Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2025   |   26 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:22
Asr
16:38
Shom
18:31
Xufton
19:44
Bismillah
18 Sentabr, 2025, 26 Rabi`ul avval, 1447

Baloga uchramaslik uchun o‘qiladigan duo

25.03.2020   6450   3 min.
Baloga uchramaslik uchun o‘qiladigan duo

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taologa beadad hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo‘lsin.

 

Baloga uchramaslik uchun o‘qiladigan duo

Ba’zan ko‘cha-ko‘yda, yo‘lda, bozor va yana boshqa yerlarda turli musibatga uchragan, sinovga mubtalo bo‘lganlarni uchratamiz. Masalan, avtohalokat hodisasi, yong‘in, biror kasallikka chalingan va h.k.

Kimdir ularni holini ko‘rib achinadi, yordam berishga harakat qiladi, bunga imkoniyati yetmasa haqiga duo qiladi. Ba’zilar esa “ko‘ziga qarasa bo‘lmaydimi”, “hammasiga o‘zi sababchi”, “o‘zini ehtiyot qilsa bo‘lmasmidi” kabi turli “tanbeh”larni beradi. Yana boshqalar darhol cho‘ntagidan qo‘l telefonini chiqarib suratga, videoga olishga “oshiqadi”.

Aslida har bir banda sinovga duchor bo‘luvchidir. Zero, bu dunyo – sinovlar maydoni. Undagi bir sinovning ortidan to‘xtamay ikkinchisi, uchinchisi..... yetib keladi. Ha, hayot aslida ana shunday bitmas-tuganmas imtihonlar zanjiridir. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Odamlar: “Imon keltirdik”, deyishlari bilangina, sinalmagan hollarida qoldiriladilar, deb o‘yladilarmi?! Biz ulardan oldingi (imonli) kishilarni sinagan edik-ku!» (Ankabut surasi, 2-3 – oyatlar).

Banda duchor bo‘lgan va bo‘ladigan barcha sinovlar Alloh taoloning xohish-irodasi bilan bo‘ladi. Alloh xohlagan ish bo‘lmay qolmas va xohlamagan ish aslo bo‘lmas. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Xoh yerga va xoh o‘zlaringizga biror musibat yetsa, Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-mahfuzda bitilgan) bo‘lur. Albatta, bu Allohga osondir” (Hadid surasi, 22-oyat).

Muhimi musibat yetganda, sinovga uchraganda yolg‘iz Alloh taolodangina yordam so‘rash, O‘zidangina umidvor bo‘lish, sabr qilib ulug‘ ajrni qo‘lga kiritishga intilish lozim. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)!” (Baqara surasi, 155-oyat).

Xo‘sh, mo‘min bandaning birodarini musibatga, baloga uchraganini ko‘rganda odobi qanday bo‘lmog‘i lozim? Har bir ishda ummatlariga o‘rnak bo‘lgan sevikli Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday holatda ushbu duoni o‘qishni ta’lim berganlar:

 الحمد لله الذي عافاني مما ابتلاك به وفضلني على كثير ممن خلق تفضيلا لم يصبه ذلك البلاء

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim baloga uchragan kishini ko‘rganda “Alhamdu lillahillaziy a’faniy mimmaa ibtalaaka bihi va fazzalaniy a’la kasiyrin mimman xolaqa tafziylan” desa, unga o‘sha balo yetmaydi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Alloh taolo barchamizni turli balo-ofat va kasalliklardan O‘z panohida saqlasin. Nusrat, ofiyat ato etsin. Xuzur-halovatda, tinch, osoyishta, iymon lazzatidan bahramand holatda hayot kechirishimizni nasib aylasin.

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida xayr-ehson va birdamlikka chorlovchi sayyor yig‘ilish o‘tkazildi

17.09.2025   2722   3 min.
Samarqand viloyati Paxtachi tumanida xayr-ehson va birdamlikka chorlovchi sayyor yig‘ilish o‘tkazildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi tashabbusi hamda yillik ish rejasi doirasida Paxtachi tumanida ma’naviyat, mehr-shafqat va xayr-saxovat ruhi bilan yodda qolarli sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilish avvalida viloyat bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov ishchi guruh a’zolari bilan uchrashib, sayyor uchrashuvlarni samarali va mazmunli tashkil etish yuzasidan muhim ko‘rsatma va topshiriqlar berdi. U kishi har bir masjid imom-xatibi hamda mas’ul shaxslarga aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning muammolarini eshitish va imkoniyatdan kelib chiqib joyida hal etish zarurligini alohida ta’kidladi.

Shundan so‘ng Ahmadxon domla, Paxtachi tumani bosh imom-xatibi I.Isayev hamrohligida tuman markazidagi “Xo‘ja Ziyovuddin” jome masjidi hududida og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, bemor va nogironligi bor oilalar xonadonlariga tashrif buyurdi. Ushbu tashriflar doirasida:

  • Xonadon egalariga oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.
  • Vaqf xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali tomonidan 7 ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Har bir xonadonda samimiy muloqot o‘rnatilib, ezgu duolar qilindi. Ota-onalarning minnatdorliklari barcha ishtirokchilar qalbiga iliqlik bag‘ishladi.

Viloyat ishchi guruhi Paxtachi tumanidagi 12 ta masjidda Peshin namozini ado etib, jamoatga quyidagi yo‘nalishlarda ta’sirli ma’ruzalar qildi:

  • “Qo‘shnichilik munosabatlari va ularning odoblari”
  • “Oila – muqaddas ”
  • “Axborot olish va tarqatishda mas’uliyat”
  • “Tinchlik va osoyishtalikning beqiyos qadri”
  • “Farzand tarbiyasi – buyuk burch va mas’uliyat”
  • “Yoshlar – kelajak timsoli va umid sutuni”
  • “Berilgan ne’matlarga shukrona qilish fazilati”
  • “Oilaviy totuvlik va birdamlikni asrash”
  • “Chetdan kirib kelayotgan yot g‘oyalarga aldanmaslik”

Shuningdek, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Nursultonxon domla Abdumannonov “Xo‘ja Ziyovuddin” jome masjidida “Salomatlik va osoyishtalik – eng katta boylik” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy quvvatga to‘la ma’ruza qildi.

Yig‘ilish yakunida Paxtachi tumanidagi 16 mahallaning ijtimoiy ahvoli, aholining ehtiyojlari va muammolari tahlil qilindi. Masjid hujjat yuritishi, obodonchilik ishlari va jamoat bilan muloqot samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilandi.

Rahbarlar tomonidan aholi bilan yaqin hamkorlik qilish, diniy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va xayr-saxovat ishlarini yanada kengaytirish yuzasidan qat’iy ko‘rsatmalar berildi.

Tadbir so‘ngida barcha ishtirokchilar yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi va yurtboshimiz olib borayotgan xayrli ishlariga zafarlar tilab, birgalikda xayrli duo qildilar.

Bu sayyor yig‘ilish Paxtachi ahli uchun nafaqat amaliy yordam, balki ma’naviy ko‘tarinkilik, birdamlik va kelajakka ishonch ruhini uyg‘otgan yodda qolarli kun bo‘ldi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakillgi Matbuot xizmati

Yangiliklar