IKKINCHI BOB
MUHAMMAD SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING SIYRATLARI
Payg‘ambarlar kelishi bir muddat to‘xtab qolgach, Iyso alayhissalom va Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarliklari orasida insoniyat juda katta boshvoqsizlikka va zoyelikka yuz tutdi. So‘ng Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarliklari boshlandi. O‘zidan oldin o‘tgan barcha payg‘ambarlarning ta’limotlarini o‘zida jamlovchi, ularning tugallovchisi bo‘lgan bu payg‘ambarlik o‘zidan oldin o‘tgan barcha risolat va shariatlarni nasx – bekor qildi. Shu bilan birga, bu payg‘ambarlik bashariyatning barchasi uchun umumiy edi.
Alloh taolo Saba’ surasida marhamat qiladi:
«Seni barcha odamlarga faqat xushxabarchi va ogohlantiruvchi qilib yubordik. Lekin odamlarning ko‘plari bilmaslar» (28-oyat).
Rasululloh alayhissalotu vassalomning payg‘ambarliklari barcha zamonlar va makonlar uchun barobar edi. Shu bois bu payg‘ambarlikning sohibi ham oliy darajada bo‘lmog‘i, ana shu buyuk risolatni, omonatni ko‘tarishga qodir bo‘lishi kerak bo‘lardi. Shuning uchun Alloh subhanahu va taolo u zotga xos ajralib turadigan sifatlarni ixtiyor qildi.
Alloh taolo yaratgan bandalari ichida eng afzali, payg‘ambarlarning oxirgisi va mukammali bo‘lmish Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlari barcha insoniyat uchun o‘rnak ekaniga, shuningdek, Alloh taoloning inoyati ila yo‘g‘rilgan ushbu muborak hayotning har bir lahzasi o‘ta aniqlik va diqqat bilan o‘rganilganiga ham zarracha shubha yo‘q.
Ha, bu ulug‘ hayot qanchalik diqqat bilan o‘rganilsa, shunchalik yaxshi.
Chunki bu hayot Odam Atoning pushtidaligidan to oxirgi lahzasigacha Alloh taoloning alohida inoyatiga sazovor bo‘lgan bir hayotdir!
Chunki u eng afzal bandaning, eng so‘nggi va eng mahbub Payg‘ambarning muborak hayotidir.
Chunki bu hayotning salkam yigirma uch yili osmon bilan yerning, ya’ni Robbul olamin bilan olamlarning bevosita bog‘lanishiga sabab bo‘lgan hayotdir.
Chunki bu hayot uning sohibi ilohiy dastur asosida to‘laqonli va yer yuzida jonli Qur’on bo‘lib yashagan hayotdir.
Chunki bu hayot barcha uchun go‘zal o‘rnak manbai, mo‘min-musulmonlar uchun ilhom chashmasi bo‘lgan hayotdir.
Chunki bu hayot uni diqqat bilan o‘rganib, undan o‘rnak olib, ergashib yashagan kishilar uchun jannat yo‘liga yetaklovchi hayotdir.
Chunki bu hayot osmonlar malakutiga ko‘tarilgan, har lahzasi Alloh taoloning vahiysi ila yo‘lga solingan va farishtalar ham havas qilgan hayotdir.
Shu bilan birga, bu hayot yer voqeligidan ajrab qolmagan, oddiy insonlik tabiatidan mutlaqo chetlamagan, oddiy ota-onadan tug‘ilib o‘sgan kamtar bir bandaning hayotidir.
Qolaversa, bu hayot dunyodagi barcha ezgu fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirgan, barcha razolatlardan yiroq zotning hayoti ekani bilan diqqatga molikdir,
Chunki bu hayot Alloh taoloning O‘zi tomonidan yetarli darajada maqtalgan hayotdir.
Chunki bu hayot oshikdari ishqida yonib, uni diqqat bilan o‘rgangan va undan imkoni boricha o‘rnak olgan hayotdir.
Chunki bu hayot uning dushmanlari kamchilik topa olmay dog‘da qolgan, unga tuhmat qilib sharmanda bo‘lgan va oxiri uning buyukligiga tan bergan hayotdir.
