Oramizda dunyoda sodir bo‘layotgan baloi ofatdan habari yo‘q odam qolmadi. Butun dunyoni yovdek bostirib oldi u! Biz odamlar o‘sha mikroskop ostida ming barobar kattalashtirsakgina ko‘rish mumkin bo‘lgan darddan ham mayda ekanimizni, o‘sha zarradan ham ojizroq ekanimizni nahotki anglab yetmadik ?! Kecha, bugun emas, necha oylardan beri kuzatib kelayapmizku shu Alloh yuborgan dardning qilmishlarini! Kiprik qoqmay, bitta-bittalab odamlarni yutib to‘ymayapdi u, to‘ymas balo. Aqlli odamlar jon talvasasida bor zehn-idroklarini safarbar qilib, bir tanu-bir jon bo‘lib, unga qarshi kurashmoqdalar. Ammo uni yengish oson bo‘lmayapdi! Ming-minglab boy berishlar, ulkan talofotlar! Tobut yasab, qabr qazib ulgurmayotganlarini ko‘rib turibmiz!
Bizchi? Biz nima qilayapmiz?! Xo‘p, avvaliga bizga kirmaydi, kirsa ham tarqamaydi, bizni havomiz boshqa, bizni iqlimimiz boshqa, biz halol yeymiz, biz tahoratda yuramiz, biz ibodatdamiz deb hotirjam yurdik, parvoi falak! Ammo, ne ajabki, aynan yovga qal’a eshiklarini ochib berib! Hoy, baraka topgurlar! Bilamiz, davlatmandsiz! Zero, oddiy odamlar umra, haj safarlarini ado etishni faqat orzu qilishlari mumkin, ( alhamdulillah, Allohning karami keng!). Lekin, vabo xavf solib turgan paytdv tumonat odamni boshingizga yig‘ib, imkoniyatlaringizni ko‘z-ko‘z qilishdan tiyilib tursangiz bo‘lmaydimi? Oshib-toshib ketsa, ana, bechora yetim-yesirlar qancha, ulashing! Tinchlik davri bo‘lsa lom-mim demagan bo‘lardim!
Sayru-sayohatni suyuvchilar! Hasad qilayapti, demang! Omadingizni qo‘sh-qo‘llab bersin, bir kun hisob - kitob qilinajak davlatingiz bundan-da ortib, dunyoda sizning qadamingiz yetmagan besh yulduzli mehmonxona qolmasin! Ammo, ahvolni ko‘rib turibsizku! Bir oz sabr qilsa bo‘ladimi?!
Payg‘ambar alayhissalomdan ibrat olgan sahobai kiromlar kamtarona, oddiygina, boriga qanoat qilib yashadilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu ham bu sohada qolishmadilar, imkonlari bo‘laturib juda oddiy, faqirona turmushni afzal ko‘rdilar. Hazrati Umarning qizlari, hazrati Payg‘ambarimizning zavjalari Xafsa onamiz bir kuni juda xafa bo‘lib ketdilar. Sababi, otalari mo‘minlar amiri bo‘lsa, dunyoning hamma joyidan mol-dunyo oqib kelayotgan bo‘lsa, boyiganlar boyib yursa-yu shundoq xalifaning dasturxoni juda g‘arib edi, otalari quruq, bemaza ovqatlar bilan kifoyalanib yuradi.
Agar bu dunyo hayoti faqat yaxshiliklardan, ayshu ishratlardan, huzur-halovatdan iborat bo‘lsa-yu, boshqa narsalar bo‘lmasa, bu hayot sinov, imtihon ekanligi qayerda qoladi? Alloh taoloning amriga itoat qilish, qaytarganidan qaytish, bir so‘z bilan aytganda, U Zotga sidqidildan bandachilik qilish qayerdan bo‘ladi?
Agar bu dunyo hayotida inson bemor bo‘lmasa, qarimasa, birovdan so‘kish eshitmasa, ozor topmasa, zulm ko‘rmasa, kambag‘allikka yo‘liqmasa va boshqa xorliklarni ko‘rmasa, kelgan musibatga sabir qilmasdan, muhtojman deb berilayotgan imkoniyatlardan o‘z nafsi yo‘lida foydalansa, bu dunyoning sinovlari qayerda qoladi?
