Islom ta’limotida sihat-salomatlikning ulug‘ ne’mat ekanligi, uni asrab-avaylash, qadriga yetish lozimligi alohida ta’kidlangan. Yer yuzidagi jamiki mavjudot uchun sihat-salomatlikning o‘rni g‘oyat muhim. Jumladan, insonlar baxtli-saodatli hayot kechirishi va ko‘zlagan maqsadlarini amalga oshirishi uchun bu ne’matning ahamiyatini o‘z vaqtida anglashi kerak. Aks holda, hayot mazmuni yo‘qoladi va dunyoning hech qanday lazzati va jozibasi tatimaydi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlar g‘animat bilishlari lozim bo‘lgan ne’matlar sirasida sihat-salomatlikni zikr qilganlar.
Imom Bayhaqiy va Imom Hokim qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar:
إِغْتَنِمْ خمَسًا قَبْلَ خَمْسٍ: شَبَابَكَ قَبْلَ هَرَمِكَ وَصِحَّتَكَ قَبْلَ سَقَمِكَ وَغِنَاكَ قَبْلَ فَقْرِكَ وَفَرَاغَكَ قَبْلَ شُغْلِكَ وَحَيَاتَكَ قَبْلَ مَوْتِكَ
(رواه البيهقي والحاكم)
“Besh narsani besh narsadan avval g‘animat bil: keksaligingdan avval yoshligingni, betobligingdan avval salomatligingni, faqirligingdan avval boyligingni, bir ishga mashg‘ul bo‘lib qolishingdan avval bo‘sh vaqtingni va o‘liming kelmasidan avval hayotlik vaqtingni”.[1]
Ma’lumki islom dini insoniyatga faqat yaxshilik keltiradi. Bizni yo‘qdan bor qilgan Zot, insonga nima foydayu, nima zarar ekani haqida bizlarni ogoh etgan. Shuning uchun ham islom dini barcha zamon va makonlarga salohiyatli bo‘lgan ilohiy ta’limotdir. Alloh taolo shunday deydi:
أَلَا يَعْلَمُ مَنْ خَلَقَ وَهُوَ اللَّطِيفُ الْخَبِيرُ
“Yaratgan zot bilmasmidi? U sirlarni biluvchi va baridan xabardordir!”[2]
Alloh taolo insonga imtihon maydoni qilgan bu dunyoda boshqa sinovlar qatori turli xastaliklarni ham yaratgan. Bandalariga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib, ularni rizqlantirgan Zot ular kasal bo‘lganlarida shifo berguvchi ham Uning O‘zidir. Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
الَّذِي خَلَقَنِي فَهُوَ يَهْدِينِ
وَالَّذِي هُوَ يُطْعِمُنِي وَيَسْقِينِ
وَإِذَا مَرِضْتُ فَهُوَ يَشْفِينِ
“U meni yaratgan, meni hidoyat qiladigan ham O‘zidir. Meni yedirib-ichiradigan ham O‘zidir. Bemorligimda shifo beradigan ham O‘zidir”.[3]
Oyati karimada yaratish sifatini Alloh taologa nisbat berilmoqda. Darhaqiqat, koinotdagi barcha maxluqotlarni Alloh taolo yaratgan. Kecha va kunduz, yil fasllarining almashib turishi, a’zolarimizning bir-biriga mutanosibligi, bularning barcha-barchasi, yolg‘iz Yaratuvchi tomonidan ekaniga dalolat qiladi.
Keyingi oyatda esa rizq Alloh taologa nisbat berilmoqda. Ma’lumki, osmon bilan yer orasida, dengiz bilan yer ostida qancha qancha jonzotlar bor. Kecha oqshom mana shu jonzotlarning barchasi: “Ertaga nima yeymiz?” demasdan xotirjam uyquga ketganlar. Mana bugun yangi tong otdi! Ular xuddi kechagidek o‘z kunlarini davom ettirishmoqda. Ularning insonlarga o‘xshab yegulik mahsulotlarni g‘amlab qo‘yadigan muzlatgichlari ham, sandiqda pullari ham yoki ovqat sotib oladigan do‘konlari ham yo‘q. Shunday bo‘lsada, ular xotirjam uyquga ketishmoqda, aks holda ular uxlamas edilar. Ammo ularda asosiy narsa bor, u ham bo‘lsa, Alloh taoloning rizqiga qanoat va xotirjamlikdir.
Shu o‘rinda aytib o‘tishimiz lozimki, barchamiz biladigan va imon keltirgan “rizq ham, yaxshilik ham, yomonlik ham, Allohdan”, degan aqidamizga qay darajada mustahkam yoki zaif ekanimiz shu kecha-yu, kunduzda bilinib qoldi. Dunyoning barcha davlatlarida tarqagan “SOVID-19” deb atalgan koronavirus munosabati bilan diyorimizda karantin holati e’lon qilinishi barobarida, ba’zi yurtdoshlarimiz o‘zlarini biroz yo‘qotib qo‘ydilar. Davlatimiz tomonidan qanchalar ogohlantirilmasin, o‘zaro yordam, hamjihatlikka chaqirilmasin, vatandoshlarimizdan ba’zilari oziq-ovqat va xizmat ko‘rsatish narxlarini oshirishga harakat qilishdi. Garchi bu “ba’zi”lar juda kamchilikni tashkil qilsada, asrlar davomida islom olamiga buyuk zotlarni yetishtirib bergan shu xalq uchun bu oriyat masalasidir.
Mazkur maqolada ushbu holatni eslamasdan o‘tib ketish ham mumkin edi, lekin bizning maqsadimiz xatodan tiyilib, to‘g‘riga yondashishdir. Shoyad, bu kabi “boshga ish tushganda, foydalanib qolish” illatiga barham berilsa!
Alhamdulillah! Hukumatimiz va oliyjanob, himmatli yurtdoshlarimiz o‘zgalarga yordam qo‘lini cho‘zdilar.
Vatanimiz mo‘min-musulmonlari tomonidan Qur’oni karim ko‘p marotaba xatm qilindi, istig‘for, salavotlar aytildi. Bu ezgu va savob ishlar bugun ham davom etmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan juma kunlari barcha viloyat, tuman va ziyoratgohlarda qurbonliklar qilindi, Qur’oni karim va Sahihi Buxoriy xatmlari so‘nggida Alloh taologa bu kasallikni daf etishini so‘rab duolar qilindi.
Boshga biror musibat tushganida xayrli amallar qilinib, ularning barokatidan o‘sha musibatning arishini umid qilish dinimiz ta’limotlarida kelgan ko‘rsatmadir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham qiyinchilik bo‘lganida Alloh taologa ibodatlarda duolar qilar va sahobalarga ham shuni tavsiya etardilar. Biz ham bugungi holimizda qilgan ojizona duolarimizni Parvardigorimiz qabul qilishidan qattiq umidvormiz. Chunki yaxshi gumonda bo‘lish, mo‘minga xos ish. Imom Buxoriy va Imom Muslim keltirgan sahih hadisda bu haqda shunday deyiladi:
أنا عند ظن عبدي بي
“Men bandamning Men haqimdagi gumonidaman”. [4]
Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi dunyo xalqlarini tashvishga solib turgan eng katta muammo, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Musulmon kishi bu ham Alloh taoloning bandalarga yuborgan bir sinovi ekanini yaxshi biladi. Biz bundan to‘g‘ri saboq chiqarib, Alloh taoloning bizga bergan sanoqsiz ne’matlarini qadrlashimiz, shukr qilishimiz, qo‘limizda borini yaqinlarimizga, ayniqsa, muhtojlarga ham ulashishimiz zarurligini anglab yetamiz.
Bu sinov biz – insoniyatni ortga yaxshilab nazar solib, qilgan ishlarimiz haqida tafakkur qilishga majbur qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus sababli ko‘chalardagi tartibsizliklar, jinoyatlar kamayib, odamlar bir-biriga mehr-oqibatli bo‘la boshlagan, ota-onalari, oila-a’zolari bilan ko‘proq vaqt birga bo‘lmoqda. Biz mo‘minlar har bir sinovdan hikmat izlaymiz. Alloh taolo O‘zining kitobida shunday degan:
وَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَهُوَ خَيْرٌ لَكُمْ وَعَسَى أَنْ تُحِبُّوا شَيْئًا وَهُوَ شَرٌّ لَكُمْ
وَاللَّهُ يَعْلَمُ وَأَنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Yoqtirmagan narsangizda sizlarga yaxshilik bo‘lishi mumkin, yoqtirgan narsangizda esa sizlarga yomonlik bo‘lishi mumkin. Alloh bilganini sizlar bilmaysizlar”.[5]
Alloh taolo bizlarga ota-onamizdan-da mehribon va rahmlidir. Shunday ekan, insoniyatning baxtu saodati Uning ko‘rsatmalariga amal qilib, qaytargan ishlaridan tiyilishdadir.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek kishi vabo yoki inson hayotiga xavf soladigan boshqa kasallik tarqalgan vaqtda shariatimiz ko‘rsatmasiga amal qilib, Allohning taqdiridan rozi bo‘lgan holda uyida o‘tirsa, garchi o‘sha vabo sababli vafot qilmasa ham shahidning ajru savobiga ega bo‘ladi. Imom Ahmad keltirgan rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu xususida shunday marhamat qilganlar:
لَيسَ مِنْ رَجُلٍ يَقَعُ الطَّاعُونُ، فَيَمْكُث فِي بَيتِهِ صَابِرًا مُحْتَسِبًا يَعْلَمُ أَنَّهُ لَا يُصِيبُه إلَّا مَا كَتَبَ اللهُ لَهُ؛ إلِّا كَانَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ الشَّهِيدِ
(أخرجه أحمد)
“Vabo kelgan vaqtda, Alloh unga yozganidan boshqasi bo‘lmasligini bilgan holda savob umidida uyida o‘tirgan kimsaga shahidning ajri bo‘ladi”.[6]
Aksincha, shariatimiz eslatmalari va jamiyatda o‘rnatilgan qonun-qoidalarni mensimasdan o‘zi va o‘zgalarning hayotini xavfga qo‘yish o‘zini halokatga tashlash bilan barobardir.
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
لَا يَنْبَغِي لِلْمُؤْمِنِ أَنْ يُذِلَّ نَفْسَهُ، قَالُوا: وَكَيْفَ يُذِلُّ نَفْسَهُ؟ قَالَ: يَتَعَرَّضُ مِنَ الْبَلاَءِ لِمَا لاَ يُطِيقُ
(أخرجه الترمذي)
“Mo‘min kishi o‘zini xorlashi durust emas”, - dedilar. “O‘zini qanday xorlaydi?” - deyishdi. “Toqati yetmaydigan baloga o‘zini ro‘baro‘ qiladi”, - dedilar.[7]
Bu mo‘jazgina maqola koronavirusdan saqlanish haqida dinimiz ta’limotlarini anglashga yarasa, o‘z uyimizda savob umidida o‘tirishimiz va o‘zgalarga zarar yetkazmasligimizga sabab bo‘lsa, maqsadimiz hosil bo‘lgan bo‘ladi. Xulosa o‘rnida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning muborak hadisi shariflarini keltirmoqchiman:
وَعَن أبي سعيد الْخُدْرِيّ رَضِيَ اللَّهُ عَنْه أَن النَّبِي صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّم َ قَالَ لَا ضَرَرَ وَلَا ضِرَارَ، مَنْ ضَارَّ ضَارَّهُ اللَّهُ، وَمَنْ شَاقَّ شَاقَّ اللَّهُ عَلَيْهِ
(أخرجه الحاكم)
Abu Said Xudriy roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilib dedilar: “(Islomda) Zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q. Kimki zarar bersa, Alloh unga ham zarar beradi. Kimki mashaqqatga solsa, Alloh ham uni mashaqqatga soladi”.[8]
Alloh taolo bizlarni O‘zining hidoyatidan adashtirmasin va boshimizga tushgan ushbu kasallikni tez fursatda ko‘tarsin hamda O‘zi muqaddas kitobida aytganidek, mashaqqatdan keyin keladigan yengillik, yaxshilik bilan barchalarimizni siylasin!
Olimxon Yusupov
Hadis ilmi maktabi rektori
[1] Imom Bayhaqiy va Imom Hokim rivoyati.
[2]Mulk surasi 14-oyat mazmuni. Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. Tafsiri irfon. Sharq. Toshkent. 2019 yil. B.201.
[3]Shuaro surasi 78-80-oyatlar mazmuni. Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. Tafsiri irfon. Sharq. Toshkent. 2019 yil. B. 40-41.
[4] Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati. Sahih hadis.
[5] Baqara surasi 216-oyat mazmuni. Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. Tafsiri irfon. Sharq. Toshkent. 2019 yil. B.206.
[6] Imom Ahmad rivoyati.
[7] Termiziy rivoyati.
[8] Hokim rivoyati. Sahih hadis.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan