Sayt test holatida ishlamoqda!
01 May, 2025   |   3 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:51
Quyosh
05:21
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:23
Xufton
20:47
Bismillah
01 May, 2025, 3 Zulqa`da, 1446

«The Times»: O'zbekiston - bu ajoyib mamlakat – britaniyalik sayyohlar siz qayerda?

12.09.2023   873   6 min.
«The Times»: O'zbekiston - bu ajoyib mamlakat – britaniyalik sayyohlar siz qayerda?

«The Times»: O'zbekiston - bu ajoyib mamlakat – britaniyalik sayyohlar siz qayerda?

Britaniyaning mashhur «The Times» kundalik gazetasida  nashr muharriri, sayohatchi - jurnalist Lyusi Perrinning O'zbekiston sayyohlik brendi elchisi Sofi Ibbotson ko'magida yozilgan maqolasi chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Maqola britaniyalik jurnalistning mamlakatimizga qilgan safari tafsilotlari asosida tayyorlangan. Unda muallif o'z taassurotlari bilan o'rtoqlashadi, diqqatga sazovor joylar - tarixiy obidalar va tabiiy landshaftlar, shuningdek, yurtimizning zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini qalamga olgan.

«O'zbekiston britaniyaliklar orasida juda mashhur emas – har yili ushbu  mamlakatga  Buyuk  Britaniyadan 10000 ga yaqin odam tashrif buyuradi xolos.  Shu  o'rinda  ta'kidlash kerakki, Markaziy Osiyo davlatlarini mustaqil ravishda aylanib chiqish g'oyasi menga biroz qo'rqinchli tuyuldi, - deb yozadi u. - Biroq, men guruh safariga qo'shilishni xohlamadim va murosa yo'lini tanladim. Mahalliy gid bilan shaxsiy sayohat, u erda men ishonchli qo'llarda bo'lganimda imkon qadar ko'proq narsani o'rganishimga  yordam berdi.  Eng muhimi, hech narsani oldindan rejalashtirishning hojati yo'q, tezyurar poyezdlar va arzon ichki reyslar bir sayohatda barcha qiziqarli narsalarni ko'rish imkonini berdi».

Maqolada qayd etilishicha, Londondan etti soatlik parvoz yo'lida joylashgan O'zbekiston 1500 yildan ortiq vaqt davomida Uzoq Sharqni G'arb dunyosi bilan bog'lab turgan qadimiy Ipak yo'lining markazida joylashgan.  Miloddan avvalgi II  asrdan boshlab  melodiy XV asrgacha Ipak yo'li 4000 milyadan ortiq masofaga  cho'zilgan. Dunyoning  40 ta davlatini kesib  o'tgan ushbu  qadimiy yo'l o'zaro savdo-sotiqni rivojlantirishga xizmat qilgan. Mazkur  yo'l orqali o'zaro tovar almashish rivojlandi. Hususan, Hitoydan ipak, Hindistondan qimmatbaho toshlar Yevropaga  olib kelingan. Bundan  tashqari Ipak yo'li xalqlar o'rtasidagi madaniy almashinuvni rag'batlantirishga ham katta xizmat qilgan. Jumladan, madaniy-gumanitar almashinuvlar Marko Polo kabi tarixchilar  orqali xalqlarimiz hayotiga  kirib bordi.

«O'zbekiston poytaxti Toshkent karvonsaroylari bilan mashhur manzil bo'lgan. Chorsu bozori tarixda shunday maskanlardan biri edi, – deb yozadi  britaniyalik sayohatchi - jurnalist. - Bugungi kunda otlar, aravalar va Marko Polo kabi sayyohlar yo'q. Ularning o'rnida to'kin-sochin zamonaviy bozor qad rostlab  turibdi. Bozorning butun bir qavatini o'zbek shirinliklari an'analarini namoyish qiluvchi bo'lim egallagan. Bu erda holvadan tayyorlangan turli ko'rinishdagi  shirinliklarni sotib olishingiz  mumkin. Sotuvchilarning  aytishicha,  onalar yangi tug'ilgan chaqaloqning tili ostiga holva qo'yishar ekan. Ushbu odat agar bolalar kelajakda tadbirkor bo'lsa, xaridorlar bilan muloqotga kirishishga yordam berar ekan».

Britaniyalik jurnalist o'z maqolasida, shuningdek,  qadimiy Hivani muhtasham shahar va ochiq osmon ostidagi muzey sifatida tasvirlaydi.

«Uning qadimiyligi Ipak yo'li savdogarlari o'tgan yog'och darvozalarda o'yib bitilgan. Men kelgan kuni shaharda qum bo'roni ko'tarildi va u shunchaki huvullab qoldi. Kimsasiz qolgan ko'chalar bo'ylab sayr qilish,  kino suratga  olayotgan turuppa maydonchani tashlab ketganidan keyin kino sahnasiga chiqish kabi tuyuladi. Shaharda murakkab mozaikali koshinlari bilan bezatilgan minoralar ustunlik qiladi. Har bir burchakda madrasa va diniy ulamolarning qabrlari qo'yilgan maqbaralarni ko'rish mumkin. Men Yevropada biz ko'rishga oshiqadigan diqqatga sazovor joylar haqida eslay olmayman. Hivaning islom me'morchiligi bilan solishtirganda, Eyfel' minorasi Lego to'plamiga, Trevi favvoralari esa to'lib-toshgan basseynga o'xshaydi», - deydi u.

«The Times» gazetasi muxbiri Hivadan Buxoroga ketayotganda cho'l bag'ridagi qadimiy qal'alarni  ko'rganini  bayon etgan.

«Biz Ayoz-Qal'ada to'xtadik. U erda IV asrda qurilgan uchta qal'a bor va bir vaqtlar podshohlar yashagan saroylar xarobalarini ko'rdik. Bu erda hech qanday jonzot yo'q, vayronalarni tepadan kuzatib turgan qushlar «qo'rlardi», - deb yozadi muallif.

Jurnalist, shuningdek, Buxoroga qilgan sayohati, shahardagi qadimiy  timlar va Poi Kalon me'moriy ansambli haqidagi hayajonlarini ham qog'ozga  tushirgan.

«Shunchalik hayratlanarliki, ularning  go'zalligi meni o'ziga  rom  etdi. Hayajonlarimni jilovlolmay qoldim, ko'zimga yosh keldi. Ammo bu ko'rganlarim bizni keyingi bekatda – Samarqandda kutayotgan mo'jizalar oldida hech narsa emas ekan», - deya qayd etadi  nashr muallifi.

Jurnalist Registon bilan tanishuvi haqida yozar ekan, ushbu  tarixiy maydonning go'zalligi  oldida lol qolganini yashirib  o'tirmaydi: «Kunduzi binolarning sehri  sizni o'z  domiga  tortadi, uning asiriga  aylanasiz. Ushbu  maydon  minglab mozaikalar bilan qoplangan. Menga  eng yoqqani, Registonga  kiraverishda cho'zilib yotgan ulkan yo'lbarslar bo'ldi. Kechki  payt, quyosh botganida maydon oltin va yashil chiroqlar bilan yoritiladi.  Ushbu  soniyalarda ko'z o'ngizda sehrli manzara gavdalanadi».

«Samarqanddan 25 chaqirim narida, mahalliy aholi o'rtasida omad keltiruvchi joy sifatida tariflanadigan millionlab buloqlari bo'lgan  Mingbuloq qishlog'i joylashgan. Oilalar bu yorga buloqning muqaddas suvida cho'milish uchun kelishadi. Shuningdek, ular erga gilamlarni to'shab, farzandlari bilan hordiq chiqaradi. G'or ichida joylashgan ziyoratgohga yosh  kelin-kuyovlar ham duo olish tashrif  buyurishadi, - deb yozadi  Lyusi Perrin.

 

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Imom Moturidiy haqida 15 fakt

30.04.2025   5001   3 min.
Imom Moturidiy haqida 15 fakt

1. Olimning to‘liq ismi sharifi Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy Ansoriy.


2. Kamoliddin Bayoziyning tahqiqiga ko‘ra bu zotning nasabi ulug‘ sahobiy Abu Ayyub Ansoriyga borib taqaladi.


3. Abu Mansur Moturidiyning qaysi yilda tug‘ilgani aniq ma’lum emas. Ammo ustozi Muhammad ibn Muqotil Roziy hijriy 248 (milodiy 862) yilda vafot etgani aytilgan. Shunga ko‘ra, Abu Mansur Moturidiy hijriy 240 (milodiy 854) yildan oldin tug‘ilgani taxmin qilinadi.


4. Imom Moturidiy ko‘plab ustozlardan ta’lim olgan. Quyidagilar ularning eng mashhurlari:

  1. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq Juzjoniy;
  2. Imom Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyoziy;
  3. Nusayr ibn Yahyo Balxiy;
  4. Muhammad ibn Muqotil Roziy va boshqalar.


5. Ushbu olimlar Imom Moturidiyni Imom Abu Hanifa rahimahullohgacha bo‘lgan sanadini bog‘lovchi ustozlar hisoblanadi.


6. Imom Moturidiyning shogirdlari uning ilimy merosini davom ettirib, bu ta’limotni rivojlantirganlar. Masalan:

  • Abulqosim Is'hoq ibn Muhammad Hakim Samarqandiy.
  • Imom Abulhasan Ali ibn Sa’iyd Rustug‘faniy.
  • Abu Lays Nasr ibn Muhammad Samarqandiy.
  • Imom Abu Muhammad Abdulkarim Pazdaviy.


7. Abu Mansur Moturidiy tafsir, usulul fiqh va aqoid kabi shar’iy ilmlarning turli yo‘nalishlari bo‘yicha asarlar ta’lif etgan.


8. Tafsir yo‘nalishi bo‘yicha “Ta’vilotu ahli sunna” nomli tafsir yozgan.


9. Usulul fiqh yo‘nalishida “Ma’xozush sharoi’” (Shar’iy hukmlar manbasi) va “Jadal” (Ilmiy bahslar) nomli ikkita kitob yozgan.


10. Ulamolar Abu Mansur Moturidiy aqoid ilmi bo‘yicha yozgan asarlarini o‘rganib chiqib, ularni uch turga ajratganlar:

  1. Maqolot (maqolalar);
  2. Raddiyalar;
  3. Alloh taologa iymon keltirish asoslari.


11. Abdulhay Laknaviy “al-Favoidul-bahiya” asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.


12. Ulamolar aytadilarki, Hujjatul Islom (Islom dini hujjati) deyilganda faqat Imom G‘azoliy tushunilganidek, Imomul hudo (to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi) deyilganda ham faqat Imom Moturidiy tushuniladi.


13. Butun hayotini ilm ma’rifat o‘rganish va uni yoyish bilan o‘tkazgan Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh hijriy 333 (milodiy 945) yilda taxminan to‘qson besh yoshida Samarqandda vafot etgan va Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.


14. 2020 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi” tashkil etilgan.


15. Shuningdek, 2025 yil mart oyida Davlatimiz rahbari tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.