Alloh taolo Qur’oni karimning “Baqara” surasida bandariga eslatma qilib:
“Albata, Biz sizlarni bir oz qo‘rqinch va ochlik bilan, mol-mulkga, jonga mevalarga nuqson yetkazish bilan sinaymiz. Va sabrlilarga bashorat ber. Ular musibat yetganda: «Albatta, biz Allohnikimiz va, albatta, biz Unga qaytuvchimiz», derlar. Ana o‘shalarga Robbilaridan salovatlar va rahmat bor. Ana o‘shalar hidoyat topganlardir” (155-157 oyatlar) degan.
Yaratgan Robbimiz bugun bizga ana shunday sinovlardan birini yuborgan holda bizni sinamoqda. Butun dunyo bo‘ylab tarqalayotgan koronavirus infeksiyasi bizni ham chetlab o‘tmadi. Bunday sinovlar bizni sabrga, hamjihatlikka hamda istig‘foru duolarni orttirib, Allohga yaqin bo‘lishga, bir so‘z bilan aytganda, savobli amallarimizni ko‘paytirishga targ‘ib etadi. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom hadisi shariflarining birida: “Musulmon musulmonning birodaridir. U unga zulm ham qilmaydi va tashlab ham qo‘ymaydi. Kim o‘z birodarining hojatini chiqarsa, Alloh uning hojatini chiqaradi. Kim bir musulmonni g‘amdan forig‘ qilsa, Alloh undan qiyomat kunining g‘amlaridan bir g‘amni forig‘ qiladi. Kim musulmonning aybini berkitsa, Alloh qiyomat kuni uning aybini berkitadi”, deya marhamat qilganlar.
Dinimizning bu kabi ko‘rsatmalaridan kelib chiqqan holda imom-xatiblarimiz joylarda aholi orasida tushuntirish ishlarini olib bormoqdalar. Jumladan, ushbu sinovli kunlarda tadbirkorlar tomonidan narx-navolarni oshirib yubormaslik, xalqimiz esa sarosimaga tushmay bu Allohning sinovi-imtihoni ekanini his qilib, hamjihatlik ila sinovlarni yengishga da’vat etmoqdalar.
Qayd etish lozimki, xalqning boshiga kelgan sinovli kunlarda himmati va saxovatpeshaligi bilan o‘rnak bo‘layotgan vatandoshlarimiz ham talaygina. Imom-xatiblarimiz joylarda saxovatli kishilar bilan ham uchrashib, ularning haqiga duo qildilar.
Shuningdek, targ‘ibot ishlari davomida aholiga mutasaddilar tomonidan berilayotgan ko‘rsatmalarga amal qilish, zarurat bo‘lmagan taqdirda ko‘chaga chiqmaslik lozimligi haqida ham keng qamrovli tushuntirish ishlari olib bormoqdalar.
Rahmatulloh JALILOV,
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘tgan solihlardan qoida va meros bo‘lgan so‘z bor:
من رام العلم جملة ذهب عنه جملة
."Kimki ilmning hammasini birdaniga o‘rganishni istasa, ilmning hammasidan quruq qoladi"
Oz vaqtda ilmning hammasini o‘rganib olaman, deya xomtama bo‘lgan talaba, ilmning hammasidan bebahra qoladi. Hech narsaga erishmaydi.
Qur’oni karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga 23 yil davomida nozil bo‘lgan...
Imom Burhoniddin Marg‘inoniy rahimahulloh "Hidoya" asarini 13 yil mobaynida ro‘zador holda yozganlar...
Imom Buxoriy rahimahulloh "Sahihul Buxoriy"ni 16 yilda, tahorat olgan holda va ikki rakat nafl namoz o‘qib, yozganlar...
Ilm kitoblari harfma-harf va kalima-kalima izohlab o‘rganiladi. Igna bilan quduq qazishga sabr-toqat, oliy himmat, intizom va uzoq vaqt zarur. Shoshqaloqlik va puxtalik bir-biriga zid – hech qachon jamlanmaydi.
Muhtaram tolibi ilm! Ilmning boshi sabrdir: kitobga sabr qilasiz, ustozga sabr qilasiz, yashayotgan shahringizga sabr qilasiz, hamdarslaringizga sabr qilasiz va hokazo.
Ilm olish lazzatiga erishgach, sabr maqomidan rozilik va muhabbat maqomiga o‘tib olgach hayotingiz mazmuni kitob va ustozlar suhbatiga aylanadi.