بِسۡمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحۡمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ
TAVHID BAYONI
1 - يَقُولُ الْعَبْدُ فِي بَدْءِ الأَمَالِي لِتَوْحِيدٍ بِنَظْمٍ كَالَّلآلِي
Ma’nolar tarjimasi:
Banda "imlo" (qalbdan yozish)lar avvalida tavhid(ni bayon qilish) uchun durlardek nazm bilan aytadi:
Nazmiy bayoni:
So‘z boshlar imlolar boshida banda,
Durlardek nazm-la tavhid haqinda.
Lug‘atlar izohi:
يَقُولُ – قَوْلٌ masdaridan olingan muzori’ fe’li. Bu fe’l ko‘proq talaffuz qilish ma’nosida ishlatiladi. Talaffuz qilingan so‘zlarning rost yolg‘onligidan qat’i nazar barchasiga nisbatan qo‘llanadi.
الْعَبْدُ – lug‘atda “qul”, “banda” ma’nolarini anglatadi. Undagi اَلْ mahzuf “muzofun ilayh” dan badaldir. Shunga ko‘ra bu kalimaning ma’nosiعَبْدُ اللهِ bo‘ladi.
فِي – zarfiyat ma’nosida kelgan jor harfi.
بَدْءِ – “ibtido”, “avval”, “muqaddima” ma’nolarida kelgan.
الأَمَالِي – bu kalima الاِمْلاَء ning ko‘plik shakli bo‘lib, “kitobga qaramasdan qalbdan yozishlar” ma’nosini anglatadi. Nozim asarini ushbu nom bilan atagan.
لِتَوْحِيدٍ – لِ harfi “ta’lil” ma’nosida kelgan. Tavhid “yakkalash”, “yolg‘izlik nisbatini berish” ma’nolarini anglatadi. Jor majrur يَقُولُ fe’liga mutaalliqdir.
بِنَظْمٍ – بِ “vosita” ma’nosida kelgan jor harfi. Nazm lug‘atda “ipga terilgan la’lu-marjonlar” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa “aql taqozosiga ko‘ra ma’nolarini tartibli, dalolatlarini bir-biriga muvofiq qilib kalima va jumlalarni tuzish nazm deb ataladi”.
كَالَّلآلِي – كَ ga ikki xil ma’no berish mumkin:
الَّلآلِي kalimasi اللُؤْلُؤ ning ko‘plik shakli bo‘lib, “durlar” ma’nosini anglatadi.
Matn sharhi:
Olamlar Robbisi Alloh taologa hamdu sanolar, Payg‘ambarlar so‘nggisi Muhammad Mustafoga salavot va salomlar bo‘lsin.
O‘shiy rahmatullohi alayh asarini “Banda imlolar avvalida aytadi” ma’nosidagi so‘z bilan boshlagan. Har bir banda uchun aytadigan so‘zi ahamiyatli hisoblanadi. Chunki bandalar uch tomonlama mas’ul bo‘ladilar:
Ushbu a’zolarning har biri bilan qilingan ishdan bandalar qiyomat kunida hisob-kitob qilinadilar. Inson a’zolarining eng xatarlisi til hisoblanadi. Aslida tilning ishi qalbdagi kalomga muvofiq yo muvofiq emasligidan qat’i nazar mutlaqo talaffuz qilish hisoblanadi. Shoir aytganidek:
إِنَّ الْكَلاَمَ لَفِي الفُؤَادِ وَ إنَّمَا جُعِلَ اللِّسَانُ عَلَى الْفُؤَادِ دَلِيلاً
Kalomning asli qalbda bo‘lar bil,
Til esa qalbga qilingan dalil.
Har bir aqli raso insonning tili talaffuz qilgan so‘zlarini farishtalar yozib boradilar. Talaffuz qilinadigan so‘zlarning eng afzali shahodat kalimasini aytishdir. So‘ngra barcha ishlarda faqat rost so‘zlarni so‘zlash hisoblanadi. Talaffuz qilinadigan so‘zlarning eng yomoni Alloh taologa shirk keltirish va kufr bo‘lgan so‘zlarni aytishdir. Keyin esa yolg‘on, g‘iybat va chaqimchilik kabi so‘zlardir. Shuning uchun har bir banda talaffuz qilayotgan so‘zlariga hushyor bo‘lishi lozim.
