixtirolar dunyo yuzini ko‘rmoqda. Xo‘sh, Rasululloh alayhissalom: “Har qanday bid’at zalolatdir”, degan hadislarida aytilgan “yangilik”da aynan shularni nazarda tutganmilar?! Yo‘q, albatta. Rasululloh alayhissalom nazarda tutgan bid’at bu – aqoid, shariat biror yangi narsani qo‘shishdir». .
Faqihlarning istilohida hamda hadislarda qoralangan bid’at deganda, dindan deb da’vo qilinsa-da, aslida dindan bo‘lmagan, to‘qima yo‘l nazarda tutiladi. Imom Shotibiy: “Bid’at dinda yangi ixtiro qilingan yo‘l bo‘lib, u ila shariatga monandlik qasd qilinadi”, degan.
Demak, musulmonlar orasida yangi paydo qilingan narsa din asoslariga oid masalalarda bo‘lsa, u yangilik “bid’ati sayyia” hisoblanadi va u qoralanadi.
Boshqacha aytganda, “bid’ati zalolat” faqat din asoslariga oid masalalarda bo‘ladi. Yuqorida keltirilgan hadis ham aynan shunga dalolat qilmoqda: “Bizning ishimizda yangilik paydo qilsa...”, ya’ni ishdan maqsad Rasululloh alayhissalom va u zot bilan birga musulmonlar jamoasining ishidir. Dunyoviy ishlarda nass va muayyan diniy qoidalarga xilof kelmasa, ularda yomon bid’at yo‘qdir. Ya’ni, haromni halol, halolni haromga aylantirish kabi bid’atlarga yo‘l qo‘yilmasa, bunga e’tiroz yo‘q.
Shu o‘rinda quyidagi voqeani keltirib o‘tish o‘rinli. Bir kuni Rasululloh alayhissalom xurmoni changlatayotgan odamlar oldidan o‘tib qoldilar va ularga bunday qilishga hojat yo‘qligiga ishora qildilar. Ular Rasululloh alayhissalomga itoat etdilar, lekin o‘sha yili xurmo avvalgidek yaxshi hosil bermadi. Shunda Rasululloh alayhissalom: «Dunyo ishlaringizni o‘zingiz yaxshi bilasiz», deb aytdilar.
Rasululloh alayhissalom va roshid xalifalar zamonida mavjud bo‘lmagan, ammo keyinchalik yuzaga kelgan har qanday yangilik aniq tarzda kelgan nass bilan rad etilmasa va uning natijasidan yaxshilik, umummanfaat kutilsa hamda insonlarga nafi tegsa, bunday yangilik shar’an joizdir.
Xulosa qilib aytganda, Islomdagi har bir yangilik agar u dindagi muqarrar qonun-qoidalarga xilof bo‘lmasa, “bid’ati zalolat” hisoblanmaydi. Soxta salafiylik Islom dini ta’limotlariga zid bo‘lib, musulmonlarning dunyoviy sohalarda taraqqiyotga bo‘lgan intilishiga to‘sqinlik qiluvchi yo‘nalishdir. Ular mo‘min-musulmonlar o‘rtasida urush, nizo va kelishmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Vaholanki, dinimiz faqat ezgulikni targ‘ib qiladi.
Jamoliddin KARIMOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar markazi direktori
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.