Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Bir qiyinchilikka ikki yengillik bor

31.03.2020   2601   5 min.
Bir qiyinchilikka ikki yengillik bor

Oramizda dunyoda sodir bo‘layotgan baloi ofatdan habari yo‘q odam qolmadi. Butun dunyoni yovdek bostirib oldi u! Biz odamlar o‘sha mikroskop ostida ming barobar kattalashtirsakgina ko‘rish mumkin bo‘lgan darddan ham mayda ekanimizni, o‘sha zarradan ham ojizroq ekanimizni nahotki anglab yetmadik ?! Kecha, bugun emas, necha oylardan beri kuzatib kelayapmizku shu Alloh yuborgan dardning qilmishlarini! Kiprik qoqmay, bitta-bittalab odamlarni yutib to‘ymayapdi u, to‘ymas balo. Aqlli odamlar jon talvasasida bor zehn-idroklarini safarbar qilib, bir tanu-bir jon bo‘lib, unga qarshi kurashmoqdalar. Ammo uni yengish oson bo‘lmayapdi! Ming-minglab boy berishlar, ulkan talofotlar! Tobut yasab, qabr qazib ulgurmayotganlarini ko‘rib turibmiz!

Bizchi? Biz nima qilayapmiz?! Xo‘p, avvaliga bizga kirmaydi, kirsa ham tarqamaydi, bizni havomiz boshqa, bizni iqlimimiz boshqa, biz halol yeymiz, biz tahoratda yuramiz, biz ibodatdamiz deb hotirjam yurdik, parvoi falak! Ammo, ne ajabki, aynan yovga qal’a eshiklarini ochib berib! Hoy, baraka topgurlar! Bilamiz, davlatmandsiz! Zero, oddiy odamlar umra, haj safarlarini ado etishni faqat orzu qilishlari mumkin, ( alhamdulillah, Allohning karami keng!).  Lekin, vabo xavf solib turgan paytdv tumonat odamni boshingizga yig‘ib, imkoniyatlaringizni ko‘z-ko‘z qilishdan tiyilib tursangiz bo‘lmaydimi? Oshib-toshib ketsa, ana, bechora yetim-yesirlar qancha, ulashing! Tinchlik davri bo‘lsa lom-mim demagan bo‘lardim!

Sayru-sayohatni suyuvchilar! Hasad qilayapti, demang! Omadingizni qo‘sh-qo‘llab bersin, bir kun hisob - kitob qilinajak davlatingiz bundan-da ortib, dunyoda sizning qadamingiz yetmagan  besh yulduzli mehmonxona qolmasin! Ammo, ahvolni ko‘rib turibsizku! Bir oz sabr qilsa bo‘ladimi?!

Payg‘ambar alayhissalomdan ibrat olgan sahobai kiromlar kamtarona, oddiygina, boriga qanoat qilib yashadilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu ham bu sohada qolishmadilar, imkonlari bo‘laturib juda oddiy, faqirona turmushni afzal ko‘rdilar. Hazrati Umarning qizlari, hazrati Payg‘ambarimizning zavjalari Xafsa onamiz bir kuni juda xafa bo‘lib ketdilar. Sababi, otalari mo‘minlar amiri bo‘lsa, dunyoning hamma joyidan mol-dunyo oqib kelayotgan bo‘lsa, boyiganlar boyib yursa-yu shundoq xalifaning dasturxoni juda g‘arib edi, otalari quruq, bemaza ovqatlar bilan kifoyalanib yuradi.

Agar bu dunyo hayoti faqat yaxshiliklardan, ayshu ishratlardan, huzur-halovatdan iborat bo‘lsa-yu, boshqa narsalar bo‘lmasa, bu hayot sinov, imtihon ekanligi qayerda qoladi? Alloh taoloning amriga itoat qilish, qaytarganidan qaytish, bir so‘z bilan aytganda, U Zotga sidqidildan bandachilik qilish qayerdan bo‘ladi?

Agar bu dunyo hayotida inson bemor bo‘lmasa, qarimasa, birovdan so‘kish eshitmasa, ozor topmasa, zulm ko‘rmasa, kambag‘allikka yo‘liqmasa va boshqa xorliklarni ko‘rmasa, kelgan musibatga sabir qilmasdan, muhtojman deb berilayotgan imkoniyatlardan o‘z nafsi yo‘lida foydalansa, bu dunyoning sinovlari qayerda qoladi?

O‘zbekiston xalqi uchun ozgina bardoshli bo‘ling, yana ozgina. Siz yosh, baquvvatdirsiz, sizga bu kasallikning tishi o‘tmas, ammo siz jon holatda talpinayotgan xonadoningizda keksa onangiz, mo‘ysafid otangiz borlar, norasida go‘daklaringiz, uzoq muddat sog‘inchingizda yurgan, istiqbolingizga quchoq ochadigan tanish-bilish, oshna-og‘ayni, qo‘ni-qo‘shnilaringiz bor! Ularga  rahimngiz kelsin. Zero, Alloh rahm qiluvchilarga rahm qiladi.

Demak, Haq taolodan yolvorib so‘raydiganimiz, qiyinchilik vaqtlari asta-sekin chekinayotgan bo‘lsin, yaqin kunlarda bizlarni osonchilik, salomatlik kunlarga yetkazsin. Ta’kidlash joizki, xalqimiz, yaqinlarimizning salomatligini saqlash barchamizning burchimiz ekanini bir zum ham unutmaylik! Qat’iy tartib-intizom va karantin tadbirlariga jiddiy rioya qilish orqali vaziyatni barqaror ushlab qolishimiz mumkin. Imkon qadar uyda qoling, ortiqcha ehtiyoj bo‘lmasa ko‘chaga chiqmang, munosabatlarni, muloqotlarni keskin kamaytiring.

Biz ham shu sinovdamiz. Xukumatimiz, shifokorlarimiz  imkoni boricha har birimizning jonimiz omonligi uchun kurashmoqdalar! Salomatligimiz o‘zimizga kerak emasmi? Shunchalar beparvo bo‘lmaylik, ahvol o‘ta yomonlashib borishiga  hissamizni qo‘shmaylik. Kasallanganlar soni oshsa - oshayapti, kamaymayapdi! Bizdan so‘ralayotgani mushkul ish emasku! Uyda o‘tiring! Axir ishxonamizdan beriladigan mehnat ta’tilini intizorlik bilan kutmasmidik! Dam oling, oila a’zolaringiz bag‘rida yayrang. Yugur-yugur, chop-choplardan bir oz tining! Hali bunday ishsiz kunlarni sog‘inib ham qolarsiz. Vabo paytida uydan chiqmaganlarga yozilajak savoblarga sazovor bo‘laylik! Alloh taolo Qur’oni karimning Sharh surasi 5-6 oyatlarida marhamat qilganidek: “Bas, albatta, qiyinchilik bilan osonchilik bordir. Albatta, qiyinchilik bilan osonchilik bordir”.

Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta

maxsus islom ta’lim muassasasi

 axborot-resurs markazi rahbari

 M. Saidjalolova

 

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Jannatga kirish Allohning rahmati bilan bo‘lishi bayoni

20.12.2024   8580   5 min.
Jannatga kirish Allohning rahmati bilan bo‘lishi bayoni

 

 - 54دُخُولُ النَّاسِ فِي الْجَنَّاتِ فَضْلٌ مِنَ الرَّحْمَنِ يَا أَهْلَ الأَمَالِ
 

Ma’nolar tarjimasi: Ey umidvor bandalar, insonlarning jannatlarga kirishlari Ar-Rohmanning fazlidir.

Nazmiy bayoni:

Jannatga erishmoq Ar-Rohman fazli,
Bu muhim e’tiqod, ey umid ahli.

Lug‘atlar izohi:

دُخُولُ – mubtado.

النَّاسِ – muzofun ilayh.

فِي – jor harfi اِلَى ma’nosida kelgan.

الْجَنَّاتِ – lug‘atda “darxtzor bog‘” ma’nosini anglatadi. Jor majrur دُخُولُ ga mutaalliq.

فَضْلٌ – xabar. Lug‘atda “marhamat” va “muruvvat” kabi ma’nolarni anglatadi.

مِنَ – “tabyiniya” (uqtirish) ma’nosida kelgan jor harfi.

الرَّحْمَنِ – jor majrur فَضْلٌ ga mutaalliq.

يَا – yaqinga ham, uzoqqa ham ishlatiladigan nido harfi.

أَهْلَ الأَمَالِ – muzof munodo. Lug‘atda “umidvorlar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

 

Matn sharhi:

Qaysi bir inson jannatga kiradigan bo‘lsa, albatta, Alloh taoloning lutfu marhamati bilan kirgan bo‘ladi. Shuning uchun U mehribon zotning fazlu marhamatidan umidvor bo‘lib harakat qilish lozim.

Jannatdagi darajalar qilingan amallar e’tiboriga ko‘ra egallansa-da, unga kirish faqat va faqat Alloh taoloning fazlu marhamatiga bog‘liq bo‘ladi. Bu haqiqatni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari alohida ta’kidlaganlar:

عَنْ عَائِشَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ سَدِّدُوا وَقَارِبُوا وَاعْلَمُوا أَنْ لَنْ يُدْخِلَ أَحَدَكُمْ عَمَلُهُ الْجَنَّةَ وَأَنَّ أَحَبَّ الْأَعْمَالِ إِلَى اللَّهِ أَدْوَمُهَا وَإِنْ قَلَّ. رَوَاهُ البُخَارِيُّ

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “To‘g‘ri bo‘linglar, g‘uluga ketmanglar, bilinglarki sizlardan birortangizni amali jannatga kiritmaydi, albatta amallarning Allohga sevimlirog‘i oz bo‘lsa-da, davomlirog‘idir”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Ya’ni biror inson ham yaxshi amallari ko‘pligi sababli o‘zining jannatga kirishini naqd qilib qo‘ya olmaydi, balki jannat faqatgina Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘lgan baxtli insonlargagina nasib etadi.

Shuning uchun har bir banda Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib yashashi lozim. Qur’oni karimda taqvodor bandalarning jonlari olinayotganda farishtalar ularga salom berib, jannat bashoratini berishlari bayon qilingan:

“Qilib o‘tgan amallaringiz bilan jannatga kiringiz!” – derlar”[1].

Ushbu oyati karimadagi ب harfi “sababiya” ma’nosida bo‘lsa ham, “badaliya” ma’nosida bo‘lsa ham, hadisda bayon qilingan ma’noga zid bo‘lib qolmaydi. Agar “sababiya” ma’nosi beriladigan bo‘lsa, “qilib yurgan yaxshi ishlaringiz sababli Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ldingiz, jannatga kiring” degan ma’no tushuniladi. Agar “badaliya” ma’nosi beriladigan bo‘lsa, “qilib yurgan yaxshi ishlaringiz badaliga Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ldingiz, jannatga kiring” bo‘ladi.

Modomiki, barcha Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘lish bilangina jannatga kirar ekan, doimo U zotning rahmatidan umid uzmay amal qilib borish lozim. Ammo umidvor bo‘lish bilan xom xayol surishning orasini ajratib olish kerak. Xom xayol surish – biron ish qilmasdan faqatgina “shirin xayol” surishning o‘zi bo‘lsa, umidvor bo‘lishning o‘ziga yarasha bir qancha shartlari bor.

 

Umidvor bo‘lish va xom xayol surish orasidagi farqlar

Umidvor bo‘lish va xom xayol surish orasidagi farqlar haqida “Talxisu sharhi aqidatit Tahoviya” kitobida quyidagilar aytilgan:

“Kimki bir narsadan umidvor bo‘lsa, uning umidvorligi bir qancha ishlarning bo‘lishi zarurligini keltirib chiqaradi:

1. Umid qilgan narsasiga muhabbatli bo‘lishi;

2. Umid qilgan narsasiga erisholmay qolishdan qo‘rqishi;

3. Umid qilgan narsasiga erishish uchun imkoni boricha harakat qilishi.

Ushbularning birortasiga ham bog‘lanmasdan, umid qilish xom xayol surish bo‘ladi. Umidvorlik va xom xayol surish boshqa-boshqa narsalardir”[2].

Demak, kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga muhabbatli bo‘lishi, uni doimo yodida saqlashi va unga olib boradigan yo‘llardan yurishi lozim.

Kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga erisholmay qolishidan qo‘rqishi, undan ajratib qo‘yadigan narsalardan saqlanib yurishi lozim.

Kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga erishishi uchun unga erishtiradigan barcha omillarni ishga solib imkoni boricha harakat qilishi lozim. Alloh muvaffaq qilsin.

 

Keyingi mavzular:
Ulug‘ hisob-kitob bo‘lishi bayoni.

 


[1] Nahl surasi, 32-oyat

[2] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxiysu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 130.