Shifokorlar bizni faqat dori-darmonlar emas, shirin so‘zlari bilan ham davoladi
30.03.2020
2152
3 min.
KORONAVIRUSDAN TUZALGAN YURTDOSHLARIMIZ: shifokorlar bizni faqat dori-darmonlar emas, shirin so‘zlari bilan ham davoladi

Kuni kecha dunyo miqyosida insoniyat salomatligiga raxna solgan tojdor virus pandemiyasi ustidan yurtimizda ham ilk g‘alaba qozonildi – 7 nafar kasallikka chalingan yurtdoshimiz butunlay sog‘ayib, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatib qo‘yildi. Ular bu yerda navbatdagi qisqa muddatli qayta tiklash muolajalarini olmoqda.
Kasallikdan butunlay sog‘ayib, yorug‘ yuz bilan oilasi, yaqinlari bag‘riga qaytish baxtiga muyassar bo‘layotganlar orasida Xadicha Shahobova ham bor. U kasallikdan butunlay forig‘ bo‘lgan kechagi kunni hayotining unutilmas, eng quvonchli damlari sifatida e’tirof etdi.
– Koronavirusdan sog‘ayib, shifoxonadan chiqqan kunim hayotimdagi eng quvonchli kun, – deydi Xadicha opa. – Avvalo, bizga g‘amxo‘rlik qilib, sog‘ayib ketishimiz uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bergan Prezidentimizga tashakkur! Bizni davolagan shifokorlar, hamshiralarning barchasiga katta rahmat. Baraka topishsin, Olloh ulardan rozi bo‘lsin! Tibbiyot xodimlari bizni faqat dorilar emas, shirin so‘zlari bilan ham davolashdi, ruhan qo‘llab-quvvatlashdi. Nazarimda, sog‘ayib ketishimizda asosiy omil aynan mana shu g‘amxo‘rlik, ularning mehr-muhabbati, ishonchi bo‘ldi. Bugungi kunni hech qachon unutmasam kerak. Boshqa bemorlarga ham tezroq sog‘ayib, eson-omon oilasi bag‘riga qaytish nasib etishini tilayman. Xalqimiz sog‘-omon, yurtimiz tinch bo‘lsin! Bu kasallik yurtimizdan, yer yuzidan tezroq ketsin. Har bitta odam karantin qoidalariga amal qilib, niqob taqib yursin, gigiyenaga rioya qilsin, salomatliklarini asrasin. Shunday fidoyi, o‘z kasbining ustasi bo‘lgan shifokorlarimiz bor ekan, bu kasallikni albatta yengamiz!
Kasallikdan sog‘aygan yana bir yurtdoshimiz Alisher Musabekovdir. Uning ham ko‘zlarida quvonch porlaydi, tilida shukronalik, minnatdorlik so‘zlari.
– Virusologiya ilmiy-tekshirish institutida 14 kun davolanib chiqdim, hozir sog‘lig‘im yaxshi, – deydi Alisher aka. – Bizga shunchalik g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgani uchun Prezidentimizga, davlatimizga rahmat. Shifokorlarga ham o‘z minnatdorligimni bildiraman. Shifoxonada bizga juda ham yaxshi qarashdi. Sog‘ayib ketishimiz uchun tibbiyot xodimlari bor imkoniyatlarini ishga solishdi. Yana o‘n to‘rt kun reabilitatsiya muolajalarini olish uchun sanatoriyadamiz. Bu yerning ham sharoitlari a’lo darajada ekan. Ochiq chehra bilan kutib olgan shifokor va hamshiralar, bizga g‘amxo‘rlik qilyapti. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun takror va takror o‘z minnatdorligimni bildiraman. Biz uchun duoda bo‘lib turgan xalqimiz, davlatimiz rahbari doim omon bo‘lsin!
Mohigul Qosimova, O‘zA
MА`LUMOTNI IJTIMOIY TАRMOQLАRDА ULАSHING