Ana shunday vasfiga so‘z ojiz hayotni o‘rganishda, unga ergashishda bu muborak hayotning hamasrlari bo‘lmish sahobai kiromlar dunyo xalqlariga namuna bo‘lganlar. Ular Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hayotlarining har bir lahzasini o‘ta sinchkovlik va diqqat bilan o‘rganib borganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, u zot tomonlaridan sodir etilgan har bir harakatu sakinat (harakatsizlik) sahobai kiromlarning diqqat-e’tiborida bo‘lgan.
Sahobai kiromlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hayotlarining har bir lahzasi haqidagi o‘zlari bilgan ishonchli ma’lumotlarni tobe’inlarga omonat ila o‘rgatganlar. O‘z navbatida, tobe’inlar bu ma’lumotlarni o‘zlaridan keyingi musulmonlar avlodi – taba’a tobe’inlarga qoldirganlar.
Asta-sekin Payg‘gambar sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini o‘rganadigan ilm va bu ilmning ko‘uzga ko‘ringan ulamolari yuzaga chiqa boshlagan.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmga «As-siyratun-nabaviyya», bu ilmda mutaxassis bo‘lgan olimlarga esa «Siyrat ulamolari» nomi berilgan.
«Siyrat» so‘zini arab tilidan tarjima qiladigan bo‘lsak, «bir inson hayotining tarixi, hayot yo‘li», ta’bir joiz bo‘lsa, «tarjimayi hol» iborasiga to‘g‘ri keladi. Binobarin, istilohda «Siyrat – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlarining tarixi, u zotning tarjimayi hollari», deya olamiz.
Bu borada so‘z yuritar ekanmiz, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlari (tarixi bayoni) bu dunyoda o‘tgan barcha payg‘ambar alayhissalomlarning siyratlariga nisbatan eng to‘g‘risi, eng mukammali va eng ishonchlisidir. Insoniyat tarixidagi hech bir payg‘ambarning hayoti ilohiy kitobda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlarichalik yoritilmagan. Hech bir payg‘ambar haqida u zotning hayotlari haqida sahobalar qilgan rivoyatlarchalik uzluksiz rivoyatlar kelmagan. Boshqa payg‘ambarlarning siyratlarida aniqlanmagan, uzilib qolgan halqalar juda ko‘p.
Alloh taoloning inoyati va yordami bilan musulmon ummati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining har bir lahzasini katta aniqlik va e’tibor bilan o‘rganib, avloddan avlodga naql qilib keldi. Muhaddis ulamolarimiz bu rivoyatlarni aniq ilmiy yo‘l bilan tadqiq qilib, kitoblarga bitdilar. Ular haqida kitobimizning avvalida, tarix ilmining yozilishi haqidagi mavzuda so‘z yuritdik.
Yuqorida o‘tgan ma’lumotlardan Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning eng afzal bandasi va payg‘ambari ekanlarini o‘rgandik. Bu ulkan haqiqatda zarracha ham shubha yo‘q. Shunday bo‘lganidan keyin ana o‘sha eng afzal zotning dunyoga kelishlariga Allo taolo eng munosib jamiyat, eng afzal makon va zamonni tanlaganida ham zarracha shubha bo‘lmasligi kerak.
Alloh taolo Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning dunyoga kelishlari uchun arab jamiyatini eng munosib deb topdi. Bu jamiyat o‘sha vaqtdagi eng johil jamiyat edi, chunki bu jamiyat asrlar davomida o‘qish-yozish, fan-madaniyat, ilm-ma’rifat, dinu diyonat, qonun-qoida, tartib-intizom degan narsalarni bilgan emas.
Agar mazkur omillarni o‘zida mujassam qilgan xalq ichidan oxirgi zamon payg‘ambari tanlab olinganida, odamlar «Bu xalq eskitdan hamma narsani bilib kelgan, bu dinni ham o‘zlari uylab, joriy qilishgan», deyishlari mumkin edi. Bu narsalardan xoli bo‘lgan arablardan o‘zlariga o‘xshagan ummiy shaxsning payg‘ambar bo‘lishi va u zotning rahbarliklarida qisqa muddatda butun dunyoni jaholat botqog‘idan Islom nuriga olib chiqilishi esa ilohiy mo‘jiza bo‘lar edi.
