Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

E’tiqod durdonalari: TAVHID BAYONI

28.03.2020   3704   13 min.
E’tiqod  durdonalari: TAVHID BAYONI

بِسۡمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحۡمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ

TAVHID BAYONI

1 - يَقُولُ الْعَبْدُ فِي بَدْءِ الأَمَالِي    لِتَوْحِيدٍ بِنَظْمٍ كَالَّلآلِي

Ma’nolar tarjimasi:

Banda "imlo" (qalbdan yozish)lar avvalida tavhid(ni bayon qilish) uchun durlardek nazm bilan aytadi:

 

Nazmiy bayoni:

So‘z boshlar imlolar boshida banda,

Durlardek nazm-la tavhid haqinda.

 

Lug‘atlar izohi:

  يَقُولُ –  قَوْلٌ masdaridan olingan muzori’ fe’li. Bu fe’l ko‘proq talaffuz qilish ma’nosida ishlatiladi. Talaffuz qilingan so‘zlarning rost yolg‘onligidan qat’i nazar barchasiga nisbatan qo‘llanadi. 

الْعَبْدُ – lug‘atda “qul”, “banda” ma’nolarini anglatadi. Undagi اَلْ mahzuf “muzofun ilayh” dan badaldir. Shunga ko‘ra bu kalimaning ma’nosiعَبْدُ اللهِ bo‘ladi.

فِي –   zarfiyat ma’nosida kelgan jor harfi.

بَدْءِ – “ibtido”, “avval”, “muqaddima” ma’nolarida kelgan.

الأَمَالِي – bu kalima الاِمْلاَء ning ko‘plik shakli bo‘lib, “kitobga qaramasdan qalbdan yozishlar” ma’nosini anglatadi. Nozim asarini ushbu nom bilan atagan.

لِتَوْحِيدٍ –  لِ harfi “ta’lil” ma’nosida kelgan. Tavhid “yakkalash”, “yolg‘izlik nisbatini berish” ma’nolarini anglatadi. Jor majrur يَقُولُ fe’liga mutaalliqdir.   

بِنَظْمٍ – بِ “vosita” ma’nosida kelgan jor harfi. Nazm lug‘atda “ipga terilgan la’lu-marjonlar” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa “aql taqozosiga ko‘ra ma’nolarini tartibli, dalolatlarini bir-biriga muvofiq qilib kalima va jumlalarni tuzish nazm deb ataladi”. 

كَالَّلآلِي –  كَ ga ikki xil ma’no berish mumkin:

  1. Jor harfi. Bunda mahzuf fe’lga mutaalliq bo‘ladi;
  2. مِثْلُ ma’nosidagi ism. Bunda taalluq topishga hojat yo‘q bo‘ladi.

الَّلآلِي kalimasi اللُؤْلُؤ ning ko‘plik shakli bo‘lib, “durlar” ma’nosini anglatadi.

 

Matn sharhi:

Olamlar Robbisi Alloh taologa hamdu sanolar, Payg‘ambarlar so‘nggisi Muhammad Mustafoga salavot va salomlar bo‘lsin.

O‘shiy rahmatullohi alayh asarini “Banda imlolar avvalida aytadi” ma’nosidagi so‘z bilan boshlagan. Har bir banda uchun aytadigan so‘zi ahamiyatli hisoblanadi. Chunki bandalar uch tomonlama mas’ul bo‘ladilar:  

  1. Tildan;
  2. Qalbdan;
  3. Barcha a’zolardan.

Ushbu a’zolarning har biri bilan qilingan ishdan bandalar qiyomat kunida hisob-kitob qilinadilar. Inson a’zolarining eng xatarlisi til hisoblanadi. Aslida tilning ishi qalbdagi kalomga muvofiq yo muvofiq emasligidan qat’i nazar mutlaqo talaffuz qilish hisoblanadi. Shoir aytganidek:

إِنَّ الْكَلاَمَ لَفِي الفُؤَادِ وَ إنَّمَا     جُعِلَ اللِّسَانُ عَلَى الْفُؤَادِ دَلِيلاً

Kalomning asli qalbda bo‘lar bil,

Til esa qalbga qilingan dalil.