O‘zbekiston xalqi uchun ozgina bardoshli bo‘ling, yana ozgina. Siz yosh, baquvvatdirsiz, sizga bu kasallikning tishi o‘tmas, ammo siz jon holatda talpinayotgan xonadoningizda keksa onangiz, mo‘ysafid otangiz borlar, norasida go‘daklaringiz, uzoq muddat sog‘inchingizda yurgan, istiqbolingizga quchoq ochadigan tanish-bilish, oshna-og‘ayni, qo‘ni-qo‘shnilaringiz bor! Ularga rahimngiz kelsin. Zero, Alloh rahm qiluvchilarga rahm qiladi.
Demak, Haq taolodan yolvorib so‘raydiganimiz, qiyinchilik vaqtlari asta-sekin chekinayotgan bo‘lsin, yaqin kunlarda bizlarni osonchilik, salomatlik kunlarga yetkazsin. Ta’kidlash joizki, xalqimiz, yaqinlarimizning salomatligini saqlash barchamizning burchimiz ekanini bir zum ham unutmaylik! Qat’iy tartib-intizom va karantin tadbirlariga jiddiy rioya qilish orqali vaziyatni barqaror ushlab qolishimiz mumkin. Imkon qadar uyda qoling, ortiqcha ehtiyoj bo‘lmasa ko‘chaga chiqmang, munosabatlarni, muloqotlarni keskin kamaytiring.
Biz ham shu sinovdamiz. Xukumatimiz, shifokorlarimiz imkoni boricha har birimizning jonimiz omonligi uchun kurashmoqdalar! Salomatligimiz o‘zimizga kerak emasmi? Shunchalar beparvo bo‘lmaylik, ahvol o‘ta yomonlashib borishiga hissamizni qo‘shmaylik. Kasallanganlar soni oshsa - oshayapti, kamaymayapdi! Bizdan so‘ralayotgani mushkul ish emasku! Uyda o‘tiring! Axir ishxonamizdan beriladigan mehnat ta’tilini intizorlik bilan kutmasmidik! Dam oling, oila a’zolaringiz bag‘rida yayrang. Yugur-yugur, chop-choplardan bir oz tining! Hali bunday ishsiz kunlarni sog‘inib ham qolarsiz. Vabo paytida uydan chiqmaganlarga yozilajak savoblarga sazovor bo‘laylik! Alloh taolo Qur’oni karimning Sharh surasi 5-6 oyatlarida marhamat qilganidek: “Bas, albatta, qiyinchilik bilan osonchilik bordir. Albatta, qiyinchilik bilan osonchilik bordir”.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta
maxsus islom ta’lim muassasasi
axborot-resurs markazi rahbari
M. Saidjalolova
HIDOYAT
Isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik oiladan boshlanadi
Har qanday ishda o‘rtahollik, mo‘tadillik va me’yor hamisha ma’qullanib kelingan. Haddan oshishlik, isrofgarchilik, manmanlik va riyokorlik kabi illatlar ham aqlan, ham shar’an qoralanib, ulardan hazar qilishga buyurilgan.
Taassuflar bo‘lsinki, bugun aksariyat hollarda isrofdan saqlanishga e’tibor bermaymiz, isrofgarga aylanib qolayotganimizni sezmaymiz. Deyarli ko‘p narsa, u qimmatmi yoki arzon, ahamiyatlimi yoki ahamiyatsiz, nodirmi yoki serob, oldi-ketiga qaramay, birvarakayiga isrof qilinishini kuzatish mumkin.
Xo‘sh, isrof nima? Bugun har bir inson isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun tejamkorlikni nimadan boshlashi kerak? Bu borada dinimizda nima deyilgan?
Alloh taolo isrofning yomon illat ekanligi haqida Qur’oni karimda marhamat qilgan. Jumladan, “A’rof” surasi, 31-oyat mazmunida: “...Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas”, deyiladi.
Isrof dinimizda qattiq qoralangan. “Isrof” deganda keraksiz narsalarga behuda pul sarf etish, foydasiz sarf-xarajatlar va harakatlar tushuniladi. Isrofning katta-kichigi yo‘q. Nom chiqarish, obro‘ qozonish, boshqalardan ustun yoki puldor ekanini ko‘rsatish, ziyofat va marosimlarni boshqalarnikidan bir necha barobar dabdabali, serchiqim qilish ham maqtanishning yuqori ko‘rinishlaridandir. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida ham, jumladan, bunday deyilgan: “Allohning nozu ne’matlaridan xohlagancha yeb-ichinglar, xayru ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymangizlar!” (Imom Ahmad rivoyati).
OQAR DARYO BO‘LSA HAMKI, SUVNI TЕJANG
Har bir inson isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikni o‘z oilasidan boshlashi kerak. Bu borada o‘zlari namuna bo‘lib, farzandlariga to‘g‘ri tarbiya berishi lozim. Dastlabki tejamkorlikni suvdan boshlash zarur. Alloh bandalariga bergan ne’matlaridan unumli foydalanib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka buyuradi. Biroq ko‘pchilik ertalab suv jo‘mragini to‘liq ochgan holda yuz-qo‘lni yuvishadi.
Afsuski, ayrim yurtdoshlarimiz qovun-tarvuz, ichimliklarni salqinlatish yoki mashinalarni yuvish uchun ko‘p miqdorda toza ichimlik suvini ishlatadi. Bu – isrofdir. O‘sha meva yoki ichimliklarni boshqa yo‘l bilan ham sovutish, mashina yuvayotganda bir chelakka suv olib, uvol qilmasdan yuvish mumkin-ku, axir. Alloh taolo Qur’oni karimda butun insoniyatga qarata shunday marhamat qiladi: “Sizlar o‘zlaringiz ichadigan suv haqida hech o‘ylab ko‘rdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘dirguvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho‘r qilib qo‘ygan bo‘lar edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?” (“Voqea”, 68-70).
Suv nafaqat iste’mol, balki poklanishimiz uchun ham muhimdir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda aytilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir so’dan besh muddgacha bo‘lgan suv bilan g‘usl qilar va bir mudd suv bilan tahorat olar edilar (Muttafaqun alayh). Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taxminan, 0,688 litr suv bilan tahorat qilardilar. Bu narsa hammamizga o‘rnak bo‘lishi lozim.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Bir kuni Sa’d tahorat qilayotgan chog‘ida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning oldidan o‘tib qoldilar va unga qarata: “Bu qanday isrofgarchilik, ey Sa’d?!”, dedilar. Shunda Sa’d roziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?” deya ajablandi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Garchi oqar daryoda bo‘lsang ham, tahoratda suvni ortiqcha ishlatish isrofdir”, deya unga tanbeh berdilar (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).
Avvalgi paytlarda tahorat uchun suv alohida idishga olinib, oz-ozdan quyib amalga oshirilgan. Hozirda maxsus quvur va jo‘mraklari orqali suv o‘tkazilib, suvdan foydalanishda qulaylik paydo bo‘lgan. Ammo bu, suvdan xohlaganicha foydalanish, uni isrof qilish mumkin, degani emas. Balki, bu ne’mat uchun Allohga shukr qilib, tejamkorlik yo‘liga o‘tishimiz hammamiz uchun birdek zarur.
Qolaversa, bugun aholini ichimlik suv bilan ta’minlash dunyoviy muammo darajasiga ko‘tarilgan bir pallada qo‘ni-qo‘shni, yoru do‘stlarimizni suvni tejashga chaqirsak, dunyoda yutuqlarga, oxiratda esa Allohning roziligiga sazovor bo‘lamiz.
Shunday ekan, har birimiz suvni isrof qilmasdan, tejamkorlik bilan ishlatishni o‘rganaylik!
QANCHA TAOM TANOVUL QILMOQ KЕRAK?
Kim isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadi? Albatta, uvol-savobning farqiga bormagan odam. Shunday oilalar bor, vaqti kelsa qolipli nonga pul topolmaydi. Shunday oilalar bor, faqat biron yig‘in sabab yopgan non sotib oladi.
Taassufki, bugun ayrim chiqindixonalarda turli nonlar, shirinliklarni, hatto ovqat qoldiqlarining tashlab yuborilayotganini ko‘rib, aqlingiz shoshadi. Uni bir odam isrof qilmagani aniq. “Tanasi boshqa dard bilmas”, deganlaridek, atrofdagilarning hayoti unday odamlarni qiziqtirmasligi aniq. Agar qiziqtirganida, qo‘shnisining yashash sharoiti o‘ylantirganida edi, bugun bunday nonlar, turli taomlar chiqindixonalardan joy olmas edi.
Aytishingiz mumkin, ko‘p qavatli uylarda turadigan odamlarning moli bo‘lmagach nima qilsin, deb. Ammo me’yor degan narsa bor-ku! Nahotki bir kunlik me’yor qanchaligini anglash qiyin bo‘lsa?!
Aynan mana shu me’yorni har bir oila ertalabki nonushta oldidan bir kunda qancha non, ovqat va boshqa taomlar zarurligini bilishi kerak. Kindiy roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni – qorindir. Kishiga harakat qilishi uchun kerak bo‘lgan miqdordagi taom kifoya qiladi, yoki bo‘lmasa qornini uch qismga bo‘lsin, bir qismi taom uchun, bir qismi suv uchun, yana bir qismi nafasi uchundir” (Imom Ahmad rivoyati). Alloh taolo aytadi: “Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas” (A’rof, 31).
Nonning uvog‘i yoki bir burda non ham aslida butun nonning kichkina bo‘lagidir. Ko‘zimizga ilmagan ushoq ham yig‘ilsa, butun non bo‘ladi. Shunday ekan, bizlar barcha ne’matlarning qadriga yetib, ularni kichik sanamasligimiz lozim. Aks holda, kishi ne’matlarga nonko‘rlik qilgan bo‘ladi. Ne’matlarni qadrlashni, ularni kichik sanamay barchasiga birdek yaxshi muomalada bo‘lishni Payg‘ambarimizdan o‘rganishimiz kerak.
MЕ’YORDAN OSHSA, ISROFGAR BO‘LADI
Muhtoj kishilarga sadaqa va ehsonlar qilish dinimiz talabi va buning uchun bandaga ulug‘ savoblar va’da qilingan. Ammo bu sohada ham me’yordan oshsa, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilgan bo‘ladi.
Saxovat – yaxshi fazilat. Saxovat xasislik va isrof o‘rtasidagi me’yoriy bir bosqichdir. Sadaqa va ehsonlarda isrofgarchilik qilish ko‘pincha kimo‘zarga to‘ylar qilish, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish va shu kabi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Unutmaylikki, xoh amali, xoh molu davlati bilan bo‘lsin, riyokorlik qilish bandaning oxiratdagi ahvolini yomonlashtiradi.
Shuni bilingki, kiyimda ham isrofgarchilik bo‘ladi. Inson o‘ziga kerakli, faqat hojatiga yetarli libos kiyishi kerak. Moda ortidan quvib, son-sanoqsiz kiyim-kechak va turli liboslarni sotib olish isrof va bu takabburlikka olib boradi.
NЕ’MATLARNI QADRLASHIMIZ KЕRAK
Bizda bir tushuncha bor: qaysi ne’mat arzon bo‘lsa, uni xohlagancha ishlatish mumkin, narxi qimmat narsalarni tejash kerak. Bu noto‘g‘ri. Sababi, Alloh bergan ne’matlarning qadri uning insonlar nazdidagi bahosi, qiymati bilan o‘lchanmaydi.
Gaz va shu kabi ne’matlar, odatda, tejab ishlatiladi. Sababi, ertaga uning pulini to‘lab qo‘yishni o‘ylaymiz. Yo‘q, biz ne’matlarni katta-kichikka ajratmasdan, barini qadrlashimiz kerak. Kim biladi, biz hozir qadriga yetmayotgan narsa vaqti kelib, eng qimmatbaho narsaga aylanar. Ne’matlar bardavom bo‘lsin, zavolga uchramasin, desak, vaqtida ularning qadriga yetaylik.
