Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446

Tasavvuf haqida tasavvur: YANGILANISH

30.03.2020   3359   14 min.
Tasavvuf haqida tasavvur: YANGILANISH

Hijriy o‘n uchinchi asrning ikkinchi yarmiga, milodiy yigirmanchi asrning boshlariga kelib, islomiy ilmlarda ijobiy o‘zgarishlar paydo bo‘la boshladi.

Asta-sekin dinimizning iymon va Islomga oid ko‘pgina ilmlarini hozirgi zamon ruhida kishilar ongiga singdirish yo‘lida anchagina ishlar qilina boshladi.

Aqoid, tafsir, hadis, ulumul Qur’on, ulumul hadis, meros va boshqa ilmlarda yangi kitoblar bitildi hamda ko‘plab zabardast olimlar yetishib chiqdi. Ushbu harakatlar tufayli musulmonlar bu sohalarda o‘zlariga kerakli ilmlarni olish va savollariga javob topish imkoniga ega bo‘ldilar.

Ammo tasavvuf bobida ish avvalgi holida qolaverdi. Bu sohani o‘rganish yoki unga doir yangi kitoblar yozish yo‘lida harakatlar bo‘lmadi, bo‘lsa ham, tor doirada va qoniqarsiz bo‘ldi.

Bizning fikrimizcha, ahli tasavvufning ichida bu ishni qilishga qobiliyatlilari yo‘q edi. Borlari ham o‘zining shaxsiy riyozati bilan va muridlari tarbiyasi bilan band edi. Yozishga qobiliyati borlar esa tasavvufda yashamagan, ya’ni uning ichiga kirmagan kishilar edi. Ular tasavvuf haqida – uning sof haqiqatini bayon qilish borasida – biror narsa yoza olishlari mushkul edi. G‘arblik sharqshunoslarning yozganlari esa suvni yana ham loyqalatishdan boshqaga yaramas edi.

Oxir-oqibat, Misrning ko‘zga ko‘ringan olimlaridan shayx Ahmad Mustafo Marog‘iy, Taftazoniy, Abu Xashab va boshqalar tasavvuf tariqatlari yo‘ldan toyib ketganini e’tiborga olib, ularni isloh qilish yoki biryo‘la bekor qilish talabi bilan chiqdilar.

Bu borada Al-Azhar dorilfununining jurnalida 1958 yil 29 yanvarda chop etilgan qo‘yidagi matnga e’tiboringizni tortamiz:

«Ichki ishlar vazirligi turli yig‘ilishlarda bo‘ladigan doira, do‘mbira hamda nay chalish kabi bid’atu xurofot va ahmoqliklarni man qildi. Shuningdek, mavlidlarda va tariqat ahllarining ko‘cha yurishlarida, zikr halqalarida ayollarning qatnashishini ham man qildi. Bunga jismni kaltaklash, hasharotlarni yeyish va g‘alati kiyimlar kiyish ham kiradi».

Bu kabi majburiy choralar Misrdan boshqa yurtlarda ham ko‘rilgan bo‘lishi kerak. Ehtimol, islohot ishlari ham olib borilgandir. Shu tariqa, asta-sekin tasavvuf bobida ham ijobiy o‘zgarishlar paydo bo‘la boshladi. Ko‘plab maqolalar, kitoblar yozildi. Turli tariqatlar o‘z ishlarini yangidan yo‘lga qo‘ydilar.

Albatta, bu ishlar osonlik bilan amalga oshmadi. Zero, qadimdan o‘rganib qolingan narsalarni tark qilish oson emas. Islohotchilarga qattiq qarshiliklar ham ko‘rsatildi.

Masalan, Misrda keng tarqalgan tariqat bo‘lmish «Ashiyrai Muhammadiya»ning shayxi Muhammad Zakiy Ibrohim «Abjadiyatut-tasavvufil islamiy» nomli kitobida quyidagilarni eslaydi:

«Tasavvufni isloh qilish borasida o‘zim yo‘liqqan qiyinchiliklardan bir tarixiy hodisani aytib o‘tmoqchiman. Elliginchi yillarda tasavvufni isloh qilish va olg‘a siljitish yo‘lida ko‘p uringanimdan keyin hukumat mening takliflarimni qabul qildi. Qohira voliysi rahbarligida tasavvuf islohi bo‘yicha qo‘mita tuzildi. Taklif muallifi va so‘fiylik bo‘yicha mutaxassis sifatida qo‘mitaning kotibi bo‘ldim. So‘ngra xuddi shu maqsadda Vaqf vaziri rahbarligida boshqa bir qo‘mita tuzildi. Unga ham men kotib bo‘ldim.

Shu sababli tasavvuf tariqatlari umumiy jamiyati imom Husayn masjidida oltmishdan ortiq shayxning ishtirokida majlis o‘tkazib, bir ovozdan meni tasavvuf tariqatlaridan chiqarib tashlashga qaror qildilar. Ammo Allohning fazli ila hukumat mening yozgan hisobotlarim asosida bu islohni davom ettirdi. Menga esa nufuzimni qaytarib berdi».

Tasavvuf islohoti boshqa yurtlarda ham davom etdi. Tasavvuf tariqatlarining doimiy nashrlari yo‘lga qo‘yildi, turli nashriyot va boshqa muassasalar ishga tushdi, xalqaro uchrashuvlar va ilmiy anjumanlar o‘tkazildi va o‘tkazilmoqda.

Hozirgi kunda Islom olamining yirik ulamolari ham tasavvuf mavzusiga alohida e’tibor qaratib, bu sohada kitoblar yozishni boshladilar.

Avvalroq Sa’id Havvo rahmatullohi alayhi bir necha kitoblari ila bu ishga o‘z hissalarini qo‘shgan edilar. Masalan, «Tarbiyatunar-ruhiya» va «Al-mustaxlis fiy tazkiyatil anfus» kitoblaridan ko‘p foydalar olgan edik.

Kuvayt davlatidagi ilmiy anjumanlarning birida ko‘zga ko‘ringan alloma, bugungi kunning eng mashhur olimi bo‘lmish shayx Yusuf Qarazoviy hazratlari bilan gaplasha turib, yarmi hazil, yarmi chin qilib: «Shayx, teleko‘rsatuvlaringiz ko‘payib ketdi. Kitob yozish esdan chiqib qolmayaptimi?» dedim. «Yo‘q! Bu aslo mumkin emas! Kitob – muhim narsa. Hozir tasavvuf haqida kitoblar yozishni boshladim. Bir nechtasi nashr ham etildi», dedilar shayx.

U kishi bu bilan o‘zlarining «Allohga yo‘llanishda Qur’on va sunnat asosida suluk fiqhini osonlashtirish» silsilasiga oid kitoblariga ishora qilayotgan edilar. Ushbu silsilaga oid «Niyat va ixlos» hamda «Tavakkul» kitoblarini o‘qib, bahramand bo‘ldik.

Suriyalik mashhur olim Muhammad Sa’id Ramazon Butiy hazratlari ham tasavvuf yo‘lida ko‘p ishlar qilganlar. Yaqinda u kishi Ibn Atoulloh Sakandariyning «Al-hikam al-Atoiyya» deb nomlangan kitoblariga ikki jildlik sharh va tahlil yozib chiqardilar.

Suriyalik olimlardan doktor Muhammad Shayxoniy ham «At-tarbiya ar-ruhiya» nomli kitob yozdilar.

Turkiyada o‘ziga xos uslubda, turk tilida tasavvufga oid ko‘plab kitoblar nashr etildi va etilmoqda. Mazkur kitoblardan ba’zilari o‘zbek tiliga tarjima ham qilindi.

Bizning diyorimizda ham tasavvuf va uning ahli xuddi yuqorida aytib o‘tilgan holatni boshidan kechirdi. Vaqti kelganda bu diyorlardan ulug‘ mutasavviflar va buyuk tariqat asoschilari yetishib chiqdilar. Ular haqida ko‘p eshitganmiz. Shu bois, bu yerda takrorlab o‘tirmaganimiz ma’qul.

Shuni aytib o‘tish lozimki, ayni paytda bizda tasavvufni tutib qolganlarning ko‘plari ilmga muhtoj ekanliklari hech kimga sir emas. Sirtdan qaraganda, tasavvufda ancha jonlanish bor, ammo buni haqiqiy tasavvuf, «Qur’on va sunnatga ilmiy ravishda suyangan tasavvuf» deyish qiyin.

Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, yurtimizda rus istilosigacha ham to‘g‘ri yo‘ldagi va to‘laqonli tasavvuf qolmagan edi. Chor Rusiyasi o‘rniga kelgan ateistik tuzum barcha dinlarga bo‘lgani kabi, Islom diniga nisbatan ham alohida qattiq qatag‘on olib borgan.