Har bir aqli raso insonning tili talaffuz qilgan so‘zlarini farishtalar yozib boradilar. Talaffuz qilinadigan so‘zlarning eng afzali shahodat kalimasini aytishdir. So‘ngra barcha ishlarda faqat rost so‘zlarni so‘zlash hisoblanadi. Talaffuz qilinadigan so‘zlarning eng yomoni Alloh taologa shirk keltirish va kufr bo‘lgan so‘zlarni aytishdir. Keyin esa yolg‘on, g‘iybat va chaqimchilik kabi so‘zlardir. Shuning uchun har bir banda talaffuz qilayotgan so‘zlariga hushyor bo‘lishi lozim.

Bandalar mas’ul bo‘ladigan ikkinchi a’zo qalb hisoblanadi. Qalbning ishi mutlaqo e’tiqod qilishdir. To‘g‘ri bo‘ladimi yo noto‘g‘ri bo‘ladimi qalb qaysi tushunchaga bog‘lansa, o‘sha tushuncha “e’tiqod” va “aqida” deb nomlanadi. Shuning uchun qalb hech qachon aqidasiz bo‘lmaydi. Ya’ni mo‘min kishining aqidasi iymon bo‘lsa, kofirning aqidasi kufr bo‘ladi. O‘zini go‘yo hech narsaga iymon keltirmaydigan deb hisoblaydigan kimsaning aqidasi iymon keltirish lozim narsalarga iymon keltirmaslik bo‘ladi. Qalbga taalluqli muhim ishlardan biri niyat hisoblanadi. Qilinayotgan amallarning savobli bo‘lishi yoki aksincha bo‘lishi niyatga bog‘liq bo‘ladi. Alloh taologa va U nozil qilgan barcha narsalarga iymon keltirish har bir aqli raso balog‘atga yetgan musulmon zimmasiga farz bo‘lgan e’tiqoddir. 

Bandalar mas’ul bo‘ladigan narsalarning uchinchisi qolgan barcha a’zolardir. Bandalar farz, nafl, muboh amallarni ham, gunohu ma’siyatlarni ham a’zolari bilan amalga oshiradilar.

Ma’lumki, umri davomida uzrsiz ravishda biror marta ham iymon kalimasini talaffuz qilmagan kishining mo‘min hisoblanishi yo hisoblanmasligi to‘g‘risida ixtilof qilingan. Shuning uchun ham ota-bobolarimiz dastlab iymon kalimalarini o‘rganishga va o‘rgatishga e’tibor qaratganlar. Ahmad Hodiy Maqsudiy rahmatullohi alayhning “Muallimus soniy” asarida boshlang‘ich o‘quvchilar uchun “iymon kalimalari” alohida bayon  qilingan. Mazkur kalimalar har bir mo‘min kishi bilishi va ularning ma’nolariga e’tiqod qilishi zarur bo‘lgan kalimalardir. Quyida ushbu kalimalarning tarjimalari va qisqacha izohlari bilan tanishib chiqamiz:

 

كَلِمَةٌ طَيِّبَةٌ

Kalimai toyyiba (Yoqimli kalima)

لَا اِلَهَ اِلاَّ اللهُ مُحَمَّدٌ رَسُولُ اللهِ.

Allohdan boshqa iloh yo‘qdir,  Muhammad alayhissalom Allohning elchisidir.

 Izoh: Allohdan boshqa iloh yo‘qdir degan so‘zdan U zotdan boshqa ibodat qilinishga haqli zot yo‘qdir, degan ma’no tushuniladi. Ushbu kalima barcha sog‘lom fitratli[1] bandalarga yoqadigan kalima hisoblanadi. Muhammad alayhissalom Allohning elchisidir, degan so‘zdan quyidagi ma’nolar tushuniladi:

  1. Muhammad alayhissalom Alloh taoloning tanlab olgan bandasi;
  2. Muhammad alayhissalom payg‘ambarlarning so‘ngisi.

 

كَلِمَةُ الشَّهَادَةِ

Kalimai shahodat (Guvohlik kalimasi)

أَشْهَدُ اَنْ لَا اِلَهَ اِلاَّ اللهُ وَاَشْهَدُ اَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ.

Guvohlik beraman albatta Allohdan boshqa iloh yo‘qdir,  yana guvohlik beraman albatta Muhammad alayhissalom Allohning bandasi va elchisidir.

Izoh: ushbu kalimalar aytuvchisining musulmonligiga guvohlik beruvchi kalimalar hisoblanadi. 

 

كَلِمَةُ التَّوْحِيدِ

Kalimai tavhid (Tavhid kalimasi)

أَشْهَدُ اَنْ لاَ اِلَهَ اِلاَّ اللهُ وَحْدَهُ لاَ شَرِيكَ لَهُ لَهُ الْمُلْكُ وَلَهُ الْحَمْدُ يُحْيِى وَيُمِيتُ وَهُوَ حَىٌّ لاَ يَمُوتُ بِيَدِهِ الْخَيْرُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ.

Albatta Allohdan boshqa iloh yo‘qligiga, Uning yakkayu yagonaligiga, sherigi yo‘qligiga guvohlik beraman, mulk ham hamdu sano ham Unikidir. Tiriltiradigan ham, o‘ldiradigan ham Udir. U hech qachon o‘lmaydigan doimiy tirikdir. Baxt-saodat Uning qo‘lidadir. U barcha narsaga qodirdir.

Izoh: Tavhid so‘zi lug‘atda “yakkalash”, ya’ni uning ko‘p adadda ekanini inkor qilish ma’nosini anglatadi. Istilohda esa “Abadiy barhayot Zotning yakkayu yagonaligini tasdiqlash – tavhid deb ataladi”. Tavhid Islom dinining shiori hisoblanadi.

 

كَلِمَةُ رَدِّ الْكُفْرِ

Kalimai roddil kufr (Kufrni rad etish kalimasi)

اَللَّهُمَّ اِنِّى اَعُوذُ بِكَ مِنْ اَنْ اُشْرِكَ بِكَ شَيْأً وَاَنَا اَعْلَمُ وَاَسْتَغْفِرُكَ لِمَا لَا أَعْلَمُ اِنَّكَ اَنْتَ عَلاَّمُ الْغُيُبِ.

Ey Allohim, Sendan o‘zim bilib turib biror narsani Senga sherik qilib qo‘yishimdan panoh so‘rayman. Bilmagan narsalarimdan esa meni kechirishingni so‘rayman. Albatta Sen barcha narsalarni bilguvchi Zotsan.

Izoh: Shirk lug‘atda “sherik qilish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa “Alloh taoloning Zotida, yo sifatlarida, yo fe’llarida, yo ismlarida, yo hukmlarida U zotga o‘zgani teng qilish shirk keltirish deyiladi”. Shirkning katta va kichik turlari bor. 

Mazkur “kufrni rad etish kalimasi”ni ixlos bilan takrorlab yurgan mo‘min kishiga katta va kichik shirklardan xalos bo‘lish va’dasi berilgan. 

 

كَلِمَةُ الاِسْتِغْفَارِ

Kalimai istig‘for (Mag‘firat so‘rash kalimasi)

اَسْتَغْفِرُ اللهَ اَسْتَغْفِرُ اللهَ  اَسْتَغْفِرُ اللهَ تَعَالَى مِنْ كُلِّ ذَنْبٍ اَذْنَبْتُهُ عَمْدًا اَوْ خَطَأً سِرًا اَوْ عَلاَنِيَةً وَاَتُوبُ اِلَيْهِ مِنَ الذَّنْبِ الَّذِى اَعْلَمُ وَمِنَ الذَّنْبِ الَّذِى لَا اَعْلَمُ اِنَّكَ اَنْتَ عَلاَّمُ الْغُيُوبِ.

Allohdan mag‘firat so‘rayman, Allohdan mag‘firat so‘rayman, Alloh taolodan barcha qasddan qilgan gunohlarimni ham yoki bilmasdan qilib qo‘ygan yashirin va oshkora gunohlarimni ham kechirishini so‘rayman. Unga biladigan gunohlarimdan ham, bilmaydigan gunohlarimdan ham tavba qilaman. (Ey Allohim) Albatta Sen barcha g‘ayblarni bilguvchi Zotsan.

Izoh: Ixlos bilan “astag‘firulloh” deyish Allohdan mag‘firat so‘rash hisoblanadi. Ammo ba’zi ulamolar mazkur kalimalarni ham qo‘shib aytishni afzalroq sanaganlar.

 

كَلِمَةُ التَّمْجِيدِ

Kalimai tamjiyd  (Ulug‘lash kalimasi)

سُبْحَانَ اللهِ وَالْحَمْدُ لِلَّهِ وَلاَ اِلَهَ اِلاَّ اللهُ وَ اللهُ اَكْبَرُ لَا حَوْلَ وَلاَ قُوَّةَ اِلاَّ بِاللهِ الْعَلِىِّ الْعَظِيمِ مَا شَاءَ اللهُ كَانَ وَمَا لَمْ يَشَأْ لَمْ يَكُنْ اَلاِيْمَانُ اِقْرَارٌ بِاللِّسَانِ وَتَصْدِيقٌ بِالْقَلْبِ بِمَا جَاءَ بِهِ مِنْ عِنْدِ اللهِ مُحَمَّدٌ رَسُولُ اللهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ.

Allohni poklab yod etaman, hamdu-sano Allohgadir, Allohdan boshqa iloh yo‘qdir, Alloh buyukdir, kuch ham quvvat ham oliy va ulug‘ bo‘lgan Alloh yordami bilandir. Alloh taoloning xohlagani bo‘lgan, xohlamagani bo‘lmagan. Iymon Muhammad sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning huzuridan keltirgan narsani til bilan ifodalash va qalb bilan tasdiqlashdir.

Izoh: Ya’ni ma’siyatdan saqlanish ham, ibodat qilish ham Alloh taoloning yordami bilan amalga oshadi.

Qalban ishonish tasdiqlash deyiladi. Qalbiy ishonch bandalarga yashirin bo‘lgani sababli unga dalolat qiladigan biror alomat lozim bo‘ladi. Shunga ko‘ra dunyoda mo‘min hisoblanish uchun qalbiy tasdiqni til bilan ifodalash shart qilib qo‘yilgan.

 

اِيْمَانٌ مُجْمَلٌ

Iymoni mujmal (Umumiy iymon)

آمَنْتُ بِاللهِ كَمَا هُوَ بِاَسْمَائِهِ وَصِفَاتِهِ وَقَبِلْتُ جَمِيعَ أَحْكَامِهِ.

Allohga Uning ismlari va sifatlari qanday bo‘lsa xuddi shunday iymon keltirdim hamda Uning barcha hukmlarini qabul qildim.

Izoh: Iymoni mujmal deganda qat’i ishonilishi lozim bo‘lgan kalimalarning qisqa va lo‘ndasi tushuniladi. Kimga tavhid ilmining daqiq joylaridan biror narsa mushkul bo‘lib qolsa, darhol ushbu kalimalarni ixlos bilan o‘qishi va zudlik bilan uni biladigan kishidan so‘rab olishi lozim bo‘ladi.

 

اِيْمَانٌ مُفَصَّلٌ

Iymoni mufassal (Batafsil  iymon)

آمَنْتُ بِاللهِ وَمَلآئِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ وَالْقَدَرِ خَيْرِهِ وَشَرِّهِ مِنَ اللهِ تَعَالَى وَالْبَعْثِ بَعْدَ الْمَوْتِ.

Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, Payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshisi ham yomoni ham Alloh taolodan ekaniga, o‘lgandan so‘ng qayta tirilishga iymon keltirdim.

Izoh: Iymoni mufassal deganda mo‘min kishining qat’i ishonishi lozim bo‘lgan narsalarning asoslari tushuniladi. 

O‘shiy rahmatullohi alayh “so‘z boshlar imlolar boshida banda” deya o‘ziga Allohning quli nisbatini berib so‘z boshlagan. Ushbu so‘zda Alloh taologa qul bo‘lishdek yuksak maqomdan faxrlanish ma’nosi ham bor. Zero, barcha maxluqlarni yaratgan, ularni tarbiya qilib turgan buyuk Zotga qul bo‘lish banda uchun shon-sharaf va faxru iftixor qiladigan ulug‘ obro‘, martabadir. Ushbu “abd”, ya’ni “qul”, “banda” kabi ma’nolarni anglatuvchi ismning eng yuksak maqomlarda qo‘llanilishi Qur’oni karimda o‘z ifodasini topgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam asosan Muhammad, Ahmad, Rasul va Nabiy deb atalgan bo‘lsalar-da,  hayotlaridagi eng oliy maqomlarda ushbu ismlarning birortasi bilan emas, balki “abd” (banda) ismi bilan atalganlar.  

  1. Qur’onni nozil qilgan Alloh taologa hamd aytish o‘rnida u zot banda deb atalganlar:

﴿ٱلۡحَمۡدُ لِلَّهِ ٱلَّذِيٓ أَنزَلَ عَلَىٰ عَبۡدِهِ ٱلۡكِتَٰبَ وَلَمۡ يَجۡعَل لَّهُۥ عِوَجَاۜ١

(O‘z) bandasi (Muhammad)ga Kitob (Qur’on)ni nozil qilgan zot (Alloh)ga – hamd! Uni (Qur’onni ma’no va mazmunda) qing‘ir qilmadi”[2].   

  1. Ogohlantiruvchi payg‘ambar qilib yuborilganlari xabar berilganda ham banda deb atalganlar:

﴿تَبَارَكَ ٱلَّذِي نَزَّلَ ٱلۡفُرۡقَانَ عَلَىٰ عَبۡدِهِۦ لِيَكُونَ لِلۡعَٰلَمِينَ نَذِيرًا١

“Olamlar (insonlar va jinlar)ga ogohlantiruvchi bo‘lishi uchun O‘z bandasi (Muhammad)ga Furqon (Qur’on)ni nozil etgan zot barakotli (buyuk)dir”[3].   

  1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlaridagi eng ulug‘ voqealardan biri bo‘lgan Isro kechasi haqidagi xabarda ham banda deb atalganlar:

﴿سُبۡحَٰنَ ٱلَّذِيٓ أَسۡرَىٰ بِعَبۡدِهِۦ لَيۡلٗا مِّنَ ٱلۡمَسۡجِدِ ٱلۡحَرَامِ إِلَى ٱلۡمَسۡجِدِ ٱلۡأَقۡصَا ٱلَّذِي بَٰرَكۡنَا حَوۡلَهُۥ لِنُرِيَهُۥ مِنۡ ءَايَٰتِنَآۚ إِنَّهُۥ هُوَ ٱلسَّمِيعُ ٱلۡبَصِيرُ١

 “(O‘z) bandasi (Muhammad)ni, unga mo‘jizalarimizdan ko‘rsatish uchun (Makkadagi) Masjidi Haromdan (Quddusdagi) Biz atrofini barakotli qilgan Masjidi Aqsoga tunda sayr qildirgan zotga tasbeh aytilur. Darhaqiqat, U Same’ (eshituvchi) va Basir (ko‘ruvchi)dir”[4].   

Ushbulardan ko‘rinib turibdiki, mazkur o‘rinlarning hammasi eng ulug‘ maqomlardir. Ushbu ulug‘ maqomlarda Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ismlari bilan emas, balki banda deb vasf qilganligi bu sifatning har bir bandaga sharaf bo‘lishining isbotidir.                   

O‘shiy rahmatullohi alayh “imlolar boshida banda” deya ushbu asarni yozishda o‘zlariga ilhom berilganiga ishora qilgan. So‘zlarining davomida terilgan dur donalardek yorqin baytlar bilan tavhid masalalarining bayoniga kirishganini aytgan.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

Tavhidning lug‘aviy va istilohiy ma’nolari;

Alloh taoloning go‘zal ismlari.

 

[1] Fitrat deganda odamlarning asl tabiati tushuniladi. Bu haqida Rum surasining 30-oyati tafsiriga qarang.

[2] Kahf surasi, 1- oyat.