Arablarning sirtdan nuqson bo‘lib ko‘ringan mazkur sifatlari Alloh taoloning irodasi bilan Islom xizmati yo‘lida fazilatga aylandi, chunki mazkur omillar tufali ularning fikriga biror mafkura chuqur o‘rnashmagan edi. Bu esa arablarning butun vujudiga Islom ta’limotlarini tag-tubi ila o‘rnashib ketishiga yordam berardi. Ularni hech kimga bo‘ysunmaganlari Allohdan o‘zgaga ibodat qilmaslik ishida yordamchi bo‘lar, qolavsrsa, ana shunday johil xalqning qiska muddat ichida insoniyatga hidoyat mayog‘i bo‘lib qolishining o‘zi ilohiy mo‘jizaga aylanardi.
Alloh taolo Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallamning dunyoga kelishlari uchun dunyoning eng munosib o‘lkasi - Arabiston yarimorolini tanladi. Bu o‘lka qadimiy payg‘ambarlardan ko‘plariga vatan bo‘lgan o‘lka edi. Idris, Nuh, Hud, Solih, Ismoil alayhissalomlar mana shu o‘lkada yashab o‘tgan, Ibrohim alayhissalom mana shu o‘lkaga Baytullohni qurgan edilar. Muso alayhissalomga mana shu o‘lkaning Madyan nomli joyida payg‘ambarlik berilgan edi. Fir’avn va uning qavmining tazyiqiga uchragan yahudiylar mana shu o‘lkadan panoh topishgandi. Shuningdek, rumliklarning dushmanligiga duchor bo‘lgan nasroniylar ham mana shu o‘lkaning Najron nomli joyidan (Yaman bilan Hijoz oralig‘ida) panoh topishdi. Alloh taolo bu o‘lkaning tabiiy, jug‘rofiy va siyosiy holatlarini ana shunday ishlar uchun juda ham qulay qilib qo‘ygan edi.
Alloh taolo Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning dunyoga kelishlari uchun dunyoning eng afzal nuqtasi - Makkai mukarramani ixtiyor qildi. Avvalo, bu muqaddas shahar yer sharidagi quruqlikning qoq kindigida joylashgan edi. Dunyodagi eng oxirgi, eng mukammal, hamma zamon va makonlar, hamma xalqlar uchun ko‘zlangan shariatniig markazi aynan ana shunday joyda bo‘lishi matlub edi.
Eng muhimi, bu shaharning bag‘ridan payg‘ambarlarning otasi bo‘lmish Ibrohim alayhissalom o‘g‘illari Ismoil alayhissalomning yordamida Alloh taoloning amri ila qurgan Ka’bai muazzama joy olgan edi. O‘z navbatida, Baytullohni hamma arablar muqaddas hisoblashar edi. Ibrohim alayhissalomning davrlaridan buyon odamlar u yerga haj qilishardi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Islom dinini joriy qilish uchun bundan ko‘ra afzalrok makon bo‘lishi ham mumkin emas edi.
Zamonga keladigan bo‘lsak, Alloh taolo O‘zining cheksiz hikmati ila Islom iayg‘ambari Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning dunyoga kelishlari uchun eng munosib paytni ixtiyor qildi.
O‘sha payt butun dunyoga, barcha insoniyatga atalgan, barcha zamon va makonlarga salohiyati bor, barchaga qiyomatgacha ikki dunyoning baxtini ta’min eta oladigan din joriy qilinishining ayni zamoni edi.
Anchadan buyon samoviy din yuborilmayotgan, Alloh taolo tarafidan yuborilgan samoviy dinlarning barchasi odamlar tomonidan buzilib, o‘z kuchi va ta’sirini mutlaqo yo‘qotgan edi.
Butparastlikning ham sharmandasi chiqib, hech kim unga e’tibor bermay qo‘ygan edi. Unga faqat mutaassiblik uchungina ota-bobolardan qolgan meros sifatida qaralardi. Turli butparast xalqlarning rahbarlari o‘z imtiyozlarini saqlash uchun xalqlarni majburlab, butparastlikda ushlab turishardi.
Majusiylik hukm surgan Fors, Xuroson va ularga yaqin bo‘lgan o‘lkalarda hayotning barcha sohalarida beboshlik hukm surar, ularda podshoh va hukmdorlar xalqning qonini ichishar edi. Majusiylikning zardushtiylik, monaviylik (moniylik) va mazdakiylik oqimlari insonning inso niyligini yo‘qotishi uchun barcha sharoitlarni ta’minlab bergan edi. Ularda er kishining o‘z onasiga, singlisiga yoki qiziga uylanishi maqtovga sazovor ish hisoblanardi. Shuning uchun nasl-nasabdan asar ham qolmagan, bunday tuzum va ta’limotlarning insoniyatga biror ezgulik ato qilishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas edi.
O‘sha paytdagi keng tarqalgan ta’limotlardan biri – hinduiylikka kelsak, ahvol avvalgilardan ham battar edi. Bu ta’limotga binoan, kishilar turli tabaqalarga bo‘linardi. Bir tabaqa shoh boshqasi gado bo‘lib yashashi muqarrar edi. Ibodat borasida esa aql bovar qilmaydigan ishlar qilinardi. Hindistondagi ba’zi toifalar orasida hattoki erkak va ayol kishilarning jinsiy a’zolariga ibodat qilish yo‘lga qo‘yilgan edi. Bunday narsalar inson nima taqdim qila olishi mumkin?! Bunday narsalar insoniyat peshonasidagi or emasmi?!
Arabiston yarimorolidagi shirk va zulmu ahmoqgarchiliklar haqida gapirib o‘tirmasak ham bo‘ladi. Boshqalar qatori, bu yerda ham pastkashlik va razolat o‘zining eng avj nuqtasiga chiqqan, haromxo‘rlik, zinokorlik, aroqxo‘rlik, zo‘ravonlik, o‘g‘rilik, qaroqchilik va boshqa razilliklar keng tarqalgan edi.
Odamlar nimani ko‘rsalar, nimani topsalar – hayvon so‘yilganida oqqan qonmi, harom o‘lgan hayvonning go‘shtimi yoki undan ham battarroq narsami, zo‘r ishtaha bilan yer edilar.
Zinokorlik qilmagan odam ahmoq hisoblanar edi. Zinoning turli-tuman uslublari keng tarqalgan, er o‘z xotinini aslzoda hisoblangan boshqa bir erkakning oldiga olib borib: «Sizdan bolali bo‘lishi uchun xotinim bilan aloqa qiling», deb iltimos qilishi esa mardlik hisoblanar edi.
Aroqxo‘rlik faxrlanishga arzigulik ish edi. Mardlik va shijoati bilan nom qozongan biron kishi aroq ichib o‘tirganida, otasining o‘ldirilgani haqida xabar kelib qolsa, «Bugun xamr – ertaga amr», deb arog‘ini ichishda davom etaverardi.
Johiliyat davrida arablarning o‘z oilasida tug‘ilgan qiz bolani tiriklay ko‘mib yuborishi, bir qabilaning shu qabiladagi kampirning xasta tuyasini o‘ldirib qo‘ygan boshqa qabila ila yuz yil urush qilishi, o‘z «xudo»sini uyida unutib qoldirganda, to‘rvasidagi xurmo mevasini bir-biriga yopishtirib «xudo» yasab olishi va unga ibodat qilishi, qorni och- ganda esa o‘sha «xudo»ni yeb qo‘yishi oddiy bir holat edi.
Gapning qisqasini aytadigan bo‘lsak, milodiy VII asrning boshiga kelib dunyo jaholat botqog‘iga to‘la botgan, u shu botqoqdan chiqishga juda muhtoj edi.
Dunyo turli tuzum va dinlarning zulmati ichida qolgan bo‘lib, u mazkur zulmatlardan nurga chiqishga talpinardi.
