Samarqand shahridagi “Xo‘ja abdu Darun” jome masjidi yangi binosiga birinchi g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda ustoz Mahmudjon domla Ibodullayev nuroniy otaxonlar bilan birga masjid poydevoriga ilk g‘ishtni qo‘yib berdilar.
Shundan so‘ng yig‘ilganlar Alloh taolodan masjid qurilish ishlari tezda yakunlanishini, uzoq yillar mo‘min-musulmonlarga xizmat qilishini, masjid qurulishiga hissa qo‘shayotgan sahovatpesha insonlar, usta va mutaxassislar, hasharchilar olayotgan ajru savoblarni yanada ko‘paytirib berishini so‘rab duo qilishdi.
Ma’lumot uchun, ushbu masjidning eski binosi yangitdan hashar, xayriya yo‘li bilan bino bo‘lmoqda. Masjid zamonaviy va milliy me’morchiligimiz an’analari uyg‘unlashgan holda qad rostlaydi. Hozir masjidning asos qismida ishlar olib borilmoqda. Hozirda yuz kishiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan tahoratxona, xizmat xonalari va kutubxona binosining qurilishi yakunlanib, ularda pardozlash, jihozlar o‘rantish ishlari olib borilmoqda. Yaqinda tahoratxona foydalanishga topshiriladi. Unda ayollar uchun alohida tahoratxona o‘rin olgan.
Darhaqiqat, masjid qurish yoki unga hissa qo‘shish savobi ulug‘ amallardan. Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta, Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar, namozni to‘kis ado etganlar, zakotni berganlar va Allohdan boshqadan qo‘rqmaganlargina obod qilurlar. Ajab emaski, ana o‘shalar hidoyat topguvchilardan bo‘lsalar” (Tavba surasi, 18-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deydilar: “Kim Alloh yo‘lida masjid uchun bitta g‘isht qo‘ysa, Alloh u uchun jannatda bitta qasr barpo qiladi”, deganlar.
Bu dunyoda qilgan har bir savob amalimiz oxiratimiz uchun zamindir. Allohga suyukli makonlarni obod qilishganlarga esa jannatda qasr bino etiladi, inshoalloh.




O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi.
Bellashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada oshirishdan iborat.
Musobaqada shahar va tumanlardan jamlangan jamoalar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, milliy qadriyatlar va mamlakatimiz qonunchiligiga oid savollar bo‘yicha o‘z bilim va tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — “Tafakkur” jamoasi
2-o‘rin — “Ittifoq” jamoasi
3-o‘rin — “Hikmat” jamoasi
G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati