Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Yanvar, 2025   |   27 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:17
Quyosh
07:39
Peshin
12:41
Asr
15:52
Shom
17:36
Xufton
18:52
Bismillah
27 Yanvar, 2025, 27 Rajab, 1446

Qur’on ilmlari: QUR’ONI KARIM E’JOZI (davomi)

3.04.2020   4388   30 min.
Qur’on ilmlari: QUR’ONI KARIM E’JOZI (davomi)

QUR’ONNING ARABLARNI BЕLLASHUVGA CHORLASHI

Arablarning so‘zga chechan xalq ekanini avval aytib o‘tdik. Xususan, suhandonlikda yelkasi yerga tegmagan so‘ngsiz mubohasayu mushoaradan qaytmaydigan shoiru va’zxonlar o‘zlariga ro‘para keladigan raqibni yengish uchun doimo imkon va mahorat topganlar. Endi Qur’oni Karim ham ularga go‘yo bir raqibdek nozil bo‘ldi! Nega ular Qur’on suralaridan o‘tkazib, biror jumla tuza olmadilar? Nega endi ularning ijodiy salohiyati Qur’oni Karim chaqiriqlari oldida bu qadar ojizlik qilib qoldi? Nega shu paytgacha tilini bermay kelgan biror buzg‘unchi endi «Agar arablar istassha, Qur’onga tenglashadigan kitob yaratar edi», degan da’vo bilan bosh ko‘tarmadi? Nega shunday bo‘ldi?

Bu borada ham adolat Qur’on tarafida. Zero, Alloh dastavval arablardan Qur’on singari bir narsa ijod qilishni talab etib, ularni «bellashuvga chorladi».

Biz «bellashuvga chorlash» deya tarjima qilgan ibora arab tilida «tahaddiy» deyiladi. Bunda o‘z kuchiga o‘ta ishongan taraf hech narsadan qo‘rqmasdan, o‘zgalarni bellashuvga chorlaydi. O‘zida salgina ojizlik sezgan taraf albatta, bu ishni qila olmaydi, hech kimni ochiqchasiga bellashuvga chorlay olmaydi. Chunki yengilib qolib, sharmanda bo‘lishidan qo‘rqadi. Qur’oni Karim esa arablarni baralla bellashuvga chorladi. Ushbu chorlov bir necha bosqichda bo‘lib o‘tdi.

Birinchi bosqich:

Allox taolo Qosos surasida marhamat qiladi:

قُلۡ فَأۡتُواْ بِكِتَٰبٖ مِّنۡ عِندِ ٱللَّهِ هُوَ أَهۡدَىٰ مِنۡهُمَآ أَتَّبِعۡهُ إِن كُنتُمۡ صَٰدِقِينَ٤٩ فَإِن لَّمۡ يَسۡتَجِيبُواْ لَكَ فَٱعۡلَمۡ أَنَّمَا يَتَّبِعُونَ أَهۡوَآءَهُمۡۚ وَمَنۡ أَضَلُّ مِمَّنِ ٱتَّبَعَ هَوَىٰهُ بِغَيۡرِ هُدٗى مِّنَ ٱللَّهِۚ إِنَّ ٱللَّهَ لَا يَهۡدِي ٱلۡقَوۡمَ ٱلظَّٰلِمِينَ٥٠

«Agar rostgo‘ylardan bo‘lsangiz, Alloning huzuridan u ikkisidan ko‘ra to‘g‘riroq bir kitob keltiring, men unga ergashaman», degin. Agar senga javob bera olmasalar, bas, bilginki, ular faqat havoyi nafslariga ergashmoqdalar, xolos. Allohdan bo‘lgan hidoyatsiz, o‘z havoyi nafsiga ergashgandan ko‘ra ham adashganroq kimsa bormi?! Albatta, Alloh zolim qavmlarni hidoyat qilmas» (49-50-oyatlar).

Ushbu oyat Qur’oni Karimdan qirq yettita sura nozil bo‘lgan vaqtda tushgan. Uni eshitgan arablar Qur’onga bas keladigan kitob yaratish taraddudiga tushganlar, bi­roq harchand urinmasinlar, buning uddasidan chiqolmaganlar.

Qur’oni Karimning Isro surasida ayni shu holat alohida ta’kidlangan, ya’ni odamlar hatto jinlar bilan birlashgan taqdirda ham, Qur’onga bas keladigan kitob yarata olmasliklari bayon qilingan.

قُل لَّئِنِ ٱجۡتَمَعَتِ ٱلۡإِنسُ وَٱلۡجِنُّ عَلَىٰٓ أَن يَأۡتُواْ بِمِثۡلِ هَٰذَا ٱلۡقُرۡءَانِ لَا يَأۡتُونَ بِمِثۡلِهِۦ وَلَوۡ كَانَ بَعۡضُهُمۡ لِبَعۡضٖ ظَهِيرٗا٨٨

«Agar insu jinlar tuplanib, ushbu Kuronga uxshash narsa keltirmokchi bulsalar, bunda ba’zilarn ba’zi- lariga yordamchi bulsalar xam, unga uxshashini keltira olmaslar», deb ayt» (88-oyat).

Birinchi bosqichdagi tahaddiy – bellashuvga chorlash borasida Tur surasining quyidagi ikki oyati ham alohida ma’no kasb etadi:

أَمۡ يَقُولُونَ تَقَوَّلَهُۥۚ بَل لَّا يُؤۡمِنُونَ٣٣ فَلۡيَأۡتُواْ بِحَدِيثٖ مِّثۡلِهِۦٓ إِن كَانُواْ صَٰدِقِينَ٣٤

«Yoki «U (Qur’on)ni o‘zi to‘qidi», derlar? Yo‘q, ular iymon keltirmaslar. Agar rostgo‘y bo‘lsalar, unga o‘xshash so‘zni keltirsinlar-chi!» (33-34-oyatlar).

Ya’ni mushriklar vahiyga ishonmayotgan, «Qur’onni Muhammadning o‘zi to‘qiyapti», deyayotgan ekanlar, unda o‘zlari ham Qur’onga o‘xshash matn ijod qilsinlar-chi! Nimaga, deganda, bir odamning qo‘lidan kelgan ishni boshqa odam ham qila oladi. Ayniqsa, arablar dunyoda so‘z ustasi sifatida nom chiqarganlar. Insonda o‘ziga nisbatan ishonch kuchli bo‘lmasa, o‘zgalarni lol qoldiruvchi taklifni qila olmaydi, sharmanda bo‘lishdan qo‘rqadi. Din dushmanlari o‘z da’volarini isbot qilish maqsadida juda ko‘p uringanlar. Qo‘llaridan kelgan hamma imkoniyatlarni ishga solishgan, lekin ilojini qila olmaganlar.

Ikkinchi bosqich:

Hech kim Qur’oni Karimga o‘xshash to‘liq kitob keltirishga yaramaganidan so‘ng, ikkinchi bosqichda qarshi tarafdan hech bo‘lmaganda o‘nta sura keltirish talab qilinadi.

Alloh taolo Hud surasida marhamat qiladi:

أَمۡ يَقُولُونَ ٱفۡتَرَىٰهُۖ قُلۡ فَأۡتُواْ بِعَشۡرِ سُوَرٖ مِّثۡلِهِۦ مُفۡتَرَيَٰتٖ وَٱدۡعُواْ مَنِ ٱسۡتَطَعۡتُم مِّن دُونِ ٱللَّهِ إِن كُنتُمۡ صَٰدِقِينَ١٣ فَإِلَّمۡ يَسۡتَجِيبُواْ لَكُمۡ فَٱعۡلَمُوٓاْ أَنَّمَآ أُنزِلَ بِعِلۡمِ ٱللَّهِ وَأَن لَّآ إِلَٰهَ إِلَّا هُوَۖ فَهَلۡ أَنتُم مُّسۡلِمُونَ١٤

«Yoki «O‘zi to‘qib olgan», derlarmi? «Agar rostgo‘y bo‘lsangiz, unga o‘xshash o‘nta to‘kilgan sura keltiring va Allohdan boshqa kuchingiz yetganki kishini chaqiring», deb ayt. Agar javob bera olmasalar, bas, bilingki, u faqatgina Allohning ilmi ila nozil qilingandir. Undan o‘zga biron iloh yo‘q. Endi musulmon bo‘larsizlar?!» (13-14-oyatlar).

Tabiiyki, shubha-gumon egalari Qur’oni Karimning bu sharti oldida ham ojiz ekanliklariga o‘zlari amin bo‘ldilar. Ular bu bosqichdagi tahaddiy – bellashuvga chorlashga ham javob bera olmadilar.

Uchinchi bosqich:

Qur’oni Karimga o‘xshash to‘liq kitob keltirishdan, hech bo‘lmasa uning suralariga o‘xshash o‘nta sura keltirishdan ojiz bo‘lgan qarshi tarafga yana yengillik yaratilib, faqatgina bir dona sura keltirish taklif qilindi.

Ha, uchinchi bosqichda Qur’oni Karim ulardan bitta sura keltirishni talab kildi. Alloh taolo bu xaqda Baqara surasida shunday deydi:

وَإِن كُنتُمۡ فِي رَيۡبٖ مِّمَّا نَزَّلۡنَا عَلَىٰ عَبۡدِنَا فَأۡتُواْ بِسُورَةٖ مِّن مِّثۡلِهِۦ وَٱدۡعُواْ شُهَدَآءَكُم مِّن دُونِ ٱللَّهِ إِن كُنتُمۡ صَٰدِقِينَ٢٣ فَإِن لَّمۡ تَفۡعَلُواْ وَلَن تَفۡعَلُواْ فَٱتَّقُواْ ٱلنَّارَ ٱلَّتِي وَقُودُهَا ٱلنَّاسُ وَٱلۡحِجَارَةُۖ أُعِدَّتۡ لِلۡكَٰفِرِينَ٢٤

«Va agar bandamizga nozil qilgan narsamizdan shubhada bo‘lsangiz, unga o‘xshash bir sura keltiring va Allohdan o‘zga guvohlaringizni chaqiring, agar rostgo‘ylar bo‘lsangiz. Bas, agar qila olmasanglar – hech qachon qila olmaysizlar ham – yoqilg‘isi odamlar va tosh bo‘lgan, kofirlar uchun tayyorlangan olovdan qo‘rqinglar» (23-24-oyatlar).

Bunday so‘zlarni odamlarga qarata baralla aytishga yolg‘iz Allohgina qodir! O‘z bandalarining ijodiy salohiyatini bilgan Allohgina shunday qarorga kelgan va uni baralla e’lon qilgan.

Mana, Qur’oni Karim nozil bo‘lganidan buyon necha asrlar ortda qoldi, bu foniy dunyodan ne-ne ulamoyu fuzalolar, shoiri davronlar yashab o‘tmadi, lekin bironta inson farzandi Qur’oni Karim oyatlarining ohorini to‘kadigan so‘z ijod qilolmadi, aksincha, Qur’on mo‘jizalari tan olinaverdi.

 

QUR’ONI KARIMNING BAYONIY E’JOZI

Qur’oni Karimning asosiy e’jozi, ya’ni ojiz qoldirishi uning bayoni – jumla va so‘z tizimidir. Qur’oni Karimning har bir so‘zi, har bir oyati, har bir surasi ham lafz jihatidan, ham ma’no jihatidan, ham ahkomu axbor jihatidan kishilarni ojiz qoldiruvchidir. Ya’ni insonlar har qancha urinsalar ham, unga o‘xshash narsani ijod qila olmaydilar.

