Mamlakatimiz ahli og‘ir sinovni boshidan o‘tkazmoqda. Bu koronavirus degan kasallik jahonning 190 dan ziyod davlatiga kirib bordi, 21 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi. Ushbu xastalikka chalinganlar soni O‘zbekistonda ham o‘sib bormoqda. Ushbu virusning yanada tarqalib ketmasligi uchun davlatimiz Rahbarining bevosita boshchiligida qat’iy choralar ko‘rilmoqda.
Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz raisligida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda mamlakatimizda infeksiyaning keng tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka barcha kuch va vositalar safarbar qilish alohida ta’kidlandi.
Yurtboshimiz bugungi og‘ir damlarda shifokorlarning mashaqqatli mehnatlarini e’tirof etib: – Oddiy haqiqatni tan olish adolatdan bo‘ladi. Kasallarga o‘z vaqtida yordam berilsa, ular shifo topadi, kasalxonalarni tark etadi. Lekin, oxirgi kasal tuzalmaguncha tibbiyot xodimlari ish joyini tark etolmaydi. Shu sababli, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qo‘shayotgan ulkan hissalarini va fidokorona xizmatlarini e’tirof etgan holda, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish ishlariga jalb etilgan tibbiyot, sanitar-epidemiologik va boshqa xodimlarni qo‘shimcha ijtimoiy hamda moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida alohida qarorni imzoladim, deya ta’kidladilar.
Azal-azaldan xalqimiz tibbiyot xodimlarini qadrlab kelgan. Shunday sharafli vazifani o‘z qasamyodiga sodiq qolgan holda bajarib kelayotgan tibbiyot xodimlarining bugungi har bir kuni qahramonlik bo‘lib, Haq taoloning dargohida ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘ladi, insha Alloh.
Koronavirus infeksiyasi dunyoga tahdid solib turgan bir paytda tibbiyot xodimlari zimmasidagi mas’uliyat yanada oshishi bilan birga, ular faoliyatining har kuni qahramonlik ekanligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Mana shunday fidoyilikka dunyo xalqlari qatori, vatandoshlarimiz ham guvoh bo‘lishmoqda. Shu bois, shifokorlarimiz aholining mehri va e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Ish joyida mijja qoqmay xizmat qilayotgan shu shifokorlar chin fidoyi insonlardir.
Prezidentimiz tomonlaridan “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida moliyaviy rag‘batlantirish joriy etilishi ayni muddao bo‘ldi. Shu o‘rinda mamlakat rahbariyati va aholi tomonidan bildirilayotgan ijobiy fikrlar tibbiyot xodimlari uchun ulkan mukofot ekanini alohida qayd etish zarur.
Islom dinida kishi o‘zi egallagan kasbining mohir bilimdoni bo‘lishi, fidoyilik bilan yondoshishi yuksak ulug‘lanadi. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh birortangiz biror ishni qilganda uni puxta qilishini yaxshi ko‘radi”, deganlar (Abu Ya’lo rivoyati, «Majma’u-z-zavoid»; Suyutiy, «Al-jome’ as-sag‘ir»).
Bugungi murakkab davrda imom-xatiblar butun dunyoga tahdid bo‘layotgan pandemiyaga qarshi kurashayotgan matonatli shifokorlarning mehnatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ularning haqlariga duoi xayrlar qilmoqdalar. Shuningdek, tunu kun bemorlar muolajasi bilan band bo‘lgan hatto uyiga ham kelolmayotgan tibbiyot xodimlarining xonadonlariga tashrif buyurib, oila a’zolaridan hol-ahvol so‘rab, oziq-ovqat mahsulotlari va hadyalarni tuhfa qilmoqdalar.
Shunga ko‘ra, bugungi kungi shifokorlar o‘z ishlarini mukammal ravishda amalga oshirayotganlari tahsinga loyiqdir. Binobarin, bunday kasb egalariga ulkan ajru savoblar ham yoziladi. Qur’oni karimda: “Kim yaxshilik qilsa, unga undan ko‘ra yaxshiroq (mukofot) bo‘lur”, deya xushxabar qilingan (“Naml” surasi, 89-oyat).
Karantin talablariga befarq bo‘lmang!
