PAYG‘AMBAR ERKAKLARDAN BO‘LADI
Payg‘ambarlarga lozim bo‘lgan sifatlardan yana biri ularning erkak kishidan bo‘lishlaridir. Bu haqda Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga quyidagicha xitob qiladi:
«Sendan oldin ham faqat shahar-qishloq ahlidan er kishilarni rasul qilib yuborib, ularga vahiy qilganmiz, xolos» (Yusuf surasi, 109-oyat).
Ya’ni avvalgi payg‘ambarlarning hammasi ham shahar va qishloq aholisidan bo‘lgan, sahroviylardan emas, chunki shahar va qishloq ahli tarbiyali, muomalani yaxshi biladilar. Da’vat ishlarini olib borishda sabr-matonatli bo‘ladilar, yana shunga o‘xshash zaruriy sifatlarga egadirlar.
Shuningdek, avval o‘tgan payg‘ambarlarning hammasi ham erkak kishilar bo‘lishgan. Ayol kishi yoki farishtalar emas, chunki ayol kishilarning tabiiy, jismoniy tuzilishlari payg‘ambarlikdek og‘ir vazifaga mos emas. Aniqki, farishtalarning ham odamlarga payg‘ambar bo‘lishlari maqsadga muvofiq emas.
Bunda zinhor ayol zotini pastga urish ma’nosi yo‘q. Balki uning ayolligini e’tiborga olib, uni mashaqqatga solmaslik rioyasi bor. Agar, ba’zilar o‘ylaganidek, ayolni payg‘ambarlikdan uzoq qilish niyati bo‘lganda, uning payg‘ambarlarga ona bo‘lishi ham ravo ko‘rilmas edi. Ha, payg‘ambarlarni ham ayollar tuqqan!
PAYG‘AMBARLAR O‘Z QAVMI TILIDA YUBORILGAN
Alloh taolo Qur’oni Karimning Ibrohim surasida marhamat qilib:
«Qaysi bir rasulni yuborgan bo‘lsak, bayon qilib beri-ti uchun o‘z qavmi tili ila yuborganmiz», deydi (4-oyat).
Barcha payg‘ambarlarni o‘z qavmi tili ila yuborish ham Allohning bandalariga bergan ne’matidir, chunki boshqa qavmning tilini tushunish qiyin bo‘lar edi. Hamma payg‘ambarlar o‘z qavmlariga yuborilgan va ularga o‘z qavmlari tilida vahiy kelgan.
Butun olamlarga va barcha qavmlarga payg‘ambar bo‘lgan Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ham o‘z qavmining tili – arab tilida vahiy keldi. Buning asosiy hikmatlarini Allohning O‘zi biladi. Ammo bu o‘rinda ulamolarimiz mulohaza qilgan hikmatlardan ba’zilarini aytib o‘tish joizdir.
Boshqa payg‘ambarlar ma’lum qavmga va ma’lum muddatga kelgan bo‘lsalar, Muhammad sollallohu alayhi vasallam qavmlarning hammasiga qiyomat kuniga qadar payg‘ambar qilib yuborilganlar. U zotning umrlari cheklangan. Shuning uchun dinni hamma qavmlarga o‘zlari yetkazishlari qiyin. Shunga ko‘ra, u zot sollallohu alayhi vasallam Allohning oxirgi dini ta’limotlarini o‘z qavmlariga, qavmlari esa uni butun dunyoga tarqatadi. Darhaqiqat, shunday ham bo‘ldi. Islom dini arablar yashab turgan yerlarga yoyilib bo‘lishi bilan Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot topdilar. Islomni dunyoning qolgan qismiga u zotning qavmlari yetkazdilar.
Turli makon va zamonlarda yashaydigan turli qavmlarga bir payg‘ambarni turli tillar bilan yuborib bo‘lmas edi, Avvalo, bu ishni ado etish jismonan ham amrimahol. Qolaversa, dunyoda xilma-xil tillar juda ko‘p. Hozirgi tillar ichida Islomning ilohiy kitobi bo‘lmish Qur’oni Karim nozil bo‘lganidan keyin paydo bo‘lganlari ham bor. Demak, har bir qavmga o‘z tilida vahiy kelishi kerak bo‘lsa, keyin paydo bo‘lgan tillarda so‘zlashuvchilar nima qilardi?
Qolaversa, tillarning imkoniyatlari ham har xil. Shuning uchun Alloh taolo eng boy va kalomining abadiy mo‘jiza bo‘lib qolishini ham ko‘tara oladigan tilni – arab tilini tanlab, o‘sha tilda qiyomatgacha boqiy qoladigan kitobini – Qur’oni Karimni nozil qildi. Qavmlar, tillar, lahjalar, zamonlar almashaveradi, ammo Qur’on mo‘jiza bo‘lib turaveradi. Undan arab ham, ajam ham, oq ham, qora ham barobar foyda olaveradi.
Ha, payg‘ambar o‘ziga kelgan ilohiy ta’limotlarni odamlarga bayon qilib beradi. Shu bilan uning vazifasi tugaydi. Qolgani Allohning ixtiyorida.
PAYG‘AMBARLARNING FAZL DARAJALARI
Bu masalada yetarli ma’lumotga ega bo‘lish uchun Baqara surasidagi quyidagi oyati karimani batafsil o‘rganib chiqishimiz lozim bo‘ladi:
«Ana o‘shalar rasullardir. Ularning ba’zilarini ba’zilaridan afzal qildik. Ulardan Alloh gaplashgani bor va ba’zilarining darajasini ko‘targan. Va Iyso ibn Maryamga ochiq-oydin mo‘jizalar berdik va uni Ruhul qudus bilan qo‘lladik» (253-oyat).
Qur’oni Karimning har bir so‘zidan, har bir harfidan katta-katta ma’nolar kelib chiqadi. Bu haqiqatni kishilar tushunib yetishlari kerak, xolos. Ushbu oyati karimaning avvalida «Ana o‘shalar» degan so‘z kelmokda. Bu payg‘ambarlar alayhimussalomga nisbatan ehtirom ramzidir. «Ular», «Anavilar» yoki shunga o‘xshash boshqa so‘zlarni ishlatmasdan, aynan «Ana o‘shalar rasullardir» deyilishi hurmatga dalolat kiladi.
Oyati karimada payg‘ambarlar va payg‘ambarliklar haqida umumiy ma’lumot kelmoqda. Shu bilan birga, ba’zi payg‘ambarlarning ba’zilaridan fazli ustun ekani va o‘sha ustunlik nimada ekani ham bildirib o‘tilmoqda.
«Ularning ba’zilarini ba’zilaridan afzal qildik».
Mazkur fazl payg‘ambarlar alayhimussalomni o‘rab turgan muhitga bog‘liq. Misol uchun, ba’zi payg‘ambarlar bir qabilaga, boshqalari bir avlodga, yana birlari bir ummatga, ba’zilari esa barcha ummat va avlodlarga yuborilgan bo‘ladilar. Shuningdek, bu fazllar payg‘ambarlikning tabiatiga, uning inson hayotini qanchalik qamrab olishiga ham bog‘liqdir.
Oyati karimada mazkur holga ikkita misol keltiriladi:
«Ulardan Alloh gaplashgani bor...»
Ya’ni payg‘ambarlar ichida Alloh bevosita gaplashgani bor. Alloh bilan gaplashish haqida so‘z ketganda, albatta Muso alayhissalom yodga tushadilar. Muso alayhissalomni «Kalimulloh» deyishadi, bu esa «Alloh ila so‘zlashgan» degan ma’noni anglatadi. Shuning uchun ham oyatda u zotning ismlari aytib o‘tirilmadi.
«...va ba’zilarining darajasini ko‘targan».
Alloh taolo O‘z hikmati ila ba’zi payg‘ambarlarining darajasini ko‘tarib qo‘ygan. Bu ham ma’lum va mashhur.
«...Iyso ibn Maryamga ochiq-oydin mo‘jizalar berdik va uni Ruhul qudus bilan qo‘lladik».
Qur’oni Karim Iyso alayhissalomni doimo onalari Bibi Maryamga nisbat berib zikr kiladi. Bu bilan u zotning inson ekanliklarini ta’kidlaydi va u zot haqlaridagi turli cho‘pchaklarning bekor ekanini isbotlaydi. Iyso alayhissalomga berilgan «ochiq-oydin mo‘jizalar» haqida ham ko‘plab oyatlar kelgan. Bularga u zotga nozil qilingan Injil kitobi va Alloh u zotga bergan boshqa turli mo‘jizalar kiradi. «Ruhul qudus»dan murod farishta Jabroil alayhissalomdir. U vahiyga xizmat qiluvchi, Allohning vahiysini payg‘ambarlarga yetkazuvchi farishtadir. Qaysi payg‘ambarga Jabroil alayhissalom kelsalar, bu katta qo‘llash hisoblanadi.
Oyati karimada Muhammad sollallohu alayhi vasallamning o‘zlariga xitob bo‘layotgani uchun u zotning fazllari zikr qilinmadi. Hamma payg‘ambarlar ichida Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nazar soladigan bo‘lsak, u zot eng oliy cho‘qqida turadilar. Payg‘ambarlikning hamma nuqtayi nazaridan qaraganda, u zot va u zotning payg‘ambarliklari hammadan ustun turadi. U zotning payg‘ambarliklari barcha avlodlar, barcha ummat va xalqlar uchundir. U zotning payg‘ambarliklari qiyomat kuniga qadar bardavomdir. U zotning payg‘ambarliklari to‘liq, hech qanday kamchiliksiz va kishilarga ikki dunyo saodatini beruvchi payg‘ambarlikdir. Shu sababdan u zotdan keyin vahiy kelishi to‘xtagan. Alloh taolo boshqa hamma payg‘ambarlarga bergan fazilatlarni jamlab Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bergandir.
Shunday bo‘lsa ham, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda: «Meni boshqa payg‘ambarlardan ustun qo‘ymanglar», deydilar.