Dunyo keng tarqalgan zulm va istibdoddan ingrab, adolat nash’asini surishga orziqardi.
Dunyo bandalarning bandalarga yoki o‘zlari qilib olgan soxta xudolarga ibodati bilan to‘lgandi. Mazkur holatdan qutulishning vaqti kelgan, barcha xalq, barcha ummat yagona Robbga ibodat qilishga juda-juda muhtoj edi.
MUHAMMAD SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING IMTIYOZLARI
Birinchi. Alloh subxanahu va taolo u zotni arablar ichidan tanlab oldi. Zotan, arab ummati o‘rtacha ummat edi. Alloh taolo u zotni Quraysh orasidan sayladi. Zotan, Quraysh arab qabilalarining eng afzali edi. Alloh taolo u zotning nasablari Quraysh qabilasining Banu Hoshim nomli eng sharafli urug‘idan bo‘lishini nasib etdi.
Ikkinchi. U zotning vatanlari o‘rtada joylashgan, bu vatan joylashgan yerdan hamma taraflarga da’vat otilib chiqishining imkoni bor edi.
Uchinchi. Alloh taolo bu zotning qiymati ulug‘ bo‘lishi uchun payg‘ambarlari oz bo‘lgan ummat ichidan tanlab oldi.
To‘rtinchi. Alloh taolo u zotni payg‘ambarlardan uzoqlashish davrida, insonlar u zotni kutib, tayyorgarlik ko‘rib, intizor bo‘lib turgan bir paytda yubordi.
Beshinchi. Alloh subhanahu va taolo O‘zining samoviy kitoblarida Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambar etib yuborilishlari to‘g‘risida xabar bergan.
Oltinchi. Alloh taolo u zotni sahroviy hayotdagi xalqning ichidan tanlab oldi. Zotan, ularning madaniyati va tamadduni buzilmagan edi.
Yettinchi. Alloh taolo u zotni o‘qish-yozish tarqalmagan xalq ichidan, falsafalar va turli ilmlarni bilmaydigan xalq ichidan tanlab oldi.
Sakkizinchi. Alloh taolo u zotning siyratlarini hamma bilishini, barcha tafsilotlari ochiq-oydin va ravshan bo‘lishini iroda qildi, toki u zot o‘zlaridan boshqalarga o‘rnak bo‘lsinlar.
Tuqqizinchi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning siyratlari jamlovchi xususiyatga ega bo‘lib, hayotning barcha sohalarini qamrab olgan.
O‘ninchi. U zotning siyratlari amaliy va voqeiy siyratdir. Barcha zamonlardagi va makonlardagi odamlar uni o‘z hayotlariga tatbiq qilish imkoniyatiga egadirlar.
Ana shunday bir paytda Alloh taoloning irodasi ila bir nur tug‘ildi. U zotning siyratlari – hayotlari barchaga o‘rnak bo‘ladigan bo‘ldi.
KЕYINGI MAVZULAR:
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilishlari va nasablari;
Emizdirilishlari;
Hazrati Ominaning vafotlari;
Bobolari Abdulmuttalib qaramog‘ida;
Amakilari Abu Tolib qaramog‘ida;
Fuzul bitimida ishtirok etishlari;
Xadiyjaga uylanishlari;
Makka ahlining diyonati;
Ka’bani qayta qurish;
Bismillahir Rohmanir Rohiym
- 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ
Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.
Nazmiy bayoni:
Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.
Lug‘atlar izohi:
لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.
دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.
تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.
بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.
وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.
قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.
يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.
Matn sharhi:
Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].
Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.
Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:
“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].
Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:
“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].
Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.
Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].
Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:
“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].
Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:
“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].
Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.
Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.
Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:
“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].
Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:
عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).
Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.
Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.
Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.
[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.
[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.
[3] Najm surasi, 39-oyat.
[4] Baqara surasi, 286-oyat.
[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.
[6] Muhammad surasi, 19-oyat.
[7] Hashr surasi, 10-oyat.
[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.
[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.
Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.
Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:
1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);
2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);
3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);
4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);
5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);
Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.