frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

G‘aflatda qolmang! Sha’bon oyining Baroat kechasi yaqinlashmoqda

28.03.2020   6413   5 min.
G‘aflatda qolmang! Sha’bon oyining Baroat kechasi yaqinlashmoqda

Eslatma! Sha’bon oyining 14-dan 15-ga o‘tar kechasi eng fazilatli tunlardan biri Baroat kechasidir.

 

Baroat so‘zni qanday ma’noni anglatadi? “Baroat” so‘zi arab tilida “ozod bo‘lish”, “najot topish” degan ma’nolarni anglatadi. Bu kechaning baroat, ya’ni najot topish, ozod bo‘lish kechasi deya nomlanishiga sabab, unda Alloh taoloning rahmati sababli behisob insonlar do‘zaxdan najot topadilar. U Sha’bon oyining o‘n beshinchi kechasiga to‘g‘ri keladi.

 

Baroat kechasi qanday kecha?

Onamiz Oisha roziyallohu anho aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mendan:Ey Oisha bu kecha qanday kecha ekanini bilasizmi?” deb so‘radilar. Men: “Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq”, dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu sha’bonning o‘n beshinchi kechasidir. Alloh azza va jalla bu kecha bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi va mag‘firat so‘rovchilarni mag‘firat etadi, rahm so‘rovchilarga rahm qiladi, dillarida musulmonlarga nisbatan gina, adovat saqlovchi kishilarni qanday bo‘lsa, shunday holatda qo‘yib qo‘yadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

 

Bu kechada nimalar sodir bo‘ladi?

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Bu kechada (sha’bonning o‘n beshinchi kechasida) nimalar bo‘lishini bilasizmi? dedilar.

Oisha roziyallohu anho: “Yo Allohning Rasuli, bu kechada nimalar bo‘ladi?” dedilar.

U zot alayhissalom: “U kechada Odam bolalarining bu yilda tug‘iladiganlari va bu yilda vafot etadiganlari yoziladi va u kechada ularning amallari ko‘tarilib, rizqlari nozil bo‘ladi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

 

Bu kecha gunohlar mag‘firat qilinadi

Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taolo Sha’bonning o‘n beshinchi kechasi dunyo osmoniga (O‘zining sha’niga muvofiq) tushadi va Allohga shirk keltirgan va qalbida gina, kudurat bor kishidan boshqa barchani mag‘firat qiladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).

 

***

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taolo Sha’bonning o‘n beshinchi kechasida rahmat nazari bilan qarab, shirk keltiruvchi va qalbida birorta musulmonga nisbatan gina-adovat saqlovchi kishilardan boshqa barcha maxluqlarini mag‘firat qiladi” (Imom Ibn Moja, Imom Bayhaqiy rivoyati).

***

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sha’bonning o‘n beshinchi kechasi Alloh taolo bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi. Ikkita shaxsdan boshqa barchani mag‘firat qiladi: biri ginachi, boshqasi nohaq odam o‘ldiruvchi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

 

 

 

Bu kecha duolar qabul bo‘ladi

Usmon ibn Abul Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Qachon Sha’bonning o‘n beshinchi kechasi bo‘lsa, bas, (Alloh taolo tarafidan) bir nido qiluvchi nido qiladi: “Birorta mag‘firat so‘rovchi bormi, Men uni mag‘firat qilaman! Biror narsa so‘rovchi bormi, Men unga beraman”, deydi. Shu vaqtda kim so‘rasa, unga beriladi. Zinokor hotin va mushrikdan boshqa".

***

Bu kecha odamlar do‘zaxdan ozod qilinadi

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Jabroil alayhissalom mening oldimga kelib: “Bu Sha’bonning o‘n beshinchi kechasidir. Alloh taolo bu kechada ko‘p odamlarni do‘zaxdan ozod qiladi. Ularning adadi Kalb qabilasi qo‘ylarining junlaridan ham ziyoda bo‘ladi. Faqat bu kechada Alloh taologa shirk keltirgan, ginachi va qarindoshlik aloqalarini uzuvchi, izorini (manmanlik bilan) to‘pig‘idan pastga tushirib yuruvchi, ota-onasiga oq bo‘luvchi va xamr ichuvchi kishilarga rahmat nazari bilan qaramaydi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

 

Bu kecha qanday amallarni bajarish lozim?

  1. Xufton va bomdod namozini jamoat bilan ado eting;
  2. Tavba va istig‘for aytishga e’tibor qiling;
  3. O‘zingiz va barcha ummat uchun xayrli duolar qiling;
  4. Toqatingiz yetganicha zikrlar, nafl ibodatlar, Qur’on tilovati qiling;
  5. Imkon topsangiz Sha’bonning o‘n beshinchi kuni ro‘za tuting.

 

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Qachon Sha’bonning o‘n beshinchi kechasi bo‘lsa, uning kechasini bedor o‘tkazinglar, kunduzining ro‘zasini tutinglar. Chunki o‘shanda Alloh quyosh botish paytida dunyo osmoniga tushadi va tong otgunicha: “Qani, istig‘for aytuvchi bormi, uni mag‘firat qilaman. Qani, rizq so‘rovchi bormi, unga rizq beraman. Qani, baloga uchragan bormi, unga ofiyat beraman. Qani falon, falon” (deydi) dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).

 

Bu kechani bedor o‘tkazganga jannat vojib bo‘ladi

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim beshta kechani bedor o‘tkazsa, jannat unga vojib bo‘ladi – tarviya, arafa, qurbonlik, fitr va Sha’bonning o‘n beshinchi kechalaridir”, dedilar.

 

Alloh taolo mo‘min-musulmonlarga ofiyat, nusrat, qalblariga sakinat ato etsin. Bu oyda xolis niyatlar ila qiladigan jamiki amallarimizni qabul qilsin. O‘zi duolarni ijobat etuvchi va gunohlarni mag‘firat qiluvchi Zotdir.

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya matbuoti: O‘zbekiston madaniy-gumanitar, turizm sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

24.08.2026   31240   1 min.
Saudiya matbuoti: O‘zbekiston madaniy-gumanitar, turizm sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

Saudiya Arabistonining nufuzli OAVda O‘zbekistonning madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalaridagi xalqaro hamkorligi hamda mamlakatda bo‘lib o‘tadigan yirik tadbirlarga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, Saudiya Arabistonining “Amwaj” nashrida joriy yilning 24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangicha nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkazilishi keng yoritildi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadigan ushbu yirik tadbirga yetakchi xorijiy jurnalistlar va xalqaro ekspertlar to‘planishi qayd etilgan. Forum dasturi yalpi majlislar, talabalar uchun mahorat darslari, mediaturlar va Samarqandning tarixiy obidalarini ziyorat qilishni o‘z ichiga oladi hamda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga bag‘ishlanadi.

Shuningdek, nashrda Samarqandda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan birinchi O‘zbekiston–Gruziya turizm forumi ham yoritilgan. Ta’kidlanishicha, tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Tomonlar qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini yaratish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish va turizmning yangi turlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan. Gruziyadan kelayotgan sayyohlar oqimining sezilarli darajada oshgani va O‘zbekiston turizm sohasining umumiy ko‘rsatkichlari yuqori ekani qayd etilgan.

“Saudi Press Agency” axborot agentligi Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va irshod vazirligi hamda O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi o‘rtasidagi Anglashuv memorandumiga doir ijro dasturi imzolangani haqida xabar berdi.

Ushbu hujjat mo‘tadillik tamoyillarini mustahkamlash, ekstremizmga qarshi kurashish, voiz va imomlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, Qur’oni Karim ma’nolarini o‘rganish va yoyish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari