Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Xalqimiz doimo xayrli ishlar qilishga undab: "Sadaqa raddi balo" degan iborani ishlatadi. Darhaqiqat, inson Alloh taolo yo‘lida xayrli ishlarni amalga oshirsa, Alloh taoloning roziligini qo‘lga kiritadi. Alloh taolo roziligini qo‘lga kiritgan inson esa har qanday ofat-balolardan omonda bo‘ladi.
“Sadaqa” so‘zi arabcha “sidq”, “sodiq” so‘zlaridan olingan bo‘lib, “chin yurakdan”, “ sidqi dildan”, “iymon-e’tiqodga mos holda ish bajarish” degan ma’nolarini anglatadi. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobida “ sadaqa” so‘ziga bunday izoh beriladi: “Sadaqa (arabcha) – xayr, ehson, sadaqa, muhtojlarga beriladigan xayru-ehson”.
Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni xayr-sadaqa qilishga buyurib bunday marhamat qiladi: “Ey, sizlar! Alloh yo‘lida ehson qilish uchun chaqirilmoqdasiz. Bas, (aniqki) sizlarning orangizda baxillik qiladigan kimsalar ham bordir. Kim baxillik qilsa, bas, faqat o‘z zarariga baxillik qilur. Alloh G‘aniy (boy), sizlar esa faqirdirsiz. Agar sizlar (Allohga itoat etishdan) bosh tortsangiz, U (o‘rningizga) sizlardan boshqa bir qavmni almashtirib qo‘yar, so‘ngra ular sizlarga o‘xshagan bo‘lmaslar (balki Allohga itoat qilurlar)” (Muhammad surasi, 38-oyat).
Xayr-sadaqa qilish bilan insonning moli kamayib qolmaydi. Balki boyligiga baraka kiradi. Hadis sharifda bunday deyiladi: “Har kuni tongda insonlar uyqudan uyg‘onganda yer yuziga ikkita farishta tushadi. Ulardan biri: “Alloh, infoq-ehson qilgan insonning molini to‘ldir”, desa, ikkinchisi: “Alloh, baxil odamning moliga talofat yetkaz” deb duo qiladi.
Xayr-sadaqa qilish bilan banda Alloh taoloning mag‘firatiga sazavor bo‘ladi.
Ikrima roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhoga: “Ey Oisha, bir dona xurmoni bo‘lsa ham sadaqa qil. Chunki u och qolganni to‘ydiradi va xuddi suv olovni o‘chirgandek, xatoni o‘chiradi”, dedilar.
Sadaqa qilish yomonliklarning daf bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Albatta, Alloh azza va jalla bir sadaqa sababidan yetmishta yomon o‘limni qaytaradi", dedilar.
Ushbu hadis sharifni sharh qilgan ulamolar insonning sadaqasi Allohning dargohida qabul bo‘lsa, bu sadaqa tufayli unga kelayotgan yomonliklar, ofat-balolar daf bo‘ladi. Shuning uchun har bir kishi yaxshilikni, sadaqa qilishni zinhor past sanamasligi, sadaqa qilish bilan ulug‘ ajrlarga, darajalarga yetishish mumkinligini bilishi va shunga yarasha amal qilishi lozim.
Boshqa hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kishining o‘z qo‘li bilan kambag‘alga (sadaqa) berishi, uni yomon hollarga tushib qolishidan saqlaydi”, deganlar.
Qilayotgan xayr-sadaqalarimizni Alloh taolo ijobat qilib, barchamizni turli ofat-balolardan asrasin!
Ruhiddin AKBAROV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Mutorrif ibn Mus’ab aytadilar: “Men xalifa Mansurning huzuriga kirsam, u g‘amgin va xafa holatda ekan. Ayrim yaqin insonlaridan judo bo‘lgani sabab, hatto so‘zlashmay qo‘ygan ekan. U menga: “Ey Mutorrif! Men musibatga duchor bo‘ldim. Bu baloni Allohdan boshqa hech kim bartaraf qila olmas. Alloh bu musibatni daf qilishini so‘rashim uchun biron duo bormi? Men uni o‘qib yurardim”, dedi.
Men: “Ey mo‘minlarning amiri! Muhammad ibn Sobit menga Amr ibn Sobit al-Basriydan rivoyat qilib gapirib bergan. “Basralik bir kishining qulog‘iga pashsha kirib ketib, quloq pardasigacha yetib bordi. U og‘riqdan qiynalib, kechasiyu kunduzi uxlolmay qoldi. Shunda Hasanning yaqinlaridan bir kishi: “Sahoba Alo ibn Hazramiyning duolarini o‘qigin, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari ushbu duoni sahroda va dengizda so‘rab duo qilganlarida, Alloh taolo ularni mashaqqatdan xalos qilgan”, deb aytgan edi, u kishi: “Alloh rahm qilsin, u qanaqa duo?” dedi. Shunda men u kishiga quyidagi rivoyatni aytib berdim:
“Alo ibn Hazramiyni Bahraynga yuborildi. U kishi sahroni yurib borarkan, juda qattiq chanqoq va suvsizlikdan o‘lar holatga keldi. Shunda u zot ulovdan tushdi va ikki rakat namoz o‘qidi. So‘ngra: “Ya Haliymu, ya Aliym, ya Aliyyu, ya Aziym, isqinaa” (Ey Halim, ey Biluvchi, ey Oliy va ey Buyuk Zot, bizni suv bilan sug‘or, tashnaligimizni qondir) deb duo qilgandi, birdan qushning qanotiga o‘xshab ketadigan bulutlar paydo bo‘lib, gumburlay boshladi. So‘ngra yomg‘ir yog‘a boshladi, biz idish va meshkoblarimizni to‘ldirib oldik. Yo‘limizda davom etib, dengiz qirg‘ogidagi kichik ko‘rfazga yetib keldik. U yerda hech qimirlashni iloji yo‘q edi. Suzib ketishimiz uchun kemalarimiz ham yo‘q edi. U kishi ikki rakat namoz o‘qib: “Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym, ajiznaa” (Ey Halim, ey Biluvchi, ey Oliy va ey Buyuk Zot, bizni bu yerdan o‘tkazib yubor), deb aytdilar. So‘ngra otning tizginidan ushlab: “Allohning ismini aytib bu yerdan kechib o‘tinglar”, dedilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Biz suvning ustidan yurib o‘tdik. Allohga qasamki, bizni na oyoqlarimiz, na mahsilarimiz va na oyoq kiyimlarimiz ho‘l bo‘lgan edi. O‘sha paytda qo‘shin to‘rt ming otliqdan iborat edi”, deb aytdilar.
(Ibn Abu Dunyo, Lalkaiy va Ibn Abu Shayba musanniflarida ba’zi qisqartirish va qo‘shimchalar bilan rivoyat qilishgan).
Haligi qulog‘iga pashsha kirib ketgan kishi ham ushbu duoni o‘qigan edi, qulog‘idan pashsha chiqib, o‘z holiga keldi.
Xalifa Mansur ham qiblaga qarab, ushbu duo bilan so‘ray boshladi. Biroz fursat o‘tib, menga yuzlandi va: “Ey Mutorrif, Alloh mendagi g‘amni aritdi”, deb ovqat keltirishlarini amr qildi va meni ham taklif etdi, birga o‘tirib tanovvul qildik.
“Yoqimsiz narsalarni bartaraf qilish va balo ofatdan qutulishda duoning ahamiyati” nomli kitobdan.
Biz ham hayotda qandaydir muammo va to‘siqlarga duch kelib: “Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym”, deb aytib, o‘sha muammoni ko‘tarishini Allohdan astoydil va chin ixlos bilan so‘rasak, insha Alloh U Zotning yordami bilan muammolardan xalos bo‘lamiz.