Kichik sarlavha sifatida keltirilgan bu maqolni bugun hech ikkilanmay tibbiyot xodimlari va tegishli mutasaddi sohalar vakillari hamda imom-xatiblarimizga qarata aytishimiz mumkin. Chunki ular kunni tunga, tunni tongga ulab, shu yurtning har bir fuqarosi sog‘lig‘i uchun qayg‘urishmoqda. Ular – bugungi kun QAHRAMONLARIdir!
Bugun butun dunyo bir bo‘lib mudhish illat – koronavirusga qarshi kurashmoqda. Afsuski, COVID-19infeksiyasi yurtimizda ham tarqalib, odamlarning tinchini buzdi. O‘ttiz to‘rt milliondan ziyod aholi muhtaram Yurtboshimiz atrofida jipslashib, bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlikda bu o‘latni yengishga kirishdi.
Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida karantin holati e’lon qilinganidan keyinimom-xatiblarimiz ham xalq orasida bo‘lib, imkoniyat darajasida ehtiyojmand fuqarolarga ko‘maklashib, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rib beixtiyor to‘lqinlanib ketasan kishi. Ayniqsa, o‘z mablag‘lari hisobidan tibbiyot niqoblari, zarur dori-darmonlarni aholining muhtoj qatlamlariga yetkazib berish asnosida ularga xavotirga tushmaslikni, bu bir sinov ekanini, albatta, bunday kunlar tez orada ortda qolishini tushuntirishmoqda. Bu jarayonning bevosita ichida yurib xayolimga hazrat Alisher Navoiy bobomizning “Futuvvat – barcha qilmakdir, demak yo‘q”degan so‘zlari keldi. Darhaqiqat, muqaddas dinimizning ham asl mohiyati shu – Haq rizoligi uchun xalqqa xizmat qilish.
Bunday xayrli ishlardan, tabiiyki, odamlarimiz xursand bo‘lishmoqda.Imomlarimizga: “Shuncha xayrli ishlar qilibsiz, insonlar tashakkur aytishyapti”, desangiz, ular: “Savob ish qilib, maqtanish to‘g‘ri kelmaydi”; “Xalq ichidamiz”; “Zimmamizdagi vazifani bajaryapmiz, xolos” kabi javoblarni berishyapti. Aksariyat imomlarimiz amalga oshirgan ezgu ishlarini hisobot tarzida berishga ham xijolat bo‘lishmoqda. Shunday fidoyi insonlar bor ekan, biz hech qachon yengilmaymiz! Shunday farzandlarni tarbiyalagan ota-onalariga MING RAHMAT! Hech shubhasiz, bunday insonlarni, ya’ni o‘ng qo‘li bilan bergan sadaqasini chap qo‘li sezmaydigan kishilarni Qiyomat kuni aslo soya bo‘lmagan paytda Alloh taolo Arshining soyasiga oladi. Bu haqda Imom Buxoriy bobomiz rivoyat qilganlar.
Virus tarqalganidan keyin har kuni oynai jahon orqali karantin paytida nimalarga rioya qilish zarurligi haqida ijtimoiy roliklar efirga uzatilyapti. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlari orqali ham turli xabarlar tarqatilyapti. Xo‘sh, bunday vaziyatda mo‘min-musulmon kishi qanday yo‘l tutishi kerak? Infeksiya tarqalibdi, karantin payti falon sayt unday debdi, pismadoni bunday tavsiyalarni tarqatyapti, deb har qanday ma’lumotga ishonib, har qanday tavsiyaga rioya qilaverishi kerakmi? Bu haqda dinimiz ko‘rsatmalari qanday?
“Itoat ham – ibodatdir”
Islomda musulmonlar o‘z rahbarlariga, ayni hozirgi holatda har bir kishi tabib-shifokorlar ko‘rsatmalariga ham qat’iy rioya etishlari zarur va shart! Ushbu kasallikning oldini olish bo‘yicha shifokorlar qanday yo‘l-yo‘riq va tavsiyalar berishsa, ularga amal qilishimiz lozim. Zero, oyati karimada: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” –deb marhamat qilinadi (Niso surasi 59 oyat).