Qur’oni Karimning har bir oyati – mo‘jiza, ibrat, ajoyib ish, belgi-alomat, harf va so‘zlar to‘plami – Alloh taoloning qudratiga dalildir.

Dastlab Qur’onning balog‘at, fasohat va tildagi mo‘jizasiga e’tibor berildi, odamlar uning oldida ojiz qolib, iymonga keldilar. Arab tili ulamolari xoh nahv ilmi, xoh sarf ilmi, xoh bayon ilmi, xoh badi’ ilmi bo‘yicha mutaxassis bo‘lsinlar, kim bo‘lishlaridan qat’i nazar, Qur’oni Karimdan to‘ymaydilar. Chunki Qur’oni Karim arab tilining mo‘jizasidir. Uning til ustalari Qur’oni Karim huzurida ojizdirlar. Shuning uchun ham arab tili olimlari Qur’oni Karimga doimiy ravishda til jihatidan ham muhtojlar, doimo unga murojaat qiladilar va hech qachon unga to‘ymaydilar.

Qur’onni tadabbur qilgan har bir kishi undagi ma’nolarga, hidoyatga, hikmatlarga, balog‘at va fasohatga mahliyo bo‘lib qoladi. Misollar keltiraylik.

  1. Alloh taolo Qosos surasida marhamat qiladi:

وَأَوۡحَيۡنَآ إِلَىٰٓ أُمِّ مُوسَىٰٓ أَنۡ أَرۡضِعِيهِۖ فَإِذَا خِفۡتِ عَلَيۡهِ فَأَلۡقِيهِ فِي ٱلۡيَمِّ وَلَا تَخَافِي وَلَا تَحۡزَنِيٓۖ إِنَّا رَآدُّوهُ إِلَيۡكِ وَجَاعِلُوهُ مِنَ ٱلۡمُرۡسَلِينَ٧

«Va Musoning onasiga: «Uni emizaver. Bas, qo‘rqqan chog‘ingda uni daryoga tashla, qo‘rqma, mahzun bo‘lma, Biz, albatta, uni senga qaytaruvchimiz va uni rasullardan qiluvchimiz», deb vahiy qildik» (7-oyat).

Arab tilshunos olimlari bu oyati karimani Qur’oni Karimning yuksak darajadagi balog‘at va fasohatiga misol sifatida keltiradilar. Alloh taolo birgina oyatda:

ikki buyruq – «emizaver» va «daryoga tashla»;

ikki qaytariq – «qo‘rqma» va «mahzun bo‘lma»;

ikki bashorat – «uni senga qaytaruvchimiz» va «ra­sullardan qiluvchimiz» juftliklarini ishlatgandir.

  • Alloh taolo Hujurot surasida marhamat qiladi:

إِنَّمَا ٱلۡمُؤۡمِنُونَ إِخۡوَةٞ فَأَصۡلِحُواْ بَيۡنَ أَخَوَيۡكُمۡۚ وَٱتَّقُواْ ٱللَّهَ لَعَلَّكُمۡ تُرۡحَمُونَ١٠

«Albatta, mo‘minlar birodardirlar, bas, ikki birodaringizning o‘rtasini isloh qiling...» (10-oyat).

Oyati karimada «birodar» deb tarjima qilingan so‘z arab tilida birlikda «axun» kalimasi bilan ifoda qilinib, ikki xil ma’noda ishlatiladi.

Birinchisi – aka yoki uka, ya’ni tug‘ishgan birodar ma’nosida.

Ikkinchisi – do‘st, og‘ayni, ya’ni tutingan birodar ma’nosida.

Ammo xuddi shu so‘zning o‘zi ko‘plik siyg‘asida kelganda, ma’nosiga qarab ikki xil shaklda keladi:

Birinchisi – «ixvatun» bo‘lib, «tug‘ishgan birodarlar» degan ma’noni anglatadi.

Ikkinchisi – «ixvanun» bo‘lib, «do‘stlashgan birodar­lar» degan ma’noni anglatadi.

Qur’oni Karimning mo‘jizaligini qarangki, mo‘minlarning birodarligi haqida so‘z ketganda, tug‘ishgan birodarlar ma’nosidagi «ixvatun» so‘zi ishlatilgan va bu bilan mo‘minlar xuddi tug‘ishgan aka-ukalardek ekani ta’kidlangan.

  • Alloh taolo Tur surasida marhamat qiladi:

 

فَوَيۡلٞ يَوۡمَئِذٖ لِّلۡمُكَذِّبِينَ١١

«Bas, o‘sha Kunda yolg‘onga chiqaruvchilarga vayl bo‘lsin!» (11-oyat).

Qur’oni Karimda ishlatilgan iboralarda ham bitmas-tuganmas mo‘jizalar yashirindir. Ushbu oyatda kelgan «yolg‘onga chiqaruvchilar» iborasi umumiy bo‘lib, tushunish esa xohlagancha bo‘laveradi. Shuning uchun ham tafsirchilarimiz «yolg‘onga chiqaruvchilar» iborasidan kelib chiqadigan «Nimani?» so‘rog‘iga «Qur’onni», «Payg‘ambarni», «Qiyomatni», «O‘lgandan so‘ng tirilishni» kabi javoblarni berganlar. Aslida hammasi ham to‘g‘ri.

Shuningdek, «vayl» so‘zi ham gohida «halokat», gohida «do‘zax» ma’nosida ishlatiladi va ikkalasi ham bu oyatga mosdir.

  • Alloh taolo Layl surasida marhamat qiladi:

فَأَمَّا مَنۡ أَعۡطَىٰ وَٱتَّقَىٰ٥ وَصَدَّقَ بِٱلۡحُسۡنَىٰ٦

«Ammo kimki ato etsa va taqvo qilsa... va go‘zalni tasdiq qilsa...» (5-6-oyatlar).

