Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

E’tiqod durdonalari: AQOID MASALALARINI O‘RGANISH ZARURLIGI E’TIBORIDAN TAQSIMOTI

21.03.2020   4093   21 min.
E’tiqod  durdonalari: AQOID MASALALARINI O‘RGANISH ZARURLIGI  E’TIBORIDAN TAQSIMOTI

Aqoid masalalarini o‘rganish zarurligi jihatidan uch qismga ajratish mumkin:

  1. Zaruriy aqoid; Islom aqoidining asoslari bo‘lgan Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshisi ham, yomoni ham Allohdan ekaniga va o‘lgandan so‘ng qayta tirilishga iymon keltirishni dinda ko‘rsatilganidek o‘rganish har bir aqli raso, balog‘atga yetgan musulmonga farzi ayn bo‘ladi.
  2. To‘ldiruvchi aqoid; farzi ayn bo‘lgan zaruriy aqoidlarning naqliy va aqliy tafsilotlarini o‘rganish farzi kifoya bo‘ladi.
  3. Qo‘shimcha aqoid. Bilib qo‘yish foydadan xoli bo‘lmaydigan, lekin bilmaslik ayb ham bo‘lmaydigan aqidaviy masalalarni o‘rganish muboh bo‘ladi. Masalan faylasuflar yoki mo‘taziliylarning ba’zi aqliy da’volari haqidagi bahslarni o‘rganish.

So‘fi Ollohyor[1] bobomiz aqoid ilmini o‘rganish zarurligini bayon qilib shunday yozgan:

Aqida bilmagan shaytona eldir,

Agar ming yil amal deb qilsa yeldir.

Ushbu so‘zlaridan har bir aqli raso, balog‘atga yetgan musulmon o‘rganishi farz bo‘lgan zaruriy aqoidlar ko‘zda tutilgan. 

 

 

Aqoid masalalarining bayon etilishi
e’tiboridan taqsimoti

Aqoid masalalari bayon etilishi jihatidan quyidagi to‘rt qismga bo‘linadi:

  1. Ilohiyot; bu qismda Alloh taoloning borligi, bu haqdagi aqliy va naqliy dalillar, Alloh taoloning sifatlari, nuqsonlardan mutloq xoli ekani, qazo va qadar, jannatda Alloh taoloni ko‘rish kabi masalalar haqida bahs yuritiladi.
  2. Nubuvvat; bu qismda nubuvvat va risolat ma’nolari, vahiy tushunchasi, payg‘ambarlar, ularning sifatlari, mo‘jizalari va hokazo ularga tegishli masalalar to‘g‘risida bahs qilinadi.
  3. Kavniyot; bu qismda insonlar, farishtalar, jinlar, borliqdagi sababiyat qonunlari va hokazo borliqdagi barcha mavjud narsalar to‘g‘risida bahs qilinadi.
  4. G‘aybiyot. Bu qismda juda ko‘plab haqiqatlar to‘g‘risida bahs qilinadi. Ularni umumiy qilib uch qismga ajratish mumkin:

a) o‘limga taalluqli bo‘lgan bahslar;

b) qiyomat alomatlari to‘g‘risidagi bahslar;

v) qiyomat kuni va u kunda ro‘y beradigan voqealar to‘g‘risidagi bahslar.

 

Aqoid ilmidagi mashhur matnlar va
ularning xususiyatlari

Aqoid ilmi bo‘yicha turli davrlarda o‘sha davr talabidan kelib chiqqan holda ko‘plab asarlar ta’lif etilgan. Yurtimizda keng tarqalgan va ota-bobolarimiz sevib o‘qib, undagi masalalarga e’tiqod qilib kelishgan eng mashhur aqoid matnlari asosan, quyidagi asarlar hisoblanadi:

  1. “Fiqhul akbar”;
  2. “Aqidatut Tahoviy”;
  3. “Aqoidun Nasafiy”;
  4. “Bad’ul amoliy”.

 

“Fiqhul akbar”

“Fiqhul akbar” asari mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayhning qalamiga mansub bo‘lib, aqoid ilmiga bag‘ishlab yozilgan dastlabki asar hisoblanadi. Asarda aqli raso, balog‘atga yetgan musulmon e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan masalalar qisqa va lo‘nda bayon etilgan. Bu matn sahobalar asriga eng yaqin davrda yozilgani uchun ham, aqliy dalillarga kirishilmagan. Chunki bunga ortiqcha ehtiyoj bo‘lmagan. “Fiqhul akbar” asariga turli asrlarda ko‘plab sharhlar yozilgan:

– Mulla Ali Qori “Minahu rovzil azhar sharhu fiqhil akbar”;

– Muhyiddin Muhammad ibn Bahouddin “Qavlul fasl”;

– Abul Muntaho “Sharhu fiqhil akbar”;

– Abdulkarim Tatton “Sharhu fiqhil akbar”;

– Imom Moturidiy yoki Abu Lays Samarqandiy “Sharhu fiqhil akbar”. Ushbu sharhning aynan Abu Mansur Moturidiyga yoki u zotning mashhur shogirdlaridan biri Abu Lays Samarqandiyga tegishli ekani haqida ixtilof bor. 

“Fiqhul akbar” matni moturidiya mazhabidagi e’tiqodiy qarashlarning asosi hisoblanadi.

 

“Aqidatut Tahoviya”

“Aqidatut Tahoviya” asari hanafiya mazhabidagi mashhur ulamolardan biri Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama ibn Abdulmalik Tahoviy[2] rahmatullohi alayhning qalamiga mansub asar hisoblanadi. Ulug‘ muhaddis olim, hanafiya mazhabining faqihlaridan biri bo‘lgan Tahoviy rahmatullohi alayh bu asarini aqoid ilmiga falsafiy qarashlar aralashib turli chigalliklar paydo bo‘lgan davrda yozgan. Muallif bu asarni yozishda ommaga falsafiy qarashlar aralashmagan Ahli sunna val-jamoaning sof aqidasini  bayon qilib berishni maqsad qilgan.

Muallif ushbu matnni “Aqida” deb nomlagan. Keyinchalik “Tahoviy” nisbati qo‘shilgan va “Aqidatut Tahoviy” nomi bilan mashhur bo‘lgan.

Imom Tahoviy ham, imom Moturidiy ham bir davrda yashab o‘tishgan. Hatto tug‘ilgan sanalari ham tahqiqlarga ko‘ra bir yo ikki yil farq bo‘lmasa, deyarli bir yilda (Tahoviy 239, Moturidiy 240 hijriy yillar atrofida) tug‘ilgan. Ammo bir-birlaridan juda uzoqda Imom Tahoviy Misrda, Imom Moturidiy Movarounnahrda hanafiya mazhabining taraqqiy etishiga xizmat qilgan.  

“Aqidatut Tahoviy” asari boshqa matnlardan unga eng ko‘p sharh yozilgani bilan ajralib turadi. Bu asarga yozilgan mashhur sharhlarning ayrimlari quyidagilardir:

– Muhammad ibn Alouddin Ali ibn Muhammad ibn Abul Iz Hanafiy Damashqiy “Sharhu aqidatit Tahoviy”;

– Abu Hafs Sirojiddin Umar ibn Is'hoq G‘aznaviy Hindiy “Sharhu aqidati Imom Tahoviy”. Ushbu sharh moturidiya mazhabiga ko‘ra yozilgan eng yaxshi sharhlardan biri hisoblanadi;

– Muhammad Anvar Badaxshoniy “Talxiysu sharhi aqidatit Tahoviy”. Ushbu kitob Ibn Abul Iz Hanafiy yozgan sharhdan qisqartirib olingan bo‘lib, muallif unga ba’zi zarur deb hisoblagan ma’lumotlarni ham qo‘shgan. Bu kitobni ustoz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayh o‘zbek tiliga tarjima qilgan va 2014 yilda nashr ettirgan.  

 

“Aqoidun Nasafiy”

“Aqoidun Nasafiy” matni mashhur vatandoshimiz Umar Nasafiy rahmatullohi alayhning qalamiga mansub bo‘lib, moturidiya mazhabidagi eng mashhur matnlardan biri hisoblanadi. Bu matnning boshqa matnlardan ajralib turadigan xususiyati boshqa matnlar dastlab Alloh taoloning birligi va Uning sifatlari haqidagi bahslar bilan boshlangan bo‘lsa, bu matn dastlab bandalarning ma’lumot olish vositalari, olamning yo‘qdan bor qilingani haqidagi aqliy dalillar va bu aqliy dalillar Yaratuvchi bor ekanini taqozo qilishi haqidagi bahslar bilan boshlangan.

“Aqoidun Nasafiy” matniga Alloma Taftazoniy yozgan “Sharhu aqoid” asari moturidiya mazhabidagi eng mashhur va mo‘tabar asarlardan biri hisoblanadi. Iboralarining qiyinligi bilan ham “mashhur” bo‘lgan bu asarga yigirmadan ortiq sharhlar va hoshiyalar bitilgan bo‘lib, ularning ayrimlari quyidagilardir:

– Alloma Abdulaziz Farhoriy “Nibros ala sharhi aqoid” (Sharhi aqoid ma’nolarini yorituvchi mash’ala). Ushbu sharh “Sharhu aqoid”ning eng yaxshi sharhlaridan biri hisoblanadi;

– Ramazon ibn Muhammad “Hoshiyatu Ramazon afandi ala sharhi aqoid” (Sharhu aqoidga Ramazon hazratning hoshiyasi);

– Ahmad ibn Muso Xayoliy[3] “Hoshiyatu Xayoliy ala sharhi aqoid” (Sharhu aqoidga Xayoliyning hoshiyasi);

– Alloma Muhammad ibn Abusharif Qudsiy[4] “Faroid fi halli sharhi aqoid” (Sharhu aqoid ma’nolarini ochishdagi bebaho marvaridlar).

Jaloliddin Suyutiy[5] va Mulla Ali Qorilar “Sharhu aqoid” asarida keltirilgan hadislarni “taxriyj” (sanadlarini aniqlab chiqish) qilganlar.       

 

“Bad’ul amoliy”

O‘qiyotgan ushbu kitobimiz “Bad’ul amoliy” matniga yozilgan sharh bo‘lganidan bu matn haqida batafsil to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq bo‘ladi.  

 “Bad’ul amoliy” asari muxtasar va lo‘ndaligiga qaramay keng qamrovliligi bilan boshqa asarlardan ajralib turadi. Bu asarning alohida xususiyatlaridan biri undan Ahli sunna val-jamoaning e’tiqodiy qarashlarini o‘rganish va doimo yodda saqlashning qulay ekanidir. Asar xuddi shu maqsadni ko‘zlab nazmiy uslubda yozilgan.

 

“Bad’ul amoliy” muallifining tarjimayi holi:

“Bad’ul amoliy” asari muallifi Sirojiddin O‘shiy rahmatullohi alayh moturidiya mazhabidagi mashhur ulamolardan hisoblanadi. Manbalarda Farg‘oniy, Hanafiy, Moturidiy deya e’tirof etilgan ushbu zotning ismi sharifi Sirojiddin Ali ibn Usmon O‘shiy bo‘lib, o‘sha vaqtlarda Farg‘ona o‘lkasiga qarashli bo‘lgan O‘sh shahrida hijriy besh yuzinchi yillar atrofida tug‘ilgan. Tug‘ilgan yili aniq emas. O‘shiy  rahmatullohi alayh ko‘plab ilmlar bo‘yicha peshqadam olim bo‘lib, bu zotning asarlarida nazmiy uslub alohida o‘rin tutgan. Manbalarda shayx, imom, qozi kabi unvonlari aytilgan. Ilm darajalarining yuqori bo‘lgani yozgan asarlaridan ham bilinib turadi. Bu zotning turli mavzularga oid ko‘plab asarlari bo‘lgan:

  1. “Fatavoi Sirojiya” (Sirojiddinning fatvolari). Bu asar ko‘plab fiqhiy mushkul masalalarning yechimiga bag‘ishlangan hanafiya mazhabiga oid muhim kitob hisoblanadi;
  2. “G‘urorul axbar va durorul ash’ar” (tanlangan xabarlar va durdona she’rlar). Bu asarda asosan Allohning azobidan qo‘rqitish va rahmatidan umidvor qilish ma’nosidagi turli mavzularga oid mingta hadis jamlangan. Bu asardagi hadislar “Sahihul Buxoriy”, “Jomeut Termiziy” va “Firdavsul axbor” kabi kitoblardan terib olingan;
  3. “Nisobul axbar litazkirotil axyor fi ahadisi Nabiiyil muxtor” (“Ixtiyor qilingan Payg‘ambarning hadislari to‘g‘risida” yaxshi kishilarga bildirish yo‘lidagi xabarlarning asosi). Bu kitob “G‘urorul axbar va durorul ash’ar” kitobining muxtasari, ya’ni, undan qisqartirib olingan kitob hisoblanadi;
  4. “Savoqibul axbar” (o‘tkir xabarlar);
  5. “Muxtalafur rivaya” (rivoyatlarning turlari). Bu kitob Abu Hafs Umar Nasafiyning “Manzumatul xilofiyot” (Munozaralar haqidagi manzuma) asari sharhi bo‘lib, o‘nta bobga ajratilgan. Birinchi bobda Imomi A’zamning qavli, ikkinchi bobda imom Abu Yusufning qavli, uchinchi bobda imom Muhammadning qavli, to‘rtinchi bobda imom A’zam va imom Abu Yusuflarning qavli, beshinchi bobda imom A’zam va imom Muhammadlarning qavli, oltinchi bobda imom Abu Yusuf va imom Muhammadlarning qavli, yettinchi bobda barchalarining qavli, sakkizinchi bobda imom Zufarning qavli, to‘qqizinchi bobda imom Shofi’iyning qavli va o‘ninchi bobda imom Molikning qavli jamlangan.

Ulamolar bu asarning baytlari ikki ming olti yuz oltmish to‘qqizta, deganlar.

  1. “Bad’ul amoliy” (qalbdan yozishlar muqaddimasi). Ushbu asar “Yaqulul abdu” va “Qasidatul lomiya” nomlari bilan ham mashhur bo‘lgan. “Yaqulul abdu” nomi asarning birinchi bayti tufayli tarqalgan bo‘lsa, misralari lom harfi bilan tugallanib yozilgani uchun “Qasidatul lomiya”, ya’ni “Lomlik qasida” deb ham nomlangan. Asar qisqa bo‘lishiga qaramasdan, undagi e’tiqodiy masalalar moturidiya mazhabiga ko‘ra lo‘nda tarzda bayon etilgan, keng qamrovli asar hisoblanadi. “Bad’ul amoliy” asari hijriy 569 yilda yozib tugallangan.

O‘shiy rahmatullohi alayhning qachon vafot etgani haqida ikki xil mashhur qarash mavjud:

  1. Hijriy 569 yilda;
  2. Hijriy 575 yilda.

Aksar ulamolar O‘shiy rahmatullohi alayhni hijriy 575 yilda vabo kasaliga chalinib vafot etgan, deyishgan.  

 

“Bad’ul amoliy” asarining turli nusxalari
va ularning sharhlari

“Bad’ul amoliy” asarining turli nusxalari orasida kam bo‘lsa-da ba’zi farqlar mavjud. Mulla Ali Qorining “Zov’ul maoliy” sharhida ham, “Tuhfatul aoliy”da ham, Humaydiyning “Amoliy tarjimasi” asarida ham bir xil 68 ta bayt keltirilgan. Abu Bakr Ahmad Roziyning sharhida esa 60 ta bayt keltirilgan. Asarning asosiy ma’lumotlari 60 ta baytda bayon qilingan bo‘lib, qolganlarida o‘quvchilarga nasihatlar va duolar o‘rin olgan. Ushbu asarni tahqiq qilgan ba’zi ulamolar uning baytlari yetmish uchta ekanini aytganlar. Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti kutubxonasida saqlanayotgan noyob qo‘lyozma nusxa ham ushbu asarning baytlari aslida yetmish uchta bo‘lganini tasdiqlaydi. Ushbu qo‘lyozma nusxada “Bad’ul amoliy” asarining yuqorida zikr qilingan asarlarda yo‘q bo‘lgan oltita matn keltirilgan. Bu matnlar kirish qismiga taalluqli bo‘lib, asosan hamdu sanolarni o‘z ichiga olgan:

إِلَهٌ مَالِكٌ مَوْلَى الْمَوَالِي                   لَهُ وَصْفُ التَّكَبُّرِ وَالتَّعَالِي

إِلَهٌ لَا يُنُازِعُهُ شَرِيكٌ                      وَيَخْلُقُ مَا يَشَاءُ بِلَا مِثَالِ

جَلِيلٌ جَلَّ عَنْ شَبَهٍ وَمِثْلٍ                عَزِيزٌ عَزَّ عَنْ عَمٍّ وَخَالِ

وَأَيْقِنْ أَنَّ كُلَّ الْخَلْقِ فَانٍ                           وَيَبْقَى وَجْهُ رَبِّكَ ذُو الْجَلَالِ

وَبَعْدَ الْحَمْدِ وَالتَّوْحِيدِ صَلِّ               عَلَى نُورٍ مُبِينٍ ذِي جَمَالِ

وَأَصْحَابٍ كِرَامٍ مُهْتَدِينَ                            وَأَتْبَاعٍ تَقِيٍّ قَالَ آلِ

Ushbu nusxada mazkur hamdu sano va salavotu salomlardan so‘ng boshqa       nusxalarda birinchi kelgan يَقُولُ الْعَبْدُ فِي بَدْءِ الأَمَالِي matni boshlangan. Bu oltita matnning nima uchun ko‘plab mashhur nusxalarga kirmay qolgani sababi hozircha ma’lum emas.   

“Bad’ul amoliy”ning ahli ilmlarni doimo o‘ziga jalb qilib kelgan ajoyib asar ekani unga yozilgan sharhlarning ko‘pligidan ham bilinib turadi. Sakkiz yuz yildan ortiq vaqt davomida matnlari yod olinib, ma’nolariga e’tiqod qilib kelinayotgan ushbu asarga ko‘plab sharhlar bitilgan. Turli asrlarda bitilgan sharhlarining ba’zilari quyidagilardir:      

– Xalil ibn Alo Najoriy, Yamaniy[6] “Nafisur riyoz li i’damil amroz” (“e’tiqoddagi” kasalliklarni ketkazish yo‘lidagi ko‘rkam chamanzorlar).

– Izuddin Muhammad ibn Abu Bakr ibn Jamoa[7], “Matlaul misal fi aqoidil islamiya va manbaul kamal fi masailil kalamiya fi sharhi qasidatil lomiya” (“Lomlik qasida” sharhidagi Islom aqidasining namunaviy pillapoyasi va kalom masalalaridagi barkamollik manbasi). Mulla Ali Qori “Zov’ul maoliy”da ushbu kitobdan ko‘p iqtibos keltirgan. 

– Muhammad ibn Abdulloh G‘aziy, Temirtoshiy, Hanafiy[8] “Favaidul marziya fi sharhi qasidatil lomiya” (“Lomlik qasida” sharhidagi ma’qullangan mazmunlar).

– Mulla Ali Qori “Zov’ul maoliy libad’il amaliy” (“Bad’ul amoliy”ning ulug‘vorlik yog‘dusi). Ushbu sharh “Bad’ul amoliy”ning eng mo‘tabar sharhlardan biri bo‘lib, muallifi uni “Fiqhul akbar”ning sharhini tamomlaganidan so‘ng, alohida ehtimom bilan yozgan. 

– Muhaqqiqlar guruhi “Tuhfatul aoliy” (Ulug‘lar tuhfasi). Ushbu kitob ba’zi muhaqqiq olimlar tomonidan Mulla Ali Qorining “Zov’ul maoliy” asariga hoshiya qilib bitilgan. Hijriy 1164 yilda yozilgan.  

– Husayn ibn Ibrohim ibn Hamza ibn Xolil “Laoli fi sharhi bad’il amoli” (“Bad’ul amoliy” sharhi haqida durlar).

Bulardan boshqa ham ko‘plab sharhlar yozilgan.

 

“Bad’ul amoliy”ning o‘zbek tilidagi
tarjima va sharhlari

“Bad’ul amoliy” matnining hozirgi kungacha o‘zbek tilida nashr qilingan tarjima va sharhlari quyidagi asarlardir:

  1. Shayx Abdulaziz Mansurning “Aqoid matnlari” kitobida “Bad’ul amoliy” matni so‘zma-so‘z tarjima qilingan. Ushbu kitob 2006 yilda nashr qilingan.
  2. “Bad’ul amoliy” matni Humaydiy ismli mudarris tomonidan tatar tiliga tarjima qilinib, 1908 yilda “Amoliy tarjimasi” nomi bilan Qozon shahrida chop etilgan. Bu tarjima eski o‘zbek yozuvida bitilgan.
  3. Muhammad Zohid Qutqu ibn Ibrohim Bursaviyning “Ahli sunnat val jamoat aqoidi” kitobida “Bad’ul amoliy” matni sharhlangan. Sharh Mulla Ali Qorining “Zov’ul maoliy” kitobi asosida bo‘lgan. Ushbu kitobni taniqli shoir Mirzo Kenjabek o‘zbek tiliga o‘girib, 1999 yilda chop ettirgan. Mirzo Kenjabek “Bad’ul amoliy” matnini o‘zbek tilida ham “l” harfi bilan tugallab ajoyib tarzda tarjima qilgan.
  4. Shayx Nazrullohxon eshon G‘aribiy tomonidan “Bad’ul amoliy” matni she’riy tarzda sharhlangan. Ushbu asar “Qasidai Amoliy sharhi va tavhid manzumasi” nomi bilan 2008 yilda chop etilgan.

 

“E’tiqod durdonalari” haqida

Ushbu “E’tiqod durdonalari” kitobi “Bad’ul amoliy” asariga yozilgan sharhdir. Sharhlashda har bir mo‘min kishi bilishi zarur bo‘lgan ma’lumotlarni batafsil yoritishga, ularni to‘ldiruvchi ma’lumotlarning esa xulosasini bayon qilishga harakat qilindi. Kitobga “Bad’ul amoliy”ning hijriy 1164 yilda yozilgan “Tuhfatul aoliy” asaridagi matn asos qilib olindi. E’tiqodiy masalalarni bayon qiluvchi nazmiy asarning sharhi bo‘lganidan kitobga “E’tiqod durdonalari” deb nom qo‘yildi. Qolaversa, bunday nomlashda e’tiqodiy masalalarning durdek musaffolarini jamlashga harakat qilinganiga ham ishora bor. Yozishda imkon qadar sodda uslubda bayon etish bilan birgalikda mazkur ma’lumotlar olingan manbalarni ham ko‘rsatib borishga harakat qilindi. 

“E’tiqod durdonalari” dastlab 2012 yilda nashr qilingan edi. O‘tgan yillar mobaynida o‘quvchilarning talab, istak va mulohazalaridan kelib chiqib  kitob qayta nashrga tayorlandi.  Kitobning ushbu ikkinchi nashrida o‘quvchilarga yanada foydaliroq bo‘lishi uchun matnlarning ma’nolar tarjimasi va lug‘aviy izohlari ham bayon qilindi. Ushbu nashrda ham “Tuhfatul aoliy” kitobidagi matn asos qilib olingan bo‘lsa-da, uni boshqa kitoblarda keltirilgan matnlar bilan qiyoslab chiqildi va ba’zi o‘rinlarda ayrim o‘zgartirishlar kiritildi. Ba’zi masalalarni bayon qilishda yanada tushunarliroq bo‘lishi uchun jadvallardan ham foydalanildi. Mashhur aqidaviy firqalar va ular ixtilof qilgan masalalarning asosiy sabablarini ko‘rsatib o‘tishga harakat qilindi. Ushbu kitob moturidiya mazhabidagi mashhur matnlardan birining sharhi bo‘lganidan dastlab Imom Moturidiy va moturidiya mazhabi haqida batafsil ma’lumot berish ma’qul ko‘rildi. Shuningdek dolzarb mavzularga bag‘ishlangan “Alloh taologa nisbatan mo‘minning odoblari”, “Iroda sifati haqida savol javoblar”, “Duo va sababiyat qonunlari”, “Alloh taolo makon va tarafdan xolidir” kabi ko‘plab maqolalar ham kiritildi.  

“E’tiqod durdonalari”ni yozish jarayonida uning ushbu ilmni endi o‘rganayotgan o‘quvchi tushuna oladigan darajada bo‘lishi bilan bir qatorda, bu sohaning mutaxasislari ham undan bahra oladigan darajada bo‘lishini ham doimo nazarda tutishga harakat qilindi.       

Alloh taolodan ushbu kitobni barcha o‘quvchilarga manfaatli qilishini so‘rayman. Undagi satrlarda asosiy maqsad to‘g‘ri ifodalangan bo‘lsa, to‘g‘ri yo‘lga muvaffaq qilgan Robbimizga hamdu sanolar bo‘lsin. Agar biror xato-nuqsonga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, rahmati cheksiz mehribon Robbimizning mag‘firat qilishini so‘rayman.  

 

Abdulqodir Abdur Rahim

05 sha’bon 1436 yil – 23 may 2015 yil.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

 

TAVHID BAYONI:

Kalimai toyyiba (Yoqimli kalima);

Kalimai shahodat (Guvohlik kalimasi);

Kalimai tavhid (Tavhid kalimasi);

Kalimai roddil kufr (Kufrni rad etish kalimasi);

Kalimai istig‘for (Mag‘firat so‘rash kalimasi);

Kalimai tamjiyd (Ulug‘lash kalimasi);

Iymoni mujmal (Umumiy iymon);

Iymoni mufassal (Batafsil iymon);

Tavhidning lug‘aviy va istilohiy ma’nolari;

 

[1] So‘fi Ollohyorning tug‘ilgan yili aniq ma’lum emas. Turli tadqiqotchilarning qarashlariga ko‘ra, bu zot 1630 –1650 yillar oralig‘ida Samarqandning Kattaqo‘rg‘on bekligiga qarashli Minglar qishlog‘ida tavallud topgan. So‘fi Ollohyor ko‘plab ilmlar bo‘yicha yetuk olim hamda forsiy va turkiy tillarda mahorat bilan ijod etgan adib hisoblanadi. So‘fi Ollohyorning turli mavzularga oid ko‘plab asarlari bo‘lib, ularning ayrimlari quyidagilardir:

  1. Maslakul muttaqin”, (Taqvodorlarning tutgan yo‘li) aqoid va fiqh ilmiga bag‘ishlangan;
  2. Murodul orifiyn”, (Oriflar murodi) ma’nosini anglatuvchi bu asar ham fors tilida ta’lif etilgan bo‘lib, tasavvuf ilmiga bag‘ishlangan;
  3. Maxzanul mutein” (Itoatkorlar zaxirasi) ma’nosini anglatuvchi ushbu asar ham fors tilida yozilgan bo‘lib, aqoid va fiqh ilmiga bag‘ishlangan;
  4. Sabotul ojizin” (Ojizlar matonati) ma’nosini anglatuvchi ushbu asar aqoid ilmiga bag‘ishlangan bo‘lib, o‘zbek tilida she’riy uslubda yozilgan.

Ba’zi olimlar “Najotut tolibin” va “Favzun najot” kitoblarini ham So‘fi Ollohyor yozganini aytishgan.

So‘fi Ollohyorning vafot etgan yili ko‘pchilik tadqiqotchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, 1721 yilga to‘g‘ri keladi. Qabri O‘zbekistonning janubiy hududida joylashgan Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumaniga qarashli Katta Vaxshivor qishlog‘idadir.

[2] Imom Tahoviy hijriy 321-yilda vafot etgan.

[3] Ahmad ibn Muso Xayoliy hijriy 860 va 870 yillar oralig‘ida vafot etgan.

[4] Alloma Muhammad ibn Abusharif Qudsiy hijriy 905 yilda vafot etgan.

[5] Jaloliddin Suyutiy hijriy 849 yilda Qohirada tug‘ilgan va 911 yilda 63 yoshga yetib vafot etgan. Imom Suyutiy tafsir, hadis, fiqh, balog‘at kabi ko‘plab ilmlarga taalluqli 600 (olti yuz!) atrofida katta-kichik kitob va risolalar yozib qoldirgan.

[6] Xalil ibn Alo Najoriy, Yamaniy hijriy 632 yilda vafot etgan.

[7] Izuddin Muhammad ibn Abu Bakr ibn Jamoa hijriy 819 yilda vafot etgan.

[8] Muhammad ibn Abdulloh G‘aziy, Temirtoshiy, Hanafiy hijriy 1004 yilda vafot etgan.

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Yoshligimni saqlab qoldim

23.12.2024   4591   1 min.
Yoshligimni saqlab qoldim

Doktor Muhammad Rotib Nobulsiy aytadilar: “Damashqlik ustozim 97 yoshda bo‘lsalarda, tetik, hatto tishlari ham soppa-sog‘, ko‘zlari ravshan edi. Qiziqib buning sababini so‘raganimizda: “Yoshligimizda a’zolarimizni gunohlardan asragandik, qariganimizda Alloh taolo ularning xizmatidan bizni mahrum etmadi”, deb javob berdilar”.

 

Alloma Tabariy rahimahulloh 70 yoshida ham kemadan quruqlikka sakrab tushardilar. Yoshlar taajjublanib: “Buncha kuch-quvvat qayerdan?” deb so‘rashganda, u zot: “Biz a’zolarimzni yoshligimizda gunohlardan saqlagan edik, qariganimizda esa Alloh taolo ularni biz uchun saqlab qoldi”, dedilar.

 

Tobe’in Hasan Basriy rahmatullohi alayh yoshlari 90 dan oshgan bo‘lsada dalada ishlardilar. Buni ko‘rgan odamlar: “Yoshligingni qanday saqlab qolding?” deb so‘rashdi. Hasan Basriy rahimahulloh: “Men yoshligimni saqlab qoldim, Alloh esa keksaligimni saqlab qoldi”, dedilar.

 

“Yoshligini saqladi” degan iboradan maqsad – zinodan uzoq bo‘lish tushuniladi. Chunki zino umrni qisqartiradi.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir”, deganlar. Boshqa bir rivoyatda “Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi (nomahramga) qarashdir”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).

 

Davron NURMUHAMMAD