Naqadar ulug‘ kamtarlik, buyuk tavoze! Ulamolarimiz ushbu oyat va hadisdagi ma’nolarning bir-biriga qarama-qarshi emasligini ta’kidlab: «Oyatda voqelikdan xabar berilgan, hadis Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning kamtarliklariga, payg‘ambarlarning fazlini belgilash Allohning ishi ekaniga dalolatdir», deganlar.
Ammo payg‘ambarlarning payg‘ambarliklari va Alloh taoloning mustafo bandalari ekanliklarida hech qanday farqlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqda Baqara surasining oxirida aytiladi:
«Uning rasullarining birortalarini ajratmaymiz» (285-oyat).
Ya’ni Alloh yuborgan barcha payg‘ambarlarga birdek iymon keltiramiz. Birortalarini ajratib qo‘ymaymiz.
Payg‘ambarlarni birday ko‘rish, ularga birdek iymon keltirish va ularni teng e’zozlab, hurmat qilish musulmon ummatining asosiy qoidasidir. Shunga ko‘ra bu ummat barcha ilohiy shariatlarning merosxo‘ri bo‘ldi, chunki mazkur payg‘ambarlarning barchasiga nozil bo‘lgan din Islom bo‘lgan.
PAYG‘AMBARLARNING VAZIFALARI
Alloh taolo odamlar orasiga nima uchun payg‘ambarlar yuborganining hikmatini va ularning vazifalarini bayon qilib, Baqara surasida quyidagilarni aytadi:
«Odamlar bir ummat edilar. Alloh xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib nabiylarni yubordi va ularga odamlar o‘rtasida ular ixtilof qilgan narsalarda hukm qilish uchun haq ila Kitob nozil qildi» (213-oyat).
Aslida insoniyat Odam Ato va Momo Havvo hamda ularning farzandlaridan iborat bir ummat edi. Ular bir oilaning a’zolari bo‘lib, asta-sekin ko‘payib bordilar. Ko‘payishlari bilan birga fikr-mulohazalari ham, ixtiloflari ham ortib bordi, chunki har kimning o‘z tabiati, o‘z aqli, o‘z qiziqishi bor. Har kim o‘z sharoiti va holatidan kelib chiqib fikr bayon qiladi. Bu har kimning fitratidagi xususiyatdir, chunki yer yuzining obodligini Alloh shu turli-tumanlik, shu torti shuvlarga bog‘liq qilib qo‘ygan. Hammaning fikri, tabiati, istagi bir xil bo‘lganida, yer yuzi obod bo‘lmas edi...
Demak, odamlar o‘rtasida ixtilof, kelishmovchilik chiqdi. Har kim o‘zini haq deb bilmoqda. Bunday vaziyatda kim haq ekanini qayerdan bilamiz? Odamlarning o‘zlariga qo‘yib berilsa, har kim o‘zinikini ma’qullaydi va ixtilof yana ham kuchayadi.
Agar ulardan bir guruhini tanlab olib, o‘sha tanlanganlarga topshirilsa, ular ham odam. Har qancha aqlli bo‘lsalar-da, baribir ularda ham boshqa odamlardagi zaifliklar bor. Bir kunmas bir kun adashadi. Zaifligi tutib, bir tarafga yon bosadi yoki hamma narsani qamrab oluvchi ilmga ega bo‘lmaydi. Nafsi zaiflik qilib, pora olishi mumkin, o‘z qavmi chegarasidan chiqa olmay qolishi mumkin va hokazo minglab sabablar borki, ular bu yo‘lda to‘siq bo‘lib, ishni buzishi aniq.
Demak, «Bunday ixtiloflarning qay biri to‘g‘ri? Qaysi chegaragacha ixtilof qilsa bo‘ladi?» kabi savollarga javob berish uchun ixtilof qilayotganlardan ustun turuvchi, insondagi bor zaifliqtsan ta’sirlanmaydigan, hamma narsani qamrab oluvchi ilm egasi, hech narsaga hojati tushmaydigan, bekamu ko‘st, tamadan xoli, nuqsonsiz, barkamollik sifatiga ega bir zot kerak bo‘ladi. Ana o‘sha zot Alloh taoloning O‘zidir! U hamma narsani biluvchi Zot, shuning uchun ham O‘zi yaratgan bandalari ixtilof qilgan va qilayotgan masalalar haqida qanday hukm chiqarishni O‘zi biladi.
«Alloh xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib nabiylarni yubordi va ularga odamlar o‘rtasida ular ixtilof qilgan narsalarda hukm qilish uchun haq ila Kitob nozil qildi».
Alloh yuborgan payg‘ambarlarning birinchi vazifalari mo‘minlarga xushxabarlarni, kofiru osiylarga ogohlantirishlarni yetkazishdir.
Ular mo‘minlarga savob, ajr va jannatning xushxabarini yetkazadilar. Kofirlarga esa azob, uqubat va jahannamning xabarini berib, ogohlantiradilar.
Shu bilan birga, eng muhimi, odamlar o‘rtasida ular ixtilof qilgan narsalarda haq kitob bilan hukm qilib, haqni haqqa, botilni botilga ajratadilar, adolatli hukm chiqaradilar. Haq kitobning hukmi haq bo‘ladi.