Ayrim kishilar qonun-qoidalarga rioya qilish o‘rniga o‘zi va boshqalarning hayotini xavf ostida qoldirib, epidemiya qoidalarini buzmoqda. Ichki ishlar vazirligi xabarga ko‘ra, o‘tgan bir kun davomida karantin qoidalariga amal qilmagan jami – 980 ta holat aniqlangan. Davlatimiz rahbari ham ushbu yig‘ilishda kuyunchaklik bilan quyidagilarni ta’kidladilar:
“Bir narsani aniq tushunib olish lozim. Bizda aniqlangan kasallar soni kam-ku, 100 taga ham yetmaydi, xavotirga o‘rin yo‘q, deb xotirjam bo‘lish xiyonat hisoblanadi. Chunki, koronavirus menga yuqmaydi deb befarq yurganlar nafaqat o‘zining, balki ota-onasi, farzandlari, atrofidagilar, qolaversa, butun xalqimizning sog‘lig‘i va hayotini katta xavfga qo‘yishini chuqur anglab yetishi kerak”.
Karantin e’lon qilinganiga qaramay, tartib-qoidalarini qo‘pol ravishda buzishga yo‘l qo‘yayotganlar bir tafakkur qilib ko‘rsalar bo‘lar edi. Mana Turkiya safaridan qaytgan qiz o‘z onasiga ushbu kasallikni yuqtirgan. Natijala, ushbu 72 yoshli surunkali kasalligi bor ona 27 mart kuni miokard infarktidan vafot etdi. Yaqinlariga sabr tilaymiz.
Muhtaram Prezidentimiz ushbu majlisda aksariyat fuqarolar haligacha yuzaga kelgan murakkab vaziyatni to‘g‘ri tushunib yetmayotgani kuyunib gapirdi. Jumladan, haligacha ayrim odamlar ko‘pchilikni mehmonga chaqirib to‘y-hasham, turli ziyofat yoki marosimlar o‘tkazish holatlari uchrayotgani achinish bilan qayd etildi. Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida yashovchi ayol Umra ziyoratidan qaytib kelgach, karantin qoidalariga rioya qilmasdan, 120 kishilik dabdabali marosim tashkil etgani, natijasida uning o‘zi va yana 4 nafar oila a’zosida koronavirus aniqlangani katta afsus bilan ta’kidlandi.
Karantin talablarini bunday shaklda ongsizlarcha buzish nafaqat qonun hujjatlari, balki Islom dini ko‘rsatmalariga ham rioya etmaslik hisoblanadi.
Bunday kimsalar avvalo o‘zlari va yaqinlarini xatarga qo‘yayotganliklarini, yurtdoshlarimiz orasida virus tarqalishiga sababchi bo‘lib qolishlari mumkinligini teran anglab yetishlari juda ham zarur.
Islom dini ta’limotida har bir inson o‘zi va boshqalar hayotini muhofaza qilishga mas’uldir! Alloh taolo Qur’oni karimda: “O‘zingizni halokatga tashlamang!” deb qat’iy xitob qilgan (“Baqara” surasi, 195-oyat).
“Alloh sizlarga uylaringizni oromgoh qildi”
Butun dunyo bo‘ylab, koronavirusga qarshi kurashda eng yaxshi chora sifatida ma’qullangan “Uyda qoling!” chorlovi asl mohiyatiga ko‘ra Islom dinining bosh manbaiga muvofiqdir. Qur’oni karimdagi bir qissada chumolilar jamoasi bir-birlarini xavf-xatardan ogoh etishlari, ularning tilidan shunday bayon etiladi: «Ey chumolilar, maskanlaringga kiringlar, (Naml, 18). Boshqa oyati karimada esa: “Alloh sizlarga uylaringizni oromgoh qildi”, deb ta’kidlangan (“Nahl” surasi, 80-oyat).
Ushbu oyati karimadan ma’lum bo‘ladiki, inson uchun eng tinch-orombaxsh joy uning uyi hisoblanadi. Uy ham Alloh taoloning ne’matlaridan biridir. Inson o‘z uyichalik boshqa joyda xotirjamlik his qilmaydi. Bugun koronavirusdan eng yaxshi himoyalanish choralaridan biri uyda qolish ekani ko‘p ta’kidlanmoqda.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Qay bir kishiga to’un (pandemiya) yetsa va uyida sabr bilan va savob umidida o‘tirsa hamda o‘ziga Alloh yozganidan boshqa narsa yetmasligini bilsa, illo unga shahidning ajrichalik savob bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Taniqli ulamolarimiz bu hadisni sharhlab: “Bu hamma sabr qilgan, savob umid etgan va tavakkul qilgan kishilarga taalluqlidir, ular vabodan xoh vafot etsin, xoh etmasin, deyishmoqda.
Ishonchim komilki, oilasi, farzandlari, el-yurti tinchligi, sog‘lig‘ini hamma narsadan ustun qo‘yadigan donishmand xalqimiz bunday holatni Xaq taoloning rahmati ila yengib o‘tadi.
Koronavirus insoniyat uchun Yaratganning bergan bir sinovidir. Xalqimiz jipslashib, shifokorlarning barcha tavsiyasi, ko‘rsatmalariga amal qilsalar, odamlarimiz karantin davrida hayotiy zaruratsiz o‘z xonadonlarini tark etmasa, kasallikning ilk belgilari aniqlanganda, uni yashirmay shifokorlarga o‘z vaqtida murojaat qilsalar, biz bu kasallikni, albatta, bartaraf etamiz.
Davlatimizning boshida turganlar Allohni mudom yodda tutadigan, har bir so‘zida Uning ismini zikr etadigan insonlar, ularning maqsadu muddaolari ham Allohga ma’qul ishlarni qilishdir.
Bu kasallik ham bir sinov, bundan ham chiroyli o‘tish kerak, kasallik menga yuqmaydi, deb o‘ylayotganlar jiddiy tafakkur qilsinlar. Uyda qoling!
Alloh taolo qaysi dardni tushirgan bo‘lsa, albatta, davosini ham tushirgan. Shifo beruvchi faqat O‘zidir! Alloh taolo yurtimizni, xalqimizni turli kasallik va vabolardan asrab, O‘zining hidoyatidan ayirmasin!
Usmonxon ALIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Kibr, o‘zini boshqalardan yuqori deb hisoblash, ulardan ustun qo‘yish, o‘zini boshqalarga nisbatan yuksak ko‘rish va ularga nisbatan mag‘rurlik qilishdir. Bu, ko‘pincha odamlarning boshqa kishilarni pastga urish, ular bilan adolatli munosabatda bo‘lmaslik va o‘zini juda katta ko‘rsatish kabi xulq-atvorlarni o‘z ichiga oladi.
Saodat kaliti hushyorlik va fahmu farosatdadir. Badbaxtlik manbasi kibr va g‘aflatdadir.
Banda uchun Alloh taoloning ne’matlari ichida iymon va ma’rifatdan ulug‘i yo‘qdir. Unga erishish uchun bag‘rikenglik va qalb ko‘zi o‘tkirligidan boshqa vasila yo‘qdir.
Kufr va ma’siyatdan kattaroq balo va ofat yo‘qdir. Mazkur ikki narsaga chaqirishda qalb ko‘rligi va jaholat zulmatidan boshqa narsa yo‘qdir.
Ziyrak kishilar Alloh taolo ularni hidoyatini iroda qilgan va qalblarini Islomga keng qilib qo‘yganlardir.
Mutakabbirlar Alloh taolo ularni zalolatini iroda qilgan va qalblarini xuddi osmonga chiqayotgandagi kabi tor va tang qilib qo‘yganlardir. Mutakabbir o‘z hidoyatiga kafil bo‘lishi uchun qalb ko‘zi ochilmagan kishidir.
Alloh taolo: “Mo‘minlardan ixtiyoriy ehson qiluvchilarini va zo‘rg‘a topib-tutuvchilarini istehzo ila masxaralaydiganlarni Alloh “masxara” qiladi va ular uchun alamli azob (bor)dir” (Tavba surasi, 79-oyat), deb aytgan.
Yana: “Ey mo‘minlar! (Sizlardan) biror millat (boshqa) bir millatni masxara qilmasin! Ehtimolki, (masxara qilingan millat) ulardan yaxshiroq bo‘lsa. Yana (sizlardan) ayollar ham (boshqa) ayollarni (masxara qilmasin)! Ehtimolki, (masxara qilingan ayollar) ulardan yaxshiroq bo‘lsa. O‘zlaringizni (bir-birlaringizni) laqablar bilan atamangiz!” (Hujurot surasi, 11-oyat);
“(Kishilar ortidan) g‘iybat qiluvchi, (oldida) masxara qiluvchi har bir kimsaning holiga voy!” (Humaza surasi, 1-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir-birlaringizga hasad qilmanglar va savdoda soxtalik bilan kelishib, narxlarni oshirmanglar. Bir-birlaringizga g‘azab qilmanglar hamda orqa o‘girib, munosabatlarni buzmanglar. Ba’zilaringiz ayrimlaringiz savdosi ustiga savdo qilmasin. Allohning bandalari, birodar bo‘linglar. Musulmon musulmonning birodaridir. Unga zulm ham qilmaydi, xo‘rlamaydi ham, past ham sanamaydi. Taqvo bu yerda”, deb, uch bora qalblariga ishora qildilar. “Musulmon birodarini past sanagan kishi yomon ekaniga dalolat qiladi. Har bir musulmonning boshqa musulmonga qoni, moli va obro‘sini (suiiste’mol) qilishi haromdir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Imom Navaviy rahimahulloh: “Tadabbur qilgan kishiga bundan-da foydasi ko‘p, manfaati ulug‘ va yaxshiroq hadis bo‘lmasa kerak”, dedilar.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qalbida zarra miqdoricha kibri bor kishi jannatga kirmaydi”, dedilar. Shunda bir kishi: "Yo Rasululloh, kishi chiroyli kiyim va chiroyli poyabzal kiyadi (bu ham kibr bo‘ladimi?)" deganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh chiroylidir. Chiroylini yaxshi ko‘radi. Kibr esa haqni buzish va kishilarga past nazar bilan qarash”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Biz «yuz o‘girma» deb tarjima qilgan ma’no oyatda «tuso’’ir» deb kelgan. Bu ma’no, aslida, tuyada uchraydigan bir kasallikka nisbatan ishlatilar ekan. O‘sha kasallikka mubtalo bo‘lgan tuya doimo boshini pastdan-yuqoriga harakatlantirib, yonboshga siltab turar ekan. Mutakabbirlik bilan burnini jiyirib, yuzini odamlardan o‘giradigan kishilar ana o‘sha kasal tuyaga o‘xshatilmoqda.
«Odamlardan takabbur-la yuz o‘girma».
Ha, musulmon kishi uchun odamlarni kamsitish, ularni past sanash juda yomon illat. Hatto yurish-turishda ham kibru havodan, takabburlikdan saqlanish kerak.
«…va yer yuzida kibr-havo ila yurma».
Bu juda yomon narsa. Boshqalarga kibr og‘ir botadi. Eng muhimi: «Albatta, Alloh, xech bir mutakabbir va maqtanchoqni sevmas».
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan naql qilingan rivoyatda: «Kimning qalbida zarracha mutakabbirlik bo‘lsa, Alloh uni do‘zaxga yuztuban tashlaydi», deyilgan.
Shuningdek, ibn Abu Laylo rivoyat qilgan xadisda: «Kim kiyimini ko‘z-ko‘z qilib, maqtanchoqlik ila sudrab yursa, Alloh taolo unga nazar solmaydi», deyilgan.
Rasulullloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ilm o‘rganing, ilm uchun sakinat va viqorni ham o‘rganing. Va sizlarga ilm o‘rgatayotganlarga tavoze’ bilan o‘zingizni past tuting!” (Imom Tabaroniy “al-Avsat”da rivoyat qilgan).
Muallimga kibr qilish, uni mensimaslik tuban xulq hamda nifoq alomatlaridan hisoblanadi. Imom Tabaroniy “Al-Kabir”da rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyiladi: “Uch toifa inson borki, ularni faqat munofiqgina xorlaydi: Islomda mo‘ysafid bo‘lgan qariya, ilm sohibi va odil rahbar”.
Ustoz va muallimga o‘zni past tutib, hokisor bo‘lish najot eshigi, ilm tahsil qilishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Dinimiz shunga buyuradi, shunga o‘rgatadi. Bu ustozlarning shogirdlari ustidagi haqlaridandir.
Imom Navaviy rahimahulloh aytadilar: “O‘quvchi muallimiga itoatkor va royish bo‘lishi, uning so‘ziga quloq solib, o‘z ishlarida u bilan maslahatlashib turishi va oqil bemor samimiy va mohir tabib so‘zini qabul qilganidek u ham o‘z muallimining so‘zini qabul qilmog‘i lozim. Shuningdek, muallimiga ehtirom ko‘zi bilan boqishi, uning o‘z ishida komil iqtidor va malaka sohibi ekanligi va boshqa ustozlardan ustunligiga ishonishi lozim. Ana shunda undan manfaat olishi oson bo‘ladi”.
Olimlarimiz aytadilarki, talaba o‘z ustozining kamoli ahliyat va iqtidor sohibi ekanligiga, o‘z ishining mohir mutaxassisi ekanligiga e’tiqod qilib, ishonishi kerak. U haqda faqat yaxshi fikrda bo‘lishi lozim. Agarchi, ustozidan diyonatga ochiq-oydin ters keladigan xatti-harakatni ko‘rib qolsa ham uni faqat yaxshilikka yo‘yib, yaxshi gumonda bo‘lishi kerak. Aks holda uning barakasidan mahrum bo‘ladi.
Ibn Sinoning ustozi Kushyorning huzuriga bir kishi osmon ilmini o‘rganish maqsadida kelibdi. 2-3 oy o‘tsa hamki, ustozi ilm berishni boshlamaganidan so‘ng aytibdi:
– Hazrat, endi menga javob bersangiz. Uch oy bo‘ldi hamki dars bermadingiz. Vaqtingiz yo‘q shekilli…
Shunda ustoz:
– Men senga bajonidil dars berardim-u, lekin sen huzurimga kelganingdagi “bu ilmdan mening uncha-muncha xabarim bor”, degan kibr-havoying hali ham ketmadi. Men bir idishga qachonki u bo‘sh bo‘lsagina suv quyaman. Afsus, sening kallang havo bilan to‘lib qolgan ekan, – deb javob qilibdi.
Imom Qurtubiy rahimahulloh dedilarki: "Agar mutakabbir kishini ko‘rsang bilginki, uning namozi kam yoki undan butunlay mahrum bo‘lgan. Chunki kibr bilan ko‘p sajda qilish birga jamlanmaydi".
Rivoyat qilishlaricha: Bir kishinikiga mehmon kelib qoldi. Uyda mehmonga qo‘yadigan hech vaqo yo‘q edi. U bir litr qatiq olib kelib, besh litr suv qo‘shib, tuz va muz solib, ayron tayyorladi. Bir litr qatiq besh litr suvni qabul qilib, totli ichimlikka aylandi. Agar o‘sha qatiqqa bir tomchi benzin tushib ketganida uni ichib bo‘lmas edi.
Xuddi shuningdek, salgina takabburlik ham amalni buzib yuboradi. Mutakabbir kimsa Allohdan to‘siladi, xaloyiq tomonidan nafratga uchraydi. Alloh taolo bu haqda «Chunki ularga yolg‘iz Allohdan boshqa iloh yo‘q deyilgan vaqtda kibr-havo qilgan edilar», degan (Soffot surasi, 35 oyat).
Horisa ibn Vahb roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Javvaz ham, ja’zariy ham jannatga kirmaydi", dedilar.
* «Javvaz – muomalasi qo‘pol odam».
* Ja’zariy – mutakabbir, qilmagan ishi bilan faxrlanuvchi.
Ba’zi bir kishilar ibodat miqyosidagi ma’naviy va moddiy amallarni qilib, (haj, umra va masjid yoki yo‘l qurib) kibrlanib, maqtanib boshqa kishilarni bunday ishlarni amalga oshirmaganlikda ayblab, o‘zlarini ulardan yuqori olishadi. Aslida ana shu ishlar xalqni puliga bajarilgan bo‘ladi. Bunday kimsalar aslida eng razil va pastkashlardir.
Alloh taolo aytadi: “Boshqalar esa gunohlarini e’tirof qildilar…”. (Tavba surasi 102-oyat) Alloh taolo bizdan ma’sumlikni talab qilmadi. Aksincha, gunoh sodir bo‘lganida tavba va siniqlikni istadi.
Odam alayhissalom gunoh qilganida e’tirof qilib gunohiga istig‘for aytdi. Alloh uning tavbasini qabul qildi.
Iblis esa gunoh qilganida mutakabbirlik qildi, tavba qilmadi. Alloh undan yuz o‘girdi.
Kim gunoh qilib qo‘yib so‘ngra tavba qilsa qiyomatda Odam alayhissalom bilan tavba qiluvchilar karvonida bo‘ladi.
Kim gunoh qilib so‘ngra tavba qilmasdan mutakabbirlik qilsa Iblisning karvonida bo‘ladi.
Ortidan kibrni ergashtiruvchi bittagina gunoh, ortidan siniqlik, pushaymonlik va tavbani ergashtiruvchi mingta gunohdan og‘irroqdir.
Alloh taolo gunoh qilganida pushaymon bo‘lib tavba qiluvchilarga muhabbati o‘laroq O‘zini G‘ofur deya nomladi.
Bandalarini O‘z muhabbatiga targ‘ib qilish uchun O‘zini Vadud deya nomladi.
Sizni sindirib sizdagi ujbni ketkazadigan bitta gunoh, qalbingizni mag‘rurlanish va ujbga to‘ldiradigan toatdan yaxshidir, qaysidir ma’noda!
Ja’farxon SUFIYEV,
TII talabasi,
To‘raqo‘rg‘on tuman “Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi.