Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

“El boshiga ish tushsa, botirlari sinalar”

2.04.2020   3000   12 min.
“El boshiga ish tushsa, botirlari sinalar”

Kichik sarlavha sifatida keltirilgan bu maqolni bugun hech ikkilanmay tibbiyot xodimlari va tegishli mutasaddi sohalar vakillari hamda imom-xatiblarimizga qarata aytishimiz mumkin. Chunki ular kunni tunga, tunni tongga ulab, shu yurtning har bir fuqarosi sog‘lig‘i uchun qayg‘urishmoqda. Ular – bugungi kun QAHRAMONLARIdir!

Bugun butun dunyo bir bo‘lib mudhish illat – koronavirusga qarshi kurashmoqda. Afsuski, COVID-19infeksiyasi yurtimizda ham tarqalib, odamlarning tinchini buzdi. O‘ttiz to‘rt milliondan ziyod aholi muhtaram Yurtboshimiz atrofida jipslashib, bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlikda bu o‘latni yengishga kirishdi.

Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida karantin holati e’lon qilinganidan keyinimom-xatiblarimiz ham xalq orasida bo‘lib, imkoniyat darajasida ehtiyojmand fuqarolarga ko‘maklashib, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rib beixtiyor to‘lqinlanib ketasan kishi. Ayniqsa, o‘z mablag‘lari hisobidan tibbiyot niqoblari, zarur dori-darmonlarni aholining muhtoj qatlamlariga yetkazib berish asnosida ularga xavotirga tushmaslikni, bu bir sinov ekanini, albatta, bunday kunlar tez orada ortda qolishini tushuntirishmoqda. Bu jarayonning bevosita ichida yurib xayolimga hazrat Alisher Navoiy bobomizning “Futuvvat – barcha qilmakdir, demak yo‘q”degan so‘zlari keldi. Darhaqiqat, muqaddas dinimizning ham asl mohiyati shu – Haq rizoligi uchun xalqqa xizmat qilish.

Bunday xayrli ishlardan, tabiiyki, odamlarimiz xursand bo‘lishmoqda.Imomlarimizga: “Shuncha xayrli ishlar qilibsiz, insonlar tashakkur aytishyapti”, desangiz, ular: “Savob ish qilib, maqtanish to‘g‘ri kelmaydi”; “Xalq ichidamiz”; “Zimmamizdagi vazifani bajaryapmiz, xolos” kabi javoblarni berishyapti. Aksariyat imomlarimiz amalga oshirgan ezgu ishlarini hisobot tarzida berishga ham xijolat bo‘lishmoqda. Shunday fidoyi insonlar bor ekan, biz hech qachon yengilmaymiz! Shunday farzandlarni tarbiyalagan ota-onalariga MING RAHMAT! Hech shubhasiz, bunday insonlarni, ya’ni o‘ng qo‘li bilan bergan sadaqasini chap qo‘li sezmaydigan kishilarni Qiyomat kuni aslo soya bo‘lmagan paytda Alloh taolo Arshining soyasiga oladi. Bu haqda Imom Buxoriy bobomiz rivoyat qilganlar.

Virus tarqalganidan keyin har kuni oynai jahon orqali karantin paytida nimalarga rioya qilish zarurligi haqida ijtimoiy roliklar efirga uzatilyapti. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlari orqali ham turli xabarlar tarqatilyapti. Xo‘sh, bunday vaziyatda mo‘min-musulmon kishi qanday yo‘l tutishi kerak? Infeksiya tarqalibdi, karantin payti falon sayt unday debdi, pismadoni bunday tavsiyalarni tarqatyapti, deb har qanday ma’lumotga ishonib, har qanday tavsiyaga rioya qilaverishi kerakmi? Bu haqda dinimiz ko‘rsatmalari qanday? 

“Itoat ham – ibodatdir”

Islomda musulmonlar o‘z rahbarlariga, ayni hozirgi holatda har bir kishi tabib-shifokorlar ko‘rsatmalariga ham qat’iy rioya etishlari zarur va shart! Ushbu kasallikning oldini olish bo‘yicha shifokorlar qanday yo‘l-yo‘riq va tavsiyalar berishsa, ularga amal qilishimiz lozim. Zero, oyati karimada: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” deb marhamat qilinadi (Niso surasi 59 oyat).

Dinimizda itoat bejiz ibodat darajasiga ko‘tarilmagan. Chunonchi, shoir aytganidek: “Ibodat ne? Yaratganga itoat ham – ibodatdir, Haqiqiy bandalik birlan sadoqat ham – ibodatdir”.

Islomda poklikka shunchalik e’tibor qaratiladiki, u ibodat darajasiga, hatto imon (!) darajasiga olib chiqilgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Poklik – imonning yarmidir”– dedilar. Boshqa bir hadisi shariflarida: “Alloh taolo– pokdir va poklikni yaxshi ko‘radi”– deyilgan.

Bugun har qadamda ana shu hadislarning amaldagi in’ikosini ko‘rayotgandekmiz. Aslida, xalqimiz qadimdan poklikni juda qadrlab kelgan. Bobo-buvilarimiz, ota-onalarimizning tozalik haqidagi pandu nasihatlari shuurimizga shu qadar singib ketganki, bu amallar hayotimizning mazmuniga aylanib ulgurgan.

Oltinga teng bu pandu o‘gitlarni bugun farzandlarimizning, nabirayu abiralarimizning qulog‘iga quyishimiz kerak. Virusdan saqlanish uchun niqob taqib, qo‘llarni yaxshilab sovunlab yuvishga e’tibor qaratishimiz darkor!

Yurtimizdagi har bir mo‘min-musulmon ortiqcha vahimaga berilib, sarosimaga tushmasdan, dinimizga ham, qonun-qoidalarimizga ham, milliy qadriyatlarimizga ham, sharqona odob-axloqimizga ham to‘g‘ri kelmaydigan harakatlar qilmasdan, balki uni o‘rniga o‘zimizga ham, oila a’zolarimizga ham tozalik-ozodalikni lozim tutib, gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etsak, inshoalloh, bu balo tezda yurtimizdan daf bo‘ladi.

“Ko‘pning duosi – ko‘l”

Xalqimizda yaxshi bir odat shakllangan: ishi yurishmay qolgan kishi ham, yangi ish boshlamoqchi bo‘lgan ham, boshiga og‘ir kunlar tushgan odam ham darhol yoshi ulug‘ kishilardan,oz bo‘lsada qiynalganlardan, tabarruk odamlardan duo olishga shoshiladi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki duoda gap ko‘p... “Duo bilan el ko‘karar, yomg‘ir bilan – yer”, “Ko‘pning duosi – ko‘l”, “Oltin olma, duo ol” kabi dono xalqimizning maqollari duoning ahamiyati nechog‘li yuksak ekanini ifodalaydi.

Hozir qamariy taqvim hisobi bo‘yicha sha’bon oyida turibmiz. Xalqimiz bu oyni qadimdan juda ulug‘lab keladi. Bu oyda “baroat kechasi” bor. Baroat kechasida Alloh azza va jalla bandalariga rahmat nazari bilan qaraydibir yil ichida bo‘ladigan ishlar haqida qazoyu qadar hukm qilinadiamallar sahifalari Alloh taoloning huzuriga ko‘tariladiAlloh taolo mushrik, ginachi va silai rahmni uzuvchilardan boshqa barchani mag‘firat qiladiAlloh taoloning rahmati Yer yuziga yog‘iladi, deb Rasululloh sallallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar.

Janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam sha’bon oyining kechasida Alloh taolo shunday marhamat qilishini aytganlar: “Qani: istig‘for aytuvchilar bormi, ularni mag‘firat qilaman?! Qani: rizq so‘rovchilar bormi, ularga rizq beraman?! Qani: boshiga mushkul ish tushganlar bormi, ularga ofiyat beraman?! Qani: biror narsa so‘rovchilar bormi, ularga so‘raganlarini beraman?!”(Imom Ibn Moja rivoyati).

Ulug‘ va fazilatli oyning sharofatidan, muqaddas dinimiz hurmatidan ajdodlarimiz Sha’bon (Baroat) oyida tug‘ilgan farzand-nevaralariga “Barot”, “Baroatulloh”, “Bo‘rot”, “Baratbek”, “Baroat”, “Barotxon”, “Muhammadjon”, “Rasuljon”, “Nabijon”, “Omina”, “Oysha”, “Fotima” deb ism qo‘yishgan. Demak, Sha’bon oyi – fazilatli oy ekan.

Baroat barakali va ulug‘ oy bo‘lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko‘plab ajru savoblar beriladi. Ibodatlar va duolar ijobat bo‘ladi. Baroat oyida nafl ro‘za tutish ham savobli ish hisoblanadi. Hadis kitoblarida keltirilgan ba’zi rivoyatlarda Sha’bon oyida ro‘za tutganlarga ulkan savoblar va’da qilingan. Ko‘p hadisi shariflarda kelgan tavsiyalar ushbu muborak va ulug‘ oyning kechalarini toat-ibodatda, zikr va duolarda o‘tkazishga qaratilgan. Shuningdek, bu muborak oyda asosiy qilinadigan narsa tavba-tazarru ekanligi alohida ta’kidlangan. Alloh taolo baroat oyida, ayniqsa, gunoh ishlardan saqlanishga, mazkur oyni imkon qadar ko‘proq ibodat, zikrulloh bilan o‘tkazishga buyuradi.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamning muborak so‘zlarini shunday fazilatli oylarda eslasak, foydadan xoli bo‘lmas:

– “Kim musulmonlarning dardini o‘z dardi deya bilmasa, ular bizdan emas” (ImomTabaroniy rivoyati);

– “Eng fazilatli ibodat – boshiga tushgan bir qiyinchilikning ketkizilishini duo qilib kutishdir” (Imom Termiziy rivoyati);

– “Alloh taolo Undan hech narsa duo qilib so‘ramaydigandan g‘azablanadi” (Imom Termiziy rivoyati);.

– “Sadaqa baloni qaytaradi”;

– “Kimki doimo Allohga istig‘for aytib yurar ekan, Alloh taolo har qanday qiyin vaziyatdan chiqish yo‘lini unga ko‘rsatadi. Musibatlarini yengillashtiradi (ko‘taradi) va kutmagan tarafidan meros (ne’mat, rizq) jo‘natadi” (Imom Abu Dovud rivoyati);

– “Ikki duo borki, u duolar bilan Alloh orasida qabuli uchun hech bir parda yo‘q. Biri – mazlum (zulmga uchragan)ning duosi; ikkinchisi – mo‘minning boshqa mo‘min birodari haqiga qilgan maxfiy duosi”;

– “Duo boshga kelgan va kelmagan har narsaga qarshi foydalidir. Qazo(taqdir)ni faqat duo oldini oladi. Inchunin, duoga mahkam yopishing!” (Imom Termiziy rivoyati).

Hikmat izlaganga...

Bir tafakkur qilaylik. “Birni qarab shukr qil, birni qarab fikr qil” deganlariday, millatiga, diniga, irqiga, jinsiga, ijtimoiy holatiga, turar joyiga, yoshiga qaramasdan, inson zotini ayamasdan, koronavirus bezovta qilayotgan holatlardan har qanday aqlli odam o‘ziga o‘zi to‘g‘ri, yetarli va aqlli xulosasini chiqarib oladi.

Endi ushbu koronavirus COVID-19 balosidan ham, boshqa illatlardan ham o‘zimizni, oilamizni, yurtimizni asrashimiz uchun “Asranganni asrayman” degan Buyuk Parvadigori olamning amrlariga, Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning tavsiyalariga amal etib, avvalo rahbarlarimizga bo‘ysunishimiz lozim. Ishlab turgan sohamizdan, egallab turgan lavozimimizdan, erishgan mavqeimizdan qat’iy nazar.

Shu bilan birga COVID-19 koronavirusini oddiy ko‘z bilan ko‘rish ilojisi yo‘q bo‘lib, faqatgina mikroskop ko‘zi bilan ko‘rish mumkinligiday, illatlarni ham oddiy ko‘z bilan qarab emas, balki har bir ishimizga qalb ko‘zimiz bilan qarasakgina, muhtaram Yurtboshimizning iboralari bilan aytganda, halollik vaksinasi bilangina davolansak bo‘ladi.

Har bir ishdan, har bir yaxshiligu yomonlikdan hikmat axtarishga odatlangan xalqmiz, alhamdulillah. Bu borada o‘zimizga Jaloliddin Rumiy hazratlarining “Hikmat izlaganga – hikmatdir dunyo” degan so‘zlarini shior qilib olganmiz. Shunga ko‘ra, albatta, bu sinovli kunlardan ham iloji boricha hikmat izlab yashaylik. Zero, bizga yomon ko‘ringan narsa zamirida yaxshilik bordir. Alloh taolo O‘zining kalomi –Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Balkim, sizlar yoqtirmagan narsa (aslida) o‘zlaringiz uchun yaxshi, yoqtirgan narsangiz esa (aslida) sizlar uchun yomon bo‘lib chiqar. Alloh bilur, sizlar esa bilmaysizlar”(Baqara surasi 216-oyat).

Xulosa

Azizlar, bunday ulug‘ oylar – Baroat oylarini, fazilatli kunlarni g‘animat bilib, yurtimizning, el-xalqimizning, mahallamizning, oilamizning, qarindoshlarimizning, qo‘shnilarimizning, do‘stlarimizning, yaqinlarimizning, Yer yuzidagi barcha insonlarning haqlariga Yaratgandan yaxshi tilaklar so‘raylik…

Iloho, jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borilayotgan barcha xayrli ishlarda Alloh taolo madadkor bo‘lsin! Parvardigori olam barcha bemorlarimizga O‘zi shifo bersin! Koronavirus infeksiyasini tez va qisqa fursatda daf etib, turli balo-qazo, ofatu kulfat, tuhmatlardan, yomon ko‘z, yomon so‘zlardan, fitnalardan, dardlardan, illatlardan, turli viruslardan O‘zi asrasin!

 

Ibrohimjon INOMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

 

Manba: http://uza.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   7254   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.