O‘sha tuzum vaqtida chet ellarga tashviqot qilish maqsadida Islomning ba’zi narsalariga ruxsat berilgandi. Ammo «fanatizm» nomi asosida tasavvufning har qanday ko‘rinishiga qarshi alohida qattiq qarshilik mavjud edi. Bu ishda ayniqsa davlat bilan hamkor bo‘lgan diniy idoralar ashaddiy edilar.

Oqibatda tasavvuf og‘ir holga tushdi. Undagi ba’zi bir ta’limotlardan boshqalar tamoman bexabar qoldilar. Boshqa diniy sohalarda chet ellar bilan olib borilgan chegaralangan aloqalardan biroz bo‘lsa ham ma’naviy foyda olinar edi. Ammo tasavvuf uchun bu jabhadan hech qanday naf kelmas edi.

Mustaqillikka erishib, diniy ishlar yo‘lga qo‘yila boshlagan vaqtda tasavvuf ham boshini ko‘tarishga urindi. Ammo bu urinish to‘g‘ri holda bo‘lmaganini hozir ko‘pchilik tushunib qoldi. Umuman, bizda tasavvuf to‘laqonli bo‘lmaganini odamlar asta-sekin anglab bormoqdalar.

Eng achinarlisi, shar’iy ilmlardan xabardor kishilarimiz ichida ham tasavvufni tuzukroq tushunadiganlari kam. Ba’zi birlari esa boshqalarga yomon o‘rnak bo‘lib, shariat ilmini bilmaydigan shayxlarga murid bo‘lib olishgan. Ulardan: «Bu nima savdo?» deb so‘ralsa, «Yo‘qdan ko‘ra yupanchiq», deyishadi.

«Yo‘qdan ko‘ra yupanchiq» deb yurilaveradimi yoki to‘laqonli va haqiqiy tasavvuf egalari bo‘lishga harakat qilamizmi?!

«Yo‘qdan ko‘ra yupanchiq» deb tasavvufga ergashib, kir choponu qiyshiq salla kiyib, soqolini sunnatga xilof ravishda o‘stirib olib, o‘zini ijodiy faoliyatdan mosuvo qilgan ziyolini o‘sha holida tark qilamizmi yoki unga haqiqiy tasavvufni o‘rgatib, kiyim-boshi va sifatiyu siyratini haqiqiy sunnatga muvofiq qilib, uning ziyosidan dinu diyonatimizga hamda elu yurtimizga ko‘proq foyda kelishini yo‘lga qo‘yamizmi?!

«Yo‘qdan ko‘ra yupanchiq» deb tasavvufga ergashib, jo‘jabirday oilasini tashlab, eshon buvaning ishtiroklaridagi yig‘inlarda qornini qappaytirib, nazar topish umidida yurgan polvonni shu holida tashlab qo‘yamizmi yoki unga diniy savodini chiqarishida, eshon buvadan ruhiy tarbiya ustozi sifatida foyda olishida va o‘ziga hamda oilasiyu qarindosh-urug‘i, el-yurtiga foyda keltiradigan musulmonga aylanishida yordam beramizmi?!

«Yo‘qdan ko‘ra yupanchiq» deb tasavvufga ergashib, talabi ilmni tark qilib, boshqalardan farqli kiyim kiyib, «Tariqat haqiqatdir, biz haqiqatdamiz, siz nimadasiz? Abu Hanifa ham shayxga qo‘l bergan, oxirgi ikki yili bo‘lmaganda, No‘mon halok bo‘lar edi» deb yurgan shovvozlarni «Menga nima» deb, shu hollarida tashlab qo‘yamizmi?! Yoki unga Islomda talabi ilm farzligini, kiyim sunnatga muvofiq bo‘lishi kerakligini, avval shariatni o‘rganib, keyin tariqatga yuzlanish lozimligini va Abu Hanifa rahmatullohi alayhining  nihoyatda ulug‘ taqvoli faqih bo‘lganlarini, u kishining nafaqat faqihliklari, balki taqvolari ham har qanday mutasavvif uchun ibrat bo‘la oladigan darajada zohir bo‘lganini o‘rgatamizmi?!

«Yo‘qdan ko‘ra yupanchiq» deya tasavvufga ergashib, «Azizlarimiz aytmagan narsani farz bo‘lsa ham, vojib bo‘lsa ham, qilmaymiz. Har qanday narsani bizga azizlarimiz aytgan bo‘lsagina qilamiz», deb jar solayotganlarni shu hollarida tashlab qo‘yaveramizmi?!

