Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Rasululloh (s.a.v.)ning muborak vasiyatlari: IKKINCHI VASIYAT (2-qism)

2.04.2020   3821   22 min.
Rasululloh (s.a.v.)ning muborak vasiyatlari: IKKINCHI VASIYAT (2-qism)

IKKINCHI VASIYAT (2-qism)

Oyati karimada bunday marhamat etiladi:

﴿قُلۡ إِن كُنتُمۡ تُحِبُّونَ ٱللَّهَ فَٱتَّبِعُونِي يُحۡبِبۡكُمُ ٱللَّهُ وَيَغۡفِرۡ لَكُمۡ ذُنُوبَكُمۡۚ وَٱللَّهُ غَفُورٞ رَّحِيمٞ٣١

«Ayting (ey Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir”» (Oli Imron, 31).

Alloh va Uning Rasuli (sollallohu alayhi va sallam)ga bo‘lgan imon va muhabbat behuda gaplar emas. Odamlar orasida imoni borligini, Allohga va Uning Rasuli (sollallohu alayhi va sallam)ga muhabbati borligini tilda aytish bilan sobit bo‘ladigan narsa ham emas. Alloh va Uning Rasuli (sollallohu alayhi va sallam)ga bo‘lgan haqiqiy muhabbat, haqiqiy imon og‘izda aytiladigan gap emas, vijdoniy his-tuyg‘u yoki ba’zi rasm-rusumlarni ado etishdan iborat ish emas. Aslida, Allohga va uning Rasuli (sollallohu alayhi va sallam)ga bo‘lgan muhabbat Allohga va Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga itoat hamda bo‘ysunish orqali amalga oshadi.

Kim Allohga muhabbati borligini da’vo qilsa, bu da’voning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligiga hukm Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga ergashishiga qarab chiqariladi. Agar u Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlariga ergashsa, da’vosi to‘g‘ri, ergashmasa, to‘g‘ri emas. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga ergashish har bir bandaga bitmas-tuganmas baxtu saodat keltiradi. U bu dunyoda ham, oxiratda ham huzur-halovat topadi. Zero, mo‘min kishi uchun Allohning muhabbatidan ham yaxshiroq baxt-saodat bormi! Buning ustiga, Alloh taolo uning gunohlarini mag‘firat qilsa!

Bu muhabbat shunday bo‘lishi lozim, toki, qalblarimiz hech kimni undanda kuchliroq sevmasin, garchi ular bizga eng yaqin insonlar – farzandlarimizu, ota-onalarimiz bo‘lsa ham. Bundan ham ko‘ra, Allohning elchisini o‘zimizdan ham ortiq yaxshi ko‘rishimiz kerak.

Shunday qilib, agar Payg‘ambar (alayhissalom)ga bo‘lgan muhabbat kimda hali bu darajaga chiqmagan ekan, demak, uning imoni hali komil emas va u hali imonning haqiqiy lazzatini totib ko‘rmabdi. Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Uch xususiyatga ega bo‘lgan kishigina haqiqiy imon lazzatini totibdi...” deb (Muttafaqun alayh), shulardan biri sifatida Alloh va Uning Rasulini boshqa hamma narsadan qattiq sevgan kishini keltirganlar».

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga bo‘lgan bunday muhabbatni faqat diniga jiddiy e’tibor qilgan insongina his eta oladi. Buning oqibatida, uning asosiy g‘ami yaratilish hikmatiga bo‘ysunish bo‘ladi, boshqacha aytganda, uning asosiy g‘ami Ulug‘ va Oliy Zot Allohga qullik qilish bo‘lib, bu inson foniy dunyo va uning zeb-ziynatlaridan ko‘ra, abadiy hayotni afzal sanay oladi.

Endi, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ni yaxshi ko‘rishga undaydigan muhim omilga kelsak, buning zamirida, aynan u zot (sollallohu alayhi va sallam) orqali biz haq dinga yo‘llanganimizni va O‘z payg‘ambarini jo‘natish bilan Alloh taolo bizni jahannamdan qutqarganini va u zotga ergashibgina bu boqiy hayotda muvaffaqiyat hamda najotga erishish mumkinligini anglab yetish yotadi. Ilm sohiblari, taqvodor zotlar va Islom da’vatini tarqatish bilan mashg‘ul kishilar haqida gapiradigan bo‘lsak, ular eng avvalo, Allohning elchisiga ergashganlari va u zot (sollallohu alayhi va sallam) insonlarga keltirgan nurning bir bo‘lagini qabul qilganlari tufayli sevilishga loyiqdirlar. Qarindoshlar, ahlu ayol, farzandlarga bo‘lgan sevgiga kelsak, bu asli dunyoviy sevgi bo‘lib, u o‘zaro xush ko‘rish, yoqtirish yoki moddiy manfaatlardan kelib chiqqan bo‘ladi va dunyo tugab:

﴿يَوۡمَ يَفِرُّ ٱلۡمَرۡءُ مِنۡ أَخِيهِ٣٤ وَأُمِّهِۦ وَأَبِيهِ٣٥ وَصَٰحِبَتِهِۦ وَبَنِيهِ٣٦

«...kishi o‘z inisidan ham, onasi va otasidan ham, xotiniyu, bola-chaqasidan ham qochadigan....» (Abasa, 34 – 36), kun kelishi bilan nihoyasiga yetadi.

Shu yo‘sinda inson qalbining ko‘proq qismini ayollarga, bolalarga, oltin-kumush jamg‘arish kabi dunyoviy ne’matlarga muhabbat egallagan bo‘lsa, u holda inson ushbu narsalarga erishish yo‘lidagi jamiki narsalarni seva boshlaydi. Qalbdagi bu sevgi endi din ahliga va ular yetakchisi, payg‘ambarlar sayyidi Muhammad Rasululloh (alayhissalom)ga bo‘lgan sevgi bilan raqobatlasha boshlaydi.

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga bo‘lgan muhabbatning ko‘rinishi o‘tkinchi his-tuyg‘ulardan xoli bo‘lishi, samimiy bo‘lishi va mo‘minning qalbidan shu qadar chuqur joy olishi lozimki, toki u muhabbat uni hech qachon tark etmasin. Aynan mana shu sevgi inson qalbiga hayot baxsh etadi, uni ezgu amallar qilishga undaydi, razolat va gunohlardan to‘xtatib turadi. Bu muhabbatning o‘ziga xos alomatlari bo‘lib, ular orqali samimiy kishi bilan yolg‘on da’volar qiluvchi kazzob kishini ajratib olish mumkin.

Ushbu alomatlarning bir nechasini zikr qilamiz:

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) buyurgan narsaga ergashish va qaytargan narsadan qaytish orqali u zot (sollallohu alayhi va sallam)ga bo‘lgan to‘liq itoatni izhor etish.

Samimiy va xolis kishi sirasiga shunday insonni kiritish mumkin, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bajarishni amr etgan biron ishni bilishi bilanoq, darrov uni bajarishga shoshilgan, o‘sha buyruq, garchi u odatlangan biron odatga yoki nafsu xohishiga zid bo‘lsa ham, uni bajarishdan zarracha bo‘yin tovlamagan insondir. Bu inson bunday holda oldin xotinga, farzandlarga, ota-onaga yoki urf bo‘lgan odatlarga, keyin esa payg‘ambarga itoat etish kerak, deb hisoblamaydi. Chunki u yuqorida sanalgan barcha narsalardan oldin Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ni ko‘proq sevadi va albatta, sevuvchi sevimli kishisiga itoatli bo‘ladi. Qalbi yaxshi ko‘rgan kishisi, ya’ni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga muhabbat bilan to‘lib-toshgan. U zot (sollallohu alayhi va sallam) amalga oshirishni amr etgan ishlardan bo‘yin tovlamaydi. Faqat o‘z ko‘ngil xohishlarigagina qarab yashaydigan inson, ko‘rinib turibdiki, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan ko‘ra ko‘proq o‘zini yaxshi ko‘radigan insondir.

Mo‘min kishi o‘zida Alloh va Uning Rasuliga bo‘lgan muhabbati bilan cheksiz zavqu shavq tuyadi. Allohni zikr qilganda qalblari erib ketadi.

Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi:

﴿إِنَّمَا ٱلۡمُؤۡمِنُونَ ٱلَّذِينَ إِذَا ذُكِرَ ٱللَّهُ وَجِلَتۡ قُلُوبُهُمۡ وَإِذَا تُلِيَتۡ عَلَيۡهِمۡ ءَايَٰتُهُۥ زَادَتۡهُمۡ إِيمَٰنٗا وَعَلَىٰ رَبِّهِمۡ يَتَوَكَّلُونَ٢ ٱلَّذِينَ يُقِيمُونَ ٱلصَّلَوٰةَ وَمِمَّا رَزَقۡنَٰهُمۡ يُنفِقُونَ٣ أُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡمُؤۡمِنُونَ حَقّٗاۚ لَّهُمۡ دَرَجَٰتٌ عِندَ رَبِّهِمۡ وَمَغۡفِرَةٞ وَرِزۡقٞ كَرِيمٞ٤

«Mo‘minlar Alloh (nomi) zikr etilganida dillarida qo‘rquv bo‘ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida imonlari ziyoda bo‘ladigan, Parvardigorlarigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan, namozni mukammal o‘qiydigan va rizq qilib berganimizdan (sadaqa va) ehson qiladigan kishilardir. Aynan o‘shalar haqiqiy mo‘minlardir. Ular uchun Parvardigorlari huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)» (Anfol, 2–4).

Oyatdan ma’lum bo‘ladi, mo‘min kishini bilish uchun unga Allohni zikr qilish kerak. Alloh zikr qilinganida, qalbini titroq bosib, Undan qo‘rqib turgan odam mo‘min bo‘ladi. Masalan, biror ishni Alloh buyurgan, qilish kerak, deyilganda Allohdan qo‘rqib o‘sha ishni bajarishga kirishgan odam komil mo‘min bo‘ladi. Gapni eshitib turib, Alloh zikr qilinganidan keyin ham qo‘rqmay, u ishdan bo‘yin tovlagan odam itoatli mo‘min emas.

Allohning oyatlari tilovat qilinganda, imoni ziyoda bo‘ladigan inson mo‘mindir. Qalbiga Qur’on ta’sir etadigan, imonini baquvvat qiladigan inson mo‘mindir. Allohdan panoh tilaydigan, Undangina hojatlarini ravo qilishni so‘raydigan, U xohlasa, bo‘ladi, xohlamasa, bo‘lmaydi, deb e’tiqod qiladigan kishilar mo‘mindir.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, Allohga va Uning Rasuliga muhabbat itoat bilan bo‘ladi. Mo‘min kishi har bir ishini reja asosida, puxta o‘ylab, turli sabablarni topib, keyin bajaradi. Lekin o‘sha tadbirlarga suyanib qolmaydi. O‘zining uddaburonligini pesh qilib, yaxshi reja tuzgan edim, deb o‘z fikriga suyanib ham qolmaydi, balki yagona va tengi yo‘q Allohga suyanadi.

Oyatda “namozni to‘kis ado etadiganlar”, deyilmoqda. Namoz imonni tasdiqlovchi amaldir.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hadislarning birida: “Namoz biz bilan boshqalar orasidagi farqdir”, deganlar.

Alloh taolo oyat davomida: “Biz rizq qilib bergan narsalardan sadaqa va ehson qilinglar”, demoqda. Shunday ekan, Allohga imon keltirgan har bir banda qo‘lidagi boyliklardan ehson qilib turishi kerak. Chunki inson o‘zi topgan mol va dunyo bilan faxrlanmasligi kerak. Har bir narsani ato etuvchi yagona Allohdir.

Horis ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Horis (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) yonlaridan o‘tib ketayotgan edi, u zot (alayhissalom): “Ey Horis, qanday tong ottirding?” deb so‘radilar. Shunda Horis (roziyallohu anhu): “Haqiqiy mo‘min bo‘lib tong ottirdim”, dedi. “Gapingga e’tibor qil, har bir narsaning haqiqati bo‘ladi. Imoning haqiqati nimada?” dedilar. “Nafsimni dunyodan tortdim. Kechalarimni bedor, kunduzlarimni tashna holda o‘tkazdim. Xuddi Rabbimning Arshini aniq ko‘rayotgandekman. Xuddi jannat ahli bir-birlarini ziyorat qilayotganlariga nazar solib turgandek­man. Xuddi do‘zax ahli u yerda bir-birlariga dushmanlik qilishlariga qarab turgandekman”, dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Horis, bilibsan, mahkam tut! Ey Horis, bilibsan, mahkam tut! Ey Horis, bilibsan, mahkam tut!” deb qayta-qayta tayinladilar (Imom Tabaroniy).

Ikkinchi vasiyatda Alqama ibn Horis tilidan aytilgani kabi mo‘min kishi namozi bilan boshqalardan ajralib turadi. Alloh taolo mo‘minlarning sifatlarini quyidagicha ta’riflaydi:

﴿ٱلَّذِينَ هُمۡ فِي صَلَاتِهِمۡ خَٰشِعُونَ٢ وَٱلَّذِينَ هُمۡ عَنِ ٱللَّغۡوِ مُعۡرِضُونَ٣ وَٱلَّذِينَ هُمۡ لِلزَّكَوٰةِ فَٰعِلُونَ٤ وَٱلَّذِينَ هُمۡ لِفُرُوجِهِمۡ حَٰفِظُونَ٥ إِلَّا عَلَىٰٓ أَزۡوَٰجِهِمۡ أَوۡ مَا مَلَكَتۡ أَيۡمَٰنُهُمۡ فَإِنَّهُمۡ غَيۡرُ مَلُومِينَ٦ فَمَنِ ٱبۡتَغَىٰ وَرَآءَ ذَٰلِكَ فَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡعَادُونَ٧ وَٱلَّذِينَ هُمۡ لِأَمَٰنَٰتِهِمۡ وَعَهۡدِهِمۡ رَٰعُونَ٨ وَٱلَّذِينَ هُمۡ عَلَىٰ صَلَوَٰتِهِمۡ يُحَافِظُونَ٩ أُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡوَٰرِثُونَ١٠ ٱلَّذِينَ يَرِثُونَ ٱلۡفِرۡدَوۡسَ هُمۡ فِيهَا خَٰلِدُونَ١١

«Ular namozlarida o‘zlarini kamtar tutuvchilardir. Ular behuda (so‘z va ishlar)dan yuz o‘giruvchilardir. Ular zakotni ado etuvchilardir. Ular avratlarini (haromdan) saqlovchilardir. Illo, o‘z jufti halollari va qo‘l ostidagilar (cho‘rilar) bundan mustasnodir. Bas, albatta, ular malomat qilinuvchi emas. Bas, kim shundan o‘zgani (harom qilingan narsalarni) istasa, bas, ana o‘shalar haddan oshuvchilardir. Ular (mo‘minlar) (odamlarning bergan) omonatlariga va (o‘zaro bog‘lagan) ahd-paymonlariga rioya etuvchilardir. Ular namozlarini asraguvchi (vaqtida ado etuvchi)lardir. Aynan o‘shalar merosxo‘rlardir – Firdavs (jannati)ga voris bo‘lishib, ular u yerda (jannatda) mangu qoluvchilardir» (Mu’minun, 2–11).

Xushu qo‘rquv bilan xotirjamlikning birga qo‘shilganidir. Najotga erishuvchi mazkur mo‘minlarning sifatlaridan biri – namoz o‘qiganlarida Alloh taolo maqomi huzurida ularning qalblarini, vujudlarini qo‘rquv va xotirjamlik o‘rab oladi. Bu holat faqat namozni oliy darajada ado etadigan mo‘minlardagina bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) besh vaqt namozga qattiq e’tibor berganlar va hayotlarining oxirgi lahzalarida ham o‘z yaqinlariga va musulmon ummatiga namozga qattiq rioya etishni vasiyat qilganlar. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ning qattiq nafratiga duchor bo‘ladigan amallardan ichkilikbozlik, zino, sudxo‘rlik kabilar ham og‘ir gunohlardandir. Musulmonlar orasida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan so‘ng paydo bo‘lgan, agar hayot bo‘lganlarida, shubhasiz, u zot (sollallohu alayhi va sallam) tarafidan rad etilishi muqarrar bo‘lgan, yangi paydo qilingan, xurofiy, bid’at amallarga qattiq berilib, kanda qilmay, rioya etayotgan kishilar ham bor. Lekin bu kishilar boshqalardan ham ko‘proq Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ni yaxshi ko‘rishlarini da’vo qilishayotganiga guvoh bo‘lasiz.

“Tafsiri Nasafiy”da Mu’minun surasining 2–11-oyatlari bunday tafsir qilingan: “Namozlarini xushu bilan o‘qiydiganlar – titroq qalb va sokin a’zolar bilan ado etuvchilardir. Xushu – bor kuch-g‘ayratini ishga solib, boshqa barcha narsalardan yuz o‘girgan holda namoz o‘qish, ko‘zini joynamozdan uzmasdan, o‘ngu so‘lga burilmasdan ibodatni ado etish”, degani.

Alloh taolo aytadi:

﴿۞فَخَلَفَ مِنۢ بَعۡدِهِمۡ خَلۡفٌ أَضَاعُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَٱتَّبَعُواْ ٱلشَّهَوَٰتِۖ فَسَوۡفَ يَلۡقَوۡنَ غَيًّا٥٩ إِلَّا مَن تَابَ وَءَامَنَ وَعَمِلَ صَٰلِحٗا فَأُوْلَٰٓئِكَ يَدۡخُلُونَ ٱلۡجَنَّةَ وَلَا يُظۡلَمُونَ شَيۡ‍ٔٗا٦٠

«So‘ngra ularning ortidan namozni zoye qilgan va shahvatlarga ergashgan kimsalar o‘rin oldilar. Endi ular, albatta, yomonlikka (yomon jazoga) yo‘liqurlar. Illo, tavba bilan imon keltirib, ezgu ishlarni qilgan zotlargina (bundan mustasnodir). Bas, ular jannatga kirurlar va ularga biror narsada nohaqlik qilinmas» (Maryam, 59–60).

Oyatdagi “namozni zoye qiladigan kimsalar”ning ma’nosi, uning farzligiga e’tiqod qilmaydigan, deganidir. Ba’zilar, masjid va namozgohlarga bormay, ularga e’tibor bermay, xarob qiluvchilar, degan. Ba’zilar esa, namozni, ibodatni ado etgandan so‘ng g‘iybat va riyo bilan zoye qilib yuboruvchilar, degan bo‘lsa, boshqalari namoz o‘qiyotganda uning shart va arkonlarini tark etuvchilar, degan. Ba’zilar esa, bunday kishilar g‘aflat bilan namozni tark qilib, qazosini o‘qimaydiganlar, deydi.

Tarjimadagi “yomonlik” oyatda “g‘oyy” deb kelgan.

Vahb ibn Munabbih: “G‘oyy – jahannamdagi bir daryo bo‘lib, uning qa’ri chuqur, harorati issiq, ta’mi esa achchiqdir. Uning bir tomchisi bu dunyoga tushgudek bo‘lsa, dunyo ahlining hammasi halok bo‘ladi”, degan.

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) esa: “G‘oyy jahannamdagi vodiydir. Jahannamning boshqa vodiylari Alloh taolodan bu vodiyning yomonligidan panoh so‘rab, har kuni ming marta iltijo qiladi. G‘oyy vodiysi namozni va jamoatni tark qiluvchilar uchun hozirlab qo‘yilgandir”, degan.

Zahhok: “G‘oyy halokat va hasratdir”, degan.

Hikoya qilinishicha, bir kishi sahroda yurar edi. Bir kuni shayton unga hamroh bo‘ldi. U kishi bomdod, peshin, asr, shom, xufton namozlarini o‘qimadi. Uxlaydigan payt bo‘lganida, yotishga hozirlandi, shunda shayton qocha boshladi. U shaytondan: “Nega mendan qochyapsan?” deb so‘radi. Shayton: “Umrim davomida Alloh taologa bir marta osiylik qilib, mal’un bo‘ldim. Sen esa, bir kunda besh marta osiy bo‘lyapsan. Alloh taolo senga azob yuborsa, senga qo‘shilib men ham azobga qolmay, deb qo‘rqib qochyapman”, dedi.

