Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Yanvar, 2025   |   20 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:44
Peshin
12:39
Asr
15:43
Shom
17:28
Xufton
18:45
Bismillah
20 Yanvar, 2025, 20 Rajab, 1446

Sadaqa – raddi balo

21.03.2020   4919   3 min.
Sadaqa – raddi balo

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.

Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Xalqimiz doimo xayrli ishlar qilishga undab: "Sadaqa raddi balo" degan iborani ishlatadi. Darhaqiqat, inson Alloh taolo yo‘lida xayrli ishlarni amalga oshirsa, Alloh taoloning roziligini qo‘lga kiritadi. Alloh taolo roziligini qo‘lga kiritgan inson esa har qanday ofat-balolardan omonda bo‘ladi.

“Sadaqa” so‘zi  arabcha “sidq”, “sodiq” so‘zlaridan olingan bo‘lib, “chin yurakdan”, “ sidqi dildan”, “iymon-e’tiqodga mos holda ish bajarish” degan ma’nolarini anglatadi.  “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobida “ sadaqa” so‘ziga bunday izoh beriladi: “Sadaqa (arabcha) – xayr, ehson, sadaqa, muhtojlarga beriladigan xayru-ehson”.

Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni xayr-sadaqa qilishga buyurib bunday marhamat qiladi: “Ey, sizlar! Alloh yo‘lida ehson qilish uchun chaqirilmoqdasiz. Bas, (aniqki) sizlarning orangizda baxillik qiladigan kimsalar ham bordir. Kim baxillik qilsa, bas, faqat o‘z zarariga baxillik qilur. Alloh G‘aniy (boy), sizlar esa faqirdirsiz. Agar sizlar (Allohga itoat etishdan) bosh tortsangiz, U (o‘rningizga) sizlardan boshqa bir qavmni almashtirib qo‘yar, so‘ngra ular sizlarga o‘xshagan bo‘lmaslar (balki Allohga itoat qilurlar) (Muhammad surasi, 38-oyat).

Xayr-sadaqa qilish bilan insonning moli kamayib qolmaydi. Balki boyligiga baraka kiradi. Hadis sharifda bunday deyiladi: “Har kuni tongda insonlar uyqudan uyg‘onganda yer yuziga ikkita farishta tushadi. Ulardan biri: “Alloh, infoq-ehson qilgan insonning molini to‘ldir”, desa, ikkinchisi: “Alloh, baxil odamning moliga talofat yetkaz” deb duo qiladi.

Xayr-sadaqa qilish bilan banda Alloh taoloning mag‘firatiga sazavor bo‘ladi.

Ikrima roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhoga: “Ey Oisha, bir dona xurmoni bo‘lsa ham sadaqa qil. Chunki u och qolganni to‘ydiradi va xuddi suv olovni o‘chirgandek, xatoni o‘chiradi, dedilar.

Sadaqa qilish yomonliklarning daf bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Albatta, Alloh azza va jalla bir sadaqa sababidan yetmishta yomon o‘limni qaytaradi", dedilar.

Ushbu hadis sharifni sharh qilgan ulamolar insonning sadaqasi Allohning dargohida qabul bo‘lsa, bu sadaqa tufayli unga kelayotgan yomonliklar, ofat-balolar daf bo‘ladi. Shuning uchun har bir kishi yaxshilikni, sadaqa qilishni zinhor past sanamasligi, sadaqa qilish bilan  ulug‘ ajrlarga, darajalarga yetishish mumkinligini bilishi va shunga yarasha amal qilishi lozim.

Boshqa hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kishining o‘z qo‘li bilan kambag‘alga (sadaqa) berishi, uni yomon hollarga tushib qolishidan saqlaydi”, deganlar.

Qilayotgan xayr-sadaqalarimizni Alloh taolo ijobat qilib, barchamizni turli ofat-balolardan asrasin!

 

Ruhiddin AKBAROV

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Qashqadaryo viloyati vakilligi xodimi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qur’onni esda saqlanglar

14.01.2025   5379   1 min.
Qur’onni esda saqlanglar

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: «Qur’onni o‘qish va yodlashda bardavom bo‘linglar. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Qur’on ipini yechib, qochib ketish borasida  tuyadan ham tezroq», dedilar (Imom Buxoriy, 5033; Imom Muslim, 791).

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni yod olgan (Qur’onni o‘ziga do‘st tutgan) kishining misoli bog‘lab qo‘yilgan tuyaning misoliga o‘xshaydi. Agar qattiq turib, uni bog‘lashda bardavom bo‘lsa, tuyasini saqlab qoladi. Agar bo‘sh qo‘sa, ketib qoladi”, dedilar (Imom Buxoriy, 5031; Imom Buxoriy, 789).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimningdir men falon-falon oyatni sedan chiqardim, deb aytishi qanday ham yomon. Balki, u sedan chiqartirildi. Qur’onni (o‘qish bilan uni) esda saqlanglar. Chunki u kishilarning qalbidan  ketib qolishda tuyalardan ham tez”, dedilar.

"Qur’on fazilatlari haqida qirq hadis" kitobidan