Dinimizda itoat bejiz ibodat darajasiga ko‘tarilmagan. Chunonchi, shoir aytganidek: “Ibodat ne? Yaratganga itoat ham – ibodatdir, Haqiqiy bandalik birlan sadoqat ham – ibodatdir”.
Islomda poklikka shunchalik e’tibor qaratiladiki, u ibodat darajasiga, hatto imon (!) darajasiga olib chiqilgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Poklik – imonning yarmidir”, – dedilar. Boshqa bir hadisi shariflarida: “Alloh taolo– pokdir va poklikni yaxshi ko‘radi”, – deyilgan.
Bugun har qadamda ana shu hadislarning amaldagi in’ikosini ko‘rayotgandekmiz. Aslida, xalqimiz qadimdan poklikni juda qadrlab kelgan. Bobo-buvilarimiz, ota-onalarimizning tozalik haqidagi pandu nasihatlari shuurimizga shu qadar singib ketganki, bu amallar hayotimizning mazmuniga aylanib ulgurgan.
Oltinga teng bu pandu o‘gitlarni bugun farzandlarimizning, nabirayu abiralarimizning qulog‘iga quyishimiz kerak. Virusdan saqlanish uchun niqob taqib, qo‘llarni yaxshilab sovunlab yuvishga e’tibor qaratishimiz darkor!
Yurtimizdagi har bir mo‘min-musulmon ortiqcha vahimaga berilib, sarosimaga tushmasdan, dinimizga ham, qonun-qoidalarimizga ham, milliy qadriyatlarimizga ham, sharqona odob-axloqimizga ham to‘g‘ri kelmaydigan harakatlar qilmasdan, balki uni o‘rniga o‘zimizga ham, oila a’zolarimizga ham tozalik-ozodalikni lozim tutib, gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etsak, inshoalloh, bu balo tezda yurtimizdan daf bo‘ladi.
“Ko‘pning duosi – ko‘l”
Xalqimizda yaxshi bir odat shakllangan: ishi yurishmay qolgan kishi ham, yangi ish boshlamoqchi bo‘lgan ham, boshiga og‘ir kunlar tushgan odam ham darhol yoshi ulug‘ kishilardan,oz bo‘lsada qiynalganlardan, tabarruk odamlardan duo olishga shoshiladi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki duoda gap ko‘p... “Duo bilan el ko‘karar, yomg‘ir bilan – yer”, “Ko‘pning duosi – ko‘l”, “Oltin olma, duo ol” kabi dono xalqimizning maqollari duoning ahamiyati nechog‘li yuksak ekanini ifodalaydi.
Hozir qamariy taqvim hisobi bo‘yicha sha’bon oyida turibmiz. Xalqimiz bu oyni qadimdan juda ulug‘lab keladi. Bu oyda “baroat kechasi” bor. Baroat kechasida Alloh azza va jalla bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi; bir yil ichida bo‘ladigan ishlar haqida qazoyu qadar hukm qilinadi; amallar sahifalari Alloh taoloning huzuriga ko‘tariladi; Alloh taolo mushrik, ginachi va silai rahmni uzuvchilardan boshqa barchani mag‘firat qiladi; Alloh taoloning rahmati Yer yuziga yog‘iladi, deb Rasululloh sallallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar.
Janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam sha’bon oyining kechasida Alloh taolo shunday marhamat qilishini aytganlar: “Qani: istig‘for aytuvchilar bormi, ularni mag‘firat qilaman?! Qani: rizq so‘rovchilar bormi, ularga rizq beraman?! Qani: boshiga mushkul ish tushganlar bormi, ularga ofiyat beraman?! Qani: biror narsa so‘rovchilar bormi, ularga so‘raganlarini beraman?!”(Imom Ibn Moja rivoyati).