Rivoyat qilishlaricha, kunlarning birida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) namoz haqida gapirib: “Kim namozni muhofaza qilsa, qiyomat kunida namozi unga nur, hujjat va najot bo‘ladi. Kim namozni muhofaza qilmasa, qiyomatda unga nur ham, najot ham, hujjat ham bo‘lmaydi. Namozga beparvo bo‘lganlar, uni o‘qimay zoye qilganlar kiyomat kuni zalolat va qabohat ahli bilan birga bo‘ladi”, dedilar.

Yana Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan rivoyat qilinadi: “Kim namozni jamoat bilan o‘qishga ahamiyat bermasa, Alloh undan o‘n ikki balo bilan qasos oladi. Uchtasi dunyoda, uchtasi o‘lim vaqtida, uchtasi qabrda, uchtasi qiyomatda. Dunyodagi uchta qasos: Alloh taolo uning kasbi va rizqidan barakani ko‘taradi; undan solihlarning nurini olib tashlaydi; u mo‘minlar qalbida yomon ko‘rilib qoladi. O‘lim vaqtidagi qasos: joni olinayotganda chanqab, butun daryoning suvini ichib yuboradigan darajada bo‘ladi; joni qiyinchilik bilan chiqadi; Alloh saqlasin, imonsiz ketishi ham mumkin. Qabridagi uch qasos: unga Munkar va Nakirning savoli qattiq bo‘ladi; qabri qop-qorong‘i bo‘ladi; qabri torayadi, hatto qovurg‘alari bir-biriga kirishib ketadi. Qiyomatdagi uch qasos: unga hisob-kitob qattiq bo‘ladi; Rabbi unga g‘azab qiladi; uni do‘zax bilan azoblaydi”. Shuning uchun azonni eshitgan kishiga jamoatni tark qilishga ruxsat yo‘q. Chunki jamoat bilan o‘qish sunnati muakkada, ya’ni ta’kidlangan sunnatdir.

Ba’zi ulamolar fiqh kitoblarini mutolaa qilish jamoatdan qolishga uzr bo‘ladi, lekin buni odat qilib olmagan bo‘lsa, degan. Kasallik, yomg‘ir, do‘l, sovuq, qattiq qorong‘ilik, xavf, hibsga olish kabilarning hammasi uzr sanaladi, safar uzrga o‘tmaydi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Jamoat bilan namoz o‘qishni tark qiluvchi Tavrotda ham, Injilda ham, Zaburda ham, Qur’onda ham qoralangandir. Jamoatni tark qiluvchi yerda yursa, yer ham uni la’natlaydi”, deganlar.

Yana bir rivoyatda, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim besh narsani o‘zidan man qilsa, Alloh taolo undan besh narsani man qiladi. Birinchisi, kim duo qilmasa, Alloh unga ijobat etmaydi. Ikkinchisi, kim sadaqa bermasa, Alloh unga omonlik bermaydi. Uchinchisi, kim zakot bermasa, Alloh taolo uning molini muhofaza qilmaydi. To‘rtinchisi, kim ushr bermasa, Alloh taolo uning kasbiga baraka bermaydi. Beshinchisi, kim jamoat namoziga bormasa, Alloh undan “Laa ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh” kalimasini man qiladi”, deganlar.

“Ular behuda (so‘z va ishlar)dan yuz o‘giruvchilardir”. Behuda so‘z – yolg‘on, hazil va so‘kinishlar bo‘lib, namoz o‘z egasini bunday safsatalardan uzoq qiladi.

“Ular zakotni ado etuvchilardir” oyatidagi “ado etuvchilar”dan murod, doimiy zakotni o‘z vaqtida berib boruvchilar nazarda tutilgan. E’tibor berib qaralsa, Qur’oni karimning har bir oyati zamirida ham grammatik, ham balog‘at jihatidan juda nozik nuqtalar bor. Masalan, ushbu oyatda “Ular zakotni ado etuvchilardir”, deyilgan. Demak, zakot berish bilan ado etish o‘rtasidagi farq ko‘zga tashlanadi. Ado etish doimiy bo‘lib, mol nisobga yetganda har doim o‘z egalariga zakot tariqasida beriladi.

“Ular avratlarini (haromdan) saqlovchilardir. Illo, o‘z jufti halollari va qo‘l ostidagilar (cho‘rilar) bundan mustasnodir” oyatlaridagi “farj” so‘zidan murod, erkagu ayolni yomonlikka yetaklovchi a’zodir. Alloh taolo bani basharga sinov uchun turli a’zolarni bergan. Shulardan biri farj bo‘lib, kishini jannatga yetaklovchi va do‘zaxga uloqtiruvchi vositadir. Lekin undan o‘z o‘rnida va halol joyda foydalanilsa, malomatga qolinmaydi.

Alloh taolo mo‘minlarning sifatlarini birin-ketin zikr kilib, 11-oyatda “Aynan o‘shalar merosxo‘rlardir – Firdavs (jannati)ga voris bo‘lishib, ular u yerda (jannatda) mangu qoluvchilardir”, ya’ni mazkur sifatlarni o‘zida mujassam qilgan mo‘min bandalar merosxo‘rlardir, degani. “Merosxo‘r” so‘zi oyat davomida sharhlanib, mo‘minlar jannatni kofirlardan meros oldi, deyiladi (“Tafsiri Nasafiy”, 2-jild, 115-bet).

قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَا مِنْكُمْ مِنْ أَحَدٍ إِلَّا لَهُ مَنْزِلَانِ مَنْزِلٌ فِي الْجَنَّةِ وَمَنْزِلٌ فِي النَّارِ فَإِنْ مَاتَ وَدَخَلَ الجَنَّةَ وَرِثَ أَهْلُ النَّارِ مَنْزِلَهُ وَإِن مَاتَ فَدَخَلَ النَّارَ وَرِثَ أَهْلُ الْجَنَّةِ مَنْزِلَهُ”

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizning har biringiz uchun ikkita manzil bordir, biri jannatda va biri jahannamda. Bir kishi vafot etib, jannatga kirsa, uning manzili do‘zax ahlidan meros bo‘ladi. Va yana bir kishi vafot etib do‘zaxga tushsa, uning manzili jannat ahlidan meros bo‘ladi”, dedilar (“Tafsiri Nasafiy”, 2-jild, 115-bet).

Oyatdagi “Firdavs” jannatidan murod, – keng va barcha meva turlarini o‘zida jamlagan bo‘ston bo‘lib, u “qatrab” ham deyiladi va mo‘minlikning barcha sifatlarini o‘zida mujassam etgan kishilar unda mangu qoladi (“Tafsiri Nasafiy”, 2-jild, 115-bet).

Namoz mo‘min uchun juda ulug‘ ne’mat, banda namozda sajdaga bosh qo‘yishi bilan shunday ulug‘ va ilohiy bir holat tuyadi, uning nima ekanini xushu bilan namoz o‘qiydiganlardan boshqa hech kim tasavvur eta olmaydi.

Alloh taolo:

﴿حَٰفِظُواْ عَلَى ٱلصَّلَوَٰتِ وَٱلصَّلَوٰةِ ٱلۡوُسۡطَىٰ وَقُومُواْ لِلَّهِ قَٰنِتِينَ٢٣٨

«(Besh vaqt farz qilingan) namozlarni, xususan o‘rta namozni saqlangiz (o‘z vaqtida o‘qingiz)  va (namozda) Allohga bo‘yin sungan holatda (kamtarlik bilan) turingiz!» (Baqara, 238)

Bu oyati karimada Alloh taolo kunda besh vaqt namozni o‘z vaqtida, haq-huquqlariga rioya qilgan holda ado etishga buyuradi. Xususan, “o‘rta namoz”ga yanada e’tibor berishimizni ta’kid­laydi.

“O‘rta namoz” haqida mufassirlar o‘z kitoblarida sahobai kiromlardan turli rivoyatlar keltirgan.

Ibn Kasir “o‘rta namoz” bu “Bomdod namozi” degan rivoyatlarni keltirib, Molik (roziyallohu anhu) “Muvatto” kitobida hazrat Ali va Abbos (roziyallohu anhumo) gaplarini dalil qilishini aytadi. Ammo Ibn Kasir “O‘rta namoz – bu asr namozi”, degan tafsirni ustun, deb unga kuchli dalillarni keltirgan. Mahmud Alusiy esa “Ruhul maoniy” tafsirida “o‘rta namoz – bu peshin namozi”, degan fikrni aniqroq deb keltirgan va: “Aslida, o‘rta namozni Alloh taolo besh vaqt farz namoz ichiga yashirgan. Qay biri ekanini tayin qilmagan, xuddi Qadr kechasini Ramazon oyi kechalariga, ismi A’zamni barcha ismlarining ichiga, duo ijobat bo‘ladigan soatni Juma kuni soatlarining ichiga yashirganidek”, degan. Demak, mo‘minlar o‘rta namoz e’tiborida besh vaqt namozning muhofazasini qilishsin.

Allohga ibodat qilish, koinot qonunlariga bo‘ysunishda inson, hayvon, jonli-jonsiz, yer va falaklardan iborat olamlarning birligini tasdiqlaganida, shariat insoniy o‘ziga xoslikning eng yuqori cho‘qqisiga yetdi. Qur’on musulmondan namozining har rakatida: “Hamdu sano butun olamlar Xojasi, mehribon va rahmli Allohgadir”, deb zikr qilishni talab etishi qanday ham go‘zal!

Uni musulmon har bir namozida zikr qilishi kerak. Zero, u koinotning bir bo‘lagi, tom va shomil rahmat ila tavsiflangan yakkayu yagona Ilohning yaratgan jonzoti.

 

DAVOMI BOR...

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Amallarning o‘lchanishi va sirot haqidagi e’tiqodimiz

9.01.2025   2190   19 min.
Amallarning o‘lchanishi va sirot haqidagi e’tiqodimiz

 - 57وَحَقٌّ وَزْنُ أَعْمَالٍ وَجَرْيٌ عَلَى مَتْنِ الصِّرَاطِ بِلاَ اهْتِبَالِ

Ma’nolar tarjimasi: Amallarni tortib o‘lchash haqdir va Sirot uzra yugurish ham (sirotdan o‘tib ketishga intilib unga chiqish oldidan) hozirlik ko‘rishsizdir.

Nazmiy bayoni:

Amallar o‘lchanar, gar aql yetmas,
Sirotda yugurishga epchillik ketmas.

Lug‘atlar izohi:

حَقٌّ – mubtadosidan oldin keltirilgan xabar.

وَزْنُ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. Vazn kalimasi lug‘atda “biror narsaning og‘ir yo yengilligini tortib ko‘rish” ma’nosini anglatadi.

اَعْمَالٍ – muzofun ilayh, “harakat qilishlar” ma’nosini anglatadi.

جَرْيٌ – kalimasi وَزْنُ ga atf qilingan. Lug‘atda “yugurish” ma’nosini anglatadi.

عَلَى – “isti’lo” ma’nosida kelgan jor harfi.

مَتْن – matn lug‘atda biror narsaning asosiy ko‘rinib turadigan joyiga nisbatan ishlatiladi. Bu yerda ham sirotning qadam qo‘yiladigan joyi ma’nosida ishlatilgan. Jor va majrur جَرْيٌ ga mutaalliq.

بِلاَ – jor harfi bo‘lgan بِ va nafiy harfi bo‘lgan لا dan tarkib topgan bo‘lib, “...dan boshqa”, “...siz” ma’nolarini anglatadi.

اهْتِبَالِ – bu kalimaning “qo‘lga kiritish”, “chap berish”, “g‘animat bilish” va “hozirlik ko‘rish” kabi ma’nolari bo‘lib, bu yerda “hozirlik ko‘rish” ma’nosi iroda qilingan.

Matn sharhi:

Qiyomat kunida bu dunyoda qilingan barcha yaxshiyu yomon amallar tortib o‘lchanadi. Garchi barchaning holi ma’lum bo‘lsa-da, amallarning tortib o‘lchanishini Alloh taolo iroda qilgan. So‘fi Ollohyor bobomiz aytganidek:

Bilur Tangri agarchi holimizni,
Tarozug‘a solur a’molimizni.

* * *

Qilur ogoh qulin qilmishlarig‘a
Yetushmas aql egamning ishlarig‘a.

Ya’ni Alloh taologa maxfiy biror amalimiz bo‘lmasa ham, amallarimizni o‘lchattirib, bandalarning qilmishlarini o‘zlariga bildirib qo‘yadi.

Qur’oni karimda amallarning tortib o‘lchanishi haqligi shunday bayon qilingan:

“O‘sha kuni vazn (amallarning tarozida tortilishi) haqiqatdir. Kimning mezonlari (amallari) og‘ir kelsa, aynan o‘shalar najot topuvchilardir. Kimning mezonlari (amallari) yengil kelsa, ana o‘shalar oyatlarimizga zulm (inkor) qilganlari sababli, o‘zlariga ziyon qilganlardir”[1].

O‘sha kunda ba’zi insonlar hisob-kitob qilinmasdan jannatga kiradilar. Ularning sifatlari quyidagi hadisda kelgan:

عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ يَدْخُلُ الْجَنَّةَ مِنْ أُمَّتِي سَبْعُونَ أَلْفًا بِغَيْرِ حِسَابٍ هُمْ الَّذِينَ لَا يَسْتَرْقُونَ وَلَا يَتَطَيَّرُونَ وَعَلَى رَبِّهِمْ يَتَوَكَّلُونَ. رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannatga ummatimdan yetmish mingtasi hisobsiz kiradi. Ular: Afsun qilishni so‘ramaydiganlar, qushlardan shumlanmaydiganlar va Robbilariga tavakkul qiladiganlardir”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Ba’zilari esa birma-bir qattiq hisob-kitob qilinib, omonat qilib berilgan narsalarni nimalarga sarflaganlaridan so‘ralmagunlarigacha joylaridan qimirlay olmaydilar:

عَنْ أَبِي بَرْزَةَ الأَسْلَمِيِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا تَزُولُ قَدَمَا عَبْدٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ عُمُرِهِ فِيمَا أَفْنَاهُ وَعَنْ عِلْمِهِ فِيمَ فَعَلَ وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اكْتَسَبَهُ وَفِيمَ أَنْفَقَهُ وَعَنْ جِسْمِهِ فِيمَ أَبْلاَهُ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Abu Barza Aslamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida bandaning qadamlari to umrini nimaga sarflaganidan, ilmi bilan nima amal qilganidan, molini qayerdan topib qayerga sarflaganidan, jismini nimaning yo‘lida horitganidan so‘ralmagunicha joyidan jilmaydi”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Qattiq hisob-kitob qilingan kimsalar esa azobga uchrashlari aniq bo‘lib qoladi.

Bizlarga Abdulloh ibn Abu Mulayka gapirib berdi, u menga Qosim ibn Muhammad gapirib berdi degan, u esa menga Oisha gapirib berdi degan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida kim hisob-kitob qilinsa, halok bo‘libdi”, – dedilar. Shunda men: “Ey Allohning Rasuli, Alloh taolo: (Ammo kimning kitobi o‘ng tarafidan berilsa. Tezda, osongina hisob qilinur), demaganmi”, – dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U narsa ko‘rsatishdir. Qiyomat kunida hisob-kitobda muhokama qilingan kimsa, albatta, azoblanmasdan qolmaydi”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.


Tarozida o‘lchanadigan narsalar

Tarozida o‘lchanadigan narsa amallarmi, amallar yozilgan sahifalarmi yoki ulardan boshqa biror narsa bo‘lishi to‘g‘risida turli xil qarashlar bor. Bu qarashlar haqida doktor Ahmad Faridning “Bahrur Roiq” kitobida quyidagi ma’lumotlar kelgan: “Tarozida tortib o‘lchanadigan narsalar to‘g‘risida to‘rt xil so‘z bor:

1. Bajarilgan amallar tortib o‘lchanadi; ya’ni bandalarning xatti-harakatlari mujassam qilinib taroziga qo‘yiladi. Oyati karimada qilingan yaxshi-yomon amallar zarra miqdorida bo‘lsa ham ko‘rilishi bayon qilingan:

“Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo‘lsa, (qiyomat kuni) uni ko‘rar. Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan bo‘lsa ham, uni ko‘rar”[2].

Hadisi sharifda aytilgan kalimaning tarozida og‘ir kelishi xabar berilgan:

 عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَاَل قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَلِمَتَانِ خَفِيفَتانِ على اللِّسانِ، ثَقِيلَتَانِ في المِيزَانِ حَبيبَتَانِ إلى الرَّحْمَنِ سُبْحَانَ اللَّهِ وَبِحَمْدِهِ، سُبْحَانَ اللَّهِ العَظيمِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki kalima borki, ular tilga yengil, tarozida og‘ir, ar-Rohmanga sevimlidir, “Subhanallohi va bihamdihi, Subhanallohil aziym”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

2. Amallar yozilgan sahifalar tortib o‘lchanadi; ya’ni tarozida bandalarning nomai a’mollari tortib o‘lchanadi. Bunga quyidagi hadisda ishora bor:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّ اللَّهَ سَيُخَلِّصُ رَجُلاً مِنْ أُمَّتِي عَلَى رُؤُوسِ الْخَلاَئِقِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فَيَنْشُرُ عَلَيْهِ تِسْعَةً وَتِسْعِينَ سِجِلاًّ كُلُّ سِجِلٍّ مِثْلُ مَدِّ الْبَصَرِ ثُمَّ يَقُولُ أَتُنْكِرُ مِنْ هَذَا شَيْئًا أَظَلَمَكَ كَتَبَتِي الْحَافِظُونَ فَيَقُولُ لاَ يَا رَبِّ فَيَقُولُ أَفَلَكَ عُذْرٌ فَيَقُولُ لاَ يَا رَبِّ فَيَقُولُ بَلَى إِنَّ لَكَ عِنْدَنَا حَسَنَةً فَإِنَّهُ لاَ ظُلْمَ عَلَيْكَ الْيَوْمَ فَتَخْرُجُ بِطَاقَةٌ فِيهَا أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ فَيَقُولُ احْضُرْ وَزْنَكَ فَيَقُولُ يَا رَبِّ مَا هَذِهِ الْبِطَاقَةُ مَعَ هَذِهِ السِّجِلاَّتِ فَقَالَ إِنَّكَ لاَ تُظْلَمُ قَالَ فَتُوضَعُ السِّجِلاَّتُ فِي كَفَّةٍ وَالْبِطَاقَةُ فِي كَفَّةٍ فَطَاشَتْ السِّجِلاَّتُ وَثَقُلَتْ الْبِطَاقَةُ فَلاَ يَثْقُلُ مَعَ اسْمِ اللَّهِ شَيْءٌ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo ummatimdan bir kishini xaloyiqning ko‘z o‘ngida xalos qiladi. Uning zarariga guvohlik beradigan to‘qson to‘qqizta ro‘yxatni yoyib qo‘yadi. Har bir ro‘yxat ko‘z yetadigan joydek bo‘ladi. So‘ngra unga: “Bulardan birortasini inkor qilasanmi, senga mening saqlovchi yozuvchilarim zulm qilibdilarmi”, – deydi. U: “Yo‘q, ey Robbim”, – deydi. Unga: “Biror uzring bormi”, – deydi. U: “Yo‘q, ey Robbim”, – deydi. Shunda unga: “Ha, bizning huzurimizda sening bitta xayrli ishing bor, bugun senga hech qanday zulm yo‘q”, – deydi. So‘ngra bir yorliq chiqadi, unda “Guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir va guvohlik beramanki, Muhammad Uning bandasi va elchisidir”, degan yozuv bo‘ladi. Unga: “O‘lchovinga kel”, – deydi. U: “Shuncha ro‘yxatlar oldida bu yorliq nima ham bo‘lardi”, – deydi. Unga: “Sen zulm qilinmaysan”, – deydi. Ro‘yxatlar bir pallaga, yorliq bir pallaga qo‘yiladi. Ro‘yxatlar yengil, yorliq og‘ir keladi. Allohning ismiga biror narsa barobar kelolmaydi”, –dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Sharh: “Tortib o‘lchanadigan narsa yoki amallar bitilgan ro‘yxatlar bo‘lib, holatlarga qarab turli xil bo‘ladi, yoki Alloh taolo qilingan ishlarni va so‘zlarni jism holiga keltiradi so‘ngra ular tortib o‘lchanadi. Toat-ibodatlar og‘ir, gunoh-ma’siyatlar yengil keladi. Toat-ibodatlarning og‘ir kelishi ularni dunyoda bajarish og‘ir bo‘lgani uchun bo‘lsa, ma’siyatlarning yengilligi ularni dunyoda bajarish kishiga yengil bo‘lgani uchundir. Shuning uchun ham: “Jannat qiyinchiliklar bilan o‘ralgan, do‘zax shahvatlar bilan o‘ralgan”, – deyilgan”[3].

