Shu kunlarda barchaning og‘zida koronavirus haqidagi gap-so‘zlar aylanib yuribdi. Odamlarni kuzatsak, ularda asosan ikki hil holatni ko‘ramiz. Bir qism kishilarning tili zikrda, qo‘li duoda. Ular Alloh taolodan yurtimiz va butun dunyoni bu musibatdan aritishini, bemorlarga tezroq shifo berishini so‘ramoqda. Yana bir toifa kishilar esa turli mish-mish va yolg‘on xabarlar tarqatib, odamlar orasida bezovtalik yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Mish-mish tarqatish – dinimizda gunohi kabira hisoblanadi. Nega bunday? Sababi u orqali rishtalar uziladi, uylar buziladi, yomonliklar urchiydi, odamlar orasida xavf-xatar, qo‘rqinch yuzaga keladi.
Ulamolar mish-mish tarqatish – hasadchi dushman to‘qiydigan, fosiq-munofiq tez ilib oladigan, mag‘rur johil tarqatib yuradigan qabih ish hisoblanadi. Mish-mishlar tarqatguvchi – fosiqdir.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bir qavmga bilmasdan musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar” (Hujurot surasi, 6-oyat).
Demak, to‘g‘ri kelgan xabarni olib kelgan kishi fosiq hisoblanar ekan. Xabarni eshitgan kishi unga ishonib ketavermasdan, avval yaxshilab tekshirib ko‘rishi kerak ekan.
O‘ylamay gapiradigan kishi do‘zaxga tushadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, bir banda oqibatini o‘ylamay Allohning roziligiga sabab bo‘ladigan bir so‘zni aytadi-da, o‘sha bilan darajasini ko‘taradi. Yana bir banda beparvo Allohning g‘azabiga sabab bo‘ladigan bir so‘zni aytadi-da o‘sha bilan uni jahannamga tashlaydi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati). Hadis sharhlovchilari mish-mish tarqatuvchi kishilarni ham mana shu va’id ichiga kiradi, bu ishlari bilan Allohning qahriga uchrab, borar joylari jahannam bo‘ladi, deydilar.
Alloh taolo boshimizga soya solib turgan koronavirus kasalligini tez kunlarda ko‘tarib, ofiyat bersin.
Mirzamaqsud ALIMOV,
Andijon viloyati bosh imom-xatibi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.