Biz yuqorida moddiy ne’matlar isrofi haqida gapirdik. Lekin isrofning eng yomon ko‘rinishi – ma’naviy sohadagi isrofgarchilikdir. Bularga, asosan, quyidagi ikki narsa kiradi:
birinchisi, umrni isrof qilish. Alloh taolo bandasiga bergan eng qadrli ne’matlardan biri aynan umrdir. Uning qadri shundaki, boshqa barcha ne’matlarni qayta tiklash, qo‘ldan chiqargach, yana unga erishish mumkin, ammo umr bunday emas. Shu sabab umrni isrof qilishdan uzoq bo‘laylik;
ikkinchisi, ilm va iste’dodni isrof qilish. Ilm egallash – ulug‘ fazilat. Ilm sohibi bo‘lgach, uni hayotga tatbiq etish – ilmiga amal qilish va o‘zgalarga ilm o‘rgatish har bir ziyo ahlining burchidir. Aks holda, o‘rgatilmagan yoki amal qilinmagan ilm isrofdir. Buning uchun banda oxiratda javob beradi.
***
Biz Allohga suyukli xalqlardan, mahbub ummatlardan bo‘lishni xohlasak, isrofdan saqlanaylik! Alloh bergan har bir ne’matni katta-kichik demasdan, qadriga yetaylik. Shunda rizqimiz yanada ziyoda bo‘ladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari.
QO‘LLANMA
HAR BIR OILA BILISHI SHART!
Ulamolar isrofga yo‘l qo‘yadigan kishilarning holatlarini tahlil qilish orqali, isrofga yo‘l qo‘yishga sabab bo‘ladigan omillarni, isrofgarlikning zararli oqibat va asoratlaridan qutulish yo‘llarini aniqlaganlar.
ISROFGA YO‘L QO‘YISHGA SABAB BO‘LADIGAN OMILLAR:
– avvalo, tarbiya o‘chog‘i bo‘lmish oilada farzandlarni sabrli va qanoatli qilib tarbiyalash o‘rniga, ular tomonidan bo‘ladigan barcha talablarni me’yoridan oshirib ta’minlab berish;
– maishatparast, dunyoparast kishilar bilan ulfat va suhbatdosh bo‘lish, ularning holatlaridan ta’sirlanish;
– tezlikda, mashaqqat chekmay tanglikdan keyin kenglikka, faqirlikdan keyin boylikka erishish;
– nafsning xohish va istaklariga so‘zsiz itoat etish;
– bu dunyo hayoti oxirat uchun tayyorgarlik ko‘rish davri ekanligi, oxiratda esa bu dunyoda qilingan amallar uchun hisob-kitob bor ekanini unutish yoki tushunmaslik;
– umuman, inson hayotida mo‘tadillik va me’yor degan tushunchalardan yiroq bo‘lishi.
ISROFGARLIKNING ZARARLI OQIBAT VA ASORATLARI:
– Allohning muhabbatidan mosuvo bo‘lib, Uning g‘azabi va qahriga mubtalo bo‘lish;
– shaytonni xursand qilib, uning sherigiga aylanish;
– hayotdagi qiyinchilik va mashaqqatlarni ko‘tara olmaslik, ojizlik va notavonlikka mahkum bo‘lish;
– tanada turli kasalliklarning paydo bo‘lishi, qalb qotishi, fikrning o‘tmaslashuvi;
– jamiyatda yalqovlik, tekinxo‘rlikning avj olishi, qashshoqlik va tilanchilikning ko‘payishi.
ISROFGARLIKDAN QUTULISH YO‘LLARI:
– har ishda Alloh taolo buyurgan mo‘tadil yo‘lni tutib, haddan oshish va isrofgarlikdan o‘zni saqlash;
– Payg‘ambar alayhissalom, sahoba va tobeinlar hamda ulug‘ zotlarning hayot tarzlarini o‘rganib, ularga ergashish;
– dunyodagi faqir va miskinlar, uysiz-joysiz, och-nahor yurgan xalqlarning holatini ko‘z oldiga keltirish;
– isrofgar, dunyoparast odamlardan uzoqlashib, qalbi siniq, xokisor kishilarga yaqin yurish;
– oila va farzandlarni sabr va qanoat kabi go‘zal fazilatlar sohibi qilib tarbiyalash.