3. Amallarning savobi tortib o‘lchanadi; bu haqida quyidagi hadisda ishora bor:

عَنْ زَيْدٍ أَنّهُ سَمِعَ أَبَا سَلاّمٍ يَقُولُ حَدّثَنِي أَبُو أُمَامَةَ الْبَاهِلِيّ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ اقْرَأُوا الْقُرْآنَ فَإِنّهُ يَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ شَفِيعاً لأَصْحَابِهِ اقْرَأُوا الزّهْرَاوَيْنِ الْبَقَرَةَ وَسُورَةَ آلِ عِمْرَانَ فَإِنّهُمَا تَأْتِيَانِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ كَأَنّهُمَا غَمَامَتَانِ أَوْ كَأَنّهُمَا غَيَايَتَانِ أَوْ كَأَنّهُمَا فِرْقَانِ مِنْ طَيْرٍ صَوَافٍّ تُحَاجّانِ عَنْ أَصْحَابِهِمَا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Zayddan rivoyat qilinadi, u Abu Sallomning menga Abu Umoma Bohiliy gapirib berdi deyayotganini eshitgan. U aytganki: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Qur’on o‘qinglar, chunki u qiyomat kunida o‘z sohiblariga shafoatchi bo‘lib keladi, ikki nur sochuvchini, Baqara va Oli Imron suralarni o‘qinglar, chunki bu ikkalasi qiyomat kunida go‘yo ikki bulut kabi, yoki go‘yo ikki baland soyabon kabi, yoki go‘yo saf tortgan ikki qush to‘dasi kabi keladilar. Ikkalalari o‘z sohiblarining tarafini olib tortishadilar”, –deyayotganlarini eshitdim”. Muslim rivoyat qilgan.

Termiziy rahmatullohi alayh: “Sohiblarining tarafini olib tortishadilar”, degani qiroatlarining savoblari keltiriladi ma’nosini anglatadi,” – degan.

4. Amal qiluvchining o‘zi tortib o‘lchanadi. Quyidagi hadisda bunga dalil bor:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida katta semiz kishi keladi, Alloh taoloning huzurida pashshaning qanotichalik ham vazni bo‘lmaydi, dedilar-da, (Bas, Biz Qiyomat kunida ular uchun hech qanday vaznni qoim qilmasmiz!)[4] oyatini o‘qinglar”, deb qo‘shib qo‘ydilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Mazkur dalillar umumlashtirilsa, ularning bir-birlariga zid emasligi, amal qiluvchi ham, uning amali ham va amallari yozilgan sahifalar ham barchasi tortib o‘lchanishi kelib chiqadi”[5].

So‘fi Ollohyor bobomiz qiyomat tarozusi haqida qanday e’tiqod qilishni osongina tushuntirib qo‘ygan:

Tarozu boriga iqrorimiz bor,
Nechuk erkaniga ne korimiz bor.

* * *

Ilohi, qil og‘ir mezonimizni,
Salomat tut bizning iymonimizni.

Ya’ni tarozining qanday ekanini bilishga urinib o‘zimizni qiynamaymiz, balki uning haqligiga iymon keltirib, “ey Robbimiz, amallarimizni tarozida og‘ir qilgin”, – deya duo qilib boramiz.

O‘shiy rahmatullohi alayh so‘zlarining davomida tarozidan so‘ng barcha xaloyiqning sirot ko‘prigiga yuzlanishlariga ishora qilgan. Sirot do‘zax ustiga qurilgan uzun ko‘prik bo‘lib, undan o‘ta olgan insonlar jannatga erishadilar. Ammo Sirotdan yugurib o‘tib ketish barchaga ham nasib etmaydi. Hamma o‘zining qilgan amaliga yarasha kimdir tez, kimdir sekin, kimdir sudralib zo‘rg‘a o‘tib olsa, kimdir uning tagidagi do‘zaxga qulab tushadi. Abu Hurayra va Abu Rib’iy roziyallohu anhumolardan rivoyat qilingan hadisda sirotdan o‘tish holatlari tasvirlangan:

عَن أَبِي هُرَيْرَةَ وَأَبُو رِبْعِيٍّ عَن حُذَيْفَةَ قَالاَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَجْمَعُ اللَّهُ تَبَارَكَ وَتَعَالَى النَّاسَ فَيَقُومُ الْمُؤْمِنُونَ حَتَّى تُزْلَفَ لَهُمْ الْجَنَّةُ فَيَأْتُونَ آدَمَ فَيَقُولُونَ يَا أَبَانَا اسْتَفْتِحْ لَنَا الْجَنَّةَ فَيَقُولُ وَهَلْ أَخْرَجَكُمْ مِنْ الْجَنَّةِ إِلَّا خَطِيئَةُ أَبِيكُمْ آدَمَ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ اذْهَبُوا إِلَى ابْنِي إِبْرَاهِيمَ خَلِيلِ اللَّهِ قَالَ فَيَقُولُ إِبْرَاهِيمُ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ إِنَّمَا كُنْتُ خَلِيلًا مِنْ وَرَاءَ وَرَاءَ اعْمِدُوا إِلَى مُوسَى صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الَّذِي كَلَّمَهُ اللَّهُ تَكْلِيمًا فَيَأْتُونَ مُوسَى صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَقُولُ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ اذْهَبُوا إِلَى عِيسَى كَلِمَةِ اللَّهِ وَرُوحِهِ فَيَقُولُ عِيسَى صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ فَيَأْتُونَ مُحَمَّدًا صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَقُومُ فَيُؤْذَنُ لَهُ وَتُرْسَلُ الْأَمَانَةُ وَالرَّحِمُ فَتَقُومَانِ جَنَبَتَيْ الصِّرَاطِ يَمِينًا وَشِمَالاً فَيَمُرُّ أَوَّلُكُمْ كَالْبَرْقِ قَالَ قُلْتُ بِأَبِي أَنْتَ وَأُمِّي أَيُّ شَيْءٍ كَمَرِّ الْبَرْقِ قَالَ أَلَمْ تَرَوْا إِلَى الْبَرْقِ كَيْفَ يَمُرُّ وَيَرْجِعُ فِي طَرْفَةِ عَيْنٍ ثُمَّ كَمَرِّ الرِّيحِ ثُمَّ كَمَرِّ الطَّيْرِ وَشَدِّ الرِّجَالِ تَجْرِي بِهِمْ أَعْمَالُهُمْ وَنَبِيُّكُمْ قَائِمٌ عَلَى الصِّرَاطِ يَقُولُ رَبِّ سَلِّمْ سَلِّمْ حَتَّى تَعْجِزَ أَعْمَالُ الْعِبَادِ حَتَّى يَجِيءَ الرَّجُلُ فَلاَ يَسْتَطِيعُ السَّيْرَ إِلاَّ زَحْفًا قَالَ وَفِي حَافَتَيْ الصِّرَاطِ كَلاَلِيبُ مُعَلَّقَةٌ مَأْمُورَةٌ بِأَخْذِ مَنْ أُمِرَتْ بِهِ فَمَخْدُوشٌ نَاجٍ وَمَكْدُوسٌ فِي النَّارِ وَالَّذِي نَفْسُ أَبِي هُرَيْرَةَ بِيَدِهِ إِنَّ قَعْرَ جَهَنَّمَ لَسَبْعُونَ خَرِيفًا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Abu Hurayra va Abu Rib’iy roziyallohu anhular Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilib aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh tabaroka va taolo insonlarni jamlaydi, mo‘minlar jannatga yaqin joyda turadilar. Ular Odam alayhissalomning yonlariga kelishadi va: “Ey otamiz, bizlarga jannatni ochishni so‘rab bering”, – deyishadi. U: “Sizlarni jannatdan otangiz Odamning xatosi chiqarmadimi, men bunga ega emasman, sizlar o‘g‘lim Ibrohim Xalilullohning yoniga boringlar”, – deydi. U zot dedilar: “Ibrohim men bunga ega emasman, bunday yuksak darajadagi xalil bo‘lmaganman. – Sizlar Alloh taoloning O‘zi unga mutlaq gapirgan Muso sollallohu alayhi vasallamga boringlar, – deydi. Ular Muso sollallohu alayhi vasallamning yoniga keladilar. U: “Men bunga ega emasman, Allohning kalimasi va ruhi Isoga boringlar”, – deydi. Iso: “Men bunga ega emasman”, – deydi. Bas ular Muhammad sollallohu alayhi vasallamga keladilar. U zot turadilar va u zotga izn beriladi. Omonat va qarindoshlik o‘z holiga qo‘yiladi, ular sirotning o‘ng va chap tomonlariga turib oladilar. Sizlarning avvalgilaringiz chaqmoq kabi o‘tadilar. Men: “Ota-onam sizga fido bo‘lsin, qaysi narsa chaqmoq kabi o‘tadi”, – dedim. U zot: “Chaqmoqning ko‘z yumib ochguncha qanday o‘tib qaytishini ko‘rmaganmisan, so‘ngra shamolning o‘tishi kabi, so‘ngra qushning o‘tishi kabi va amallari yugurtirayotgan kishilarning sudralishi kabi o‘tadilar. Payg‘ambarlaringiz sirot ustida: “Robbim, qutqargin, qutqargin”, – deb turadi. Hatto bandalarning amallari (ularni harakatlantirib olib o‘tishdan) ojiz qoladi, hatto yurishga quvvati yetmaydigan, faqat sudralib harakatlanadigan kishi keladi”. Yana dedilar: “Sirotning ikki chetida buyurilgan kimsani tutishga tayin qilinib osib qo‘yilgan changaklar bo‘ladi. Bas tirnalganlar (ya’ni tirnalib bo‘lsa-da o‘tib ketgan) najot topuvchidirlar, to‘planib qolganlar do‘zaxdadirlar”. Abu Hurayraning joni Uning qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, albatta, jahannamning qa’ri yetmish kuzdir (yetmish yillik masofadir)”, – dedi”. Muslim rivoyat qilgan.

Ko‘plab nusxalarda ushbu o‘rinda shafoat haqidagi bayt takror keltirilgan. “Bad’ul amoliy” matni Humaydiy ismli mudarris tomonidan tatar tiliga tarjima qilinib, 1908 yilda “Amoliy tarjimasi” nomi bilan Qozon shahrida chop etilgan. O‘sha nusxada shafoat to‘g‘risidagi ushbu bayt faqat bir joyda kelgan bo‘lib, takrorning o‘rniga quyidagi boshqa bir bayt keltirilgan:

وَلَا عَرَضٌ وَلَا ذُو صُورَةٍ مَا تَعَالَى اللهُ عَمَّا فِى الْخِيَالِ

U araz[6] ham, suvratda ham emas, biror xayoliy,

Alloh gumoniy xayollardan buyuk va oliy[7].

Ushbu baytning ma’nosi yuqorida keltirilgan So‘fi Ollohyor bobomizning so‘zlari bilan deyarli bir xil, ya’ni:

Ko‘ngilda kechsa ko‘zga tushsa har shay,

Erur andin munazzah Xoliqi Hay.

Shuningdek, mazkur bayt Alisher Navoiy bobomizning mashhur “Sirojul-muslimin” (Musulmonlarning chirog‘i) asaridagi baytga ham ma’nodoshdir:

Ne javhar, ne arazdur, ne makonda,

Ne voqe’dur jihatda, ne zamonda.

“U (ya’ni Alloh taolo) javhar ham, araz ham emas. U makonda ham, jihatda ham, biror zamonda ham emas”[8].

 

Keyingi mavzu:
Duolarning ta’sirlari bayoni

 


[1] A’rof surasi, 8, 9-oyatlar.
[2] Zalzala surasi, 7, 8-oyatlar.
[3] Muhammad ibn Abdurrahmon Muborakfuriy. Tuhfatul Ahvaziy. “Maktabatush shomila”. – B. 380.
[4] Kahf surasi, 105-oyat.
[5] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 278.
[6] Mustaqil mavjud bo‘lib turmaydigan, balki jism va uning bo‘laklari orqali borliqdan joy olib turadigan ranglar, hattu-harakatlar, ta’mlar va hidlar kabi narsalar – araz deyiladi. Qarang: Sa’duddin Taftazoniy. Sharhu aqoid. – Misr: “Maktabatul Azhariy”, 2000. – B. 37.
[7] Humaydiy. Amoliy tarjimasi. – Qozon: “Karimiya matbaasi”, 1908. – 4.
[8] Alisher Navoiy. “Navoiydin chu topqaylar navoye”. – Toshkent: “Hilol-nashr”, 2014. –B. 136.