Yoki ularga azizlarimiz hammamiz uchun aziz ekanliklarini, ammo dinimiz, shariatimiz hammadan aziz ekanligini, azizlarimiz ham Qur’oni Karim va Sunnati mutohharani aziz tutganlarini tushuntiramizmi?!

«Yo‘qdan ko‘ra yupanchiq» deya tasavvufga ergashib, o‘zini boshqalardan ustin his qilganlardan bittasi viloyat bosh xatibiga «Birodar bo‘laylik» degan taklifni qilibdi. Bosh xatib esa: «Biz siz bilan birodarmiz, necha yildan beri birgamiz, mening imomchiligimda namoz o‘qiyapsiz, oilaviy bordi-keldimiz ham bor, yana qanday birodar bo‘lamiz?» debdi. Haligi odam «birodar bo‘laylik»ni takrorlayveribdi. Bosh xatib gapning ochig‘ini so‘ragan ekan, «Siz ham bizning shayxga qo‘l bersangiz, birodar bo‘lgan bo‘lamiz», degan javobni eshitibdi.

Shunda bosh xatib: «G‘uslda nechta farz borligini aytib bersangiz, aytganingizni qilaman», debdi. «Yo‘qdan ko‘ra yupanchiq» deya tasavvufga ergashib yurgan birodar g‘usldagi farzlarni bilmas ekan. Bosh xatib: «Men g‘uslda nechta farz borligini bilmaydigan odam bilan birodar bo‘lmayman», debdi.

Mazkur «birodar» g‘usldagi farzlarni bilmay turib biz bilan birodar bo‘lib yuraversinmi yoki unga g‘usldagi farzlarni va loaqal farzi aynlarni o‘rgatib qo‘yib, keyin birodar bo‘laylikmi?!

Eshon buvalardan birining hovlisida o‘tirgan muxlis kishi tahoratxonada muridlar o‘rtasida janjal kuchayganidan xavotirlanib borsa, tahoratda oyog‘ini eshon buvaning uyiga qaratib yuvgan muridga dashnom berishayotgan ekan.

Bir masjidning qavmlaridan ba’zilari eshon buvalardan birining ziyofatga kirayotib, qo‘lini yuvganida chilopchinga tushgan suvni muridlari taqsimlab olganini ko‘rib, o‘zlariga ham olishibdi va «tabarruk suv»dan shishachaga solib, imomlariga ham olib kelishibdi.

«Yo‘qdan ko‘ra yupanchiq» deb tasavvufga ergashgan muridlar eshon buvalarning «ehtiromlarini joyiga qo‘yib», shunga o‘xshash ajoyibotlar kashf qilib yuraversinmi?! Yoki ularga eshon buvalarni ruhiy tarbiya ustozlari sifatida haqiqiy hurmatlash qanday bo‘lishini; aslida qiblaga yuzlanib tahorat qilish afzal ekanini, oyoqni yuvish ham tahoratning rukni bo‘lgani uchun, uni eshon buvaning uyiga qaratibgina emas, qiblaga qaratib ham yuvish joiz ekanini, birov qo‘lini yuvgandan qolgan suv tabarruk emas, obi musta’mal bo‘lishini o‘rgatamizmi?! (Aslida, binoning ichida bo‘lsa, boshqa bir iloji bo‘lmaganda, eshon buvaning uyiga qarab emas, balki qiblaga qarab ham oyoq yuvish tugul, tahorat ushatishga-da ruxsat bor.)

Bunday ko‘ngilsiz misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ming afsuski, bularning soni kun sayin o‘ssa-o‘syaptiki, kamayishi yoki tuzalishining daragi yo‘q.

Ikkinchi tarafda Turkiyadan kirib kelgan tasavvuf mavjud. Odamlar esa «Tasavvuf o‘zi nima?» degan savolga javob topolmay hayron. Tasavvuf haqidagi ba’zi bir nashr qilingan narsalar mutasavvif bo‘lmagan kishilarning tarixga oid bitiklari yoki ba’zi mulohazalaridan iborat, xolos. Yana, avval aytib o‘tilganidek, tarjima ham bor.

Men o‘zimni tasavvuf doirasidagi shaxs deb bilaman. Ahli tasavvufni juda hurmat qilaman. Zamonamizda ko‘zga ko‘ringan tariqat shayxlaridan ko‘pgina do‘stlarim ham bor. Tasavvufga rag‘bat qilganlarni yaxshi ko‘raman.