Ulug‘ va fazilatli oyning sharofatidan, muqaddas dinimiz hurmatidan ajdodlarimiz Sha’bon (Baroat) oyida tug‘ilgan farzand-nevaralariga “Barot”, “Baroatulloh”, “Bo‘rot”, “Baratbek”, “Baroat”, “Barotxon”, “Muhammadjon”, “Rasuljon”, “Nabijon”, “Omina”, “Oysha”, “Fotima” deb ism qo‘yishgan. Demak, Sha’bon oyi – fazilatli oy ekan.
Baroat barakali va ulug‘ oy bo‘lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko‘plab ajru savoblar beriladi. Ibodatlar va duolar ijobat bo‘ladi. Baroat oyida nafl ro‘za tutish ham savobli ish hisoblanadi. Hadis kitoblarida keltirilgan ba’zi rivoyatlarda Sha’bon oyida ro‘za tutganlarga ulkan savoblar va’da qilingan. Ko‘p hadisi shariflarda kelgan tavsiyalar ushbu muborak va ulug‘ oyning kechalarini toat-ibodatda, zikr va duolarda o‘tkazishga qaratilgan. Shuningdek, bu muborak oyda asosiy qilinadigan narsa tavba-tazarru ekanligi alohida ta’kidlangan. Alloh taolo baroat oyida, ayniqsa, gunoh ishlardan saqlanishga, mazkur oyni imkon qadar ko‘proq ibodat, zikrulloh bilan o‘tkazishga buyuradi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamning muborak so‘zlarini shunday fazilatli oylarda eslasak, foydadan xoli bo‘lmas:
– “Kim musulmonlarning dardini o‘z dardi deya bilmasa, ular bizdan emas” (ImomTabaroniy rivoyati);
– “Eng fazilatli ibodat – boshiga tushgan bir qiyinchilikning ketkizilishini duo qilib kutishdir” (Imom Termiziy rivoyati);
– “Alloh taolo Undan hech narsa duo qilib so‘ramaydigandan g‘azablanadi” (Imom Termiziy rivoyati);.
– “Sadaqa baloni qaytaradi”;
– “Kimki doimo Allohga istig‘for aytib yurar ekan, Alloh taolo har qanday qiyin vaziyatdan chiqish yo‘lini unga ko‘rsatadi. Musibatlarini yengillashtiradi (ko‘taradi) va kutmagan tarafidan meros (ne’mat, rizq) jo‘natadi” (Imom Abu Dovud rivoyati);
– “Ikki duo borki, u duolar bilan Alloh orasida qabuli uchun hech bir parda yo‘q. Biri – mazlum (zulmga uchragan)ning duosi; ikkinchisi – mo‘minning boshqa mo‘min birodari haqiga qilgan maxfiy duosi”;
– “Duo boshga kelgan va kelmagan har narsaga qarshi foydalidir. Qazo(taqdir)ni faqat duo oldini oladi. Inchunin, duoga mahkam yopishing!” (Imom Termiziy rivoyati).
Hikmat izlaganga...
Bir tafakkur qilaylik. “Birni qarab shukr qil, birni qarab fikr qil” deganlariday, millatiga, diniga, irqiga, jinsiga, ijtimoiy holatiga, turar joyiga, yoshiga qaramasdan, inson zotini ayamasdan, koronavirus bezovta qilayotgan holatlardan har qanday aqlli odam o‘ziga o‘zi to‘g‘ri, yetarli va aqlli xulosasini chiqarib oladi.
Endi ushbu koronavirus COVID-19 balosidan ham, boshqa illatlardan ham o‘zimizni, oilamizni, yurtimizni asrashimiz uchun “Asranganni asrayman” degan Buyuk Parvadigori olamning amrlariga, Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning tavsiyalariga amal etib, avvalo rahbarlarimizga bo‘ysunishimiz lozim. Ishlab turgan sohamizdan, egallab turgan lavozimimizdan, erishgan mavqeimizdan qat’iy nazar.
Shu bilan birga COVID-19 koronavirusini oddiy ko‘z bilan ko‘rish ilojisi yo‘q bo‘lib, faqatgina mikroskop ko‘zi bilan ko‘rish mumkinligiday, illatlarni ham oddiy ko‘z bilan qarab emas, balki har bir ishimizga qalb ko‘zimiz bilan qarasakgina, muhtaram Yurtboshimizning iboralari bilan aytganda, halollik vaksinasi bilangina davolansak bo‘ladi.
Har bir ishdan, har bir yaxshiligu yomonlikdan hikmat axtarishga odatlangan xalqmiz, alhamdulillah. Bu borada o‘zimizga Jaloliddin Rumiy hazratlarining “Hikmat izlaganga – hikmatdir dunyo” degan so‘zlarini shior qilib olganmiz. Shunga ko‘ra, albatta, bu sinovli kunlardan ham iloji boricha hikmat izlab yashaylik. Zero, bizga yomon ko‘ringan narsa zamirida yaxshilik bordir. Alloh taolo O‘zining kalomi –Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Balkim, sizlar yoqtirmagan narsa (aslida) o‘zlaringiz uchun yaxshi, yoqtirgan narsangiz esa (aslida) sizlar uchun yomon bo‘lib chiqar. Alloh bilur, sizlar esa bilmaysizlar”(Baqara surasi 216-oyat).
Xulosa
Azizlar, bunday ulug‘ oylar – Baroat oylarini, fazilatli kunlarni g‘animat bilib, yurtimizning, el-xalqimizning, mahallamizning, oilamizning, qarindoshlarimizning, qo‘shnilarimizning, do‘stlarimizning, yaqinlarimizning, Yer yuzidagi barcha insonlarning haqlariga Yaratgandan yaxshi tilaklar so‘raylik…
Iloho, jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borilayotgan barcha xayrli ishlarda Alloh taolo madadkor bo‘lsin! Parvardigori olam barcha bemorlarimizga O‘zi shifo bersin! Koronavirus infeksiyasini tez va qisqa fursatda daf etib, turli balo-qazo, ofatu kulfat, tuhmatlardan, yomon ko‘z, yomon so‘zlardan, fitnalardan, dardlardan, illatlardan, turli viruslardan O‘zi asrasin!
Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Manba: http://uza.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Shayx Abu G‘uddaning birgina kitobni uzoq izlab, nihoyat, Makkai mukarrammada Toshkentlik shayxdan topganlari xususida ajib hikoya
Shayx rahmatullohi alayh «Sahifalar» kitobida o‘zlarining hayotlaridan bir lavhani quyidagicha zikr etadilar: «Ba’zan biron kitobga yetishadigan bo‘lsam, Alloh taolo uchun falon-falon rakat namoz o‘qiyman deb nazr qilar edim. Bir kitobni qo‘lga kiritaman deb, qiziq voqeani boshimdan kechirganman. Uni shu o‘rinda keltirishni maqsadga muvofiq deb bildim:
«Qohiradagi al-Azhar universitetining shariat fakultetida o‘qib yurgan paytlarimda doimo shayximiz, alloma imom Muhammad Zohid Kavsariy rahimahullohning huzurlarida bo‘lardim. U zot alloma Shayx Aliy Qorining «Fathu bobil inoya bisharhi kitobin niqoya» kitobini olishni tavsiya qildilar. Foydali, nodir, durdona kitoblarni qo‘lga kiritishga ishqiboz ekanimligimni bilganliklari sabab, o‘sha kitobni topishga bir necha bor jiddiy tarzda qiziqtirgan edilar.
U kitob Hindistonda chop etilgan bo‘lsa kerak, deb yurardim. Qohirada olti yil yashagan bo‘lsam, to o‘qishni tugatgunimcha o‘sha kitobni izlab yurdim.
Topilishi mumkin deb faraz qilgan barcha kutubxonalarimdan so‘rab-surishtirdim, lekin u haqida biror ma’lumotga ega bo‘la olmadim. O‘z yurtimga qaytganimda ham Halabning qaysi shahrini ziyorat qilmay yoki qaysi kutubxonasiga kirmay, o‘sha kitobni izlashda davom etardim.
Men kitob Hindistonda chop etilgan deb o‘ylaganim va u hanafiy fiqhi borasida yozilgani bois, shoyad maqsadimga erishsam deb, kitobfurushlardan Hindistonda chop etilgan hanafiy mazhabiga oid barcha fiqhiy kitoblar haqida surishtirar edim. Lekin ular bu kitobning hatto nomini ham bilishmas edi. Damashqdagi qadimgi durdona kitoblardan xabardor bo‘lgan eski kitobfurushlar bor edi. Ularda juda ko‘plab qadimgi va qimmatbaho kitoblar bo‘lsa-da, ularni sotish masalasida juda ham qattiq turishar va anchagina qimmat narx belgilashardi.
Ular Sayyid Izzat Qusaybotiy va uning otasi, shuningdek, Shayx Hamdiy Safarjaloniy va Sayyid Ahmad Ubaydlar edi. Bir kuni Sayyid Izzat Qusaybotiydan Hindistonda chop etilgan «Fathul bobil inoya...» kitobi haqida so‘rasam, ul zot kitob unda borligini aytdi va Imom Ayniyning 1293 hijriy yilda Hindistonda chop etilgan juda katta – olti mujalladdan iborat «Al- Binoya bi sharhi Hidoya» kitobini olib chiqdi. Ushbu kitob ham men izlab yurgan qimmatbaho, nodir kitoblardan edi, ammo men u zotdan so‘ragan kitob emasdi.
Shuning uchun bu kitobni uncha qimmat bo‘lmagan narxda sotib oldim. Keyin men Shayx Hamdiy Safarjaloniy rahimahullohdan qidirib yurgan kitobim haqida so‘radim. Bilsam, kitob Rossiyada, Qozonda chop etilgan ekan. Aytishlaricha, kitob qizil gugurtdan ham nodirroq ekan. U kishi umri davomida qancha-qancha kitoblar bilan shug‘ullangan bo‘lsa-da, o‘sha kitobdan faqat bir nusxasi qo‘liga tushgani va uni alloma Imom Kavsariyga aql bovar qilmaydigan darajada qimmat narxga sotib yuborganini aytdi.
Kitob chop etilgan joyni aniq bilib olgan bo‘lsamda, unga yetishishga bo‘lgan umidim susaydi. Alloh taolo meni 1376/1957 yilda birinchi marotaba Baytullohni haj qilishga muvaffaq qilganida Makkai mukarramaga kirib, kitob bosilgan o‘lkalardan Allohning muborak shahriga ko‘chib kelgan kishilardan birontasi o‘zi bilan o‘sha kitobni olib kelgandir, degan umidda Makkadagi kutubxonalardan kitobni surishtira boshladim, lekin topa olmadim. Alloh taoloning inoyati bilan Makkai mukarramadagi bozorlardan birida odamlardan chekkaroqdagi bir eski kitobfurushning oldiga borib qoldim.
U zot shayx Mustafo ibn Muhammad Shinqitiy hafizahulloh ekan. U zotdan bir necha kitoblar sotib oldim. So‘ng noumid bo‘lgan holda haligi kitob haqida so‘rasam, bir haftacha oldin menda bor edi, deb qoldi. Kitobni buxorolik olimlardan birining merosidan sotib olgan ekan. Bir necha kun oldin uni asli buxorolik Toshkent ulamolaridan biriga qimmat narxga sotib yuborgan ekan. Ishonqiramay turgan edim u o‘sha kitobni menga sifatlay boshladi. Haqiqatdan ham o‘sha men anchadan beri izlab yurgan kitob edi. Shundan keyin kitobni sotib olgan toshkentlik olim kimligini so‘radim.
U zot o‘ylab turib shayx Inoyatulloh Toshkandiyning nomini aytdi. Undan o‘sha shayxning yashaydigan, ishlaydigan manzilini, uni qanday topish mumkinligini so‘radim. U bu haqda bilmasligini aytdi. Yana u kishi haqida kimdan so‘rab-surishtirishim mumkinligi haqida so‘ragan edim, buni ham bilmasligini aytdi. Shundan so‘ng o‘sha kitobni qo‘lga kiritish yoki uni sotib olgan kishi bilan uchrashishdan yanada umidim uzildi. Shunday bo‘lsa-da, Masjidul Haram yoki Makka bozorlarida uchratgan barcha buxorolik kishilardan shayx Inoyatulloh haqida surishtirib yuraverdim. Buxoroliklar bor deb aytilgan hech qaysi madrasa yoki karvonsaroy qolmadi, hammasidan o‘sha shayxni surishtirib chiqdim. Hatto Makka tashqarisidagi mahallalargacha bordim. Chunki ayrimlar u yerda ham buxoroliklar bor deyishgandi.
Lekin izlayotgan odamim bilan uchrashish qayoqda deysiz? Axir Makkai mukarramada Inoyatulloh ismli qanchadan-qancha buxoroliklar bordir. To‘xtovsiz so‘rab-surishtirishlar meni shayx Abdulqodir Toshkandiy Buxoriy Saotiyning huzuriga olib bordi. U zot Makka atrofidagi Jarval mahallasida istiqomat qilar ekan. U zotdan shayx Toshkandiy haqida so‘ragan edim, shayxni tanidi va menga uning asl ismini aytdi. Ismi shayx Mir Inoyat Toshkandiy ekan. Lekin u ham shayxning manzilini u bilan uchrashish mumkin bo‘lgan joylarni bilmas ekan.
Yana «Fathul bobil inoya...» kitobini olgan o‘sha shayx bilan uchrashishdan noumid bo‘lib qoldim. Oradan bir oz vaqt o‘tdi. Bir kuni Ka’bai muazzamani tavof qilib Alloh taolodan meni o‘sha insonga yo‘liqtirishini va o‘sha kitobni qo‘lga kiritishga muyassar etishini so‘radim. Ushbu duo va nolani bi necha bor takrorlayverdim. Oradan bir haftacha vaqt o‘tdi. Bu muddat ichida kitob va uning egasini qidiraverib, fikru hayolim parishon bo‘lib qolgan edi. Bu Allohga ayon.
Bir kuni (masjid kengayishidan oldin) Masjidul Haram eshiklaridan biri- «Bobu ziyoda»ning oldidagi bozorda aylanib yursam, Abu Arab degan eski damashqlik tijoratchi meni ko‘rib, ko‘rinishim va kiyimlarimdan shomlikka o‘xshatib oldiga chaqirdi. Shom o‘lkasi va Shom aholisi haqida so‘radi. Kitobga bo‘lgan ishtiyoqim kuchliligidan u kishidan birinchi bo‘lib haligi buxorolik shayx haqida so‘radim. U oldidagi do‘konda o‘sha shayxning kuyovi savdo qilishini, shayxni hammadan ko‘ra u yaxshi bo‘lishini aytdi. Bu gaplarni eshitib, shu qadar xursand bo‘ldimki, quloqlarimga ishonmay qoldim.
Shundan so‘ng men tunu kun u yerga qatnab, oxiri u kishi bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldim. U zot kitobni menga o‘zlari istagan narxda arzonga sotdilar. O‘sha kun umrimda eng xursand bo‘lgan onlarimdan biri edi. Darhaqiqat, Alloh taolo menga o‘sha kitobni birinchi juzini tahqiq qilib, nashr qilishni nasib etdi. Alloh taolodan o‘z fazli va karami ila kitobning qolgan qismlarini ham nashr qilishga muvaffaq bo‘lishini so‘rab qolaman!».
Shayx Abdulfattoh Abu G‘udda rahmatullohi alayhning
«Sahifalar» kitobidan.