Bandalar mas’ul bo‘ladigan ikkinchi a’zo qalb hisoblanadi. Qalbning ishi mutlaqo e’tiqod qilishdir. To‘g‘ri bo‘ladimi yo noto‘g‘ri bo‘ladimi qalb qaysi tushunchaga bog‘lansa, o‘sha tushuncha “e’tiqod” va “aqida” deb nomlanadi. Shuning uchun qalb hech qachon aqidasiz bo‘lmaydi. Ya’ni mo‘min kishining aqidasi iymon bo‘lsa, kofirning aqidasi kufr bo‘ladi. O‘zini go‘yo hech narsaga iymon keltirmaydigan deb hisoblaydigan kimsaning aqidasi iymon keltirish lozim narsalarga iymon keltirmaslik bo‘ladi. Qalbga taalluqli muhim ishlardan biri niyat hisoblanadi. Qilinayotgan amallarning savobli bo‘lishi yoki aksincha bo‘lishi niyatga bog‘liq bo‘ladi. Alloh taologa va U nozil qilgan barcha narsalarga iymon keltirish har bir aqli raso balog‘atga yetgan musulmon zimmasiga farz bo‘lgan e’tiqoddir.
Bandalar mas’ul bo‘ladigan narsalarning uchinchisi qolgan barcha a’zolardir. Bandalar farz, nafl, muboh amallarni ham, gunohu ma’siyatlarni ham a’zolari bilan amalga oshiradilar.
Ma’lumki, umri davomida uzrsiz ravishda biror marta ham iymon kalimasini talaffuz qilmagan kishining mo‘min hisoblanishi yo hisoblanmasligi to‘g‘risida ixtilof qilingan. Shuning uchun ham ota-bobolarimiz dastlab iymon kalimalarini o‘rganishga va o‘rgatishga e’tibor qaratganlar. Ahmad Hodiy Maqsudiy rahmatullohi alayhning “Muallimus soniy” asarida boshlang‘ich o‘quvchilar uchun “iymon kalimalari” alohida bayon qilingan. Mazkur kalimalar har bir mo‘min kishi bilishi va ularning ma’nolariga e’tiqod qilishi zarur bo‘lgan kalimalardir. Quyida ushbu kalimalarning tarjimalari va qisqacha izohlari bilan tanishib chiqamiz:
كَلِمَةٌ طَيِّبَةٌ
Kalimai toyyiba (Yoqimli kalima)
لَا اِلَهَ اِلاَّ اللهُ مُحَمَّدٌ رَسُولُ اللهِ.
Allohdan boshqa iloh yo‘qdir, Muhammad alayhissalom Allohning elchisidir.
Izoh: Allohdan boshqa iloh yo‘qdir degan so‘zdan U zotdan boshqa ibodat qilinishga haqli zot yo‘qdir, degan ma’no tushuniladi. Ushbu kalima barcha sog‘lom fitratli[1] bandalarga yoqadigan kalima hisoblanadi. Muhammad alayhissalom Allohning elchisidir, degan so‘zdan quyidagi ma’nolar tushuniladi:
كَلِمَةُ الشَّهَادَةِ
Kalimai shahodat (Guvohlik kalimasi)
أَشْهَدُ اَنْ لَا اِلَهَ اِلاَّ اللهُ وَاَشْهَدُ اَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ.
Guvohlik beraman albatta Allohdan boshqa iloh yo‘qdir, yana guvohlik beraman albatta Muhammad alayhissalom Allohning bandasi va elchisidir.
Izoh: ushbu kalimalar aytuvchisining musulmonligiga guvohlik beruvchi kalimalar hisoblanadi.
كَلِمَةُ التَّوْحِيدِ
Kalimai tavhid (Tavhid kalimasi)
أَشْهَدُ اَنْ لاَ اِلَهَ اِلاَّ اللهُ وَحْدَهُ لاَ شَرِيكَ لَهُ لَهُ الْمُلْكُ وَلَهُ الْحَمْدُ يُحْيِى وَيُمِيتُ وَهُوَ حَىٌّ لاَ يَمُوتُ بِيَدِهِ الْخَيْرُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ.