Shu bilan birga, tasavvuf va uning ahli haqida biror fikr aytishdan oldin vaziyatni odatdagidan ham chuqurroq tahlil qilish zaruriyatini anglab yetganman. Chunki qalbga bog‘liq ishda zinhor shoshilib bo‘lmaydi.

Boshqa musulmon yurtlar qatori, bizning yurtimizda ham ahli solih, ahli taqvo, ahli suluk va ahli zikr kishilar bor. Xuddi mana shu tushuncha meni uzoq vaqt tasavvuf haqida biror qattiq gap aytmay yurishga majbur qildi.

Ammo, menimcha, hozirda tasavvuf haqida biror gap aytmay yurishim gunoh bo‘ladigan vaqt yetib kelganga o‘xshaydi. Ko‘pgina izlanishlar, so‘rovlar, o‘rganishlar, suhbatlar va maslahatlardan keyin shu fikrga keldim.

Tasavvuf ahli bilan bo‘lgan ko‘pgina suhbatlardan keyin yurtimizda muridlarga berilayotgan vazifalar ham noqis ekanligi ayon bo‘ldi. Bizdagi tasavvuf asosan qo‘l berish va noqis vazifadan boshqa narsa emasligi oshkor bo‘ldi. Hech bo‘lmasa tasavvufga oid kitoblarni mutolaa qilish ham yo‘q ekan. Yana boshqa nuqsonlar ham ko‘p.

Alloh taolodan qo‘rqish omili, yuqorida zikr qilingan sabablar, sof tasavvufga bo‘lgan muhabbatimiz va xalqimizning dinimizga yanada yaqinlashishiga bo‘lgan ishtiyoq kaminani ushbu satrlarni qoralashga undadi.

Allohim, bu ishimizni xayrli va foydali qilgin!

Yurtimizda, boshqa Islom ilmlari qatori, tasavvuf ham o‘z yo‘lini topib, avvalgi shon-shuhratini tiklab, xalqimizga va yurtimizga xizmat qilishiga O‘zing yordam ber.

Sof tasavvufga asoslangan amallarimizning, ibodatlarimizning O‘zing xohlaganday xolis bo‘lishini, har qanday bid’at-xurofotdan, yashirinu oshkora shirkdan butkul xoli bo‘lishini nasib ayla!

 

KЕYINGI MAVZU:

Tasavvufga oid taassurotlar;

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Kurash Islom birdamlik o‘yinlari dasturiga kiritildi

26.12.2024   748   1 min.
Kurash Islom birdamlik o‘yinlari dasturiga kiritildi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Albaniyaning Tirana shahrida o‘tkazilayotgan Islom birdamligi sport assotsiatsiyasi (ISSA)ning 13-Bosh assambleyasida milliy sportimiz kurash 2025 yili Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida tashkil etiladigan Islom birdamlik o‘yinlari dasturiga kiritilgani e’tirof etildi.

Dunyoning ko‘plab davlatlaridan delegatlar, sport tashkilotlarining mutasaddilari, xalqaro sport federatsiyalarining rahbarlari qatnashib, Islom birdamlik o‘yinlari tizimidagi sport turlari, texnik-taktik jihatlar, musobaqalar taqvimi ko‘rib chiqildi, muhokama qilindi.  

Assambleyada delegatlarning taklifi va qo‘llab-quvvatlashi natijasida o‘zbek sporti - kurash Islom birdamlik o‘yinlari tizimidan joy olgani e’lon qilindi.  

Assambleya yig‘ilishi doirasidagi tadbirlarda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi rahbariyati ISSA mutasaddilari bilan kurashni xalqaro maydonda rivojlantirish, uning ommaviyligini ta’minlash borasida fikrlashildi.    

Muhokamalar jarayonida IKA va ISSA texnik vakillari kurash musobaqalariga tegishli masalalar, xususan vazn toifalari, hakamlik, qur’a tashlash, translyatsiya, jihozlar, inventarlar va boshqa texnik tafsilotlar borasida ishchi guruh yig‘ilishini o‘tkazish lozimligini ta’kidladi. Kelishuvlarga erishildi.  

Ota-bobolarimizdan meros kurashning sport turi sifatida xalqaro maydonda ommalashayotgani, qamrovi yildan yilga kengayayotgani barchamizga cheksiz iftixor bag‘ishlashi shubhasiz. Islom birdamlik o‘yinlari tizimidagi rasmiy sport turlaridan biri bo‘lgani esa Olimpiada sari tashlangan muhim qadam, deyish mumkin.  

Dunyo yangiliklari