Xitoyda boshlangan bu vabo butun dunyoga tarqalayotgani barchaga ma’lum. Shu jumladan bizning yurtga ham kirib keldi. Ayni paytda yurtimizda karantin e’lon qilingan.
Kuniga oynaijahon yoki internet tarmoqlari yoki odamlarning og‘zidan dunyo bo‘yicha nechta odamning kasallikka chalingani va nechtasi vafot etgani, eng achinarlisi, o‘z yurtimizdagi kasallanganlarning soni ortib borayotgani haqidagi xabarlarni eshitib har qanday insonning qalbi eziladi, o‘z-o‘zidan tashvishga, sarosimaga tusha boshlaydi.
Aziz yurtdoshlar, bu vabo barchamizning tashvishimiz, asosiy muammomizga aylandi. Bunday ommaviy musibat paytida, bu kasallikka chalinayotganlarni eshitib tushkunlik, vahima va sarosimaga tushmaylik!
Barcha ish yaratgan Egamiz Alloh taoloning qo‘lida. Boy qiluvchi ham, faqirga aylantiruvchi ham, kasallik yuboruvchi ham, kasallikni daf qiluvchi ham, davo beruvchi ham yagona o‘zidir. O‘ziga talpinaylik. Axir Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan-ku:
وَهُوَ الَّذِي يُنَزِّلُ الْغَيْثَ مِن بَعْدِ مَا قَنَطُوا وَيَنشُرُ رَحْمَتَهُ وَهُوَ الْوَلِيُّ الْحَمِيدُ {الشورى/28}
U (odamlar) umidsizlikka tushganlaridan keyin yomg‘ir yog‘diradigan va O‘z rahmatini (barakotini) keng yoyadigan zotdir. U (mo‘minlarga) Valiy (do‘st) va Hamid (hamd egasi)dir (Shuuro surasi, 28-oyat).
Yerlar hosil bermay, hayvonlar birin-ketin qirilib ketgan, ekinzorlar qurib, yonib ketgan, hayvonlarning yelimlarida sutlar qolmagan, uylarda ozuqalar tugagan, go‘daklar ochlikdan yig‘lagan, odamlar noumid bo‘lishni boshlaganda Alloh taolo ular ustidan rahmatini nozil qilib, yomg‘ir yog‘dirdi.
Demak, Alloh taolo bandalariga rahm qiluvchi, ular ustidan o‘z rahmatini yog‘diruvchi Zot ekanmi, bizdan ham bu Koronavirus vabosini tez orada ko‘tarishini umid qilamiz. Faqat noumid bo‘lmay, o‘ziga ibodat qilib duolar qilsak bo‘lgani.
Yaratgan Egamizga beadad hamdlar bo‘lsinki, bizlarni musulmon qilib qo‘ydi, uylarimizda bo‘lsa ham ibodat qilishda davom etmoqdamiz. Namoz o‘qiyapmiz, Qur’on tilovat qilyapmiz, zikrlar, salavotlar aytayapmiz, ahllarimiz tarbiyasi bilan shug‘ullanyapmiz. Musulmon inson har holatda ham yutadi. Bu
oz kunlar barchamiz uchun Alloh taolo va Rasulini tanib olishga, dinini o‘rganishga bir fursat bo‘lib turibdi. Foydalanib olaylik!
Ko‘nglimizga xursandichilik ulashadigan, bizlarga hushxabar beradigan yana bir hadisni o‘rganib chiqaylik:
قال نبينا صلى الله عليه وسلم : عجب ربنا من قنوط عباده وقرب غيره ينظر إليكم أزلين قنطين فيظل يضحك يعلم أن فرجكم قريب (رواه الامام أحمد).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Robbimiz bir holatni boshqa holatga o‘zgartirishi juda yaqin bo‘lishiga qaramay, bandalar qattiq noumid bo‘lib qolishidan ajablanadi. Alloh taolo tang ahvolga tushib noumid bo‘lib turganingizda sizlarning farajingiz (tang ahvoldan qutulish, shodlik, rohat, kengchilik) yaqin ekanini bilgan holda sizlarga qarab kulib turadi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu hadisni aytib bo‘lib kulib qo‘ygan ekanlar, biz ham kulaylik, xursand bo‘laylik, tushkunlikka tushmaylik, hammasi yaxshi bo‘ladi.
Biz bandalar shunday, hayotimiz bir tekkis, tinchilik-totuv, sog‘liq-salomat holda davom etishini xohlaymiz va bu holatga o‘rganib qolamiz. Ko‘pincha shu holat ham bizni Robbimizni unutib qo‘yishimizga sabab bo‘ladi. Doimiy bir tekkislikda ketayotgan hayotimizda mabodo, biror chuqurlik chiqib qolsa, yoki ishimiz yurishmay qolsa, yoki biror kasallik yetsa, darrov tushkunlikka tushib noumid bo‘lib qolamiz. Mazkur hadisi sharifda ham bandalar tang ahvolga tushganlarida qattiq noumid bo‘lib qolishlari aytilmoqda. Aslidachi, biz bandalar har qanday holatda ham Alloh taolodan noumid
bo‘lmasligimiz lozim ekan. Chunki Alloh taolo yomonlikdan yaxshilikka, bemorlikdan sog‘liq-salomatlikka, balo va og‘ir holatlardan xursandchilik, kengchilikka chiqarishi, o‘zgartirishi juda yaqin fursatda bo‘lar ekan.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:
فَإِنَّ مَعَ الْعُسْرِ يُسْرًا {الشرح/5} إِنَّ مَعَ الْعُسْرِ يُسْرًا {الشرح/6}
Bas, albatta, qiyinchilik bilan osonchilik bordir. Albatta, qiyinchilik bilan osonchilik bordir (Sharh surasi, 5-6-oyatlar).
Demak, hozirgi qiyinchilik holimizdan keyin yaqin kunlarda
bizlarni osonchilik, yaxshilik va katta yutuqlar kutib turibdi.
Alloh taoloning rahmati yaqin ekani haqida Qur’oni Karimda shunday bayon qilinadi:
وَلاَ تُفْسِدُواْ فِي الأَرْضِ بَعْدَ إِصْلاَحِهَا وَادْعُوهُ خَوْفًا وَطَمَعًا إِنَّ رَحْمَتَ اللّهِ قَرِيبٌ مِّنَ الْمُحْسِنِينَ {الأعراف/56}
Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo‘ygandan keyin (unda) buzg‘unchilik qilmangiz! Unga (Allohga) ham qo‘rqinch va ham umid bilan duo qilingiz! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir (A’rof surasi, 56-oyat).
Biz mo‘min-musulmonlarmiz Alloh taoloning rahmatidan, boshimiz uzra turgan bu baloni tez kunlarda ko‘tarishini umid qilamiz. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
قَالَ وَمَن يَقْنَطُ مِن رَّحْمَةِ رَبِّهِ إِلاَّ الضَّآلُّونَ {الحجر/56}
U: «Faqat adashganlargina o‘z Robbisining rahmatidan noumid bo‘lurlar», – dedi (Hijr surasi, 56-oyat).
Shunday ekan, biz kasal bo‘lsak, tez orada Alloh taolo shifo berishi, yomonlik yetganida, tez orada Alloh taolo o‘rnini yaxshilik bilan qoplashi, balo yetganida, tez kunlarda Alloh taolo baloni ko‘tarishi, tang ahvolga tushganimizda, Alloh taolo tez orada bizlarga kengchilik berishini umid qilamiz.
Hushxabar tez orada bu balo bizdan daf bo‘ladi.
Internet manbalaridan foydalanib G‘iyosiddin Habibulloh tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ko‘pchilik musulmonlar Qur’onni faqatgina savob va ajr olish maqsadida o‘qishadi, ayni paytda Qur’onda ko‘plab manfaatlar borligini unutishadi.
Aslida, Qur’onni har gal aniq bir niyat bilan o‘qilsa, Alloh taoloning fazli ila o‘sha niyati amalga oshadi.
Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: "Amallar niyatlarga bog‘liqdir va har kimga niyatiga yarashasi beriladi", deganlar.
Qur’on — hayot dasturi. Niyat olimlarning sarmoyasi. Shunga binoan musulmon kishi Qur’on o‘qiganida quyidagicha niyatlarni qilishi kerak:
1. Men Qur’onni ilm olish va unga amal qilish maqsadida o‘qiyman.
2. Men Qur’onni Allohdan o‘zimga, farzandlarimga va oilamga hidoyat berishi uchun o‘qiyman.
3. Men Qur’onni Allohga munojot qilish uchun o‘qiyman.
4. Men Qur’onni dardlarimga shifo bo‘lishi uchun o‘qiyman.
5. Men Qur’onni jaholat zulmatidan hidoyat nuriga chiqish uchun o‘qiyman.
6. Men Qur’onni qalbimning qattiqligini yo‘qotish, unga xotirjamlik solish va shaytonning vasvasasini ketkazish uchun o‘qiyman.
7. Men Qur’onni hasaddan, nazar nafasdan o‘zimni va oila ahlimni asrash uchun o‘qiyman.
8. Men Qur’onni g‘ofillardan bo‘lib qolmaslik va Allohni mudom zikr qiluvchilar qatorida bo‘lish uchun o‘qiyman.
9. Men Qur’onni iymonim mustahkam bo‘lishi, ishonchim ortishi uchun o‘qiyman.
10. Men Qur’onni Allohning amriga itoat etish uchun o‘qiyman.
11. Men Qur’onni har bir harfi uchun o‘ntadan savob olish uchun o‘qiyman.
12. Men Qur’onni qiyomat kuni Qur’onning shafoatiga noil bo‘lish uchun o‘qiyman.
13. Men Qur’onni jannatda yuqori daraja topish uchun o‘qiyman.
14. Men Qur’onni Allohning huzurida darajam yuksak bo‘lishi uchun o‘qiyman.
15. Men Qur’onni qiyomat kuni ota-onamga toj kiydirish uchun o‘qiyman.
16. Men Qur’onni Allohning xos ahllaridan bo‘lish uchun o‘qiyman.
17. Men Qur’onni do‘zaxdan najot topish uchun o‘qiyman.
18. Men Qur’onni o‘zimga yoki oilamga yetgan sehr-jodu amalidan xalos bo‘lish uchun o‘qiyman.
19. Men Qur’onni Alloh mushkulimni oson, hojatimni ravo qilish uchun o‘qiyman.
20. Men Qur’onni Alloh qarzimga najot berishi uchun o‘qiyman.
21. Men Qur’onni qabrimda menga hamroh bo‘lishi, sirot ko‘prigida nur bo‘lishi uchun o‘qiyman.
22. Men Qur’onni Payg‘ambar alayhissalomning axloqlari bilan xulqlanish uchun o‘qiyman.
23. Men Qur’onni o‘zimni botil ishlardan tiyilib, savobli ishlar bilan mashg‘ul qilish uchun o‘qiyman.
24. Men Qur’onni g‘am-tashvishlardan forig‘ bo‘lish uchun o‘qiyman.
25. Men Qur’onni nafsim va shaytonga qarshi kurashish uchun o‘qiyman.
Qur’on tilovati bu - zikr. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlar: "Alloh taolo shunday degan: "Kim mening zikrim bilan mashg‘ul bo‘lib, mendan hojatlarini so‘ray olmasa, Men unga so‘raganlaridan ham afzalini ato etaman".
Alloh taolo barchamizning qilgan amallarimizni qabul aylasin.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV