Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Dekabr, 2024   |   21 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
22 Dekabr, 2024, 21 Jumadul soni, 1446

Tasavvuf haqida tasavvur: SO‘Z BOSHI

22.03.2020   4212   13 min.
Tasavvuf haqida tasavvur: SO‘Z BOSHI

SO‘Z BOSHI

Tariqatlar;

Tasavvufda tanazzul

 

BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM

Alloh taologa O‘ziga xos va mos hamdu sanolar bo‘lsin!

Nabiy sollallohu alayhi vasallamga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin!

Ul zotning oli baytlari va as'hoblariga ham salavot va durudlar bo‘lsin!

Ammo ba’d:

Aziz o‘quvchilar! Siz muhtaram ila o‘ziga xos ajoyib bir mavzuda suhbat boshlamoqdamiz. Bu mavzu ayniqsa siz bilan biz istiqomat qiladigan mintaqa farzandlari uchun o‘ziga xos xususiyat kasb etgandir. Chunki siz bilan biz falakning gardishi irodamizga qarshi aylanishi tufayli dinimizdan uzoqlashishimiz jarayonida ushbu mavzudan ham butunlay uzoqlashib ketganmiz. Ko‘pchiligimiz bu haqda eng oddiy tasavvurga ham ega emasmiz. Ba’zi bir ma’lumotga ega bo‘lganlarimiz esa qoniqarli darajada bilim hosil qilmaganmiz.

Bu mavzu tasavvufdir. Hozirda u haqda turli gap-so‘zlar ko‘payib ketdi. Ularning qay biri to‘g‘ri, qay biri noto‘g‘ri ekanini ajratib olishning o‘zi ham qiyin. Shuning uchun barchani birdek qoniqtiradigan ma’lumotlarga ehtiyojimiz kuchli. Ammo avval o‘zimiz o‘rganmoqchi bo‘lgan mavzu bilan aloqamiz haqida kerakli narsalarni bir oz eslab o‘tsak, maqsadga muvofiq bo‘lar, degan umiddamiz.

 

TARIQATLAR

Zamoni saodatda va undan keyingi dastlabki vaqtlarda aqoid, fiqh va boshqa islomiy ilmlar qatori tasavvuf ham alohida ajrab chiqqan emasdi. O‘sha davrdagi musulmonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlik chog‘larida barcha narsada u zotning o‘zlariga ergashar edilar.

Keyinchalik esa sahobalar o‘zlari Qur’on va sunnatdan kerakli hukm va xulosalarni chiqarib olib, amal qilib yurdilar. O‘sha paytda ruhiy kamolotga, zikr va zohidlikka moyil zotlar turli oyat va hadislardan o‘zlari uchun dalil topib, mazkur ishlarni o‘z hayotlariga tatbiq qildilar.

Bu borada sahobai kiromlar ichida to‘rt roshid xalifa, Abu Zarr G‘iforiy, Abdulloh ibn Amr, Abu Dardo, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Umar, Salmon Forsiy, as'hobi suffa roziyallohu anhum va boshqalar ko‘zga ko‘ringan edilar.

Tobe’inlar avlodi esa boshqa barcha ilmlar qatori, ruhiy tarbiya va nafsni jilovlash ilmini ham sahobalardan qabul qilib oldilar.

Ular orasidan tasavvuf yo‘nalishini belgilashda va uning ilm sifatida shakllanishida o‘zlarining katta hissalarini qo‘shgan zotlar yetishib chiqdilar. Bulardan Uvays Qaraniy, Hasan Basriy, Sa’id ibn Musayyab, Ja’far Sodiq va boshqalarni barcha e’tirof etib, zikr qiladilar. Ularning tutgan tasavvufi eng to‘g‘ri tasavvuf ekaniga hech kim xilof qila olmagan.

Tasavvuf va mutasavviflar tarixini o‘rgangan olimlardan Abu Nu’aym o‘zining «Hulyatul avliyo» kitobida tasavvuf ila mashhur bo‘lgan tobe’inlardan ikki yuz kishining tarjimayi holini keltirgan.

Taba’a tobe’inlar avlodida Fuzayl ibn Iyoz va Ibrohim ibn Adham boshliq ko‘plab so‘fiylar yetishib chiqdilar.

Asta-sekin ruhiy tarbiya ustozlari ham yetishib chiqa boshladi. Ularning atrofida shogirdlari va o‘z jamoalari ham paydo bo‘la boshladi. Bora-bora ular boshqalardan ajralib turadigan o‘z belgilariga ham ega bo‘ldilar.

Keyinchalik bir ustozning ruhiy tarbiyasini olib, o‘sha tarbiyani hayotiga tatbiq qilib yurgan jamoa a’zolarining tutgan yo‘lini «tariqat» deb nomlash odat tusiga kirdi. Zotan, «tariqat» arabcha «toriyq» – «yo‘l» so‘zidan olingan bo‘lib, ham moddiy, ham ma’naviy yo‘lni ifoda etishga ishlatilaveradi.

Har bir tariqatning ustozi o‘z shogirdlari tomonidan «shayx» deya e’tirof qilindi.

Har bir shayx o‘z tariqatining Qur’on va Sunnatga muvofiq ekanini, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlaridan olinganini isbotlashi kerak edi. Buning uchun har bir shayx o‘z ustozining va ustozining ustozining ruxsatlarini isbotlab, silsilani Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgacha yetkazar edi.

Bu ma’noda ahli tasavvufning silsilasi xuddi muhaddislarning sanadiga va faqihlarning mazhabiga o‘xshab ketardi.

Agar tasavvuf tariqatlari tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, ulardan hozirgacha mashhur bo‘lib kelayotganlari fiqhiy mazhablarga o‘xshab, hijriy ikkinchi asrda emas, balki ancha keyin shuhrat topganlarini ko‘ramiz.

Albatta, har bir tariqatning asli Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga borib taqaladi. Shu sababli uning tomirlari uzun hisoblanadi. Ammo ma’lum shayx nomi ila mashhur bo‘lgan katta tariqatlarning aksari hijriy beshinchi va oltinchi asrlarga to‘g‘ri keladi.

Bundan esa aynan o‘sha asrlarda tasavvuf o‘z ravnaqining cho‘qqisiga chiqqanini bilib olsak ham bo‘ladi. Keling, tasavvur va ma’lumot uchun ba’zi mashhur tariqatlarni qisqacha zikr qilib o‘taylik:

  1. Rifo’iya tariqati.

Bu tariqat o‘z asoschisi Ahmad ibn Ali ibn Ahmad Rifo’iy rahmatullohi alayhining nomi bilan atalgan. U kishi Iroqda, Basra bilan Vosit orasidagi Ummu Ubayda qishlog‘ida hijriy 512 sanada tavallud topganlar. Yoshliklarida otalaridan ajrab, yetim qolganlar va tog‘alarining tarbiyasini olganlar. Avval Shofe’iy mazhabi bo‘yicha fiqhni o‘rganganlar. Keyin tog‘alaridan tasavvuf bo‘yicha ta’lim olganlar va u kishining o‘rniga tariqat shayxi bo‘lganlar. Ahmad ibn Ali ibn Ahmad Rifo’iy rahmatullohi alayhi hijriy 578 sanada vafot topganlar.

  1. Shoziliya tariqati.

Bu tariqat Abul Hasan Shoziliy rahmatullohi alayhiga nisbat berilgandir. U kishi hijriy 593 sanada tug‘ilib, hijriy 656 sanada vafot topganlar. Abul Hasan Shoziliy rahmatullohi alayhi olim, obid, zohid va mashhur so‘fiylardan bo‘lganlar. U kishi Tunis, Misr, Iroq va Makka tomonlarga ko‘p marotaba safarlar qilganlar. Qohiraning Komiliya madrasasida qozi Iyozning «Shifo» kitobini, «Risolai Qushayriya»ni, «Al-Muharrar al-Vajiyz»ni talabalarga o‘qitganlar. U kishi uzlatni va mahrumlik hayotini o‘zlariga ep ko‘rmaganlar. Odamlarga aralashib, dunyo ne’matlaridan bahramand bo‘lib yashaganlar.

  1. Qodiriya tariqati.

Bu tariqat o‘z muassisi Abu Muhammad Muhyiddin Abdul Qodir Jiyloniy rahmatullohi alayhining nomlari bilan atalgan. Abdul Qodir Jiyloniy rahmatullohi alayhi hijriy 470 sanada Bag‘dodda tavallud topganlar va hijriy 562 sanada o‘sha yerda vafot etganlar. U kishi mashhur faqih bo‘lib, ham shofe’iy, ham hanbaliy mazhabi ila fatvo berar edilar.

  1. Mavlaviya tariqati.

Mavlono Jaloluddin Rumiy rahmatullohi alayhiga nisbat berilgan bu tariqat Onado‘lida keng tarqalgan edi. Mavlono Jaloluddin Rumiy rahmatullohi alayhi hijriy 604 sanada tavallud topganlar. U kishining nasablari ota tarafdan Abu Bakr Siddiqqa, ona tarafdan Movarounnahrda hukm surgan xorazmshohlar sulolasiga borib taqaladi. U kishi ko‘plab safarlardan keyin Sulton Alouddin Saljuqiyning poytaxti Qo‘niya shahrida uzoq vaqt yashab, o‘sha yerda vafot etib, dafn qilinganlar. U kishi shar’iy ilmlarni ko‘zga ko‘ringan hanafiy faqih bo‘lgan o‘z otalaridan olganlar. Mavlono Jaloluddin Rumiy rahmatullohi alayhi o‘z umrlarining birinchi davrida mudarris, voiz va faqih bo‘lganlar. Keyin esa so‘fiylik, shoirlik va hakimlik bilan shuhrat qozonganlar.

  1. Yassaviya tariqati.

Bu tariqat ulug‘ mutasavvif Xoja Ahmad Yassaviy rahmatullohi alayhining nomlari bilan atalgandir. U kishi hijriy 562 sanada vafot etganlar. Xoja Ahmad Yassaviy rahmatullohi alayhi shayx Yusuf Hamadoniyning xalifalaridan bo‘lganlar. U kishi Buxoroda tahsil olganlar. Yassaviylik tariqati silsila jihatidan naqshbandlikka aloqadordir. Bu tariqatda zikr jahriy bo‘ladi.

  1. Naqshbandiya tariqati.

Bu tariqat Shoh Naqshband ismi bilan mashhur bo‘lgan Muhammad ibn Muhammad Bahouddin Buxoriy rahmatullohi alayhiga nisbat beriladi. U kishi hijriy 717 sanada Buxoro yaqinidagi Qasri Orifon qishlog‘ida dunyoga kelganlar. O‘n sakkiz yoshlarida uylanganlar. Shayx Sammosiy va Amir Kulol rahmatullohi alayhimodan ruhiy tarbiya olganlar. Shu bilan birga, shariat ulamolari va olimlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari xususida olib boriladigan suhbatlarida doimiy ravishda ishtirok etar edilar. U kishi ikki marta haj ziyoratini ado etganlar va Fors hamda uning atrofidagi ko‘plab Islom yurtlariga safarlar qilganlar. Shoh Naqshband rahmatullohi alayhi hijriy 791 sana rabi’ul avval oyining uchinchi kuni, dushanbaga o‘tar kechasi vafot etganlar.

Hazrati Bahouddin rahmatullohi alayhi butun umr bo‘yi o‘z muridlarini sunnati Muhammadiya yo‘lida tarbiyalab o‘tdilar. U kishining qo‘llarida o‘n minglab muridlar kamol topdi. Shoh Naqshband rahmatullohi alayhining tariqatlari hozirgi kunda ham dunyoning ko‘plab yurtlarida keng tarqalgandir.

Shayx Abdulloh Dehlaviy Naqshbandiya tariqati haqida quyidagilarni yozadi:

«Bu tariqat Haq taoloning huzurida doimiy hozirlikdir, Islom aqiydasini, Ahli sunna val jamoa aqiydasini mustahkamlashdir va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishdir».

Ulamolar Muhammad Murod O‘zbakiyning Naqshbandiya tariqati haqida aytgan quyidagi gaplarini rivoyat qiladilar:

«U sahobai kiromlarning asl holicha, ziyoda ham, nuqson ham bo‘lmay qolgan tariqatidir. U botinda ham, zohirda ham barcha harakat va sakanotlarda sunnatga va aziymatga komili iltizom qilgan, bid’at va ruxsatdan batamom chetda bo‘lgan holda ibodatda bardavom bo‘lishdan iboratdir».

Shayx Amin Alouddin Naqshbandiy o‘zining «Naqshbandiya tariqati nedir?» nomli kitobida quyidagilarni yozadi:

«Muhaqqiq ulamolar Naqshbandiya tariqati haqida quyidagilarni ta’kidlaydilar:

Naqshbandiya tasavvufi o‘rtacha va mo‘tadildir. U sulukdagi mo‘tadillik, shariatga ergashish, tariqatning osonligi bilan ajralib turadi. U xususan, din ulamolari ichida keng tarqalgan. Naqshbandiy so‘fiyning qalbi Alloh bilan, jismi banda bilan.

Bu tariqatdagi e’tiborni o‘ziga tortadigan eng muhim narsa – sokinlik, ya’ni uning riyodan xoli bo‘lmaydigan baqiriq-chaqiriq, tarannum va tinglashlardan uzoqdaligidir.

Naqshbandiya tariqatidagi zokir namozdan keyin pok holida, qiblaga qarab o‘tirib olib, tilini tanglayiga tekkizib, qalbi til harakati ila birlashib, Allohni zikr qiladi».

 

TASAVVUFDA TANAZZUL

Ming afsuslar bo‘lsinkim, hijriy yettinchi asrdan keyin barcha islomiy bilimlar boshiga tushgan tanazzul tasavvufni ham chetlab o‘tmadi. Zamon o‘tishi bilan tasavvufning surati buzilib, Islom ta’limotlaridan, shariat ahkomlaridan uzoqlasha bordi.

Bu achinarli holning asosiy sababi ta’lim-tarbiyaning zaiflashib, savodsizlikning ommalashgani edi. Oqibatda ba’zi tanballar tasavvufni daromad manbaiga aylantirib olishdi. O‘sha paytlarda ilm, taqvo, amalning o‘rnini soxta karomatlar egalladi. Shayxlar ruhiy tarbiya ustozlariga emas, hojatlarni chiqarish va raddi balo bilan mashg‘ul bo‘ladigan azayimxonlarga aylandilar.

Buning ustiga, savodsiz johillar tasavvuf haqida, uning ahli haqida turli bo‘lmag‘ur gaplar bilan dunyoni to‘ldirib tashladilar. Bu gaplar havodan olinmagani, asossiz emasligini isbotlash uchun ko‘zga ko‘ringan ahli tasavvufning so‘zlaridan iqtiboslar keltirishga ijozat bergaysiz.

Islom olamining mag‘ribida shuhrati yetti iqlimga taralgan shayx Ahmad Zarruq o‘zlarining «Qovaidut-tasavvuf» kitoblarida quyidagilarni yozadilar:

«Hozirgi vaqtda ko‘p odamlarning holi bundaydir: ular ilmi raqoiq va haqoiqni o‘z ishlari uchun, avomning qalbini rom qilish uchun, zolimlarning molini olish uchun, miskinlarni xor qilish uchun va ochiq-oydin haromlarga hamda zohir bid’atlarga erishish uchun narvon qilib olganlar.

Hattoki ularning ba’zilari millatdan chiqqanlar. Ba’zi johillar ularning bu da’vosini meros va mutaxassislik sifatida qabul qilganlar».

Shayx Dirdir o‘zlarining «Sharhul Xariyda» nomli kitoblarida quyidagilarni yozadilar:

«Gohida ular o‘zlarini shayx qilib oladilar. Uning odamlari esa unga shayxligini shirk qilib, foniy dunyoning axlatlarini to‘plab yuradilar. Ular uni bir narsaga yaraydi deb o‘ylaydilar. Ana o‘shalar kazzoblardir. Agar birov sadaqa qilsa yoki ikrom ko‘rsatsa, o‘shani odat va ibrat qilib olish ularning joni-dilidir. Ular o‘zlarini odamlarga arbobi hol qilib ko‘rsatishga, Alloh ularning gapini tasdiqlashini uqtirishga urinadilar.

Yo‘q! Bu ahlullohning yo‘li emas! Ular bu zamonda juda ham ko‘payib ketishdi. Har bir yurtda yer yuzini to‘ldirishdi. Ularning sharridan Allohning O‘zidan panoh tilaymiz».

Shayx Abdul Vahhob Sha’roniy o‘zlarining «Al-anvorul qudsiya» nomli kitoblarida yozadilar:

«Ahmadiya tariqati shayxlari ayollardan ahd oladilar. Shariat ta’limotlariga zid bo‘lishiga qaramay, eri yo‘q paytida ayollar bilan xoli qoladilar.

Ular ovqatlanish, kiyinish, gapirish va amal qilishda Allohning chegarasiga tajovuz qiladilar va «Alloh taolo buni men uchun yaratgan», deydilar».

Mazkur soxta shayxlarning kirdikorlaridan kuygan shayx Muhammad Tonjiy quyidagilarni aytadi:

«Shayx Vuhaysh bizning mahallamizdagi «Xoni banotil xato» nomli joyda turar edi. U har bir chiqayotgan odamga: «To‘xta, chiqishingdan oldin men Allohning oldida sening uchun shafoat qilay», der edi. Shunday deb, u ba’zi kishilarni ikki-uch kun ham ushlab turar edi. «Mening shafoatim qabul bo‘lguncha chiqish mumkin emas», der edi».

Ushbu gaplar aytilgandan keyin ham tasavvufning tanazzuli davom etdi.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

Yangilanish;

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Videolar

“JUMADAN JUMAGACHA” (20.12.2024)

22.12.2024   4614   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati