Hammamizga ma’lumki, mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini xalqaro andozalar asosida rivojlantirish yo‘lida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Shu o‘rinda bugungi kunda butun dunyoni larzaga solib turgan Koronavirus (SOVID 19) infeksiyasi bizning jonajon yurtimizni ham nazardan chetda qoldirmaganini ta’kidlash o‘rinlidir. Mana shunday qaltis vaziyatda o‘z sog‘ligini keyinga surib, insonlar sog‘ligini birinchi o‘ringa qo‘ygan va bu yo‘lda bor bilimi va salohiyati bilan xizmat qilayotgan tibbiyot xodimlarining xizmatlari tahsinga sazovor.
Joylarda barcha mutasaddi tashkilotlar qatori imom-xatiblarimiz ham tibbiyot xodimlarining bu samarali xizmatlarini qadrlash va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida joylardagi shifoxonalarga tashrif qilmoqdalar. Jumladan, Bulung‘ur, Narpay, Samarqand va Ishtixon tuman bosh imom-xatiblari tuman markaziy shifoxonasida hamshira va shifokorlar bilan uchrashib, ular bilan dildan suhbat qurgan holda haqlariga duolar qilib, ko‘ngillarin ko‘tardilar. Shuningdek, ular yuz niqoblarni hadya qildilar. Qolversa, viloyatdagi barcha imom-xatiblar mana shunday ulug‘ kasb egalari bilan uchrashib, ularga o‘z hadyalarini taqdim qilmoqdalar. Inson sog‘ligi yo‘lida chin dildan xizmat qilayotgan bu savobli kasb egalarining qilayotgan xizmatlariga Alloh taoloning o‘zi ajru-mukofotlar bersin.
Undan tashqari Kattaqo‘rg‘on tuman bosh imom-xatibi tashabbusi bilan “Uyda o‘tirib, kitob o‘qing” aksiyasi e’lon qilinib, diniy-ma’rifiy kitoblar tarqatilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakilligi Matbuot xizmati
O‘tgan solihlardan qoida va meros bo‘lgan so‘z bor:
من رام العلم جملة ذهب عنه جملة
."Kimki ilmning hammasini birdaniga o‘rganishni istasa, ilmning hammasidan quruq qoladi"
Oz vaqtda ilmning hammasini o‘rganib olaman, deya xomtama bo‘lgan talaba, ilmning hammasidan bebahra qoladi. Hech narsaga erishmaydi.
Qur’oni karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga 23 yil davomida nozil bo‘lgan...
Imom Burhoniddin Marg‘inoniy rahimahulloh "Hidoya" asarini 13 yil mobaynida ro‘zador holda yozganlar...
Imom Buxoriy rahimahulloh "Sahihul Buxoriy"ni 16 yilda, tahorat olgan holda va ikki rakat nafl namoz o‘qib, yozganlar...
Ilm kitoblari harfma-harf va kalima-kalima izohlab o‘rganiladi. Igna bilan quduq qazishga sabr-toqat, oliy himmat, intizom va uzoq vaqt zarur. Shoshqaloqlik va puxtalik bir-biriga zid – hech qachon jamlanmaydi.
Muhtaram tolibi ilm! Ilmning boshi sabrdir: kitobga sabr qilasiz, ustozga sabr qilasiz, yashayotgan shahringizga sabr qilasiz, hamdarslaringizga sabr qilasiz va hokazo.
Ilm olish lazzatiga erishgach, sabr maqomidan rozilik va muhabbat maqomiga o‘tib olgach hayotingiz mazmuni kitob va ustozlar suhbatiga aylanadi.