Hamma payg‘ambarlar bir din bilan, haq kitob bilan kelganlar. Har bir payg‘ambar o‘z qavmiga, o‘z davriga mos shariat bilan kelgan. Payg‘ambar alayhissalomlarning asosiy vazifalaridan biri – Alloh taologa iymon keltirib, U Zotga ibodat qilishga da’vat etishdir. Alloh taolo Anbiyo surasida bu borada quyidagilarni aytadi:
«Sendan ilgari yuborgan har bir rasulga «Mendan o‘zga iloh yo‘q. Menga ibodat qiling», deb vahiy qilganmiz» (25-oyat).
Ibodatga sazovor Zot yagona Alloh taolo ekanini anglatish, Unga iymon keltirishga da’vat qilish va faqat Unga sig‘inishga chaqirish barcha ilohii dinlar va payg‘ambarlarning ishi bo‘lgan. Tavhid aqiydasi hech qachon o‘zgarmagan.
Alloh taolo Nahl surasida quyidagilarni aytadi:
«Batahqiq, har bir ummatga «Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning», deb rasul yuborganmiz. Ulardan Alloh hidoyat qilganlari ham bor va ustlariga zalolat haq bo‘lganlari ham bor» (36-oyat).
«Hech shubha yo‘qki, Biz har bir ummatga payg‘ambar yubordik. Har bir payg‘ambarning o‘z ummatiga aytadigan gapi:
«Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning», deyishdan iborat bo‘ldi.
Ya’ni «Bu dunyoda faqat Allohning ko‘rsatmasi ila yashang. Uning aytganini qiling, qaytarganidan qayting, faqat Ungagina sig‘ining. Shu bilan birga, tog‘utdan chetlaning. Unga ibodat qilmang».
«Tog‘ut» so‘zi arab tilida Allohdan boshqa ibodat qilinadigan narsani ifoda etadi. U shayton, folbin, butu sanam, turli tuzumlar yoki shaxslar, tabiatdagi maxluqotlar yoki hayvonlar bo‘lishi mumkin. Demak, Allohdan o‘zganing aytganini qilib yashash, o‘shaning ta’limotlariga amal qilish, unga sig‘inish tog‘utga ibodat qilish bo‘ladi. Alloh taolo esa bandalari faqat O‘ziga ibodat qilib, tog‘utdan chetlanishini istaydi. U Zot ushbu xohish-irodasini odamlarga payg‘ambarlari orqali yetkazdi. Ammo odamlar o‘zlarini turlicha tutdilar.
«Ulardan Alloh hidoyat qilganlari ham bor va ustlariga zalolat haq bo‘lganlari ham bor».
Hidoyat yo‘lini ixtiyor qilib, unga intilganlarni Alloh taolo hidoyatga yo‘lladi. Zalolat – kufr yo‘lini ixtiyor etib, o‘sha tomonni ko‘zlaganlarga zalolat haq bo‘ldi.
Bu ikki toifaning hech birini Alloh majburlagani yo‘q. Ular o‘z ixtiyorlari bilan ish tutishdi. Shuningdek, ikki taraf ham Allohning qamrovli, umumiy ixtiyoridan chiqqanlari yo‘q, chunki dunyodagi har bir narsa faqat U Zotning irodasi, joriy qilgan qonun-qoidasi bilan bo‘ladi.
Alloh taolo hidoyatni tanlab, shu yo‘lda yurayotgan kishilarning hidoyatga kelishini ixtiyor etgan va shuni joriy qonun-qoidalarga aylantirgan. Shuningdek, zalolatni tanlab, shu yo‘lga intilayotgan kishilarga zalolat haq bo‘lishini ixtiyor qilgan hamda buni joriy qonun-qoidalarga aylantirgan. Ana shu qonun-qoidalarga binoan har bir insonning hidoyat yoki zalolatga ketib, yaxshilik yoki yomonlik qilishi Allohning xohishiga muvofiq bo‘ladi, deyiladi.
Payg‘ambar alayhissalomlarning vazifalaridan yana biri Alloh taoloning amr va nahiylarini bandalarga yetkazishdir. Alloh taoloning O‘zi bu haqda Ahzob surasida quyidagilarni aytadi:
«Ular Allohning risolatlarini yetkazadigan, Undangina qo‘rqadigan, Allohdan boshqa hech kimdan qo‘rqmaydiganlardir. Allohning O‘zi hisob-kitob qilishga kifoyadir» (39-oyat).
Hech qanday tangliksiz Allohning yo‘liga ergashib yurgan yurtlar, payg‘ambarlar quyidagi sifatlarga ega bo‘lganlar:
«Ular Alloxning risolatini yetkazadigan» zotlardir.
Alloh taolo ularni o‘z elchisi – payg‘ambari qilib yuborgan. Ular odamlarga Allohning xabarlarini yetkazuvchilardir. Albatta, Alloh taoloning risolatida U Zotning O‘z bandalariga yo‘llagan amrlari va nahiylari bo‘ladi. Payg‘ambarlar ana o‘shalarni o‘z ummatlariga yetkazadilar.
Alloh taolo bu borada O‘zining oxirgi payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib, quyidagilarni marhamat qiladi:
«Ey Rasul! Senga Robbingdan nozil qilingan narsani yetkaz. Agar (shunday) qilmasang, Uning risolatini yetkazmagan bo‘lasan. Alloh seni odamlardan saqlar. Alloh kofir qavmlarni hidoyat qilmas» (Moida surasi, 67-oyat).
Bu oyati karimada Alloh taolo u zotga har qanday sharoitda, odamlarning qabul qilish-qilmasligiga qaramay, da’vat qilaverish, Alloh taoloning amrlari va nahiylarini yetkazaverish lozimligini buyurmoqda:
«Ey Rasul! Senga Robbingdan nozil qilingan narsani yetkaz».
Zotan, payg‘ambarlik vazifasi o‘zi shundan iborat. Boshqa oyatlarda odamlarga Allohdan nozil qilingan narsani qanday yetkazishning ta’limi ham berilgan, jumladan, hikmat va yaxshi mav’izalar bilan yetkazish ta’limi. Demak, nima qilib bo‘lsa ham, Allohdan nozil qilingan narsani yetkazish vazifasi mavjud.
«Agar (shunday) qilmasang, Uning risolatini yetkazmagan bo‘lasan».
Ya’ni «Agar Robbingdan nozil qilingan narsani yetkaz-masang, Allohning elchiligi – payg‘ambarligi vazifasini ado etmagan bo‘lasan».
«Alloh seni odamlardan saqlar».
Ularning yomonliklaridan asraydi.
«Alloh kofir qavmlarni hidoyat qilmas».
Payg‘ambar alayhissalomlarning vazifalaridan yana biri odamlarga yaxshi o‘rnak bo‘lishdir. Bu haqda Alloh taolo Ahzob surasida quyidagilarni aytadi:
«Batahqiq, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun – Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor» (21-oyat).
Alloh taolo yana Mumtahana surasida shunday marhamat qiladi:
«Batahqiq, sizlarga Ibrohimda va u bilan birga bo‘lganlarda yaxshi o‘rnak bor» (4-oyat).
PAYG‘AMBARLARNING MO‘JIZALARI
«Mo‘jiza» so‘zi lug‘atda «ojiz qoldiruvchi» degan ma’noni anglatadi. Ya’ni mo‘jizani boshqalar qilishdan ojiz qolishadi.
Istilohda esa: «Allohning izni ila payg‘ambarlarga ularning payg‘ambarligini tasdiqlash uchun berilgan, boshqalarning qo‘lidan kelmaydigan g‘ayritabiiy – odatdan tashqari ish mo‘jizadir».
Kofirlar, odatda, payg‘ambarlarni inkor qilish bilan birga, doimo o‘z noma’qulchiliklarini haspo‘shlash maqsadida turli bahona, takliflar qilib, mo‘jiza ko‘rsatishni talab qilib turishadi. Avvalgi o‘tgan barcha payg‘ambarlarga xuddi shunday takliflar qilingan. Alloh O‘z payg‘ambarlarining haqligini tasdiqlash, kofirlarni ojiz qoldirish, mo‘minlarning iymonini mustahkamlash uchun payg‘ambarlarga o‘z zamonasi va qavmiga mos mo‘jizalar bergan. Misol uchun, sehrgarlik avj olgan bir zamonda yuborilgan Muso alayhissalomga Alloh taolo ularning sehridan bir necha marta ustun turuvchi mo‘jizalar bergan.
Moddaparastlik avj olib, «Har bir narsa moddiy asosga ega» degan e’tiqodda bo‘lgan qavmga yuborilgan Iyso alayhissalomga Alloh taolo turli tuzalmaydigan bemorliklarni tuzatish, o‘likni tiriltirish kabi mo‘jizalar bergan.
O‘tgan payg‘ambarlar o‘zlariga berilgan mo‘jizalarni o‘z o‘rnida ishlatganlar. Lekin ularning vafotlari bilan barcha mo‘jizalari ham amaldan qolgan, chunki ularning payg‘ambarliklari ma’lum bir qavmga, ma’lum bir makon va ma’lum bir zamonga bog‘liq bo‘lgan. Muhammad sollallohu alayhi vasallamga esa abadiy va ulkan mo‘jiza – Qur’oni Karim nozil qilingan, chunki u zotning payg‘ambarliklari qiyomat bo‘lgunicha barcha xalqlar, makonlar va zamonlar uchun bardavomdir. Shuning uchun u zotga moddiy emas, ma’naviy va boqiy mo‘jiza – Qur’oni Karim asosiy mo‘jiza qilib berilgan. U zoti bobarakot o‘tganlaridan so‘ng ham mo‘jizalari bo‘lmish Qur’on to qiyomatgacha barhayot bo‘ladi. Shuning uchun ham qachon mushrik va kofirlar u zotdan payg‘ambarliklarini tasdikdovchi mo‘jiza talab etishsa, Qur’oni Karimni dalil qilganlar.
Boshqa payg‘ambarlarga ulkan mo‘jiza bo‘lib xizmat qilgan narsalar Muhammad sollallohu alayhi vasallam uchun oddiy bir ish edi. Hamma payg‘ambarlarga berilgan mo‘jizalarga o‘xshash ishlar Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida ham bo‘lib o‘tgan. Bu haqdagi xabarlar hadis kitoblaridan joy olgan.
Allohni tanigan odamlar uchun hatto Isro va me’roj kabi katta hodisalar ham oddiy bir ish bo‘lgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Isro va me’roj qilganlari haqida odamlarga xabar berganlarida har kim o‘zini har xil tutdi va har xil gap-so‘zlarni aytdi. Bir guruh odamlar hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuning huzurlariga yugurib borishdi. U kishi xabarny eshitgandan so‘ng: «U zot shu gaplarni aytdilarmi?» deb suradilar. «Ha», deyishdi. U kishi: «Agar u zot aytgan bo‘lsalar, to‘g‘ri aytibdilar, men bunga shohidlik beraman», dedilar. Ular: «Shomga bir kechada borib, yana Makkaga tong otmay turib qaytib kelishiga ishonasanmi?!» deyishdi. Abu Bakr: «Men u zotning bundan g‘aroyibroq narsasini ham tasdiqlayman. Osmondan xabar aytishini ham tasdikdayman», dedilar.
Ha, osmonning xabari bo‘lmish vahiyni qabul qilish, Allohning kalomi – Qur’onni kishilarga yetkazish va uni tatbiq etish Muhammad sollallohu alayhi vasallamning eng asosiy mo‘jizalari edi.
Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning boshqa mo‘jizalari u zotning payg‘ambarliklarining tasdig‘i sifatida hujjat qilinmas edi. Odamlar mo‘jiza ko‘rsatishni talab qilgan paytda ham ularga mo‘jiza sifatida Qur’oni Karim dalil qilinardi. Bunga Ankabut surasidagi ushbu ikki oyati karimani misol qilib keltirishimiz mumkin:
«Ular: «Unga Robbidan mo‘jizalar nozil qilinsa edi», dedilar. «Mo‘jizalar yolg‘iz Allohning huzuridadir. Men esa faqat ochiq-oydin ogohlantiruvchiman, xolos», degin. Ularga Bizning senga o‘zlari uchun tilovat qilinayotgan ushbu Kitobni nozil etganimiz kifoya qilmasmi?! Bunda iymon keltiradigan qavmlar uchun rahmat va eslatma bordir» (50-51-oyatlar).
Kofir odam xayoliga nima kelsa, gapiraveradi. Ular:
«Unga Robbidan mo‘jizalar nozil qilinsa edi», deyishdi.
Ey Paygambar!
«Mo‘jizalar yolg‘iz Allohning huzuridadir. Mei esa faqat ochiq-oydin ogohlantirguvchiman, xolos», degin».
Ha, mo‘jizalar faqat Alloh taoloning huzuridan keladi. Ularning tasarrufini yolg‘iz Alloh taoloning O‘zi qiladi. Qachon kerak bo‘lsa, o‘shanda nozil qiladi. Kimga kerak bo‘lsa, o‘shanga ko‘rsatadi. Qancha kerak bo‘lsa, shuncha. Payg‘ambar esa ochiq-oydin ogohlantiruvchi, xolos. Unga Robbi kishilarni ogohlantirishni topshirgan, u shu topshiriqni bajaradi, xolos. Aslida ularga mo‘jizalar nozil qilinishining hojati ham yo‘q.
Nima uchun ular mo‘jiza nozil bo‘lishini talab qilishadi? Holbuki, qarshilarida mo‘jizalarning mo‘jizasi, abadiy mo‘jiza – Qur’on turibdi-ku! Bundan ortiq yana qanday mo‘jiza kerak?!
«Ularga Bizning senga o‘zlari uchun tilovat qilinayotgan ushbu Kitobni nozil etganimiz kifoya qilmasmi?!»
Kifoya qilishi kerak. Axir Qur’onning har bir oyati o‘ziga xos mo‘jiza-ku. Qur’on tufayli ular Alloh taolo bilan bevosita aloqada bo‘ladilar-ku!
«Bunda iymon keltiradigan qavmlar uchun rahmat va eslatma bordir».
Ha, Qur’oni Karimdagi rahmatdan bahramand bo‘lish, barcha va’z-nasihatlardan eslatma olish uchun kishida iymon javhari bo‘lishi kerak. Iymonsizlar oldilarida ulkan mo‘jiza tursa ham, «Unga Robbidan mo‘jizalar nozil qilinsa edi», deb yuraverishadi.
Yuqorida zikr qilib o‘tilgan tarixdagi davlatlar va jamoalarning ko‘pchiligi o‘z payg‘ambarlarini yolg‘onchiga chiqarishdi. O‘zlarining adashuv va xatolarida davom etaverishdi. Ulardan faqat ozginasi iymon keltirdi. So‘ng Alloh subhanahu va taolo O‘z payg‘ambarlarining oxirgisi – Muhammad sollallohu alayhi vasallamni bashariyatning hammasiga, yer yuzining barcha burchaklariga payg‘ambar qilib yubordi. U zotning harakatlari bilan adashgan bashariyatning hidoyatga yurishi ko‘zlangan edi.
KЕYINGI MAVZULAR:
IKINCHI BOB:
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning siyratlari;
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning imtiyozlari;
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov bilan suhbat
– Assalomu alaykum. Bugungi suhbatimizni inson hayotida muhim o‘rin tutadigan, odamni boriga rozi bo‘lib, yo‘g‘iga sabr qilishga undaydigan go‘zal fazilat – qanoat haqida gaplashsak. Avvalo, qanoat deganda nimani tushunamiz?
– Vaalaykum assalom varahmatullohi vabarakotuh. Qanoat – insonga berilgan ne’matlarni qadrlash, Alloh taoloning taqdiriga rozi bo‘lish, bor narsaga shukr qilish va halol yo‘l bilan hayot kechirishdir.
Qanoat – bu qo‘l qovushtirib o‘tirish, mehnat qilmaslik, biror kasbning boshini tutmaslik yoki “boriga shukr” deb taraqqiyotdan ortda qolib ketish emas. Musulmon kishi, hadisi sharifda ta’kidlanganidek, dunyo ishlarida harakat qiladi, rizqini izlaydi, kasb-hunar o‘rganadi, oilasi uchun mehnat qiladi. Ammo qalbida: “Menga berilgan ne’matning egasi Alloh taolodir”, degan e’tiqodda bo‘ladi.
Inson qancha boy bo‘lmasin, agar qalbida qanoat bo‘lmasa, o‘zini kambag‘al his qilishi mumkin. Aksincha, mol-dunyosi ko‘p bo‘lmagan insonning qalbi xotirjam, shukr qiluvchi bo‘lsa, u chinakam boydir. Shu bois ulamolar qanoatni qalbg boyligi, deb ta’riflashgan.
– Islom dining asosiy manbalari bo‘lmish Qur’oni karim va hadisi shariflarda qanoat haqida nima deyilgani ham o‘quvchilarga qiziq, albatta.
– Ha, shunday. Islom ta’limotida qanoat ulug‘ fazilat hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas” (Qasas surasi, 77-oyat), deb marhamat qilgan.
Islom dini insonni bu dunyoda ham, oxiratda ham baxt-saodatga erishtiruvchi dasturilamal, hayot manhajidir. Ammo dinimizning asl mohiyatini, uning ta’limotlari barcha zamon va makonlarga muvofiq kelishini anglab yetmagan kishilar uni tarkidunyochilikka aylantirib qo‘yadilar, dinga amal qilish uchun dunyodan ajralib chiqish kerak, deb hisoblaydilar. Vaholanki, Parvardigori olam insonga ato qilgan barcha ne’matlari ham oxiratni, ham dunyodagi nasibani izlash vositasi ekanini aytmoqda.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Abu Hurayra, parhezkor bo‘l, odamlarning obidrog‘i bo‘lasan. Qanoatli bo‘l, insonlarning eng boyi bo‘lasan. O‘zingga yoqqanini odamlar uchun ham yaxshi ko‘r, mo‘min bo‘lasan. Qo‘shningga yaxshilik qil, muslim bo‘lasan. Kulgini ko‘paytirma. Chunki kulgining ko‘pi qalbni o‘ldiradi”, dedilar (Imom Ibn Moja, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonni o‘ziga berilgan ne’matlarni qadrlashga targ‘ib etganlar.
Ba’zan inson o‘zidan boyroq kishiga qarab: “Uning mashinasi bor, uyi katta, kiyimi yaxshi, imkoniyati ko‘p”, deb o‘zini kambag‘al his qiladi. Lekin o‘zidagi ne’matlarga qaramaydi. Boshqa bir inson esa kasal bo‘lib yotibdi, sog‘likka muhtoj. Yana biri farzandli bo‘lishni orzu qiladi. Demak, biz ko‘pincha o‘zimizda bor narsalarning qadrini ularni boy bergachgina anglab yetamiz. Shu bois mo‘min inson har kuni: “Alloh taolo menga qancha ne’matlar bergan-a. O‘ziga shukr”, deb hamdu sano aytishi kerak.
– Demak, qanoat insonning baxtli yashashiga ham sabab bo‘lar ekan-a?
– Albatta. Qanoat bilan baxt o‘rtasida katta bog‘liqlik bor. Bugungi kunda insonning ko‘zi ko‘p narsaga tushadi. Telefon, internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarning hayotini ko‘ramiz. Kimdir yangi mashina xarid qilganini, kimdir yangi imorat qurganini, kimdir chet elga sayohat qilganini ko‘ramiz.
Agar inson o‘z hayotini doimo boshqalarning hayoti bilan solishtiraversa, qalbida norozilik paydo bo‘ladi: “Nega menda yo‘q? Nega unda bor? Nega uning hayoti yaxshi?” degan savollar ko‘payib boradi. Bu esa insonning xotirjamligini yo‘qotadi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoviy masalalarda inson o‘zidan pastroq holatdagi kishilarga qarashini o‘rgatganlar. Ya’ni inson o‘zidan boyroq kishiga qarab hasrat qilmasdan, o‘zidan kamroq imkoniyatga ega bo‘lgan kishilarni ko‘rib, Allohning ne’matlariga shukr qilsin.
– Ayrimlar qanoatli kishining hayotga intilishi past, deb tushunadilar. Bunga dinimiz qanday qaraydi?
– Bu qanoat tushunchasini noto‘g‘ri anglashdan kelib chiqadi. Musulmon kishi mehnatkash bo‘lishi kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mehnat qilishga, halol rizq topishga targ‘ib etganlar.
Dehqon yerga urug‘ sepib, keyin “Alloh rizq beradi”, deb uyida o‘tirmaydi. U yer haydaydi, urug‘ sochadi, sug‘oradi, mehnat qiladi va natijasini Allohdan kutadi. Tadbirkor ham harakat qiladi, talaba o‘qiydi, hunarmand ham mehnat qiladi. Qanoat shu harakatdan keyin insonning qalbidagi holatdir. Ya’ni, qo‘limiz mehnatda, qalbimiz Allohga bog‘langan bo‘lishi kerak.
– Bugungi yoshlar orasida “ko‘proq pul topish”, “boy bo‘lish”, “qimmat mashina olish” kabi maqsadlar kuchayib bormoqda. Bu holatga qanday munosabat bildirasiz?
– Mol-dunyoga ega bo‘lish yomon emas. Islom boylikni harom qilmagan. Harom qilingani – boylikning inson qalbini egallab olishi, uni haromga boshlashi va Alloh taoloning zikridan, toat-ibodatidan unuttirishidir.
Halol mehnat bilan boyigan inson juda ko‘p xayrli ishlar qilishi mumkin. Kambag‘allarga yordam beradi, masjidlar va madrasalar quradi, ilmga xizmat qiladi, yetimlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Mol-dunyo qo‘lda bo‘lsa – ne’mat, qalbda bo‘lsa sinovdir.
Yoshlarimizga shuni o‘rgatishimiz kerak: katta maqsad qo‘yish mumkin. Ammo maqsad halol bo‘lishi kerak. Rizq halol bo‘lishi kerak. Mehnat halol bo‘lishi kerak. Eng muhimi, inson dunyoviy maqsadga erishaman deb oxiratni boy bermasligi lozim.
– Farzandlarimizga qanoatni qanday o‘rgatishimiz mumkin?
– Eng yaxshi tarbiya namuna bo‘lishdir. Ota-ona “qanoatli bo‘l” deb, o‘zi doimo boshqalarning mol-dunyosini muhokama qilib yursa, bola gapga emas, amalga qaraydi. Farzandlarimizga kichikligidan: “Non – ne’mat. Uni isrof qilma”, “Ota-onangning mehnati qadriga yet”, “Boshqalarga hasad qilma”, degan tushunchalarni singdirish kerak.
Bolaning istagan hamma narsasini muhayyo qilaverish to‘g‘ri emas. Chunki inson xohlagan narsasiga osongina erishaversa, berilgan ne’matning qadrini bilmay qo‘yishi mumkin. Ba’zida farzandga: “Hozir imkonimiz yo‘q, sabr qilamiz”, deyish ham tarbiya, ham uning qanoatli bo‘lishiga zamin yaratadi.
– Qanoat bilan taqdirga rozi bo‘lishni qanday tushuntirgan bo‘lardingiz?
– Mo‘min kishi Alloh taoloning taqdiriga iymon keltiradi. Lekin taqdirni bahona qilib, o‘zining zimmasidagi vazifalarini tashlab qo‘ymaydi. Kasal inson: “Taqdir ekan”, deb davolanishdan voz kechmaydi. Rizq izlayotgan kishi mehnat qilishni ortga surmaydi. Talaba o‘qishni to‘xtatmaydi. Biz sabablarni qilamiz, natijasini Allohdan kutib yashaymiz. Agar natija biz kutgandek bo‘lmasa, “Nega bunday bo‘ldi?” deb Allohning taqdiriga norozi bo‘lmaymiz. Mana shu holat inson qalbiga katta xotirjamlik beradi.
– So‘nggi savol: inson qanoatli bo‘lishi va shu fazilatga ega bo‘lishi uchun nima qilishi kerak?
– Buning uchun, avvalo, shukrni kanda qilmasligi kerak. O‘zini hadeb boshqalar bilan solishtirmasligi zarur. Chunki har kimning taqdiri, rizqi va hayot yo‘li har xil bo‘ladi.
Halol mehnat qilib, isrofdan tiyilishi shart. Inson ko‘p narsaga ega bo‘lish bilan baxtli bo‘lib qolmaymiz. Kerakli narsa bilan kifoyalanishni o‘rganishimiz lozim.
Ehtiyojmand insonlar holiga qarash kerak. Inson o‘zidan kamroq imkoniyatga ega kishilarni ko‘rsa, o‘zining ne’matlarini yanada chuqurroq his qiladi.
Alloh taolo bilan munosabatimizni mustahkamlashimiz shart. Namoz, duo, Qur’on tilovati, zikr va istig‘for insonning qalbini poklaydi. Qalbi Allohga bog‘langan inson dunyoviy narsalarga haddan ziyod bog‘lanib qolmaydi. Va o‘shanda qinoat bitmas xazina ekanini anglab yetadi.
T.NIZOM suhbatlashdi.