[3] Furqon surasi, 1- oyat.

[4] Isro surasi, 1-oyat.

Kutubxona
Boshqa maqolalar

110 yillik muammoga yechim

7.01.2025   7237   9 min.
110 yillik muammoga yechim

Maxluqotlar ichida eng mukarram zot qilib yaratilgan insonning eng go‘zal xulqlaridan biri isrofdan saqlanish, Alloh o‘ziga rizq qilib bergan bergan ne’matlarni o‘rinsiz, behuda sarflamaslikdir. Bu fazilat har birimizning ezgu odatlarimizdan biriga aylansa, shubhasiz, hayotimizdagi juda ko‘p muammolarning eng maqbul yechimini topgan bo‘lar edik.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining yaqindagina e’lon qilingan murojaatini o‘qib, bunga yana bir karra amin bo‘ldim va beixtiyor bunda roppa rosa bir yuz o‘n yil muqaddam, ya’ni 1915 yilda taniqli adibimiz Abdulla Qodiriyning “To‘y” she’rini esladim. Unda, jumladan, quyidagi misralar bor:


Qildi bu vaqt bizda javlon to‘y,

Oqchasi yo‘qni etdi hayron to‘y.

 

Bir-biridan oshurdilar to‘yni,

Topdi ravnaq g‘ayrat ila boyon to‘y.

 

Besh kun o‘tmay to‘yni so‘ngidin

Ketibon mulklar bois fig‘on to‘y.

 

Boyon to‘yig‘a yerlilar qarab,

Etdi sarf toki tandagi jon to‘y...


Ming taassuflar bo‘lsinki, bu holatlar bugungi kunimizda ham davom etmoqda. Eng achinarlisi, yildan yilga to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasi, haj va umraga borib-keluvchilarni kutib olishga bag‘ishlangan yig‘inlar turi yanada ko‘payib, sarf-xarajati oshsa-oshyaptiki, kamaymayapti. Abdulla Qodiriy bobomiz ta’kidlaganlaridek,  “Boyon to‘yig‘a yerlilar qarab, Etdi sarf toki tandagi jon to‘y” bo‘lmoqda. Ko‘pincha, bor-budini sarflab, to‘y qilgan kishidan shu kungacha nechta kitob o‘qib chiqqanligi yoki farzandlariga qaysi kitoblarni olib berganligini so‘rasang, javob bera olmaydi. Uyida farzandlari kitob o‘qishi, vazifa tayyorlashi uchun sharoit ham yaratib berilmagan. Ayrimlar bilan suhbatlashsangiz, maktab uchun zarur bo‘lgan daftar-qalam kabilarning narxi oshib ketganidan, kitoblar qimmatligidan noliydi, lekin qizining bir kunlik to‘y libosiga, o‘nlab mashinalar saf tortgan nikoh kortejiga, dabdabali to‘y bazmiga g‘ing demay millionlarni sarflab yuborishga tayyor.


Yillar davomida, ko‘pincha, xorijda ishlab topganini ana shunday behuda, bu dunyo uchun ham, oxirat uchun ham hech qanday manfaat keltirmaydigan ishlarga sarflab yuboradi-da, qarzlarini uzish uchun yana chetga otlanadi yoki umuman o‘sha yerdan turib, to‘yni “moliyalashtiradi”, ming orzu-havaslar bilan qilgan to‘yida o‘zi ishtirok etmaydi. To‘y-ma’rakalarimizdagi isrofgarchiliklar zamiridagi eng katta muammolardan yana biri ayrim oilada farzandlar voyaga yetishi bilan ularni o‘qitib olim qilish uchun emas, balki pul topish uchun xorijga jo‘natishdir.


Bugun bunday yoshlarimizning ko‘pchiligi biror sohani tanlab, chuqur va har taraflama bilim olish uchun o‘qish o‘rniga xorijda kasbsiz-hunarsiz kimlarningdir qo‘liga qaram bo‘lib qolayotgani hech kimga sir emas. Murojaatda “...bir-biridan o‘tib tushadigan, kimo‘zarga, riyoga, isrofga to‘la ishlar xalqimizning jiddiy muammolaridan biri bo‘lib kelmoqda” deya ta’kidlanishdan maqsad to‘y-ma’rakalarimizning xuddi ana shu jihatlariga e’tibor qaratishdir.


Murojaatda ta’kidlangan yana bir jihat diqqatimni o‘ziga tortdi: “Shu o‘rinda, ziyolilar, yoshi keksa otaxonu onaxonlar, nuroniylarga aytar so‘zimiz, keling, birgalikda yurtimiz aholisiga, ayniqsa, yuqoridagi kabi isrofgarchilik va dabdaba qilayotganlarga tushuntirish ishlarini ko‘paytiraylik, bu kabi illatlarga birgalikda barham beraylik. Alloh taolo ato etgan mol-dunyoni isrof qilish – katta gunoh, ekanini uqtiraylik! Buning o‘rniga topganlarimizni savobli ishlarga sarflab, beva-bechora, nochor, muhtojlarga yordam beraylik, ana shunda ulkan savobga ega bo‘lamiz, inshoaalloh!” – deyiladi unda.


Darhaqiqat, bu muammolarni hal etish bir-ikki kishining qo‘lidan keladigan ish emas. Unga barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, bir tan, bir jon bo‘lib kirishishimiz, yoshlarimizga bugungi xatti-harakatlari, kuch-g‘ayratlari, bilimlarini bir-ikki kunlik to‘y-tomosha uchun mablag‘ topish, so‘ng hammaning “havasini keltiradigan” to‘y uchun emas, balki kelajakda o‘zining birovga muhtoj bo‘lib qolmasligi uchun intilishga qaratishlari zarurligini uqtirishimiz kerak.


Shu o‘rinda Hazrat Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonidagi “Hotami Toy” haqidagi hikoyati esga tushadi. Unda aytilishicha, o‘zining o‘ta saxiyligi bilan dong taratgan Hotami Toydan: “Siz o‘zingizdan ham himmatliroq kishini ko‘rganmisiz?” – deb so‘rashibdi. Shunda u bir kuni yuz tuya va hisobsiz qo‘y-qo‘zilarni so‘yib, elni chorlab, juda katta ziyofat uyushtirganini, orada biroz nafas rostlash uchun ko‘chaga chiqqanini va yelkasida bir bog‘ o‘tin, qo‘lida hassa bilan har qadamda bir nafas rostlab kelayotgan qariyani ko‘rganini aytadi. O‘zining unga: “O‘zingni buncha qiynab nima qilasan. Eshitmadingmi, bugun Hotami Toy juda katta bazm uyushtirib, butun elni chorlab, ziyofat bermoqda. Tashla o‘tiningni, kir, sen ham bu ziyofatdan bahramand bo‘l!” – deganini aytadi. Shunda qariyaning javobini tinglang:


...K-ey solibon hirs ayog‘ingg‘a band,

Ozu tama’ bo‘ynuga bog‘lab kamand.

 

Vodiyi g‘ayratg‘a qadam urmag‘on,

Kunguri himmatg‘a alam urmag‘on.

 

Sen dog‘i chekkil bu tikan mehnatin,

Tortmag‘il Hotami Toy minnatin.

 

Bir diram olmoq chekibon dast ranj,

Yaxshiroq andinki birov bersa ganj...  


Demak, haqiqiy himmat kimgadir qaram bo‘lish, kimlardandir nimaningdir ilinjida yashash emas, balki o‘z kuchi, g‘ayrati, bilimi bilan hayotdagi orzu-maqsadlariga erishishdir. Shu o‘rinda orzu-maqsadlarning ham qanday bo‘lishiga e’tibor qaratish zarur.


Yuqorida aytib o‘tganimizdek, to‘y-tomosha, turli tadbir va ma’rakalarni el ko‘ziga, “odamlar nima deydi” uchun tashkil qilish emas, balki, ortiqcha sarf-xarajatlarsiz, dabdabalarsiz o‘tkazish, ortib qolgan mablag‘ni o‘zining, farzandlarining ilm olishlari uchun sarflashni maqsad qilish ayni muddao bo‘lar edi. Chunki Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo‘ladi...» dedilar».


Demak, biz nimani niyat qilib, ishga kirishsak, shubhasiz, o‘sha maqsadimiz amalga oshadi. Hotami Toy birovlarning minnatli taomidan ko‘ra, o‘z mehnati bilan topgan bir dirhamni afzal ko‘rgan ana shu o‘tinchi cholni o‘zidan ko‘ra himmatliroq hisoblagan ekan. Albatta, har bir jamiyatda bo‘lgani kabi bizning oramizda ham u yoki bu sabab tufayli sog‘lom kishilar bilan birga imkoniyati cheklangan kishilar borligi ayni haqiqat. Biroq ko‘rib turibmizki, bunday kishilarning hammasi ham kimlargadir muhtoj bo‘lib yashashni emas, o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bilim olish, kasb-hunarga ega bo‘lish va o‘z ehtiyojlarini o‘zi qondirishni afzal ko‘rmoqdalar. Aksincha, ba’zida to‘rt muchasi sog‘lom kishilar kambag‘allikni o‘ziga “imtiyoz” sanab, tinimsiz ravishda turli idoralarga “shikoyatlar” yog‘dirmoqdalar. Murojaatda ta’kidlangan xayru saxovatni amalga oshirishda bunday “imtiyoz” egalari emas, haqiqatan ham shunga muhtoj oilalarni izlab topish va “otaliqqa olib, ularning farzandlarini o‘quv kurslarida o‘qitishi, kasb-hunarga o‘rgatishi va doimiy daromadga ega bo‘lishiga ko‘maklashish” zarur. Ha, ayni ko‘maklashish, ya’ni ularni xayru saxovatga o‘rgatib, kimlarningdir yelkasiga yuklab qo‘yish emas, balki kelajakda to‘g‘ri yo‘l topib olishlari uchun moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash kerak.


Albatta, har bir hududda o‘ziga to‘q, boy-badavlat kishilar bor. Allohga hamdlar bo‘lsinki, yurtimizda yaratilayotgan shart-sharoitlar natijasida bunday oilalarning soni oshib bormoqda. Ularning ko‘pchiligi xayru saxovatli insonlar ekanligi ham hech kimga sir emas. Murojaatdan ko‘zlangan yana bir xayrli maqsad shuki, imom-xatiblarimiz o‘z hududlaridagi ana shunday saxovatpesha insonlarni yaxshi tanishadi va bilishadi. Shuning uchun ularni o‘z hisoblaridan yoshlarimizning ilm olishlariga ko‘maklashish, buning uchun maktablarimizni zarur asbob-uskunalar bilan jihozlanishiga ham o‘z hissasini qo‘shishga chaqirish ham savobdi ishlardan biridir.


Murojaatda ta’kidlangan yana bir jihat biz imom-xatiblar uchun juda muhim ekanligini e’tirof etish kerak deb, o‘ylayman. Unda “imom-xatiblar tomonidan to‘y-ma’raka marosimlardagi isrofgarchilik, umra ziyoratidan qaytgandan keyin har xil xo‘jako‘rsin marosimlari uyushtirishdek illatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini amalga oshirish” belgilab qo‘yilgan. Bu vazifani amalga oshirishda, avvalo, har bir imom-xatibning o‘zi shaxsiy namuna ko‘rsatishi, o‘zlari qilayotgan, shuningdek, masjidlar hududida o‘zlari ishtirok etayotgan to‘y-marosimlarini ortiqcha dabdabalarsiz, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazilishiga erishishi kerak. Shundan keyin targ‘ibot olib borilsa, ko‘ngildagidek bo‘ladi. Aks holda xalq orasida turli mish-mishlar, fitnalar avj olishi va natijada qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarishi ham hech gap emas.


So‘zimga yakun yasar ekanman, Adiy ibn Hotam roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisni eslashni lozim topdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Yarimta xurmo (ni infoq qilib) bo‘lsa ham, do‘zaxdan saqlaninglar”, (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Alloh har birimizni xayru saxovatli bandalaridan qilsin!


Alisher domla NAIMOV,  

Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari