Dunyoda koronavirus pandemiyasi keng tarqalib, O‘zbekiston xalqi ham bu sinovdan chetda qolmadi. Prezidentimiz xalqimizga murojaat qilib, Yaratganning bu kabi sinovlari millati, tili va dinidan qat’i nazar davlatlaru xalqlarning boshiga tushishi mumkinligini qayd etdilar.
Kuni kecha davlatimiz Rahbari raisligida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirishga bag‘ishlangan bo‘lib o‘tdi. Unda Yurtboshimiz shifokorlarning mashaqqatli mehnatlarini alohida e’tirof etib:
Dunyo bo‘ylab, xususan, mamlakatimizda shifokorlarning o‘z kasbiga sadoqati, xalqimiz, ota-onalarimiz, farzandlarimiz sog‘lig‘i yo‘lida tun-u kun qilayotgan mehnati barchamiz uchun jasorat namunasi bo‘lmoqda.
Hurmatli tibbiyot xodimlari, o‘z hayoti va sog‘lig‘ini garovga qo‘yib, pandemiya bilan kurashayotgan shifokorlar, hamshiralar, sanitar xodimlarga butun O‘zbekiston xalqi nomidan cheksiz minnatdorlik bildiraman», – deb ta’kidladilar.
Bugungi murakkab davrda har bir ishda faollik ko‘rsatayotgan imom-xatiblar butun dunyoga tahdid bo‘layotgan pandemiyaga qarshi kurashayotgan matonatli shifokorlarning mehnatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ularning haqlariga duoi xayrlar qilmoqdalar.
Shuningdek, tunu kun bemorlar muolajasi bilan band bo‘lgan hatto uyiga ham kelolmayotgan tibbiyot xodimlarining xonadonlariga tashrif buyurib, oila a’zolaridan hol-ahvol so‘rab, oziq-ovqat mahsulotlari va hadyalarni tuhfa qilmoqdalar. Bunday savobli ishlarda Samarqand, Farg‘ona, Navoiy, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlari ancha faol bo‘lganlarini alohida ta’kidlaymiz va o‘z minnatdorligimizni bildiramiz.
Alloh taolo yurtimizdan ushbu baloni tez orada daf qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.