Albatta Allohdan boshqa iloh yo‘qligiga, Uning yakkayu yagonaligiga, sherigi yo‘qligiga guvohlik beraman, mulk ham hamdu sano ham Unikidir. Tiriltiradigan ham, o‘ldiradigan ham Udir. U hech qachon o‘lmaydigan doimiy tirikdir. Baxt-saodat Uning qo‘lidadir. U barcha narsaga qodirdir.
Izoh: Tavhid so‘zi lug‘atda “yakkalash”, ya’ni uning ko‘p adadda ekanini inkor qilish ma’nosini anglatadi. Istilohda esa “Abadiy barhayot Zotning yakkayu yagonaligini tasdiqlash – tavhid deb ataladi”. Tavhid Islom dinining shiori hisoblanadi.
كَلِمَةُ رَدِّ الْكُفْرِ
Kalimai roddil kufr (Kufrni rad etish kalimasi)
اَللَّهُمَّ اِنِّى اَعُوذُ بِكَ مِنْ اَنْ اُشْرِكَ بِكَ شَيْأً وَاَنَا اَعْلَمُ وَاَسْتَغْفِرُكَ لِمَا لَا أَعْلَمُ اِنَّكَ اَنْتَ عَلاَّمُ الْغُيُبِ.
Ey Allohim, Sendan o‘zim bilib turib biror narsani Senga sherik qilib qo‘yishimdan panoh so‘rayman. Bilmagan narsalarimdan esa meni kechirishingni so‘rayman. Albatta Sen barcha narsalarni bilguvchi Zotsan.
Izoh: Shirk lug‘atda “sherik qilish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa “Alloh taoloning Zotida, yo sifatlarida, yo fe’llarida, yo ismlarida, yo hukmlarida U zotga o‘zgani teng qilish shirk keltirish deyiladi”. Shirkning katta va kichik turlari bor.
Mazkur “kufrni rad etish kalimasi”ni ixlos bilan takrorlab yurgan mo‘min kishiga katta va kichik shirklardan xalos bo‘lish va’dasi berilgan.
كَلِمَةُ الاِسْتِغْفَارِ
Kalimai istig‘for (Mag‘firat so‘rash kalimasi)
اَسْتَغْفِرُ اللهَ اَسْتَغْفِرُ اللهَ اَسْتَغْفِرُ اللهَ تَعَالَى مِنْ كُلِّ ذَنْبٍ اَذْنَبْتُهُ عَمْدًا اَوْ خَطَأً سِرًا اَوْ عَلاَنِيَةً وَاَتُوبُ اِلَيْهِ مِنَ الذَّنْبِ الَّذِى اَعْلَمُ وَمِنَ الذَّنْبِ الَّذِى لَا اَعْلَمُ اِنَّكَ اَنْتَ عَلاَّمُ الْغُيُوبِ.
Allohdan mag‘firat so‘rayman, Allohdan mag‘firat so‘rayman, Alloh taolodan barcha qasddan qilgan gunohlarimni ham yoki bilmasdan qilib qo‘ygan yashirin va oshkora gunohlarimni ham kechirishini so‘rayman. Unga biladigan gunohlarimdan ham, bilmaydigan gunohlarimdan ham tavba qilaman. (Ey Allohim) Albatta Sen barcha g‘ayblarni bilguvchi Zotsan.
Izoh: Ixlos bilan “astag‘firulloh” deyish Allohdan mag‘firat so‘rash hisoblanadi. Ammo ba’zi ulamolar mazkur kalimalarni ham qo‘shib aytishni afzalroq sanaganlar.
كَلِمَةُ التَّمْجِيدِ
Kalimai tamjiyd (Ulug‘lash kalimasi)
سُبْحَانَ اللهِ وَالْحَمْدُ لِلَّهِ وَلاَ اِلَهَ اِلاَّ اللهُ وَ اللهُ اَكْبَرُ لَا حَوْلَ وَلاَ قُوَّةَ اِلاَّ بِاللهِ الْعَلِىِّ الْعَظِيمِ مَا شَاءَ اللهُ كَانَ وَمَا لَمْ يَشَأْ لَمْ يَكُنْ اَلاِيْمَانُ اِقْرَارٌ بِاللِّسَانِ وَتَصْدِيقٌ بِالْقَلْبِ بِمَا جَاءَ بِهِ مِنْ عِنْدِ اللهِ مُحَمَّدٌ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ.
Allohni poklab yod etaman, hamdu-sano Allohgadir, Allohdan boshqa iloh yo‘qdir, Alloh buyukdir, kuch ham quvvat ham oliy va ulug‘ bo‘lgan Alloh yordami bilandir. Alloh taoloning xohlagani bo‘lgan, xohlamagani bo‘lmagan. Iymon Muhammad sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning huzuridan keltirgan narsani til bilan ifodalash va qalb bilan tasdiqlashdir.
Izoh: Ya’ni ma’siyatdan saqlanish ham, ibodat qilish ham Alloh taoloning yordami bilan amalga oshadi.
Qalban ishonish tasdiqlash deyiladi. Qalbiy ishonch bandalarga yashirin bo‘lgani sababli unga dalolat qiladigan biror alomat lozim bo‘ladi. Shunga ko‘ra dunyoda mo‘min hisoblanish uchun qalbiy tasdiqni til bilan ifodalash shart qilib qo‘yilgan.
اِيْمَانٌ مُجْمَلٌ
Iymoni mujmal (Umumiy iymon)
آمَنْتُ بِاللهِ كَمَا هُوَ بِاَسْمَائِهِ وَصِفَاتِهِ وَقَبِلْتُ جَمِيعَ أَحْكَامِهِ.
Allohga Uning ismlari va sifatlari qanday bo‘lsa xuddi shunday iymon keltirdim hamda Uning barcha hukmlarini qabul qildim.
Izoh: Iymoni mujmal deganda qat’i ishonilishi lozim bo‘lgan kalimalarning qisqa va lo‘ndasi tushuniladi. Kimga tavhid ilmining daqiq joylaridan biror narsa mushkul bo‘lib qolsa, darhol ushbu kalimalarni ixlos bilan o‘qishi va zudlik bilan uni biladigan kishidan so‘rab olishi lozim bo‘ladi.
اِيْمَانٌ مُفَصَّلٌ
Iymoni mufassal (Batafsil iymon)
آمَنْتُ بِاللهِ وَمَلآئِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ وَالْقَدَرِ خَيْرِهِ وَشَرِّهِ مِنَ اللهِ تَعَالَى وَالْبَعْثِ بَعْدَ الْمَوْتِ.
Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, Payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshisi ham yomoni ham Alloh taolodan ekaniga, o‘lgandan so‘ng qayta tirilishga iymon keltirdim.
Izoh: Iymoni mufassal deganda mo‘min kishining qat’i ishonishi lozim bo‘lgan narsalarning asoslari tushuniladi.
O‘shiy rahmatullohi alayh “so‘z boshlar imlolar boshida banda” deya o‘ziga Allohning quli nisbatini berib so‘z boshlagan. Ushbu so‘zda Alloh taologa qul bo‘lishdek yuksak maqomdan faxrlanish ma’nosi ham bor. Zero, barcha maxluqlarni yaratgan, ularni tarbiya qilib turgan buyuk Zotga qul bo‘lish banda uchun shon-sharaf va faxru iftixor qiladigan ulug‘ obro‘, martabadir. Ushbu “abd”, ya’ni “qul”, “banda” kabi ma’nolarni anglatuvchi ismning eng yuksak maqomlarda qo‘llanilishi Qur’oni karimda o‘z ifodasini topgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam asosan Muhammad, Ahmad, Rasul va Nabiy deb atalgan bo‘lsalar-da, hayotlaridagi eng oliy maqomlarda ushbu ismlarning birortasi bilan emas, balki “abd” (banda) ismi bilan atalganlar.
﴿ٱلۡحَمۡدُ لِلَّهِ ٱلَّذِيٓ أَنزَلَ عَلَىٰ عَبۡدِهِ ٱلۡكِتَٰبَ وَلَمۡ يَجۡعَل لَّهُۥ عِوَجَاۜ١﴾
“(O‘z) bandasi (Muhammad)ga Kitob (Qur’on)ni nozil qilgan zot (Alloh)ga – hamd! Uni (Qur’onni ma’no va mazmunda) qing‘ir qilmadi”[2].
﴿تَبَارَكَ ٱلَّذِي نَزَّلَ ٱلۡفُرۡقَانَ عَلَىٰ عَبۡدِهِۦ لِيَكُونَ لِلۡعَٰلَمِينَ نَذِيرًا١﴾
“Olamlar (insonlar va jinlar)ga ogohlantiruvchi bo‘lishi uchun O‘z bandasi (Muhammad)ga Furqon (Qur’on)ni nozil etgan zot barakotli (buyuk)dir”[3].
﴿سُبۡحَٰنَ ٱلَّذِيٓ أَسۡرَىٰ بِعَبۡدِهِۦ لَيۡلٗا مِّنَ ٱلۡمَسۡجِدِ ٱلۡحَرَامِ إِلَى ٱلۡمَسۡجِدِ ٱلۡأَقۡصَا ٱلَّذِي بَٰرَكۡنَا حَوۡلَهُۥ لِنُرِيَهُۥ مِنۡ ءَايَٰتِنَآۚ إِنَّهُۥ هُوَ ٱلسَّمِيعُ ٱلۡبَصِيرُ١﴾
“(O‘z) bandasi (Muhammad)ni, unga mo‘jizalarimizdan ko‘rsatish uchun (Makkadagi) Masjidi Haromdan (Quddusdagi) Biz atrofini barakotli qilgan Masjidi Aqsoga tunda sayr qildirgan zotga tasbeh aytilur. Darhaqiqat, U Same’ (eshituvchi) va Basir (ko‘ruvchi)dir”[4].
Ushbulardan ko‘rinib turibdiki, mazkur o‘rinlarning hammasi eng ulug‘ maqomlardir. Ushbu ulug‘ maqomlarda Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ismlari bilan emas, balki banda deb vasf qilganligi bu sifatning har bir bandaga sharaf bo‘lishining isbotidir.
O‘shiy rahmatullohi alayh “imlolar boshida banda” deya ushbu asarni yozishda o‘zlariga ilhom berilganiga ishora qilgan. So‘zlarining davomida terilgan dur donalardek yorqin baytlar bilan tavhid masalalarining bayoniga kirishganini aytgan.
KЕYINGI MAVZULAR:
Tavhidning lug‘aviy va istilohiy ma’nolari;
Alloh taoloning go‘zal ismlari.
[1] Fitrat deganda odamlarning asl tabiati tushuniladi. Bu haqida Rum surasining 30-oyati tafsiriga qarang.
[2] Kahf surasi, 1- oyat.
[3] Furqon surasi, 1- oyat.
[4] Isro surasi, 1-oyat.
HIDOYAT
Isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik oiladan boshlanadi
Har qanday ishda o‘rtahollik, mo‘tadillik va me’yor hamisha ma’qullanib kelingan. Haddan oshishlik, isrofgarchilik, manmanlik va riyokorlik kabi illatlar ham aqlan, ham shar’an qoralanib, ulardan hazar qilishga buyurilgan.
Taassuflar bo‘lsinki, bugun aksariyat hollarda isrofdan saqlanishga e’tibor bermaymiz, isrofgarga aylanib qolayotganimizni sezmaymiz. Deyarli ko‘p narsa, u qimmatmi yoki arzon, ahamiyatlimi yoki ahamiyatsiz, nodirmi yoki serob, oldi-ketiga qaramay, birvarakayiga isrof qilinishini kuzatish mumkin.
Xo‘sh, isrof nima? Bugun har bir inson isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun tejamkorlikni nimadan boshlashi kerak? Bu borada dinimizda nima deyilgan?
Alloh taolo isrofning yomon illat ekanligi haqida Qur’oni karimda marhamat qilgan. Jumladan, “A’rof” surasi, 31-oyat mazmunida: “...Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas”, deyiladi.
Isrof dinimizda qattiq qoralangan. “Isrof” deganda keraksiz narsalarga behuda pul sarf etish, foydasiz sarf-xarajatlar va harakatlar tushuniladi. Isrofning katta-kichigi yo‘q. Nom chiqarish, obro‘ qozonish, boshqalardan ustun yoki puldor ekanini ko‘rsatish, ziyofat va marosimlarni boshqalarnikidan bir necha barobar dabdabali, serchiqim qilish ham maqtanishning yuqori ko‘rinishlaridandir. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida ham, jumladan, bunday deyilgan: “Allohning nozu ne’matlaridan xohlagancha yeb-ichinglar, xayru ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymangizlar!” (Imom Ahmad rivoyati).
OQAR DARYO BO‘LSA HAMKI, SUVNI TЕJANG
Har bir inson isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikni o‘z oilasidan boshlashi kerak. Bu borada o‘zlari namuna bo‘lib, farzandlariga to‘g‘ri tarbiya berishi lozim. Dastlabki tejamkorlikni suvdan boshlash zarur. Alloh bandalariga bergan ne’matlaridan unumli foydalanib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka buyuradi. Biroq ko‘pchilik ertalab suv jo‘mragini to‘liq ochgan holda yuz-qo‘lni yuvishadi.
Afsuski, ayrim yurtdoshlarimiz qovun-tarvuz, ichimliklarni salqinlatish yoki mashinalarni yuvish uchun ko‘p miqdorda toza ichimlik suvini ishlatadi. Bu – isrofdir. O‘sha meva yoki ichimliklarni boshqa yo‘l bilan ham sovutish, mashina yuvayotganda bir chelakka suv olib, uvol qilmasdan yuvish mumkin-ku, axir. Alloh taolo Qur’oni karimda butun insoniyatga qarata shunday marhamat qiladi: “Sizlar o‘zlaringiz ichadigan suv haqida hech o‘ylab ko‘rdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘dirguvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho‘r qilib qo‘ygan bo‘lar edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?” (“Voqea”, 68-70).
Suv nafaqat iste’mol, balki poklanishimiz uchun ham muhimdir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda aytilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir so’dan besh muddgacha bo‘lgan suv bilan g‘usl qilar va bir mudd suv bilan tahorat olar edilar (Muttafaqun alayh). Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taxminan, 0,688 litr suv bilan tahorat qilardilar. Bu narsa hammamizga o‘rnak bo‘lishi lozim.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Bir kuni Sa’d tahorat qilayotgan chog‘ida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning oldidan o‘tib qoldilar va unga qarata: “Bu qanday isrofgarchilik, ey Sa’d?!”, dedilar. Shunda Sa’d roziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?” deya ajablandi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Garchi oqar daryoda bo‘lsang ham, tahoratda suvni ortiqcha ishlatish isrofdir”, deya unga tanbeh berdilar (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).
Avvalgi paytlarda tahorat uchun suv alohida idishga olinib, oz-ozdan quyib amalga oshirilgan. Hozirda maxsus quvur va jo‘mraklari orqali suv o‘tkazilib, suvdan foydalanishda qulaylik paydo bo‘lgan. Ammo bu, suvdan xohlaganicha foydalanish, uni isrof qilish mumkin, degani emas. Balki, bu ne’mat uchun Allohga shukr qilib, tejamkorlik yo‘liga o‘tishimiz hammamiz uchun birdek zarur.
Qolaversa, bugun aholini ichimlik suv bilan ta’minlash dunyoviy muammo darajasiga ko‘tarilgan bir pallada qo‘ni-qo‘shni, yoru do‘stlarimizni suvni tejashga chaqirsak, dunyoda yutuqlarga, oxiratda esa Allohning roziligiga sazovor bo‘lamiz.
Shunday ekan, har birimiz suvni isrof qilmasdan, tejamkorlik bilan ishlatishni o‘rganaylik!
QANCHA TAOM TANOVUL QILMOQ KЕRAK?
Kim isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadi? Albatta, uvol-savobning farqiga bormagan odam. Shunday oilalar bor, vaqti kelsa qolipli nonga pul topolmaydi. Shunday oilalar bor, faqat biron yig‘in sabab yopgan non sotib oladi.
Taassufki, bugun ayrim chiqindixonalarda turli nonlar, shirinliklarni, hatto ovqat qoldiqlarining tashlab yuborilayotganini ko‘rib, aqlingiz shoshadi. Uni bir odam isrof qilmagani aniq. “Tanasi boshqa dard bilmas”, deganlaridek, atrofdagilarning hayoti unday odamlarni qiziqtirmasligi aniq. Agar qiziqtirganida, qo‘shnisining yashash sharoiti o‘ylantirganida edi, bugun bunday nonlar, turli taomlar chiqindixonalardan joy olmas edi.
Aytishingiz mumkin, ko‘p qavatli uylarda turadigan odamlarning moli bo‘lmagach nima qilsin, deb. Ammo me’yor degan narsa bor-ku! Nahotki bir kunlik me’yor qanchaligini anglash qiyin bo‘lsa?!
Aynan mana shu me’yorni har bir oila ertalabki nonushta oldidan bir kunda qancha non, ovqat va boshqa taomlar zarurligini bilishi kerak. Kindiy roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni – qorindir. Kishiga harakat qilishi uchun kerak bo‘lgan miqdordagi taom kifoya qiladi, yoki bo‘lmasa qornini uch qismga bo‘lsin, bir qismi taom uchun, bir qismi suv uchun, yana bir qismi nafasi uchundir” (Imom Ahmad rivoyati). Alloh taolo aytadi: “Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas” (A’rof, 31).
Nonning uvog‘i yoki bir burda non ham aslida butun nonning kichkina bo‘lagidir. Ko‘zimizga ilmagan ushoq ham yig‘ilsa, butun non bo‘ladi. Shunday ekan, bizlar barcha ne’matlarning qadriga yetib, ularni kichik sanamasligimiz lozim. Aks holda, kishi ne’matlarga nonko‘rlik qilgan bo‘ladi. Ne’matlarni qadrlashni, ularni kichik sanamay barchasiga birdek yaxshi muomalada bo‘lishni Payg‘ambarimizdan o‘rganishimiz kerak.
MЕ’YORDAN OSHSA, ISROFGAR BO‘LADI
Muhtoj kishilarga sadaqa va ehsonlar qilish dinimiz talabi va buning uchun bandaga ulug‘ savoblar va’da qilingan. Ammo bu sohada ham me’yordan oshsa, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilgan bo‘ladi.
Saxovat – yaxshi fazilat. Saxovat xasislik va isrof o‘rtasidagi me’yoriy bir bosqichdir. Sadaqa va ehsonlarda isrofgarchilik qilish ko‘pincha kimo‘zarga to‘ylar qilish, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish va shu kabi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Unutmaylikki, xoh amali, xoh molu davlati bilan bo‘lsin, riyokorlik qilish bandaning oxiratdagi ahvolini yomonlashtiradi.
Shuni bilingki, kiyimda ham isrofgarchilik bo‘ladi. Inson o‘ziga kerakli, faqat hojatiga yetarli libos kiyishi kerak. Moda ortidan quvib, son-sanoqsiz kiyim-kechak va turli liboslarni sotib olish isrof va bu takabburlikka olib boradi.
NЕ’MATLARNI QADRLASHIMIZ KЕRAK
Bizda bir tushuncha bor: qaysi ne’mat arzon bo‘lsa, uni xohlagancha ishlatish mumkin, narxi qimmat narsalarni tejash kerak. Bu noto‘g‘ri. Sababi, Alloh bergan ne’matlarning qadri uning insonlar nazdidagi bahosi, qiymati bilan o‘lchanmaydi.
Gaz va shu kabi ne’matlar, odatda, tejab ishlatiladi. Sababi, ertaga uning pulini to‘lab qo‘yishni o‘ylaymiz. Yo‘q, biz ne’matlarni katta-kichikka ajratmasdan, barini qadrlashimiz kerak. Kim biladi, biz hozir qadriga yetmayotgan narsa vaqti kelib, eng qimmatbaho narsaga aylanar. Ne’matlar bardavom bo‘lsin, zavolga uchramasin, desak, vaqtida ularning qadriga yetaylik.
Biz yuqorida moddiy ne’matlar isrofi haqida gapirdik. Lekin isrofning eng yomon ko‘rinishi – ma’naviy sohadagi isrofgarchilikdir. Bularga, asosan, quyidagi ikki narsa kiradi:
birinchisi, umrni isrof qilish. Alloh taolo bandasiga bergan eng qadrli ne’matlardan biri aynan umrdir. Uning qadri shundaki, boshqa barcha ne’matlarni qayta tiklash, qo‘ldan chiqargach, yana unga erishish mumkin, ammo umr bunday emas. Shu sabab umrni isrof qilishdan uzoq bo‘laylik;
ikkinchisi, ilm va iste’dodni isrof qilish. Ilm egallash – ulug‘ fazilat. Ilm sohibi bo‘lgach, uni hayotga tatbiq etish – ilmiga amal qilish va o‘zgalarga ilm o‘rgatish har bir ziyo ahlining burchidir. Aks holda, o‘rgatilmagan yoki amal qilinmagan ilm isrofdir. Buning uchun banda oxiratda javob beradi.
***
Biz Allohga suyukli xalqlardan, mahbub ummatlardan bo‘lishni xohlasak, isrofdan saqlanaylik! Alloh bergan har bir ne’matni katta-kichik demasdan, qadriga yetaylik. Shunda rizqimiz yanada ziyoda bo‘ladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari.
QO‘LLANMA
HAR BIR OILA BILISHI SHART!
Ulamolar isrofga yo‘l qo‘yadigan kishilarning holatlarini tahlil qilish orqali, isrofga yo‘l qo‘yishga sabab bo‘ladigan omillarni, isrofgarlikning zararli oqibat va asoratlaridan qutulish yo‘llarini aniqlaganlar.
ISROFGA YO‘L QO‘YISHGA SABAB BO‘LADIGAN OMILLAR:
– avvalo, tarbiya o‘chog‘i bo‘lmish oilada farzandlarni sabrli va qanoatli qilib tarbiyalash o‘rniga, ular tomonidan bo‘ladigan barcha talablarni me’yoridan oshirib ta’minlab berish;
– maishatparast, dunyoparast kishilar bilan ulfat va suhbatdosh bo‘lish, ularning holatlaridan ta’sirlanish;
– tezlikda, mashaqqat chekmay tanglikdan keyin kenglikka, faqirlikdan keyin boylikka erishish;
– nafsning xohish va istaklariga so‘zsiz itoat etish;
– bu dunyo hayoti oxirat uchun tayyorgarlik ko‘rish davri ekanligi, oxiratda esa bu dunyoda qilingan amallar uchun hisob-kitob bor ekanini unutish yoki tushunmaslik;
– umuman, inson hayotida mo‘tadillik va me’yor degan tushunchalardan yiroq bo‘lishi.
ISROFGARLIKNING ZARARLI OQIBAT VA ASORATLARI:
– Allohning muhabbatidan mosuvo bo‘lib, Uning g‘azabi va qahriga mubtalo bo‘lish;
– shaytonni xursand qilib, uning sherigiga aylanish;
– hayotdagi qiyinchilik va mashaqqatlarni ko‘tara olmaslik, ojizlik va notavonlikka mahkum bo‘lish;
– tanada turli kasalliklarning paydo bo‘lishi, qalb qotishi, fikrning o‘tmaslashuvi;
– jamiyatda yalqovlik, tekinxo‘rlikning avj olishi, qashshoqlik va tilanchilikning ko‘payishi.
ISROFGARLIKDAN QUTULISH YO‘LLARI:
– har ishda Alloh taolo buyurgan mo‘tadil yo‘lni tutib, haddan oshish va isrofgarlikdan o‘zni saqlash;
– Payg‘ambar alayhissalom, sahoba va tobeinlar hamda ulug‘ zotlarning hayot tarzlarini o‘rganib, ularga ergashish;
– dunyodagi faqir va miskinlar, uysiz-joysiz, och-nahor yurgan xalqlarning holatini ko‘z oldiga keltirish;
– isrofgar, dunyoparast odamlardan uzoqlashib, qalbi siniq, xokisor kishilarga yaqin yurish;
– oila va farzandlarni sabr va qanoat kabi go‘zal fazilatlar sohibi qilib tarbiyalash.