Ushbu oyati karimadagi «go‘zalni» lafzi turlicha ta’vil qilinadi: «go‘zal so‘z», ya’ni «Laa ilaaha illalloh»; «go‘zal millat», ya’ni Islom millati; «go‘zal oqibat», ya’ni jannat. Xuddi shunday so‘z tartibi va uslubning ishlatilishi Qur’oni Karimning mo‘jizasidir. Agar ushbu oyatni ta’villarida kelgan ma’nolardan biriga bog‘lab qo‘yilganda, uning ma’nosi tor bo‘lib qolar edi. Ammo «go‘zal» degan sifatni zikr qilib, uning mavsufini – sifatlanmishini zikr qilmaslik oyatdan juda keng ma’no ifodalanishiga sabab bo‘lgan. Demak, kim xayru sadaqa qilgan, taqvo qilgan hamda go‘zal kalimani, millatni va oqibatni tasdiqlagan bo‘lsa...

فَسَنُيَسِّرُهُۥ لِلۡيُسۡرَىٰ٧

«...bas, Biz uni osonga muyassar qilamiz» (7-oyat).

O‘tgan oyatdagi «go‘zal» so‘zi haqida aytgan gaplarni ushbu oyatdagi «oson» so‘zi haqida ham aytishimiz mumkin. Ya’ni kim molu dunyosidan sadaqa qilsa, taqvo qilsa, go‘zal kali­ma, millat va oqibatni tasdiq qilsa, Biz uni oson yo‘lga, dinga, amalga va oqibatga muyassar qilamiz. Oson yo‘l – hidoyat yo‘li, bu yo‘lda hech qanday qiyinchilik yo‘k. Oson din – Islom dini, bu dinning aqiydasida ham, ibodatlarida ham hech bir qiyinchilik yo‘q. Oson oqibat – jannat, unda hamma narsa osonlikdan iborat.

  • Alloh taolo Baqara surasida shunday deydi:

وَإِذۡ جَعَلۡنَا ٱلۡبَيۡتَ مَثَابَةٗ لِّلنَّاسِ وَأَمۡنٗا

«Esla, vaqtiki, Baytni odamlar uchun «masaba» va omonlik joyi qildik...» (125-oyat)

Oyatdagi «masaba» so‘zi Qur’oni Karimning mo‘jizaligiga, hamda arab tilining qanchalik boy til ekaniga dalolat qiladi. Tilimizdan bu so‘zning aynan ma’nosini ifoda etadigan so‘zni topa olmay, uning o‘zini yozib qo‘ydik. «Masaba» «odamlar qayta-qayta kelib, to‘ymaydigan joy» deganidir. Ka’batullohga necha bor kelsa ham, odam har gal to‘ymay qolaverishi, yana kelgisi kelaverishi ham shu oyati karimaning sharofati bilan bo‘lsa kerak. Alloh bu yerni omonlik yurti ham qilib qo‘ygan, kim bu yerga kelsa, omon bo‘ladi.

Bunga o‘xshash bayoniy mo‘jizalar haqida jild-jild kitoblar bitilgan va bitilmoqda. Biz esa ba’zi juda ham sodda misollarni keltirdik, xolos.

 

QUR’ONI KARIMNING ILMIY E’JOZI

Qur’on kishilarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun nozil qilingan Kitob bo‘lib, uning vazifasi koinot, mavjudot va ilmiy masalalarda so‘z yuritish emas. Lekin shu bilan birga, Qur’onda ba’zi bir ilmiy so‘zlar kelganki, ular Qur’onning ilohiy mo‘jizakor Kitob ekaniga katta dalil bo‘ladi.

Ma’lumki, Muhammad alayhissalom Makkada o‘sgan, o‘qish-yozishni o‘rganmagan bir odam edilar. U yerda ilm-ma’rifat, Madrasa yoki ilmiy muassasa degan narsa aslo bo‘lmagan. Bu esa Nabiy alayhissalom ilmiy masalalardan mutlaqo bexabar edilar, deganidir. Lekin shunga qaramay, Qur’onda shunday ilmiy masalalar zikr qilinganki, ularning sirini o‘sha vaqtda ham, undan keyingi vaqtlarda ham hech kim bilmagan. Faqat ilm-fan nihoyatda taraqqiy etgan bizning davrimizga kelib, u narsalar ayon bo‘ldi.

Hozirda «Qur’on va sunnatdagi ilmiy mo‘jizalar» degan nom bilan ataluvchi xalqaro tashkilotlar, ilmiy nashrlar bor. Tib ilmidagilar Qur’oni Karimning tibbiy mo‘jizalarini, kimyo olimlari – kimyoviy, tarixchilar – tarixiy, fiziklar – fizik, munajjimlar – fazoviy va hokazo har bir ilm sohibi o‘z ilmi doirasida Qur’on mo‘jizasini topgan va tan bergan. G‘arbning necha-necha zabardast olimlari shu tufayli Islomni qabul qilganlar va hanuz qabul qilmoqdalar.

Ba’zi misollarni keltirib o‘tishga ijozat bergaysiz.

  1. Alloh taolo Anbiyo surasida shunday deydi:

أَوَ لَمۡ يَرَ ٱلَّذِينَ كَفَرُوٓاْ أَنَّ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضَ كَانَتَا رَتۡقٗا فَفَتَقۡنَٰهُمَاۖ وَجَعَلۡنَا مِنَ ٱلۡمَآءِ كُلَّ شَيۡءٍ حَيٍّۚ أَفَلَا يُؤۡمِنُونَ٣٠

«Kufr keltirganlar osmonlaru yer bitishgan bo‘lganini, bas, ularni ochganimizni va suvdan xar bir tirik narsani qilganimizni bilmaydilarmi? Iymon keltirmaydilarmi?» (30-oyat).

Bu oyatda aytilishicha, osmonlaru yer aslida bir narsa bo‘lib, so‘ngra bir-biridan ajralgan. Ushbu oyat Qur’onning mo‘jizalaridan biri ekanini hozirgi zamon ilmi ham tasdiqladi.

Olimlarning aytishlaricha, butun borliq bir gazdan iborat bo‘lib, keyin bo‘laklarga bo‘lingan. Quyosh galaktikasiga kiruvchi olam ham shu bo‘linishdan kelib chiqqan. Buning dalili sifatida ulamolar aytadilarki, yerda tuqson ikki xil turli moddalar bo‘lib, shundan oltmish yettitasi quyoshda ham bor ekan. Quyoshdagi ko‘p uchraydigan moddalar, masalan, azot, fosfor, temir, karbon va boshqalar yerda ham uchrar ekan.

Yana ulamolar oy jinslarini olib, o‘rganib ko‘rganlaridan so‘ng, oyda ham yerdagi moddalar borligi ma’lum bo‘ldi. Bularning hammasi shuni ko‘rsatib turibdiki, Qur’onda aytilganidek, olamdagi barcha narsalarning asli bir ekan.

Endi oyatning «va suvdan har bir tirik narsani qilgani­mizni» degan qismiga kelsak, bu – ulamolar sirini ochgan ilmiy haqiqatlardan eng kattasidir, desak mubolag‘a bo‘lmas. Hayot va o‘sish uchun zarur bo‘lgan barcha kimyoviy o‘zgarishlar, albatta, suvsiz bo‘lmaydi. Suv xayotning davom etishi, barcha koinot va nabototning yashashi uchun asosiy narsadir.

Yer yuzasining to‘rtdan uch qismi suv bilan o‘ralgan. Suvning xususiyatlaridan biri – yer yuzidagi haroratning bir xil saqlanib turishini ta’minlashdir. Agar shunday bo‘lmaganda, yer yuzida hayot bo‘lishi gumon edi. Suvning xususiyatlari juda ko‘p bo‘lib, ularning har biri Alloh taolo suvni O‘z maxluqlariga zarur narsa qilib yarattanligiga dalildir.

Suv muzlaganda zichligi kamayib, hajmi katta bo‘ladigan yagona moddadir. Suvda yashaydigan hayvonlar uchun ushbu xususiyatning ahamiyati nihoyatda katta. Shu xususiyat sababidan sovuq qattiq bo‘lganda, muz suvning ustiga ko‘tariladi. Boshqa modda bo‘lsa, pastga ketishi kerak edi. Muz suv hay- vonlari uchun zaruriy narsadir. Past darajali haroratda suv o‘ziga kislorodni ko‘p miqdorda tortadi. Muzlagan suvdan esa harorat ajralib chiqib, daryo va dengizlarda yashovchi suv hayvonlarining hayotini saqlashda g‘oyat qo‘l keladi.

Qur’onning hikmatini qarangki, ozgina so‘zlar bilan yer yuzidagi hayotning cheksiz sirlarini bayon qildi. Faqat mana shu oyatning o‘ziyoq Muhammad alayhissalomning xaqiqiy Payg‘ambar, Qur’onning haqiqiy ilohiy Kitob ekaniga yetarli dalildir.

  • Alloh taolo Fussilat surasida shunday deb marhamat qiladi:

۞قُلۡ أَئِنَّكُمۡ لَتَكۡفُرُونَ بِٱلَّذِي خَلَقَ ٱلۡأَرۡضَ فِي يَوۡمَيۡنِ وَتَجۡعَلُونَ لَهُۥٓ أَندَادٗاۚ ذَٰلِكَ رَبُّ ٱلۡعَٰلَمِينَ٩ وَجَعَلَ فِيهَا رَوَٰسِيَ مِن فَوۡقِهَا وَبَٰرَكَ فِيهَا وَقَدَّرَ فِيهَآ أَقۡوَٰتَهَا فِيٓ أَرۡبَعَةِ أَيَّامٖ سَوَآءٗ لِّلسَّآئِلِينَ١٠ ثُمَّ ٱسۡتَوَىٰٓ إِلَى ٱلسَّمَآءِ وَهِيَ دُخَانٞ فَقَالَ لَهَا وَلِلۡأَرۡضِ ٱئۡتِيَا طَوۡعًا أَوۡ كَرۡهٗا قَالَتَآ أَتَيۡنَا طَآئِعِينَ١١

«Sen ayt: «Sizlar haqiqatan ham, yerni ikki kunda yaratgan Zotga kufr keltiryapsizmi va Unga tengdoshlar qilyapsizmi?! Axir bu olamlarning Robbi-ku! U Zot o‘sha(yer)ning ustida barqaror tog‘larni qildi, uni barakotli qildi va uning (ahli) rizqini to‘rt kunda o‘lchovli etib taqdir qildi. Bu so‘rovchilar uchundir». So‘ngra tutun holidagi osmonga istivo qilib, unga va yerga: «Ikkovingiz ixtiyor qilgan holingizda yoki majbur bo‘lgan holingizda keling!» dedi. Ikkovlari: «Ixtiyor qilgan holimizda keldik», dedilar» (9-11-oyatlar).

Qur’oni Karimning mana shu oyatidan dunyo yaratilayotgan vaqtda osmon tutundan iborat bo‘lganligi bilinib turibdi. Hozirgi ulamolar dunyoning yaralishi haqida turli fikrlarni ilgari surganlar. Jumladan, astronom olim Jeyms Jins (James Hopwood Jeans) aytadi:

«Borliq yaralishidan avval undagi moddalar gazdan ibo­rat bo‘lgan va shu gazlarning o‘zaro birikishi natijasida sayyoralar kelib chiqqan».

Doktor Jammu esa:

«Dunyo vujudga kelayotgan vaqtda u tartibli tarqoq gaz­dan iborat bo‘lgan. Uning qalinligi va haroratini tasavvur qilib bo‘lmaydi va shu gazda turli moddalarning aralashuvi natijasida atom parchalanishi vujudga keldi. Mana shu haddan tashqari issiq gazga qattiq bosimning ta’siri natijasida borliq vujudga kela boshladi. Issiq harorat pasaydi, gazlarning harakatlanishi natijasida bulutlar vujudga kelib, ular yulduz va boshqa sayyoralar sifatida shakllandi», deydi.

Qur’oni Karimda borlikning yaratilishi tutundan bo‘l­gan, deyiladi. O‘sha vaktdagi arablarga mana shu so‘z (ya’ni tutun) tanish bo‘lgan. Bizga zamondosh olimlar esa tutunni «gaz» deb ataganlar, xolos. Mohiyat bitta!

Demak, yana savol tug‘iladi: ilm darslarida bo‘lmagan, savod darsi ham olmagan Muhammad sollallohu alayhi vasallam inson zoti anglab yetmagan haqiqatni qayerdan olib aytganlar? Shuning o‘zi ham Payg‘ambarimizga nozil bo‘l­gan oyat Allohning so‘zi ekanining isboti emasmi?

  1. Alloh taolo Nur surasida marhamat qiladi:

أَوۡ كَظُلُمَٰتٖ فِي بَحۡرٖ لُّجِّيّٖ يَغۡشَىٰهُ مَوۡجٞ مِّن فَوۡقِهِۦ مَوۡجٞ مِّن فَوۡقِهِۦ سَحَابٞۚ ظُلُمَٰتُۢ بَعۡضُهَا فَوۡقَ بَعۡضٍ إِذَآ أَخۡرَجَ يَدَهُۥ لَمۡ يَكَدۡ يَرَىٰهَاۗ وَمَن لَّمۡ يَجۡعَلِ ٱللَّهُ لَهُۥ نُورٗا فَمَا لَهُۥ مِن نُّورٍ٤٠

«Yoki xuddi qa’rsiz dengizdagi zulmatlarga o‘xshar. Uning ustidan mavj qoplagandir, u(mavj)ning ham ustidan mavj va uni esa bulut (qoplagandir). Bir-birining ustidagi zulmatlardir. U qo‘lini chiqarsa, ko‘ra olmas. Kimgaki Alloh nur bermasa, uning uchun nur bo‘lmas» (40-oyat).

Mazkur oyat to‘lqinlarning ostki va ustkiga bo‘linishiga dalolat qiladi. Bu haqda Reychel Karson[1] ismli dengizshunos olima o‘zining «Atrofimizdagi olam» nomli kitobida shunday deydi:

«Okeandagi to‘lqinlarning eng kuchlisi va xavflisi ko‘rinmaydigani, dengiz qa’rida bo‘ladiganidir».

Ko‘p yillardan buyon Shimoliy dengizga safar qiladigan kemalar yo‘lni juda qiyinchilik bilan bosib o‘tar edi. Endi ma’lum bo‘lishicha, bunga ana shu ostki to‘lqin qarshilik qilar ekan.

1900 yilning boshlarida skandinaviyalik dengizchilar kishilar e’tiborini dengizning ostida ham tulkin borligiga tortdilar. Hozirgi kunda ularning qayerdan kelib chiqishi noma’lum bo‘lsa-da, borligi va keng tarqalganligi, o‘sha to‘lqinlar gohida suvosti kemalarini yo‘ldan surib yuborishi hammaga ayon.

Qur’on oyati esa bu narsalarni necha asrlar ilgari aytib o‘tgan. Yana shuni ta’kidlash lozimki, Qur’on nozil bo‘lgan joy – Muhammad alayhissalom tug‘ilib-o‘sgan joylarda bunday voqealar yuz bermaydi. Chunki u yerda okean va ulkan dengizlar yo‘q, umuman, dengizchilik to‘g‘risida tasavvur ham bo‘lmagan.

  • Alloh taolo Mu’minun surasida shunday deb marhamat qiladi:

وَلَقَدۡ خَلَقۡنَا ٱلۡإِنسَٰنَ مِن سُلَٰلَةٖ مِّن طِينٖ١٢ ثُمَّ جَعَلۡنَٰهُ نُطۡفَةٗ فِي قَرَارٖ مَّكِينٖ١٣ ثُمَّ خَلَقۡنَا ٱلنُّطۡفَةَ عَلَقَةٗ فَخَلَقۡنَا ٱلۡعَلَقَةَ مُضۡغَةٗ فَخَلَقۡنَا ٱلۡمُضۡغَةَ عِظَٰمٗا فَكَسَوۡنَا ٱلۡعِظَٰمَ لَحۡمٗا ثُمَّ أَنشَأۡنَٰهُ خَلۡقًا ءَاخَرَۚ

«Batahqiq, insonni loy sulolasidan yaratdik. So‘ngra uni mustahkam qarorgohda nutfa qildik. So‘ngra nutfadan alaqa yaratdik, alaqadan chaynalgan go‘sht yaratdik, chaynalgan parcha go‘shtdan suyak yaratdik, bas, suyakka go‘sht qopladik, so‘ngra uni boshqa bir jonzot etib paydo qildik» (12-14-oyatlar).

Ushbu oyatlarni chuqurroq o‘rgangan odam undagi gaplar oddiy emas, ilmiy ma’lumotlar ekanini, bu ma’lumotlar insonning tuproqdan yaratilganligiga ishora ekanini bilib olishi qiyin emas. Ham erkak, ham ayoldagi urug‘liklardan bola paydo bo‘ladi. Tabiiyki, urug‘lik yeyilgan ovqatlardan vujudga keladi. Yegulik ozuqalar esa tuproqdan chiqqan.

Urug‘lik erkak kishidan chiqib, ayol kishiga o‘tadigan tirik hujayralardir. Bu hujayralar urg‘ochi hujayralar bilan qo‘shilish uchun harakatga tushadi va nihoyat, ulardan biri urg‘ochi hujayraning tuxumini yorib kirib, unga aralashib ketadi. Natijada onaning qornida bola paydo bo‘ladi.

Alloh subhanahu va taolo ushbu oyatda keyin o‘sha urug‘likni «alaqa»ga aylantirishi haqida xabar bermokda. Erning maniysi ayolning tuxumchalaridan biriga yetib borib, urchiganidan so‘ng ikkovlari birlashib, aralashadi va bachadonga yopishib, homila paydo bo‘ladi. U esa zulukka o‘xshash bo‘ladi. Oyatdagi «alaqa»dan murod shu.

«Alaqa» so‘zini bizning tilimizga tarjima qiladigan bo‘lsak, «zuluk» degan ma’noni anglatadi. Ha, hammamizga ma’lum chuvalchangga o‘xshash, qon sqrdirish uchun tibbiy maqsadlarda ham ishlatiladigan zuluk nomli hayvonni arablar alaqa deydilar. Arab tilida «alaq» o‘zagi «yopi­shib», «osilib olish» ma’nosini anglatadi. Zuluk ham tekkan joyiga yopishib – osilib olgani uchun «alaq» nomini olgan. Ammo barcha qadimgi tafsirchilarimiz oyatdagi «alaq» so‘ziga «qotib qolgan, laxta qon» ma’nosini berganlar. Chunki onaning bachadonida zuluk bo‘lishi mumkin emas. Balki erkakning maniysi ayolning tuxumchalari ila urchishi oqibatida laxta qon paydo bo‘ladi, ana o‘sha homilaning birinchi bosqichi bo‘ladi. Xuddi mana shu tushuncha yuzasidan hamma ulamolar «alaq»ni «qotgan qon», «laxta qon» deb tafsir qilganlar.

Lekin Qur’oni Karim oldida barcha insoniyat o‘zining chegaralangan ilmi ila ojizdir. Ilm-fan rivojlanishi bilan Qur’on ma’nolari ham yangidan-yangi ma’lumotlar bilan namoyon bo‘lib boraveradi. Jumladan, homila to‘g‘risidagi ilm ham rivojlandi. O‘ta murakkab asboblar ila tekshirishlar o‘tkazilgandan so‘ng, homila ilmi bo‘yicha eng oliy xalkaro mukofotlarni olgan g‘arblik olimlar maniydagi hujayralarning (spermatozoidlarning) zuluk­ka o‘xshashini kashf etdilar. Eng ajablanarlisi, erkak­ning urug‘i ayolning tuxumchalariga urchishi orqali paydo bo‘lgan homila ham o‘zining ma’lum bosqichida xuddi zuluk kabi bo‘lar ekan. Buning suratlari ham nashr etildi. O‘sha alaq – zuluk ayolning bachadoniga yopishib olib, o‘ziga ozuqani so‘rib, rivojlanib borar ekan. Qur’oni Karimning ushbu ilmiy mo‘jizasiga barcha g‘arblik olimlar ham tan berdilar. Ilmiy anjumanlarda, o‘z kitob va maqolalarida buni qayta-qayta ta’kidladilar.

Chunonchi, kanadalik olim Keys Mur «Inson yaratilishining bosqichlari» deb atalgan kitobida Qur’onning ilohiy Kitob ekanini e’tirof qilgan holda, quyidagilarni yozadi:

«O‘rta asrlarda ilmning taraqqiy etishi juda ham sekin borar edi. O‘sha paytlarda homila haqidagi ilmdan juda ham oz narsa bor edi, xolos. Ammo musulmonlarning muqaddas Kitobi bo‘lgan Qur’oni Karimda inson erkak va ayoldan chikadigan suyuqliklardan yaratilishi tug‘risida bahs ketgan. Shuningdek, inson maniy deb atalgan nutfadan yaratilishi tug‘risida ham so‘z yuritilgan. O‘sha nutfa ayol kishining bachadonida qaror topishi, xuddi uruqqa o‘xshab qolishi, olti kundan keyin urchishi hakidagi gaplarning Qur’oni Karimda aytilishi ulug‘ bir narsadir. O‘sha tushgan urug‘lik – maniy asta-sekin rivojlanib, bir parcha qonga aylanadi. Qotib qolgan qonga o‘xshab qoladi. U «alaq» deyiladi. Ana shu tuxumdonda urchigan narsa ko‘pchiy boshlaydi va kattarib borib, zulukni eslatadigan bir shaklga kiradi. Biz ana shuni ko‘rib, shakllarini chizib qo‘ygan edik. O‘sha zuluk deb atalayotgan hayvon homilaning Qur’onda «zuluk» deb atalgan holiga solishtirib ko‘riladigan bo‘lsa, orada hech qanday farq sezilmaydi. Shuningdek, Qur’oni Karimda homilaning boshqa vasflari ham – hammasi bayon qilib berilgan...».

Bu esa urchishdan keyin paydo bo‘ladigan bir holat bo‘lib, ma’lum muddatdan keyin alaqa muzg‘aga aylanadi. Shu vaqtdan boshlab, embrion shakllana boshlaydi. Unda suyak paydo bo‘lib, suyak atrofida go‘sht paydo bo‘ladi. Oyatdagi «so‘ngra uni boshqa bir jonzot etib paydo qildik» jumlasi ham Qur’oni Karimning ajoyib mo‘jizalaridan biridir.

Olimlarning kashf qilishlaricha, embrion ikkinchi oyning avvalida insonga emas, balki yangi paydo bo‘layotgan baqaga ko‘prok o‘xshar ekan. Ikkinchi oy davomida esa unda butunlay boshqacha o‘zgarishlar sodir bo‘lib, suv xayvoni darajasidan inson shakliga o‘tar ekan. «Boshqa bir jonzot etib paydo qildik» degani shudir. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ham xabar beriladi.

Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:

«Nutfa ayolning rahmiga tushganidan so‘ng qirk ikki kecha o‘tgach, Alloh taolo unga bir farishtani yuboradi. Farishta unga inson suratini kiritadi. Uning kulog‘i, ko‘zi, terisi, go‘shti va suyagini qiladi. Keyin aytadi: «Ey Robbim, ug‘ilmi, qizmi?» Robbing nimani xohlasa, o‘shaning hukmini qiladi...».

Kanadalik mashhur olim Van Brouset ushbu hadisdagi gaplarni tekshirish niyatida tajriba olib borgan. Chunonchi, u zamonaviy jihozlar yordamida ona qornidagi homilaning besh haftalik va olti haftalik suratlarini olib, solishtirib ko‘rgan. Homilaning besh haftalik – o‘ttiz besh kunlik suratiga nazar solinganda, undan odam bolasiga, insonga o‘xshash hech bir alomat topilmagan. Bu umuman boshqa bir shakl, boshqa bir tus edi. Homilaning olti haftalik, ya’ni hadisda aytilganidek, qirk ikki kun­lik suratida esa insonning to‘lik shakli ko‘rinib turardi. Ana o‘sha suratni Kanadadagi «Siba» shirkati olamga tarqatgan va butun olam tabiblari, shifokorlari hadisda aynan shu holat zikr qilinganiga guvoh bo‘lganlar.

Mu’minun surasining ushbu oyatlarida va Payg‘amba­rimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikr qilingan hadislarida aynan bir xil holat haqida xa­bar berilgan. Faqat hadisda homilaning inson shaklini olish muddati aniq ko‘rsatilgan, xolos. Binobarin, Van Brousetning olgan suratlari Qur’oni Karimning ilohiy Kitob ekanini va Muhammad alayhissalomning haqiqiy Payg‘ambar ekanliklarini tasdiqdovchi bir dalildir. Zero, bundan 1400 yil oldin xabar berilgan ushbu voqe’liklarning bugungi kundagi ilmiy tasdig‘i Qur’oni Ka­rimning ilohiy Kitob ekaniga va Muhammad sollallohu alayhi vasallamning haq Payg‘ambar – Allohning elchisi ekanliklariga hech qanday shubha qoldirmaydi.

Ilmiy adolat va insof yuzasidan shuni ta’kidlash lozimki, bundan 1400 yil avval homilaning turli holatlari haqida Qur’oni Karim va hadisi sharifda bayon qilingan ma’lumotlarni o‘sha davrda oddiy odamlar tugul, tabiblar ham bilishi mushkul edi. Kolaversa, homilaning suratini olish, uning shaklini ko‘rish, uning rivojlanish bosqichlarini tekshirish faqat XX asrning oxiriga kelibgina, yangi yaratilgan jihozlar yordamidagina mumkin bo‘lib qoldi.

Yuqorida aytilgan narsalardan ko‘rinib turibdiki, Qur’oni Karimda zikr qilingan embrionning rivojla­nish jarayoni hozirgi zamon ilmiy kashfiyotlaridan so‘ng tasdiqlandi.

Aytib o‘tilgan misollar Qur’oni Karimning ilmiy mo‘jizalari dengizidan bir tomchi, xolos.

Hozirda Qur’oni Karim e’jozining ko‘plab turlari bo‘yicha alohida kitoblar chiqmoqda. Biz bu ishni o‘sha kitoblarga havola qilib, so‘zimizni shu yerda to‘xtatamiz.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

IKKINCHI QISM:

Qur’oni Karimning jamlanishi;

Qur’oni Karimning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida qalblarda jamlanishi;

 

[1] Reychal Karson (Rachel Louise Carson, 1907-1964) - amerikalik biolog.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Xo‘ja Ahmad Yassaviy” nomidagi Islom instituti ochiladi

27.01.2025   505   1 min.
“Xo‘ja Ahmad Yassaviy” nomidagi Islom instituti ochiladi

Bu haqda Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, Bosh muftiy Navruzbay hoji Tag‘anuli 2025 yilgi vazifalarga doir ma’ruzasida ma’lum qildi, deya xabar beradi muftyat.kz.

“Imomlarning bilim va malakasini oshirish – zamon talabidir. Bu yo‘nalishdagi ish doimiy nazoratda. Imomlarga chuqur diniy bilim berish maqsadida Ostona shahrida Xusamuddin as-Sig‘oniy nomidagi Islom institutini ochdik va unga xorijdan tajribali ustozlar hamda olimlarni taklif qildik.

     Bu yil Allohning izni bilan institutning birinchi bitiruvchilariga diplomlar topshiramiz va ularni mas’uliyatli diniy lavozimlarga tayinlaymiz. Ushbu xayrli ishlar davomi sifatida Allohning irodasi bilan bu yil Turkiston shahrida “Xo‘ja Ahmad Yassaviy” nomidagi Islom institutini ochish taraddudidamiz. Uning asosiy maqsadi janubiy hududdagi imomlarning malakasini oshirishdan iborat bo‘ladi. Shuningdek, mazkur o‘quv muassasasi huzurida “Ijoza” berish markazi ham tashkil etiladi. Bu janubiy hudud imomlarining bilim darajasini oshirishga yangi turtki beradi», – dedi Bosh muftiy.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari